00:28 26 May 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Analitika
Havola olish
Rus Samarqandi: Sputnik Oʻzbekiston maxsus loyihasi (4)
196922

Murakkab 90-chi yillardan keyin Samarqandda ruslar sezilarli darajada kamaydi, ammo shu kechayu-kunduzda shahardagi pravoslav cherkovlari nafaqat yopilmayapti, balki aksincha, qayta tiklanmoqda. Cherkovlarga hukumat yordam bermoqda. U yerga keluvchi ibodatchilar soni ham koʻpaygan.

Agar Markaziy Osiyo mamlakatlarida slavyan aholisi vakillarining islom dinini qabul qilishi – bu barchaga maʼlum voqea boʻlsa, aks jarayonlar esa nomaʼlumligicha qolayotgan fakt sanaladi. Sputnik Oʻzbekiston pravoslav dinini qabul qilgan mahalliy fuqarolar haqida hikoya qiladi.

Oʻzbekistonda nega rus tilini oʻrganishadi >>>

Samarqandda uchta pravoslav cherkovi faoliyat koʻrsatadi – avliyo Aleksey cherkovi, Pokrov cherkovi va Gʻalaba keltiruvchi Georgiy (Georgiy Pobedonosets) pravoslav ibodatxonasi. Shuningdek, Avliyo Nikolay (Nikolay Chudotvorets) cherkovini qayta tiklash rejalashtirilgan. Hozircha u vokzal hududi yaqinida joylashgan boʻsh turgan bino hisoblanadi.

Bosh pravoslav ibodatxonasi

Shahar qoq markazini "Rus Samarqandi", deb atashadi. Sababi, u Rossiya imperiyasi mustamlakasi davrida qurila boshlagan – arxitekturasida asosan XIX-XX asr boshlariga xos qurilishlar koʻzga tashlanadi. Gohida oʻzingizni Osiyo yuragida emas, balki Pyatigorsk yoki Vladikavkazda yurgandek his qilishingiz mumkin - gʻishtlar, meʼmoriy shakllar, qavatlar sonidagi oʻxshashlik, degandek. Bundan tashqari, markaziy koʻcha hisoblanmish - barchaga mashhur "Bulvar" oxirrogʻidan avliyo Rus pravoslav cherkovining Toshkent va Oʻzbekiston yeparxiyasiga tegishli Aleksey Moskovskiy pravoslav cherkovi gumbazlari yaqqol koʻrinib turadi.

Paradnoye krыltso v Alekseyevskiy sobor v Samarkande
© Sputnik /
Paradnoye krыltso v Alekseyevskiy sobor v Samarkande

Cherkovga kiraverishimizda, panjara tashqarisida, odatga koʻra qoʻlini choʻzib oʻtirgan bir erkak va ayolga koʻzimiz tushadi. Ularni rossiyalik birodarlaridan milliy rang-baranglik ajratib turadi – ayol egniga milliy matodan tikilgan xalat tashlab olgan, qoʻlida esa bir piyola choy.

Cherkovning ichi xuddi yangidek taassurot uygʻotadi – Injil manzaralari aks ettirilgan yorqin sariq devorlar, qordek oppoq ustunlar, shift bir xil maydonlarga boʻlinib, har birida oʻymakor naqshlar bilan bezatilgan. Hatto boʻyoq hidi dimogʻimizga urilgandek tuyuladi. Bu yerda faqat plitkalar eski – polga uning tarixiy oʻziga xosligi tufayli tegishga ruxsat berilmaganini sal keyin bildik.

Altar Alekseyevskogo sobora v Samarkande
© Sputnik /
Altar Alekseyevskogo sobora v Samarkande

Shanba kuni ekanligiga qaramay, ibodatchilar yoʻq. Bir tomonda sham doʻkoni, boshqa tomonda - cherkov ichkarisida - mehrob joy olgan, toʻsiq ortidan musiqa sadolari eshitilib turibdi – xonishchilar kechki xizmatga tayyorlanishmoqda.

"Bizning cherkov 1912 yil podshoh Nikolay II davrida kazak polklari uchun qurilgan. Aytishlaricha, podshoh cherkov ochilishiga kelishi kerak boʻlgan, lekin kela olmagan, keyin Birinchi Jahon urushi va soʻngra inqilob yuz bergan. Cherkov koʻp musibatlarni boshdan kechirgan – ibodatxonalar taʼqibga olingan, gumbazlar va xochlar vayron qilingan, cherkov goh harbiy qism uchun raqs zali, goh klub, goh ombor vazifasini oʻtagan. 1992 bino muzey balansiga oʻtkazilgan va taʼmirlash ishlari boshlangan, toʻrt yil oʻtgach Moskva va butun Rossiya Ruhoniysi Aleksey II cherkovga kelib, uni ilohiylashtirgan. Shu paytdan u ishga tushgan. Cherkovimizga Vladimir Putin va Islom Karimov, Shoygu hamda Moskva va butun Rossiya Patriarxi Kirill singari oliy darajadagi mehmonlar ham tashrif buyurganlar", – deya cherkov tarixiga qisqacha toʻxtaladi sham doʻkonida turgan, oʻzini Yelizaveta deb tanishtirgan ayol.

