16:26 21 Avgust 2019
Efir
  • RUB138.47
  • EUR10092.14
  • USD9061.00
Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm

Hokim bilan bir kun – Toshkentning eng muammoli hududidan reportaj

Sputnik / Dilshoda Raxmatova
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
280066

Oʻzbekistonning eng yosh hokimlaridan biri Hojiakbar Tillashayxov qisqa davr ichida qanday ishlarni bajara oldi, koʻpchilik nazdida eng ogʻir va muammoli sanalgan hudud – Yashnobodni u istiqbolda qanday oʻzgartirmoqchi?

TOSHKENT, 26 iyul — Sputnik. Hojiakbar Tillashayxov, Oʻzbekistonning eng yosh hokimlaridan biri, Toshkentning janubi-sharqiy qismida joylashgan Yashnobod tumaniga 35 yoshida hokim etib tayinlangan.

Hojiakbar Tillashayxov hokim lavozimini egallaganiga 30 iyul kuni bir yil toʻladi. Sputnik Oʻzbekiston muxbiri Dilshoda Rahmatova yosh rahbar qisqa davr ichida qanday ishlarni bajara oldi, rahbarlik masʼuliyati, koʻpchilik nazdida eng ogʻir va muammoli sanalgan hudud – Yashnobodni u istiqbolda qanday oʻzgartirmoqchiligini bilish maqsadida bir kun davomida hokim bilan yonma-yon boʻlib, uning ish faoliyatini kuzatdi.

Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm
Sputnik / Dilshoda Raxmatova
Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm

Har qanday rahbar singari, hokimning ham ish kunlari tartibi ancha oldin rejalashtiriladi, ammo bu reja baʼzan favqulodda majlislar tufayli ham oʻzgarib turar ekan. «Hokim bilan bir kun» loyihasida shunga amin boʻldim.

Mehnatsevarlik dardiga chalinganlar

Tillashayxov bilan soat 7.45da Yashnobod tumani soliq inspektsiyasi binosi oldida uchrashamiz. Hokimning ish rejasiga koʻra, 8.00da bu yerda tuman byudjetiga tushumlarni oshirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkaziladi.

Majlis boshlanishiga hali vaqt bor. Hokimdan uning odatiy ish kuni aslida soat nechadan va qanday boshlanishini soʻrayman. Tillashayxovning aytishicha, u kabinetda oʻtirib ishlaydigan rahbarlar xilidanmas. Ertalab soat oltidan tumanni aylanishni odat qilib olgan. Yoʻllar ahvoli, tozalik – bularning barchasini oʻrgangach, oʻrinbosalariga tegishli topshiriqlarni beradi. Odatda, kunni bugun bajarilishi kerak boʻlgan ishlar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishdan boshlaydi va soʻngra kun davomida asosiy ishlarni tumanni aylanib yurib, bajaradi.

Bugungi yigʻilishni soliq idorasidan boshlagani sababini soʻrayman.

Tillashayxovning aytishicha, hokim etib tayinlangan kundan beri «soyadagi iqtisod»ni butkul yoʻqotish ustida ish olib boradi. «Kimdir soligʻini toʻlab ishlasa-yu, kimdir soliq toʻlamasa, narxda tafovut boʻladi. «Soyadagi iqtisod»ni yoʻqotmasak, sogʻlom raqobat boʻlmaydi. Tadbirkorlarni sindiradigan bunday muammoning bizga keragi yoʻq», - deydi Tillashayxov.

Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm
Sputnik / Dilshoda Raxmatova
Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm

Aytishicha, soʻnggi uch yilda iqtisodda yuz bergan ijobiy impulslar tufayli 2019 yil olti oyi yakunlari boʻyicha tuman byudjetiga tushum rejasi 23 milliard soʻm ortigʻi bilan bajarilgan.

«Taqqoslashingiz uchun aytaman, 2018 yilda bu koʻrsatkich atigi 8 milliard soʻmni tashkil qilgan. Bu ulkan yutuq emas, bu bilan oʻzimizni cheklamaymiz. Rejamizga koʻra, har kvartalda 35-40 milliard soʻmdan ortiqcha mablagʻni tuman byudjetida qoldiradigan boʻlsak, ikki yilda mavjud barcha ijtimoiy sohadagi muammolarni bartaraf etishga imkon boʻladi», - deydi u.

