15:11 15 Dekabr 2019
Efir
  • RUB149.88
  • EUR10545.67
  • USD9537.55
Vstrecha prezidentov stran TSA v Tashkente

"Maslahatli osh tarqamas": MO yetakchilari Toshkentda nimalarga kelishdilar?

Sputnik / Dilshoda Raxmatova
Analitika
Havola olish
120830

2017 yil Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatda asosiy eʼtibor - mintaqaga qaratilishi, respublika birinchi galda Markaziy Osiyo davlatlari bilan axil qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirishga katta eʼtibor berishini qatʼiy taʼkidlagan edi.

Shu bilan bugungi kunda Markaziy Osiyoni yangicha qiyofada butun jahonga qaytadan kashf qilayotgan "iliqlashuv" jarayoniga tamal toshi qoʻyildi.

Markaziy Osiyo - umumiy uyimiz

Markaziy Osiyo rahbarlari ishtirokida 2018 yilning mart oyida Qozogʻiston poytaxti - Nur-Sultonda birinchi maslahatlashuv formatidagi norasmiy sammit oʻtkazilgan. Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari bunga qadar toʻqqiz yil muqaddam - 1998 yilda Ashxobod shahrida uchrashganlar.

Prezidentы stran SNG

Toshkent shahridagi ikkinchi maslahatlashuv uchrashuvi bugun, 29 noyabr kuni Qozogʻistonning birinchi prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov ishtirokida boʻlib oʻtdi. Norasmiy sammitga qoidaga koʻra, mezbon mamlakat rahbari - Shavkat Mirziyoyev raislik qildi.

Mirziyoyev hamkasblarni tashrif bilan samimiy qutlar ekan, ushbu uchrashuvga ehtiyoj kattaligini, bu norasmiy sammit - Markaziy Osiyo xalqlarining hamkorlikni kengaytirish, mintaqada ishonch va axil qoʻshnichilik muhitini yanada mustahkamlash, umumiy muammolarni birgalikda hal etishga boʻlgan samimiy intilishlari va qatʼiy siyosiy irodasi dalilidir, dedi.

Uchrashuvdan maqsad - yangi tashkilot yaratish emas

Shu bilan birga, Oʻzbekiston prezidenti, bu formatdagi uchrashuvdan boshqa maʼno izlash kerakmasligi borasida ham alohida toʻxtaldi.

Shavkat Mirziyoyev
Sputnik / Dilshoda Raxmatova
Shavkat Mirziyoyev

"Eʼtiboringizni muhim bir masalaga qaratmoqchiman, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi formati qandaydir yangi mintaqaviy tashkilot tuzilayotgani haqida gapirishga asos boʻla olmaydi. Biz Maslahat kengashimiz. Bir-birimiz bilan uchrashib, hozirda mavjud muammolarimiz, kelgusi rejalarimiz haqida maslahatlashamiz. Masalalar koʻp. Ular qachon yechiladi? (Qachonki) bir-birimiz bilan munosabatlarimiz yaxshi boʻlsa, qoʻshnichiligimiz yaxshi boʻlsa",- deya tushuntirdi Mirziyoyev.

Nazarboyevga yuksak unvon

Norasmiy sammitda Qozogʻistonni taqdim etgan Elboshi Nursulton Nazarboyev tor doirada oʻtgan muzokaralar natijasiga koʻra, Markaziy Osiyo rahbarlari Maslahatlashuv uchrashuvining Faxriy raisi etib saylandi. Oʻzbekiston prezidenti bu haqda eʼlon qilar ekan, Nazarboyevning 30 yillik rahbarlik faoliyatini alohida eʼtirof etib oʻtdi. "Markaziy Osiyo masalalari, muammolari va yechimlari borasida Nursulton Abishevich oʻz fikriga ega, men oʻylaymanki, biz bundan toʻgʻri foydalanishimiz kerak", - dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Avval iqtisod - keyin siyosat - Mirziyoyev taklifi

Markaziy Osiyo  davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz hamkasblari eʼtiborini iqtisodiy hamkorlikka qaratdi. Xususan, qoʻshni davlat rahbarlariga birinchi navbatda iqtisodiy va investitsion hamkorlikni rivojlantirishni taklif qildi.

Katta bozor, xom ashyolar zaxirasi va inson resurslariga ega boʻlgan mintaqa ichida savdo munosabatlari rivojlanishi va qoʻshilgan qiymat zanjiri shakllanishi lozim, dedi Mirziyoyev.

