14:35 15 Noyabr 2019
Efir
  • RUB148.82
  • EUR10455.03
  • USD9490.77
Postradavshaya ot poboyev muja jitelnitsa Bulungura Zuxra Umarova vmeste s materyu

Ayovsiz kaltaklangan 10 kunlik kelin ishi yakunlanmoqda: zoʻravon erga qanday jazo berildi?

Foto predostavleno rodstvennikami postradavshey
Analitika
Havola olish
9844 0 0

"U, uxlab qolmagin, muzqaymoq olib qaytaman, senga aytadigan gapim bor, deb yarim kechasi uyga kirib keldi. Qoʻqqisda menga tashlanib, doʻpposlar ekan, hoziroq onamga men boshqa erkak bilan boʻlganman, deb aytasan, deya talab qila boshladi": bulungʻurlik kelinchak boshidan kechirgan fojia haqida Sputnik muxbiriga intervyu berdi

Toʻy boʻlganining 10-kunida turmush oʻrtogʻi tomonidan ayovsiz kaltaklanish oqibatida Bulungʻur tumanidagi kasalxonaning jonlantirish boʻlimiga olib kelingan kelinchak Zuhra Umarova ishi nihoyasiga yetay deb qoldi. Sputnik Oʻzbekiston muxbiri Umarovaning oʻzi, uning onasi va Samarqand viloyati xotin-qizlar raisi Gavhar Alimova bilan bogʻlanib, boʻlib oʻtgan voqealar, qanday choralar koʻrilgani va kelgusida amalga oshiriladigan ishlar haqida suhbatlashdi.

Yosh kelinchak zoʻravon erkak bilan yashashdan bosh tortdi

Zuhra Umarovaning soʻzlariga koʻra, oppoq orzular bilan bir yostiqqa bosh qoʻygan erkak tufayli asal oyi doʻzaxga aylanishi hech qachon xayoliga kelmagan. Ichki bir tuygʻu boʻlgan, xolos. Toʻqqizinchi may kuni kelgan sovchilarning "Kuyov bola sal hayajonda, gapirishga uyalibdi, shuning uchun 100 gramm ichibdi", degan gaplaridan hushyor tortib, onasiga: "Ona, kuyov ichar ekan, ertaga meni urmaydimi?", deya dilini yorgan.

Istagi qizini baxtli koʻrish boʻlgan ona oʻsha vaqtda bu gaplarga parvo qilmagan. "Yaxshi niyat qil, bolam. Mana, akang ham baʼzan oz-oz ichadi, janjal qilmaydi-ku.  Sen toʻy boʻlsang, singlingning ham baxti ochilar, ukangni uylantirgan boʻlsak, kelinning oldida qachongacha yelkangni qisib yurasan. Yoshing 30 dan oshdi axir", - deya qizini yupatadi.

Oradan oʻn kun oʻtib, ona qistovi bilan Zuhra uzatiladi.

Suhbatdoshim zoʻravon haqida xohlamaygina gapiradi. Gap orasida zarba teggan joylar ogʻriganidan, chuqur "uh" tortadi va horgʻin ovozda oʻsha mashʼum kun tafsilotlarini eslashga harakat qiladi.

"Kechga tomon taʼziyaga ketib, doʻkondan aroq ichib qaytgan edi. Keyin yana pivo olib kelib ichdi. Soʻng "Marojni olib kelaman, uxlab qolma, senda gapim bor, deb uydan chiqib ketdi. Qaytib kelib, kutilmaganda duch kelgan joyimga doʻpposlay ketdi. Hozir borib onamga boshqa bilan boʻlganman deysan, deb takrorlardi. Qaynonamning "Qoʻy, birovning bolasini oʻldirib qoʻyasan", deb jonholatda baqirgani esimda. Boshimga tushgan galdagi zarbadan hushimdan ketdim. Buyogʻini eslay olmayman, hisob", - deya hikoya qiladi jabrdiyda.

Kelinlikning oʻn kuni qanday kechgani, haqidagi savolga esa, "kuyovtoʻra" bir kun sogʻ yursa, ikki kun ichkilik isteʼmol qilib, mast yurganini aytadi.