Qisqa savol-javobdan soʻng yigʻilishga yoʻl olamiz. Bunda hokim toʻrt sektor rahbarlari bilan birgalikda kun tartibida turgan masalalarni muhokama etadi, bajarilgan ishlar yuzasidan mutasaddilar hisobotini tinglaydi, bajara olmagan xodimlarga ogohlantirish beradi va soʻngra yigʻilish yakunida bajarilishi lozim boʻlgan ishlar boʻyicha rejalarni belgilab oladi.

Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm
Sputnik / Dilshoda Raxmatova
Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm

 Demokrat rahbar

Majlis tugagach sentyabrda ochilishi kutilayotgan ayollar sogʻlomlashtirish markaziga yoʻl olamiz.

Tillashayxov bilan suhbatimiz yoʻl-yoʻlakay uning xizmat mashinasida davom etadi. Aytgancha, u rulda emas. Avtomobilning orqa oʻrindigʻidan joy oladi.

«Yashnobod Toshkentning eng muammoli va ogʻir tumanlaridan biri degan tushuncha qanchalik haqiqatga yaqin?», - soʻrayman hokimdan.

Tuman rahbari tanqidiy savolimni yoqtirmaganini sezmadim. Aksincha, «Oʻtkir savollarni beravering, yashiradigan narsamiz yoʻq», deya munozaraga chorlaydi.

- Muammolarimiz koʻp haqiqatda, - deydi mashinadan atrofni kuzatib borar ekan.  –Misol uchun, dolzarb boʻlgan ichki yoʻllar masalasi. Yillar davomida Yashnobod tumaniga asfalt yotqizilmagan. Oʻtgan yili mahalliy byudjetning ortigʻi bilan bajarilgan qismidan 100 ming kvadrat metrdan oshiq asfalt yotqizdik. Yil oxirigacha yana 200 ming kvadrat metr hududni asfallashtirish rejamizda bor. Eski uylar muammosi ham oldimizda turibdi. Sergelida uch bosqichda 1200dan ziyod xonadonlarni qurdik va birinchi badalini toʻlab, haqiqatdan turar-joyga muhtojlarni joyladik. Endi oʻzimiz ham tumanda ijtimoiy uylar qurayapmiz. Kun davomida, borib koʻramiz, hozirda qurilayotgan 1120 ta xonadondan 350tasi kam taʼminlanganlar, yolgʻiz ayollar va nogironligi bor insonlarga prezident sovgʻasi sifatida topshiriladi.

Yashnabodning ogʻir hudud deyilishi sabablaridan biri, ayrim turdagi jinoyatlar koʻrsatkichi baland. Lekin jinoyatga moyillar ishga joylansa, maktablar, bogʻchalar bolalar u yerga intilishni orzu qiladigan darajada taʼmirlansa, yoshlar koʻchada maqsadsiz yurmasa, holat, albatta, oʻzgaradi.

Jamoamiz bilan shunday strategiya tuzganmizki, byudjetga tushadigan daromadni ijtimoiy masalalar yechimiga yoʻnaltiramiz.

Bugun topgan pulimizni bogʻcha va maktablar, koʻchalarni taʼmirlashga ishlatayapmiz.

Ertaga shaharsozlik, arxitekturaga chetdan investitsiya jalb qilish ustida ishlaymiz. Shahardagi tarixiy ahamiyatga ega birorta bino buzilmaydi, aksincha, rekonstruktsiya qilinadi, chiroyli dizaynga keltiriladi. Ammo bu ikkinchi bosqichda qiladigan ishlarimizdir. Bizning barcha harakatlarimiz aholi muammolarini yechishga, ularning haq-huquqlarini taʼminlashga qaratilgan.

Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm
Sputnik / Dilshoda Raxmatova
Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm

Markaziy Osiyoda yagona

…Ayollar salomatligi reproduktiv markazi – ayollar sogʻligʻini muhofaza qilishga ixtisoslashgan zamonaviy muassasa boʻlib, bunda ayollar saraton kasalligiga qarshi davolanishlari mumkin. Shuningdek, markazda bepushtlik, estetik jarrohlik amaliyoti ham amalga oshiriladi. Markaz rahbari Dilorom Davletovaning aytishicha, muassasaga hamshiralarni bu markazda ishlashga tayyorlash uchun Rossiya va Germaniyadan mutaxassislar jalb qilingan. Germaniyadan keltirilgan qimmatbaho tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bu muassasa Markaziy Osiyoda yagona boʻlishi taʼkidlandi.

