00:50 18 Noyabr 2019
Efir
  • RUB148.82
  • EUR10455.03
  • USD9490.77
Sotsialnaya set Feysbuk

Huquq qachon tugaydi?

© Sputnik / Natalya Seliverstova
Analitika
Havola olish
114730

Insonning gʻalati odati bor: kimgaki ozroq huquq berilsa, havolanib, "menga hammasi mumkin" degan xulosaga borib qoladi. Yaqin-yaqingacha hokimlar oʻzini shunday tutardi. Endi blogerlarga oʻtyapti bu odat.

Axborot va ommaviy axborot kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonovning bayonotidan keyingi gap-soʻzlardan buni ilgʻash mumkin. Blogerlar shov-shuv koʻtarib, anchayin nohaq eʼtirozlar bildirdi.

Chunki, inson, deylik hovlisiga yi­gʻib qoʻygan oʻtiniga kimdir choʻgʻ tashlab ketsa, uni oʻchiradimi? Nega post ostidagi behayo va shafqatsiz izohlarni oʻchirmaslik kerak? Buning ustiga uni boshqarish faqat post egasining qoʻlida boʻlsa?!

Allamjonov hammasini aytdim, barcha tushundi, deb oʻylab, fikrini oxirigacha yetkazaman boʻlsa-da, uning bayonotida dolzarb mavzu koʻtarilgan edi.

Axir oʻqing, atrofni qanchalar madaniyatsizlarcha bitilgan izohlar bosgan. Behayolik, shaloqlik deyarli meʼyorga aylanib qolgan… Jamoatchilik orasida soʻkinish, behayo soʻzlarni aytish mumkin emasligini bilamiz, lekin internetda bu mumkin. Chunki u yerda hech kim bunaqa soʻzlar uchun javobgar emas. Axir bunday boʻlishi mumkinmas! Millatda, odamlarda, har bir shaxsda soʻz masʼuliyati, fikr aytish madaniyati va masʼuliyati boʻlishi lozim emasmi?

Masʼuliyatni his qilmaslik, javobgarlikning yoʻqligi odamlarni izdan chiqaradi, haybarakallachi qilib qoʻyadi. Buning ustida bu soʻz va fikrning ham qadrini tushirib yuboradi. Qolaversa, virtual makonda mumkin boʻlgan narsa, sekin-asta real hayotga koʻchib chiqadi. Bora-bora jamiyatda madaniyat yoʻqolishi mumkin.

Uzoqqa bormaylik, Tojikiston fuqarosi oʻz mamlakatida terroristik deb tan olingan partiya vakillari postlariga ijtimoiy tarmoqlarda "layk" bosgani uchun, uning bu ishi terrorizmni targʻib etishga tenglashtirilib, u 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Ammo yigit haqida ayrim nashrlar uning yonini olib "bor yoʻgʻi qoldirgan izohi uchun jazolashdi!" deb yozishdi.

Sezyapsizmi, biz internet makoni kim nimani xohlasa shuni qiladigan, kim nimani xohlasa yozadigan, aytadigan joy deb oʻylaymiz. Hozircha shunday boʻlyapti ham. Biroq buning ham chegarasi bor, vaqti ham kelyapti. Qonun har doim hayotdan ortda qolib yuradi, lekin hech nimani nazardan qochirmaydi.

Virtual makonda ham aytilgan gap uchun masʼuliyat boʻlishi lozim. Buni qanchalar tez anglasak, oʻzimizga shunchalar yaxshi. Hamma xohlagan ishini qiladigan, koʻngliga kelganini aytadigan davrlar oʻtib bormoqda…

Oʻtgan asrning 90-yillari hayotda shunaqa – boshboshdoqlik boʻlgan. Bugun internetda shu holat, lekin bu soʻngsiz davom etishi mumkin emas. Har kim oʻz soʻzi uchun javob berishi lozim. Masʼuliyatsizlik insonni dahshatli mahluqqa aylantiradi. Odamlarga masʼuliyat yuklash anchayin ogʻir va sergʻalva ish. Buni shu kunlarda koʻrdik, guvohi boʻldik.

Allamjonov oʻz bayonotida koʻnglidagi barcha fikrni toʻliq ifodalay olmagan boʻlsa-da, maqsad aniq – internetni bundan keyin ham madaniyatsizlik, bachkanalik oʻchogʻiga aylantirib qoʻyib boʻlmaydi. Uni allaqanday kuchlarning quroli boʻlib xizmat qilishiga ham yoʻl qoʻyilmaydi.

Bu qachondir boshlanishi kerak boʻlgan, qancha tez boshlansa, shuncha yaxshi boʻladigan chora.

Blogerlar "oʻzganing fikri uchun nega men javob beraman?" deb iddao qilayotgan, oʻzini butkul masʼuliyatdan soqit qilishga urinayotgan boʻlsa ham, ular-da javob berishlari shart (muharrir gazeta uchun javobgar boʻlganidek). Blogerlar va Allamjonovning keyingi uchrashuvida aytilgan "bu yaxshi, bu yomon, oʻchir", deb kimdir aytishi, xat kiritishini kutib oʻtirmay, uyatli, sharmandali soʻzlarni, davlatga qarshi fikrlarni oʻz vaqtida oʻchirishsa maqsadga muvofiq. Bu ularning fuqaroviy burchi. Sezishimizcha, ular "nima yomon, nima yaxshiligini biz qaydan bilamiz?" deb masʼuliyatdan qutilishga urinishmoqchi.

Oddiy haqiqatni – nima soʻkinish, nima buzgʻunchilikligini bilmaydigan kishining odamlarga fikr berib, aql oʻrgatishga haqqi bormi?

Bilamiz, huquqini – soʻz erkinligini pesh qiluvchilar koʻp. Albatta, soʻz erkinligi muqaddas! Biroq bu koʻchada uchraganni soʻkish, xayolga kelganni aytish, bemalol buzgʻunchilik qilish mumkin degani emas? Chunki soʻz erkinligiday konstitutsiyaviy huquq boshqalarning huquqlarini bu­zish ustida yuzaga kelmaydi.

Unutmaylik: bizning huquqimiz boshqalarning huquqiga tajovuz qila boshlagan joyda tugaydi! Yanayam gʻalizroq aytilsa: hech kimning huquqi oʻzganing huquqiga tajovuz qilish huquqini bermaydi! Demokratiya bilan anarxiyaning farqi ham shunda.

Asosiy mavzular