03:52 20 Iyun 2019
Efir
  • RUB132.57
  • EUR9566.00
  • USD8535.74
Dilnoza stoit u okna

Erimni qarzini toʻlash uchun Amerikaga ketgandim, u esa oʻgʻlimdan ayirdi – oʻzbek ayoli hikoyasi

Sputnik / Dilshoda Raxmatova
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
740160

Oʻzbekiston ahli shu kunlarda turkcha "Gulperi" serialini oʻzbekona talqinda tomosha qildilar, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Sobiq erining kattagina qarzini toʻlash uchun Amerikaga ketgan Dilnozaga "Grin karta" baxti ham taʼtimadi. "Orzular mamlakati"ga ketgach bir yil oʻtmay, sobiq eri sud orqali oʻgʻlini tortib olayotganini eshitib, shu zahoti ortiga qaytdi.

- Dilnoza, oʻzingiz haqingizda gapirib bering? Qachon turmushga chiqqansiz?

- Bundan oʻn yil oldin turmushga chiqqanman. Avval boshidan hayotimiz boʻlmadi, hisob. Hali chillam chiqmasidan qaynonam tinch yashashimga kun bermagan. Ham oʻqirdim, ham uy ishlarini qilar edim. Bitta uyda ikki kelin yashardik. Qaynonam qayn ukamni misol keltirib, kelinni adasi uy-joy qilib berdi, oʻgʻlimni ham ishli qildi, qolaversa har taraflama moddiy yordam berayapti, seni ota-onang ham eringga yordam bersin, birga yashashinglarga uy olib bersin, meni bunga kuchim ham qurbim ham yetmaydi, men oʻz vazifamni bajardim, endi menga tinchlik kerak, qachongacha hammamiz bir uyda tiqilib oʻtiramiz, deb ota-onamga ham aytmay ikki oylik kelinligimda erim bilan uydan haydavorishdi.

- Qayerga bordilaringiz?

- Kvartirada ijarada turdik. 7-8 oy shu taxlit yashadik. Bu orada homilador boʻldim, juda ogʻir yechdi. Siqilishlar, kamqonlik, och qolib ketishlarim oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Shukrki, ota-onam xabar olib turdi: oziq-ovqat, dori-darmon… Turmush oʻrtogʻim tomondan esa hech kim hatto eslamadi. Erim hech qayerda ishlamagani yetmagandek, ichkilikka berilgan edi. Men homilamdan ayrildim…

Er ishlamagach, ijara puli masalasi muammo boʻla boshladi. Shunda ota-onamdan pul berishlarini iltimos qilishga oʻtdim. Turmush oʻrtogʻim ish topishni xayoliga keltirmagach, ijarada turgan joyimizdan yana qaynonamni uylariga qaytib keldik. Erim ota-onasiga endi ish topishini, bundan buyogʻiga harakat qilishini aytib, vaʼdalar berdi.

- Siz bu vaʼdalarga ishondingizmi?

- Hammasi yaxshi boʻladi, birinchi farzandimiz nobud boʻldi, endi aqlim kirdi, deganida ishonibman.  Bu orada yana homiladorligimni bildim. Qaynonam, ering ishlamaganiga yarasha, sen qimirla, deb turtavergach, poliklinikada akusherka-hamshira boʻlib ishga oʻtdim. Oyligimni olib kelib qaynonamni qoʻllariga tutqazardim. Oziq-ovqat ham mening boʻynimda edi. Erimni sigaretigacha koʻtarib kelgan kunlarim boʻlgan. Bu odam bir yilda bir oy odamlarni «Grin karta» oʻynatish bilan shugʻullanar edi. Lekin menga biron marotaba ishlagan pullarini olib kelganini bilmayman. Puldan gap ochilsa, toʻyga va ish boshlashiga olgan qarzlarini yopish bilan ovoraligini aytardi.

2015 yil, oʻgʻlim toʻrt yoshga toʻlganida, qonuniy ajrashdik.

- Demak, oʻgʻlingiz toʻrt yoshga toʻlganida ota-onangiznikiga qaytib keldingiz, shundaymi?

- Yoʻq, aslida oʻgʻlim 9 oyligida oʻzing ham kerak emassan, bolang ham kerak emas, deb meni uydan haydab yuborishgan. Otamnikiga kelganman. Toʻrt yoshgacha farzandimni ota-onamni uyida katta qilganman. Oʻrtada, 2014 yilda farzandimning otasi va adamlar teng miqdorda pul qoʻshib, meni nomimga ikki xonali uy sotib olishdi.

Oilamizni tiklash maqsadida toʻrt oygina muddat birga yashadik. Ammo erim yana uydan chiqishni xayoliga keltirmayotganini koʻrib, «bolamiz och, non, ovqat deyapti, ishlamaysizmi», deganimda hali sen meni nafsoniyatimga tegadigan boʻldingmi, deb doʻpposlagan.