Aldab boʻlmaydigan hisoblagichlar

Markazidan chiqib, shu hududda joylashgan elektron hisoblagichlar ishlab chiqariladigan korxonaga yoʻl olamiz.

Oʻzbekistonda elektron hisoblagichlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 3 ta korxona mavjud boʻlib, ulardan bittasi Yashnobodda joylashgan. «Oʻzenergosozlash» UK, Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi AJ va Xitoyning «Chonqin Huanhong” kompaniyasi tomonidan taʼsis etilgan ushbu korxona bugun bir kunda 4 mingta elektron elektr hisoblagichlar ishlab chiqarmoqda. Tez orada bu koʻrsatkich 6,5 mingtaga yetkaziladi. Hisoblagich qutisi yuqori sifatli plastikdan ishlab chiqarilgan va yongʻindan himoyalangan, Oʻzbekistonning keskin kontinental iqlimiga gʻoyatda chidamli. Korxona vakilining aytishicha, ushbu hisoblagichlarni aldash mumkinmas.

Poseщeniye xokimom Yashnabada Xojiakbarom Tillyashayxovыm predpriyatiya Uzenergosozlash
Sputnik / Dilshoda Raxmatova
Poseщeniye xokimom Yashnabada Xojiakbarom Tillyashayxovыm predpriyatiya "Uzenergosozlash"

 Elektron hisoblagichlar korxonasidan chiqib toʻgʻri tumanda rossiyalik investor tomonidan qurilayotgan toʻrt yulduzli boʻlishi kutilayotgan 112 oʻrinli mehmonxonani koʻrish uchun yoʻl olamiz. Loyihaning umumiy qiymati 30 milliard soʻm.

Xizmat koʻrsatish inshootini kelgusi turistik mavsum boshida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Yolgʻiz ayollar eʼtiborda

Tillashayxov bilan yangi qurilayotgan koʻp qavatli uylarni koʻzdan kechirish uchun Izzat koʻchasiga yoʻl olamiz.

Koʻp qavatli uylarning birini (126ta xonadonli) joriy yil sentyabr oyida topshirish rejalashtirilgan. Maʼlum boʻlishicha, 1120 xonadonning 350tasi hukumatga topshiriladi. Bu xonadonlar oʻz navbatida hukumat tomonidan yolgʻiz ayollar, nogironligi boʻlgan shaxslar, kam taʼminlangan oila vakillariga komissiya qarori bilan sotib yuborish huquqisiz umrbod bepul foydalanishga topshirilishi belgilangan.

Tillashayxov bilan suhbatimiz Yashnoboddagi harob ahvolga kelib qolgan uylarga qaytadi. Hokimning aytishicha, bunday «avariya» holatidagi uylarning barchasi oʻrganilib, hisobga olingan. Ularning oʻrniga kelgusida baland, zamonaviy koʻpqavatli binolarni barpo etish uchun investorlar jalb etiladi. Eski uylar egalariga agar ular shu hududda yashash istagini bildirsa, yangi quriladigan uydan xonalar ajratilishi yoki tumanning istalgan hududidan mos uy olib berilishi rejalashtirilgan.

  • Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm
    Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm
    Sputnik / Dilshoda Raxmatova
  • Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm
    Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm
    Sputnik / Dilshoda Raxmatova
  • Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm
    Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm
    Sputnik / Dilshoda Raxmatova
1 / 3
Sputnik / Dilshoda Raxmatova
Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm

Pudratchidan sentyabrgacha bitta uyni bitirish vaʼdasi olingach, taʼmirga tashlangan maktabgacha taʼlim tashkiloti sari yoʻl olamiz. Bu yerda ham Tillashayxov sentyabrgacha taʼmirlash ishlarini toʻliq tugatish lozimligi haqida topshiriq beradi.