Zuhraning aytishicha, hushiga kelgan kuni koʻzini ocholmagan. Fikru yodi, ogʻriqni yengish bilan oʻtgan.

"Boshim zirqirayapti, suyaklarim ogʻriyapti, belimda ogʻriq bor", - deydi u.

Postradavshaya ot poboyev supruga jitelnitsa Bulungura Zuxra Umarova
Foto predostavleno rodstvennikami postradavshey
Postradavshaya ot poboyev supruga jitelnitsa Bulungura Zuxra Umarova

Nega eri ustidan ariza yozishdan bosh tortganini soʻrayman. "Birinchi iyun kuni kechasi besh nafar militsiya xodimi kelib, eringizning ustidan ariza yozasizmi, deb soʻradi. Men ularga mazam yoʻq, degan ishorada qoʻlimni silkitdim. Ular chiqib ketishdi. Mening "yoʻq" degan ishoramni ichki ishlar organi xodimlari "yozmayman" maʼnosida qabul qilgan boʻlishsa kerak", - deydi u va gapi oxirida hayotini haqiqiy jahannamga aylantirgan erkak bilan turmushni davom ettirmasligini qoʻshimcha qiladi.

Zuhra Umarovaning onasi: ezilib ketdim, tirik murdadayman

Kelinning onasi Manzura aya suhbatni kechayu-kunduz qizining sogʻayishini tilab Xudoga nola qilib oʻtirganidan boshlaydi.

"Oʻsha mashʼum kun oldidan qizim Zuhraning ziragi sinib qolgan ekan. Otasi chiroyli zirak oldi, qarang oʻsha kuni yuragim sezib, Zuhrani borib koʻrib kelay, deb yoʻlga chiqdimu, yana ortimga qaytdim. Bir yoʻla Hayitda boramiz, hayitlik oboramiz, debmanda", - koʻziga yosh oladi suhbatdosh.

Hammasiga oʻzi aybdorligini aytadi. "Niyatlarim boshqacha edi. Birdan shunday boʻlib qoldi. Yaxshiyam qoʻshnisi eshitib, yordamga kelibdi, boʻlmasa qizimni oʻldirib qoʻyarkan"...

Onaning soʻzlariga koʻra, kasalxonaga qizining ortidan borganida, ikkinchi qizining "Zuhra yaxshi, yuzi sal koʻkargan", degan gapidan soʻng avval palataga kirmagan, sanitarkalarning "qizingizning ovqatini berasizmi?", degan taklifidan soʻng ichkariga kirib, farzandini avvaliga tanimagan.

"Joyimda qotib qoldim. Soʻng ovozim boricha baqirib yigʻladim", - deya esga oladi Umarovaning onasi.

Bir oz jim qolgach, qizi Zuhrani taʼriflay boshlaydiyu "Bir zayl qora mehnatda yurgan. Ogʻir-bosiq, hech qachon birovga gap qaytarmagan... Yuvvoshligingdan shunday urdimikan, qizginam-a", - suhbatdoshim xayolan qiziga murojaat qiladi.

Ezilib ketganini, jonsizday yurganini aytadi...

Gavhar Alimova: Zuhra Umarovani xotin-qizlar qoʻmitasi oyoqqa turgʻazadi

Samarqand viloyati xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Gavhar Alimova maishiy zoʻravonlik muammosi Oʻzbekistondagi ogʻir, nihoyatda murakkab masalalardan biri ekanini taʼkidlab, juda koʻp takrorlanadigan bir gapni aytadi: zoʻravonlikka uchragan ayollar koʻpincha bu muammoni yashiradilar

"Or-nomus qilishadi, yoki darhol erlarini kechirishadi. Mana, masalan Zuhra Umarovaning erining birinchi xotini bilan ham gaplashdim. Ayoldan erkak haqida "alkash", "bemaza" degan taʼriflarni eshitdim. Hatto oʻz tugʻishgan opasi ham undan bezor. "Iltimos, ukamni ellik yilga qamangizlar", dedi uchrashganimda", - deydi Alimova.

