02:46 14 Dekabr 2019
Efir
  • RUB149.88
  • EUR10545.67
  • USD9537.55
Zaslujennыy master sporta Lev Yashin

Afsonaviy Lev Yashin tahsil olgan oliygoh endi Oʻzbekistonda

© Sputnik / Vladimir Rodionov
Analitika
Havola olish
52230

Samarqand shahrida Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti filiali tashkil etildi. Dunyoning eng yaxshi mingta OTMlari roʻyxatiga kiruvchi ushbu universitet bitiruvchilari orasida 172 nafar Olimpiya, Yevropa va jahon chempionlari bor. Lev Yashin, Yevgeniya Medvedeva, Pavel Burelar shular jumlasidan

TOSHKENT, 23 iyul - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Dunyoda yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblangan Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti filiali Oʻzbekistonda ham tashkil etildi. Sputnik muxbiri Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida ushbu taʼlim dargohini tashkil etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga bagʻishlangan ochiq muloqotda ishtirok etdi.

Nega aynan ushbu universitet?

Filialga qabul uchun masʼul, Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha ilmiy-metodik taʼminlash, mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi direktori — Ilhomjon Tursunaliyevning aytishicha, Rossiyada sport yoʻnalishi boʻyicha birinchi raqamli oliy oʻquv yurti boʻlganligi uchun aynan shu universitet filialini Oʻzbekistonda ham tashkil etish qarori qabul qilingan.

"Bugungi kunga qadar universitet tomonidan 60 mingdan ziyod yuqori toifali mutaxassislar tayyorlangan boʻlib, ulardan 5 ming nafari xorijlik mutaxassislardir. Bugungi kunda ushbu oliy taʼlim maskanida 6500dan ortiq talaba taʼlim olib, ulardan 600 nafari xorijiy davlat fuqarolari hisoblanadi. Ilmiy salohiyati jahonda juda yuqori: reyting boʻyicha dunyoning eng obroʻli 1000 universiteti roʻyxatiga kiritilgan", - deydi Tursunaliyev.

Suhbatdoshning soʻzlariga koʻra, bugungi kunda Oʻzbekistondagi sport taʼlim muassasalarida 51% oʻrta maxsus maʼlumotga ega mutaxassislar faoliyat yuritmoqda va oliy maʼlumotga ega boʻlgan kadrlarga ehtiyoj juda yuqori.

Xususan, Oʻzbekiston Olimpiya oʻyinlari, Osiyo oʻyinlari, Jahon chempionatlari va boshqa nufuzli sport chempionatlarida katta yutuqlarga erishgan boʻlsa-da, yutuqlarning barchasi sportning yakka kurash turlari boʻyicha boʻlgan. Shu bois, sport vazirligi topshirigʻiga asosan, sport taʼlim muassasalari oʻrganib chiqilgan va endilikda mamlakatda voleybol, basketbol, yengil atletika, eshkak eshish, tennis va futbol singari sport turlarini rivojlantirishga asosiy eʼtibor qaratishga kelishilgan. 

2019/2020 oʻquv yilida universitetga qabul 6 yoʻnalish: yaʼni basketbol, voleybol, yengil atletika, eshkak eshish, tennis va futbol yoʻnalishlari boʻyicha amalga oshiriladi. Yillik toʻlov shartnomasi - 2 ming dollar.

Talabalarga jahon sport yulduzlari dars oʻtadi

Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universitetining jahondagi yuqori oʻrni uning ilmiy salohiyati va oʻquv jarayonida eng yuqori malakaga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilar tarkibi bilan izohlanadi. Universitetda taʼlim jarayoniga 53 nafar fan doktori va professorlar, akademiklar va Rossiya Fanlar Akademiyasi korrespondent-aʼzolari jalb etilgan. Shuningdek, RF Oliy maktabida xizmat koʻrsatgan xodimlar, SSSR va RFda xizmat koʻrsatgan trenerlar, sport sohasida xizmat koʻrsatgan murabbiylar va xalqaro toifadagi sport ustalari ushbu universitetda dars beradilar.

Xuddi aynan mana shu professor-oʻqituvchilar tarkibi Samarqandda tashkil etilayotgan universitet filialiga ham dars oʻtish uchun taklif etiladi, deb maʼlum qildi Tursunaliyev.

Aytish joizki, Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti talabalari va bitiruvchilari orasida 172 nafar Olimpiya oʻyinlari hamda Yevropa va Jahon chempionlari bor. Rossiya sport vaziri Pavel Kolobkov, mashhur figurachi Yevgeniya Medvedeva, xokkey yulduzi Ilya Kovalchuk, afsonaviy darvozabon Lev Yashin, koʻpkarra jahon chempioni, xokkeychi Valeriy Xarlamov, Pavel Bure va boshqa koʻplab taniqli sport vakillari shular jumlasidan.

Qabul jarayoni va shartlari

Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti Samarqand filialiga 2019/2020 oʻquv yili uchun 6 yoʻnalish boʻyicha jami 150 nafar talaba (45 tasi davlat granti asosida) oʻqishga qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Vstrecha ministra sporta RF Pavla Kolobkova s prezidentom NOK Uzbekistana Rustamom Shaabduraxmonovыm
Press-slujba Minsporta Rossii / Dmitriy Jarkov

Hujjatlar joriy yil 15 avgustga qadar qabul qilinadi. Kirish imtihonlari 20-30 avgust kunlari oʻtkaziladi.Imtihonlar rus tilidan suhbat shaklida; kasbiy (ijodiy) imtihon esa tanlangan sport turlari boʻyicha umumiy jismoniy tayyorgarlik; suzish boʻyicha imtihon sinovlari shaklida oʻtkaziladi.

Oliygohda taʼlim Rossiya Federatsiyasi federal taʼlim standartlariga muvofiq, Oʻzbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda universitet tomonidan tasdiqlangan oʻquv reja va taʼlim dasturlari asosida rus tilida amalga oshiriladi.

Filial bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universitetining belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Fan, sport va taʼlim muassasalarini ilmiy metodik taʼminlash boshqarmasi boshligʻi Azizbek Hasanovning aytishicha, tashkil etilgan universitet uchun bitta oʻquv korpusi hamda Samarqandda joylashgan uchta: olimpiya zaxiralari maktab-internati; sportning oʻyin turlari va yengil atletika boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktabi hamda sportning eshkak eshish turlari boʻyicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabi bazasidan tekinga foydalanish belgilab berilgan.

Hozirgi kunda filial uchun ajratilgan binolarda qurilish ishlari amalga oshirilayotgani sabab, talabalar qabuli jarayoni Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bazasida tashkil etish belgilangan.

Tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlar 2019/2020 oʻquv yilida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga qabul qilinadi va Rossiya Federatsiyasining Fan va taʼlim sohasini nazorat qilish federal xizmatidan litsenziya olinguniga qadar oʻqishni ushbu taʼlim muassasasida davom ettiradilar. Litsenziya olinganidan soʻng, ushbu talabalarning oʻqishlari toʻgʻridan-toʻgʻri filialga koʻchiriladi va oʻqishni oʻsha yerda davom ettiradilar.

Asosiy mavzular