Qurilish maydoniga aylangan Yashnobod

2019-yilda tumanning ikkita mahallasi «Obod mahalla» dasturiga tushgan va u yerda bugun toʻliq taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Xususan, Yashnobod MFYda ishlar qizgʻin. Ishchilardan biri gaz trubasini taʼmirlayotgan boʻlsa, sal narida yana biri issiq suv quvurini taʼmirlamoqda. Mahalla atrofidagi oʻnqir-choʻnqir yoʻllarga asfalt yotqizilib, chetlariga bordyur qilinmoqda. Kimdir oʻtlarni tozalagan, kimdir qurigan shox-shabbalarni arralagan. Bu ishlar nihoyasida koʻp qavatli uylarning fasadi ustida ish olib borish rejalashtirilgan.

Obodonlashtirish ishlari bilan tanishgach, Yashnobodni innovatsion hudud sifatida olamga tanishtirayotgan Texnopark tomon yoʻl olamiz.

Mashinada yoʻl-yoʻlakay tumanning mashhur Kadisheva bozoriga koʻzim tushadi. Tillashayxovdan bozorlar qachon tartibga keltirilishini soʻrayman.

Hokim tumandagi 3ta bozordan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va oziq-ovqat bozorlari boʻyicha loyihalar tayyorligini taʼkidlaydi.

“Ayni vaqtda Parkent bozori boʻyicha loyiha tayyor, prezentatsiyasi Hukumat darajasida koʻrib chiqilmoqda. Aslida bozorlar oʻrniga gipermarket qurib, tartibsizlik muammosini osonlikcha barham bersa boʻladi, bu eng oson yoʻli. Lekin, biz, oʻzbeklarda «otang bozor, onang bozor», «bozor bilan mozorga tegma» degan naql bor. Menga yoshligimdan shuni uqdirib kelishgan. Yashnoboddagi eng katta bozorimiz - Aviasozlar bozori boʻladigan boʻlsa, unga koʻpqavatli avtoturargoh kerak va u albatta, quriladi. Hozirda bor harakatimiz bozorlarimizni olib qolishga qaratilgan. Boshqaruvni xususiy sektorga berish kerak, chamamda. Xususiy sektor boshqarsa oʻgʻrilik kam boʻladi. Parkent va Kadisheva bozorlarini yopmasdan, bosqichma-bosqich restavratsiya qilib, zamonaviy, yorugʻ, koʻrkam va obod maskanga aylantirmoqchimiz. 2020 yil yarmigacha bu rejamizni amalga oshiramiz, deb umid qilaman».

Suhbat bilan boʻlib Yashnobod texnoparkiga yetib kelganimizni sezmabman. Aslida ishlab chiqarish jarayoni shaharning turli hududlariga taqsimlab tashlangan. Biz Toshkent mexanika zavodi (Tapoich) hududida joylashgan korxonaga keldik. Texnopark rezidenti kompaniya ofislariga qoʻyiladigan, tariflar va xizmatlar boʻyicha xuddi insondek gapirib, maʼlumotlar beruvchi uch dona robot ishlab chiqargan. Ulardan biri aloqa muzeyida, ikkitasi Ucell kompaniyasi ofisidan joy olgan.

Texnopark vakili hokim bilan suhbatda texnoparkning eng soʻnggi ishlanmasi – oʻziga yerdagi namlikni tortib oladigan, koʻrinishidan shakardan farq qilmaydigan mahsulot – gidrogel ishlab chiqarilganini xabar qiladi. Aytishicha, Nukusda choʻlning oʻrtasiga shu gidrogel sepilib, archa ekilgan va usti qum bilan yopilgan. Archa olti oydan beri sahro oʻrtasida oʻsayapti, dedi faxr bilan suhbatdosh.

Bu orada Tillashayxov 1-sektor ishchi guruhi ishchi faoliyatini tahlil qiladi, kutilmagan qoʻngʻiroqdan soʻng Toshkent shahar hokimligiga borib, Bosh vazir qabulxonalariga rahbar tayinlash boʻyicha yigʻilishda ishtirok etadi, 244-maktabda oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini qanday oʻtkazayotgani bilan tanishishga va u yerda hatto oʻquvchilardan biri bilan shashka oʻynashga ulguradi.

Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm
Sputnik / Dilshoda Raxmatova
Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm

Soʻng “Doʻstlik” bogʻidagi anhor chetida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan meni tanishtiradi va soʻngra u yerdan toʻgʻri Yer usti metrosi qurilish ishlarini nazorat qilish uchun “Doʻstlik” bekati sari yoʻl olamiz.

Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm
Sputnik / Dilshoda Raxmatova
Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm

Qaytishda anʼanaga aylangan sayyor qabul oʻtkazish uchun Shohsanam mahallasidagi maktab binosi tomon yoʻl olamiz.

Hokim bilan uchrashib, unga oʻz muammolarini aytish va yechim topib ketish uchun oʻnlab aholi yigʻilgan. Tillashayxov yoniga kelganlarning murojaatlari turli mazmunda: kimdir bir yildan beri issiq suvga muhtojligini aytsa, kimdir ish soʻrab kelgan, hatto xalq qabulxonasi rahbari maqtagan istarali onaxon oʻgʻli nohaq qamalgani va uning ozod etilishida yordam berishlarini iltimos qildi. Yoshi keksaroq onaxon saraton kasalligiga chalingan opasi uchun moddiy yordam soʻradi.

Xotini yaqinda farzand koʻrgan erkak esa nogironligini iddao qiladi va uy olishga yordam berishlarini aytadi. “Lekin birinchi toʻlovga pulim yoʻq, kredit berishsin”, talab qiladi u. Kredit olish uchun esa hatto yarim stavka ishlashni mutlaqo rad etadi.

Hokim sayyor qabulga kelgan har bir fuqaroni diqqat bilan tinglaydi, masalani iloji boricha joyida hal qilishga harakat qiladi. Ammo ijrosi maʼlum vaqtni talab qiladigan muammolar ham yoʻq emas. Ikki soatcha davom etgan qabuldan birorta fuqaro hokimdan norozi boʻlib ketmadi.

Kech soat yettida nihoyat hokimlik binosiga qaytamiz.

Hokim bilan suhbatimiz uning kabinetida davom etadi.

 “Yosh rahbar boʻlish osonmi?”, - soʻrayman Tillashayxovdan.

U javobni uzoqdan boshlamaydi, har galgidek ochiq gapiradi.

“Oson, deb boʻlmaydi, qiyin. Oʻzimdan kelib chiqib javob berishim mumkin, 14 yil davomida bankda ishlaganman. Bank akademiyasini bitirganimdan keyin hukumat topshirigʻi bilan hokimiyatga iqtisodiy va ijtimoiy masalalar boʻyicha hokim oʻrinbosari boʻlib keldim. Toʻgʻrisini aytaman, avvaliga bu lavozimda ishlashni xohlamaganman. Vaziyat ogʻir edi, birorta loyihani amalga oshiraman desangiz hokimiyatda resurs yetishmasdi. 2018 yilda Hukumat tomonidan hokim lavozimiga tayinlandim. Faoliyatimga bir yil toʻladi yaqinda. Oʻziga yarasha masʼuliyatli ish. Qoʻlimdan kelgancha harakat qilayapman. Qilgan mehnatingiz natija berayotganini koʻrganingizda, yanada shijoat bilan ishga kirishar ekansiz.

-  Tuman haqida gapirilsa, mardikor bozorlarni eslamaslikning iloji yoʻq. Bu masalaga qanday yechim topmoqchisiz?

-  Toʻgʻri, mardikorlar toʻplanadigan nuqtalar bizning hududda mavjud. Joylarga chiqib masalani oʻrganganimizda, Yashnobod aholisi mardikorlik qilmasligi aniqlangan. Siz aytgan bozorga respublikamizning boshqa hududlaridan fuqarolar kelib, tirikchilik qilishadi. Deylik, Qashqadaryo va vodiy tomonlardan keladiganlar koʻp.

Xudo xohlasa, yil oxirigacha, aniqrogʻi oktyabrlargacha mehnat vaziri Sherzod Kudbiyev bilan maxsus markazni ishga tushiramiz.

Bu yerda ishsizlar uchun oʻquv kurslari tashkil etiladi. Deylik, shaxs chetga chiqib ishlashni xohlaydi, lekin oʻz haq-huquqlari va tilni bilmaydi. Markazlarda talabgir sohalar: Gʻisht terish deysizmi, kran ishlatishmi, xullas koʻplab yoʻnalishlarda oʻquv kurslari tashkil etiladi. Hatto bosh vazirimiz sidelkalar va bogʻbonlik kurslarini ham tashkil etish toʻgʻrisida gʻoya berib ketdilar.