Prixojanka Pokrovskoy tserkvi v Samarkande Nina
© Sputnik /
Prixojanka Pokrovskoy tserkvi v Samarkande Nina

Maʼlum boʻlishicha, Yekaterina ismi ayolga u xristian diniga kirganida berilgan.

"Ota-onam musulmon, men pravoslav dinidaman. Bir marta bu yerga kelib, yoqtirib qolganman, soʻng suhbatdan oʻtdim va choʻqintirildim", - deydi Yelizaveta va kundalik hayotda hamma uni Liza, deb chaqirishlarini qoʻshimcha qiladi.

Eʼtiqod evaziga sigir

Endi avliyo Aleksey cherkovida u nafaqat ibodatlarda qatnashadi, balki oʻzi ham ishlaydi.

"Men egallab turgan lavozim rasman - ehson yigʻuvchi, deb ataladi. Ammo bu faqat qogʻozda, xolos. Amalda esa hamma ishni bajaraman – shamchiroqlarni tozalayman, ovqat pishiraman, pollarni yuvaman. Bu yerda faqat uch kishi rasman mehnat qilamiz – men, hisobchi va ruhoniy. Keluvchilar kam, baʼzan 50, baʼzida 100 kishi kelishi mumkin. Lekin katta bayramlarda, yoxud biror bir muqaddas narsani olib kelishsa, cherkovga 400 tagacha odam keladi. Rossiyadagi cherkovlarning homiylari bor, bizda esa yoʻq – Samarqandda ruslar juda oz. Shu uchun bor umidimiz hukumatdan, xayr-ehsondan emas ", - deydi Luiza-Yelizaveta.

Memorialnaya doska na Alekseyevskom sobore v Samarkande
© Sputnik /
Memorialnaya doska na Alekseyevskom sobore v Samarkande

Shu bilan birga, ayolning soʻzlariga koʻra, Aleksey cherkoviga oxirgi vaqtlarda mahalliy aholi – oʻzbeklar va tojiklar koʻp keladigan boʻlgan. Oldinlari musulmonlar cherkovga kelgach, shamni qayerga qoʻyishni soʻrashgan va ikona oldida jim turib, oʻzlari uchun nimadir soʻrashgan. Ammo bu dinga eʼtiqod qoʻyib, uni qabul qilayotganlar ham topilmoqda.

Bu soʻzlarning tasdigʻi sifatida Luiza polni yuvayotgan ayolga ishora qiladi: "Mana, Galina bilan suhbatlashing. Ayol qishloqda oʻsgan, keyin Rossiyaga ketgan, u yerda cherkovda ishlagan, soʻngra choʻqingan, uning turmush oʻrtogʻi ham nasroniylikni qabul qilgan. Bugungi kunda u kabi musulmonlar juda koʻp".

"Ha, men oʻzbekman, - deydi ayol. U rus tilida kuchli aktsentda gapiradi. - 1999 yil tushimda boshim uzra katta oltin xoch va soqollari oppoq moʻysafid turganini koʻrganman. U menga: "Mening eʼtiqodimni qabul qilishni istaysanmi? Unda Rossiyaga bilet olib, juda uzoqqa yoʻl ol", degan. "Men unga pulim yoʻqligini aytib, ishontirishga harakat qildim, ota-onam qishloqda yashardi, nochor edi. Lekin u shu qadar oʻz gapida turib olgandi-ki, beixtiyor uygʻonib ketdim. Koʻzlarimni yumishim bilan yana xoch va moʻsafid cholni  - Xudo-Otani koʻrdim, u menga ota-onam sigirni sotishi kerakligini, shunda yoʻl kira uchun pul yetarli boʻlishini aytdi".