Ikkinchi muhim yoʻnalish sifatida, mintaqada zamonaviy transport-logistika infratuzilmasini shakllantirishni, transport kommunikatsiyalari boʻyicha mintaqaviy kengash tuzilishini va ushbu sohada bitim imzolashni tezlashtirish muhimligi qayd etildi. Uchinchi oʻrinda, Mirziyoyev Markaziy Osiyoda energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini oshirish hamda zamonaviy energetika infratuzilmasini yaratish borasidagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni taklif qildi. 

Toʻrtinchi navbatda, Oʻzbekiston prezidenti – Markaziy Osiyoda yagona, koʻpchilik taniydigan turizm brendi tashkil qilishni, ushbu maqsadda "Markaziy Osiyo boʻylab sayohat" xalqaro turizm konferentsiyasini oʻtkazish taklifini bildirdi. 

Doʻstlik - abadiy. Lekin bitim ham kerak - Nazarboyev taklifi

Nursulton Nazarboyev muzokaralar davomida bir yil oldin Qozogʻistonda boshlangan muloqot Markaziy Osiyo tarixida yangi sahifani ochib berganini qayd etib oʻtdi. "Uchrashuv hamkorlik kartinasini yaxshiladi. Muloqot beshta mamlakatga doʻstligimiz abadiy yashashi haqida signal berdi", - dedi u.

Qozogʻistonning birinchi prezidenti soʻzlariga koʻra, Markaziy Osiyo davlatlari xalqlari farovonligini oshirish maqsadida ishtirokchi-davlatlar salohiyatini birlashtirish lozim. Buning uchun avvalo "Markaziy Osiyoni XXI asrda rivojlantirish maqsadida axil qoʻshnichilik va hamkorlik maqsadlari toʻgʻrisidagi bitim"ni qayta imzolash kerak boʻladi. Ushbu hujjatda besh mamlakat oʻzaro hamkorligining asosiy bazaviy tamoyillari va maqsadlari oʻz aksini topishi kerak. Shuningdek, mamlakatlar suvereniteti, mustaqillik va territorial yaxlitligi haqidagi nizomlar ham.

Bundan tashqari, mintaqada xavfsizlikni taʼminlash maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlari Xavfsizlik Kengashlari kotiblari uchrashuvi oʻtkazilishi lozim. Nazarboyev, shuningdek, MO mamlakatlari oʻrtasida tovarlar, xizmatlar va kapital harakatlanishida cheklov boʻlmasligi kerakligi haqida gapirdi. Hamda har yili 15 martda MO davlatlarida yangi ayyom - Markaziy Osiyo kunini nishonlash taklifini oʻrtaga tashladi.

Iqlim oʻzgarishlari va suv resurslari - Emomali Rahmon takliflari

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon MO yetakchilari eʼtiborini iqlim oʻzgarishi va tabiiy ofatlar xatarini kamaytirish singari masalalarga qaratdi.

"Tojikiston Mustaqillikka erishgan birinchi kunlardan boshlab mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻpqirrali sheriklikni mustahkamlash va rivojlantirish tarafdori boʻlgan", - dedi Rahmon.

Tojikiston rahbarining taʼkidlashicha, bu singari konstruktiv ruhdagi maslahatlashuvlar natijalari mintaqaviy integrallashuvga qaratilgan va mamlakatlarning yanada yaqinlashishiga xizmat qiladi. Bu orqali ishtirokchi-davlatlar xalqlari hayot sharoitlari ham yaxshilanadi.

Rahmon soʻzlariga koʻra, savdo va iqtisod, investitsiyalar, qishloq xoʻjaligi, sanoat, transport va kommunikatsiya infratuzilmasi rivoji, suv resurslaridan ratsional foydalanish singari sohalar Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari oʻrtasida hamkorlikning muhim omillari boʻlishi mumkin.

Suv uchun kompensatsiya - Jeenbekov taklifi

Muzokaralar davomida Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov mintaqada yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ekologik muammolar xususida toʻxtaldi.

"Bizning togʻlarda mintaqadagi barcha suv resurslarining 45%i shakllanadi. Tabiiyki, tez orada daryolarda suv sathi pasayishi muammosiga duch kelamiz. Natijada, bu Markaziy Osiyo ekologiyasiga, hamkorlikdagi iqtisodiy faoliyatga taʼsir koʻrsatadi, yirik GESlar salohiyati pasayadi", - dedi Qirgʻiziston rahbari.

Boshqacha qilib aytganda, Qirgʻizistonda muzliklarning keskin pasayishi butun mintaqa uchun ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu bois hozirdan muzliklarni saqlab qolish boʻyicha xalqaro hamkorlikni boshlab, suv-energetika sohasidagi hamkorlikni takomillashtirish kerak.