Oʻn kunlik kelinchak - Zuhra Umarova bilan sodir boʻlgan hodisadan soʻng, viloyat ayollar yetakchisi sifatida Bulungʻur tumaniga yetib borib, ushbu masala bilan shaxsan shugʻullanadi. Xususan, aynan Alimovaning talabi bilan shu paytgacha nimagadir kechiktirib kelingan ekspertiza oʻtkazilgan, Bulungʻur tuman IIB xodimlarining anglashilmovchilik tufayli jabrdiydaning qoʻl siltashini "yoʻq" maʼnosida tushunishlari natijasida yozilmay qolgan daʼvo arizasi ham yozildi.

Gavhar Alimova bilan suhbatimiz mana shunday ayanchli oqibatni keltirib chiqargan ichkilik mavzusiga borib taqaladi.

"Bilasizmi, viloyat xotin-qizlar raisi boʻlib ishga kelganimga besh oydan oshdi. Samarqanddagi ahvolni oʻrganganimda, oldimizda katta ishlar turganini bilganman. Ish faoliyatim avvalida Paxtachi tumanida spirtli ichimlikni haddan ziyod isteʼmol qilgan erkak 16 yashar dilbandi - oʻz qizining nomusiga tajovuz qilgan hodisaga duch kelganman. Oila bekasi esa bu jirkanch hatti-harakatga dosh berolmay, erkakni butilka bilan urib oʻldirib qoʻygan. Mana shu hodisani muhokama qilish jarayonida viloyatdagi spirtli ichimliklarga mukkasidan ketgan erkaklar roʻyxatini yigʻish topshirigʻini berganman. Hozir qoʻmitada ana shunday 621 nafar, oilada janjalga sababchi boʻladigan, ichkilikka berilgan, zoʻravon erkaklar roʻyxati bor. Albatta, bu roʻyxat shunchaki yigʻilgani yoʻq, Ichki ishlar boʻlimlari, sogʻliqni saqlash boshqarmalari va imom xatiblarga rasmiy xat qilib topshirilgan. Toki bu idoralar ham roʻyxatga tushganlar bilan ishlashlari va oilalarga amaliy yordam koʻrsatishlari lozim", - deydi u.

Aytgancha, suhbat davomida Samarqand viloyati xotin-qizlar yetakchisi ayovsiz kaltaklangan Zuhra Umarova rasman nikohdan oʻtmagani, eri bilan sharʼiy nikohda boʻlganiga eʼtibor qaratadi. Alimova ota-onalar bunday masalalarga masʼuliyat bilan yondashmayotganlarini afsus bilan taʼkidlaydi.

"Ota-onalar orasida oʻz qizlarini sharʼiy nikoh bilan turmushga berayotganlari ham afsuski, bor. Bu bilan ular oʻz farzandlarini qonuniy haq-huquqlaridan mahrum etayotganliklarini oʻylab ham koʻrishmaydi. Bugun viloyatda bu masalada ishlar olib borilmoqda, minglab fuqarolarni qonuniy nikohdan oʻtkazishga erishyapmiz", - deydi Alimova.

Xotin-qizlar raisining aytishicha, bu jiddiy, shu bilan birga nozik masala boʻlib, sharʼiy nikohda boʻlgan ayollarning aksariyati "qonuniy nikoh" degan talabni hali qabul qilishga tayyor emas, hatto.

Suhbatimiz yakunida, viloyat hokimi oʻrinbosari Gavhar Alimova bugun 4 iyun kuni jabrdiyda Zuhra Umarova holidan shaxsan borib xabar olganini aytib oʻtadi.

"Tomografiya xulosasi yomon emas. Zuhraning ancha kayfiyati koʻtarildi", - deydi u.

Alimovaning soʻzlariga koʻra, qoʻmita oʻz vazifasini bajardi, bu ish oxiriga yetqazildi. Zoʻravon er narkologiyadan chiqarib kelinib, qamoqqa olindi. Hozirda zoʻravon ustidan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 105-moddasi boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatilgan. Zuhra Umarova esa xotin-qizlar qoʻmitasi himoyasiga olingan. Toʻliq tuzalgach, uni ishga joylashtirish rejalashtirilmoqda.

Asosiy mavzular