Ishsizlarga agar ularning biznes loyihasi boʻlsa, bankdan kredit oberishga yordam beramiz, hunar oʻrganishni istasa, oʻqitamiz, u ham boʻlmaydigan boʻlsa bir oyda bir martalik ish beramiz. Agar bu ham boʻlmaydigan boʻlsa ishsizlik nafaqasini olib shu yerdan pul bilan chiqib ketadi.

Markaz tayyor boʻlganida kuniga 500-1000 kishigacha qabul qilish imkoniga ega boʻlamiz. Oʻylaymanki, bu siz aytgan mardikorlar masalasi ijobiy hal etilishiga zamin yaratadi.

- Qattiqqoʻl, talabchan rahbar sifatida taassurot uygʻotdingiz?

 - Qattiqqoʻlligim bor. Oldin bank sohasida ishlaganman, u yerda hamma narsa hisob-kitobli, berilgan topshiriq soʻzsiz bajarilishi kerak. Qoʻl ostidagi xodimlarga topshiriq bersam va bu topshiriqni ijrosi boʻlmasa, aldasa, ularni kechirolmayapman. Yaqinda ikkita oʻrinbosarimni almashtirdik. Yosh va faol boʻlishiga qaramasdan, berilgan topshiriqni vaqtida bajara olmadi. Bitta narsani tushunish kerak, topshiriq beryapmanmi, demak men ham topshiriq olaman. Men katta rahbar emasman, meni tepamdayam, bir necha pogʻona rahbarlar bor. Lekin insonga uning qoʻlidan keladigan yumushni berish kerakligini ham bilaman. Qoʻl ostidagi xodimlarimning hammasini yaxshi bilganim, koʻzim yetgani uchun u yoki bu topshiriqni beraman. Koʻzim yetib turib, u bajarmasa, bajara olmasa, uni kechirolmayman.

- Dam olishga vaqt qoladimi?

- Nima demoqchiligingizni tushundim. Prezidentimiz boshida 2 yil qattiq ishlasak, hammasini yoʻlga qoʻyib olsak, yaxshi boʻladi degan edilar. Yaqinda oʻtkazgan selektor yigʻilishi oxirida kutilmaganda «Vaʼda bergandim ikki yil oldin - respublikadagi hamma hokimlar 10 kundan dam oladi», dedilar. Ishonasizmi butun respublika boʻyicha oʻsha selektorni tomosha qilayotgan hokimlar qarsak chalib yubordi. Haqiqatan ikki yil dam olishsiz ishladik, shanba ham ishladik, yakshanba ham kerak boʻlganida.

2018 yilda byudjetga tushum zoʻrgʻa 8 milliard boʻlgan boʻlsa, 2019 yilni olti oyi ichida uch barobar oshdi. Bu oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq, tinimsiz mehnat, kechani kecha, kunduzni kunduz demadik. Prezident yakshanba kunlari farzandlaring bilan boʻlinglar, degan topshiriqni berdilar. Buyam mehnatimizga yarasha mukofot, deb bilaman.

Intervyudan soʻng Tillashayxov kuz-qish mavsumiga doir yigʻilish oʻtkazdi va nihoyat, 11dan oʻtganida kun davomida yigʻilgan hujjat, xatlarni koʻrib chiqib, imzolash uchun kabinetiga yoʻl oldi.

Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm
Sputnik / Dilshoda Raxmatova
Odin den s xokimom Yashnabada - Xojiakbarom Tillyashayxovыm

Ochigʻini aytsam, hokimning bir kuni bu qadar murakkab boʻlishini kutmagan edim. Albatta, men bu kun yakunlanganidan xursand boʻlib, tezgina xayrlashib, uyga yoʻl oldim. Yoʻl-yoʻlakay esa faqat bir fikr charx urardi, chetdan qaraganda hokim hayoti tashvishsiz, begʻam va osondek tuyuladi. Aslida esa yuqorida keltirilgandek nazorat, diqqat, xafsala va ulkan kuch-gʻayrat talab etadi. Va bu sertashvish hayot uning hayot tarziga aylangan…

Asosiy mavzular