"Shu munosabat bilan Markaziy Osiyoda suv zaxiralarini toʻplash uchun kompensatsiyaga oid oʻzaro manfaatli mexanizmlarni ishlab chiqish va joriy etishni taklif qilaman, umid qilamizki, suvni toʻplash, saqlash, boshqarish va yetkazib berish borasidagi harajatlarimiz tegishli tarzda oʻzini oqlaydi", - dedi Jeenbekov.

Qirgʻiziston yetakchisi oʻz chiqishida yoʻllar boʻyicha eng yirik loyiha hisoblangan - Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlining qurilishi - butun mintaqa tranzit salohiyatini sezilarli yaxshilashi, temir yoʻl Yevropa va Osiyo oʻrtasida oʻziga xos koʻprik vazifasini oʻtashiga umid bildirdi.

MO taraqqiyoti uchun "5+" formulasi - Berdimuhamedov taklifi

Turkmeniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 5+ formulasida hamkorlikni jadallashtirish taklifini ilgari surdi.

"Bizning vazifamiz - mintaqa sogʻlom iqtisodiy raqobatning zamonaviy talablariga javob berishi, dunyoda roʻy berayotgan jarayonlarning toʻlaqonli va samarali sherigiga va ajralmas qismiga aylanishi uchun qoʻldan kelgancha harakat qilish. Buning uchun Markaziy Osiyo mamlakatlariga mintaqada zamonaviy energetika va trasport-tranzit tuzilmasini vujudga keltirish singari tashabbus zarur. Bu maqsadlarga yetishish uchun yirik xorijiy investorlarni jalb etish lozim boʻladi. Shu bois mintaqa mamlakatlari tashqi sheriklar bilan oʻzaro manfaatlarga asoslangan uzoq istiqbolga ega hamkorlik strategiyasini qurishlari talab etiladi", - dedi Turkmaniston prezidenti va bunda 5+ formulasi boʻyicha ancha jadallashgan hamkorlikni qayd etib oʻtdi.

Bu yerda Markaziy Osiyo davlatlarining YEI, AQSH, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya bilan hamkorlik formatlari nazarda tutilmoqda. Bunday formatdagi hamkorlikka dunyoning boshqa yetakchi mamlakatlarida ham qiziqish bor. Bunday uchrashuvlar kun tartibi juda keng va rang-barang boʻladi, biroq asosiy eʼtibor iqtisod, energetika, transport va logistika masalalariga qaratiladi.

Berdimuhamedov Tinch okeaniga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqishga ega boʻlmagan mintaqa davlatlari sharqiy Kaspiyning port infratuzilmasi salohiyatidan maksimal foydalanishlari kerakligini qayd etdi. Bu orqali mahsulotlarni Yevropa, Rossiya, Kavkaz orti, Yaqin va Oʻrta Sharqga eksportini amalga oshirish mumkin. Turkmaniston bu maqsadlar uchun oʻz portlarini qulay sharoitlarda taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

Kelajak koʻchatlari 

Norasmiy sammit soʻngida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev OAV vakillari bilan uchrashdi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi yakunlari boʻyicha bayonot berdi.

Mirziyoyevning taʼkidlashicha, bugun MO mamlakatlari oliy darajadagi mintaqaviy muloqotni rivojlantirishning sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichiga koʻtarildi. 

"Hech shubhasiz, birgalikdagi intilishlarimiz bilan oldimizda turgan barcha maqsadlarga albatta erishamiz. Markaziy Osiyoni xavfsiz va barqaror taraqqiyot mintaqasiga, koʻpqirrali sheriklik makoniga aylantiramiz. Muhimi biz hamfikrmiz, rejalarimiz ham bir, barcha muhokama qilingan masalalar boʻyicha yakdilligimiz bor", - dedi Oʻzbekiston prezidenti.

Samarali muzokaralardan keyin Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Koʻksaroy qarorgohidagi Faxriy mehmonlar xiyoboniga koʻchatlar oʻtqazdi.

Glavы gosudarstv SNG vыsadili derevya
Glavы gosudarstv SNG vыsadili derevya

Bu daraxtlar Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston hamda Turkmanistonning mustahkam doʻstligi va hamkorligi ramzi sifatida yonma-yon oʻsadi.

Navbatdagi Maslahat uchrashuvi esa 2020 yili Qirgʻizistonning Bishkek shahrida boʻlib oʻtadi.

Asosiy mavzular