Bu ham mayli. Tez orada uyimizga men umrimda koʻrmagan shaxslar kela boshladi. Ular «Ering bizdan 12 ming dollar olgan. Qaytarmasang, mol-mulkingni musodara qildiramiz», - deb qoʻrqitardi. «Bular kim? Mendan nima istaydi?», deb soʻraganimda, javob oʻrniga meni urib, oʻgʻlim ikkimizni koʻchaga haydab chiqargan.

«Aytgan pullarini adangga aytib, topib kelmasang, bu uyga kirmaysan. Uyni ham, oʻgʻlimni ham senga bermayman» degan.

Shundan soʻng u bilan qonuniy ajrashishga qaror qildim. Ajrashishim bilan, menga «Grin karta» yutugʻi chiqqan. Aqsh elchixonasiga farzandim bilan birga kelganimda, farzandimga sud orqali otasi tomonidan taʼqiq qoʻyilganini bildim.

Ammo oʻgʻlimni oyoqqa turgʻazish uchun, ishlagani ketishim kerak edi. Qolaversa, sobiq erim «men bu pullarni shaxsan olmaganman, bu pullar sening nomingda boʻlgan uy uchun sarflangan» deb boʻynimga katta qarz qoʻyib qoʻygan. Ilojsiz edim. Notarial ishonchnoma orqali oʻgʻlimni ota-onam qaramogʻida qoldirib, Amerikaga ishlagani ketdim.

Bir yilcha ishlaganimdan soʻng, bu vaqt oraligʻida sobiq turmush oʻrtogʻim sud orqali bolani oʻziga olishga harakat boshlaganidan xabar topdim.

Dilnoza i yeye sыn raskrashivayut kartinki
Sputnik / Dilshoda Raxmatova
Dilnoza i yeye sыn raskrashivayut kartinki

Tasavvur qilayapsizmi? Meni ilojsiz ahvolda qoldirib, yana yuragimga zarba berishga oʻtgandi u. Axir men dam olgani ketganim yoʻq. Bolamni detdomga tashlab ketmaganman. Farzandim uchun jonimni berishimni bilgan holda, u eng nozik joyimga zarba berishga oʻtgan edi.

- Farzandingizni tortib olayotganini eshitgach nima qildingiz?

- Bir kunda yetib kelganman. Men qaytib ketmas edim, lekin ishxonam bilan tuzilgan shartnoma bor edi, qolaversa nomingga ochilgan hisob-raqamlarni yop, diplomlaringni olib, keyin ketasan, deb yozma ravishda Amerikaga chaqirib olishdi. Bir yarim yildan soʻng batamom qaytib keldim. Sobiq erim allaqachon yana uylangan edi. Sudga murojaat qilib, farzandimni qaytarib olishga harakat qildim. Narkologiya dispanseridan tortib, ruhshunoslar koʻrigidan-da oʻtdim.

Sud qarori meni foydamga hal boʻldi. Sud qarori bilan belgilangan kun farzandimni olish uchun sobiq turmush oʻrtogʻim yashaydigan meni nomimdagi kvartiraga kirib borganimda, birinchi qavatdayoq meni qoʻllarida telefon bilan kutib turgan qoʻni-qoʻshnilarga duch keldim. Hammasini kamerasi men tomon qaratilgan edi. Nima qilishni bilmay, tepaga, xonadonga chiqdim. Ichkariga kirsam, bir uy odam hamma har tarafdan meni telefon kamerasiga sʼyemka qilishni boshlashdi. Oʻgʻlim kutilmaganda baqirib yigʻlashga tushdi.

Qanday qilib, uni qoʻlidan tortib, qochib chiqqanimni bilmayman. Ortimdan yogʻilgan haqoratlar, qoʻshnilarni baqir-chaqiri… Eslasam, hali ham titrab ketaman.

Pastda meni kutib turgan ota-onamning oldiga kelgach, oʻgʻlimni bagʻrimga bosib, "bolam, men nima qilsam ham seni deb qildim-ku, seni yaxshi koʻraman, oʻgʻlim", deb yigʻlab yubordim. Dilbandim esa: «Oyijon, men ham sizni kutib yashadim. Menga siz haqingizda yomon gaplar aytishardi. Meni hech qachon tashlab ketmang», -dedi, xolos…

Men onaman, qanday qilib tirik boʻla turib oʻz farzandimni oʻgay onani qoʻliga topshirishim mumkin!? Ilgarilari, oʻgʻlimni qaytarsa boʻldi, oʻsha kvartirani ham unga tashlab chiqib ketaman, derdim. Endi bildim, inson oʻz taqdiri, oʻz shaʼni uchun kurashishi kerak ekan. Meni pulimga kelgan mol-mulkni ham tez orada qaytarib olaman. Hayot sinovlari tufayli kuchli boʻlishni oʻrgandim.

Asosiy mavzular