Slujitelnitsa Alekseyevskogo sobora Galina rasskazыvayet, kak ona prishla k pravoslaviyu
© Sputnik /
Slujitelnitsa Alekseyevskogo sobora Galina rasskazыvayet, kak ona prishla k pravoslaviyu

Ertalab ayol qishloqqa, ota-onasinikiga yoʻl oladi va ularga koʻrgan tushi - ulkan fotosuratlar -  bolali ayol, oppoq soqolli moʻysafid haqida gapirib beradi (Galina bunga qadar hech qachon ikonalarni koʻrmagan edi), u Xudoning uyini koʻrishni juda-juda xohlashini aytadi va ota-onasi sigirni sotishga rozi boʻlishadi. Shu tariqa Galina Saratov viloyati, Engels shaxridagi Svyato-Troitskiy cherkoviga kelib oʻz xizmatlarini taklif qiladi.

"Cherkov bosh ruhoniysi Vasiliy-ota meni koʻrishi bilan: "Seni qabul qilmayman, sen musulmonsan", dedi. Gʻazab bilan: "Sen kimsan-ki, meni ishga olmaysan. Bu yerda Ota-Xudo bor, men uning dargohida ishlayman", dedim. U mening qistovimdan ajablanib, rozi boʻldi. Keyin choʻqinishni taklif etdi. Galina deb ism qoʻydi - axir ismim Guliston edi-da. Keyin qarindoshlaring bilib qolib, urishsa nima qilasan, deb soʻradi. Ulardan kechaman, dedim", deb hikoya qiladi Guliston-Galina.

Oqibatda hammasi aksincha boʻldi, ayol 12 yildan soʻng uyiga qaytib kelganida, qarindoshlari undan voz kechishdi. Lekin musulmon eri esa uning ortidan nasroniylikni qabul qildi, shunday qilib ular ikkalovi Samarqandda yashashmoqda.

Yoqib yuborilgan mulla nevarasi – pravoslav Galina

Inqilobdan oldin zamonaviy Oʻzbekiston hududida qariyb 15ga yaqin pravoslav cherkovlari faoliyat koʻrsatgan, ammo sovet davrida ular yoʻq qilingan yoki xoʻjalik ehtiyojlari uchun boshqa maqsadlarda foydalanilgan. Ochilganidan buyon umuman yopilmagan yagona cherkov – 1903 yil qurilgan "Pokrov Bojyey Materi" cherkovi boʻladi. Biz u tomon yoʻl oldik.

Pokrovskaya tserkov v Samarkande
© Sputnik /
Pokrovskaya tserkov v Samarkande

Cherkovga yaqinlashar ekanmiz, yoʻlimizda keksa bir ayolni uchratdik, u bizning Moskvadan kelganimizni eshitib, xursand boʻlib ketdi, darhol choyga taklif qildi. Rad etishga majbur boʻldik. Yoʻl-yoʻlakay oʻzi xaqida gapirib berdi.

"1966 yilda qardosh Oʻzbekiston poytaxti Toshkentni zilziladan keyin qayta tiklashda yordam berish uchun Ukrainadan kelganman.  Ishlarimizni tugatganimizda, bizga qolishni taklif qilishdi, istagan shaharni tanlashimiz mumkinligini aytishdi. Shunday qilib, men Samarqandga keldim. 1971 yildan beri men shu cherkovga qatnayman. Musulmonlar ham shu yerga qatnaydilar. Ehtimol, ularning qalbi shu dinni yaqin olgandir, bu yerda ulardan hech narsa talab qilishmaydi. Koʻplar Turkiya yoki Amirliklarga ketishdan oldin kelib, ehson qoldiradi, sham yoqishadi, safar oldidan Xudoga iltijo qiladilar", deydi ayol va oʻzini Nina xola deb atashimizni soʻraydi.

Cherkov unchalik katta emas, avliyo Aleksey cherkovi bilan solishtirganda, uvoqqinadek tuyuladi, lekin shunisi bilan ham fayzli, koʻp ibodat qilingan bu yerda, devorlarida XVII-XVIII asrga oid ikonalar juda koʻp. Hatto pollari ham yogʻochdan.

Starinnыe ikonы v Pokrovskoy tserkvi Samarkanda - yedinstvennoy ne zakrыvavsheysya v sovetskiye godы
© Sputnik /
Starinnыe ikonы v Pokrovskoy tserkvi Samarkanda - yedinstvennoy ne zakrыvavsheysya v sovetskiye godы

"Cherkovimizning qurilishi uchun podshoh Nikolay II 1500 rubl ehson qilgan ekan – buni tasdiqlovchi hujjatlar bor, - deydi Nina momoning hikoyasini davom ettirib Pokrovskaya cherkovi xizmatchisi Galina. - Inqilobgacha bu yerda yakshanba kungi maktab ham boʻlgan, u hozir ham yakshanba maktabi sifatida ishlaydi, podvalida esa sovet davrida yoʻq qilingan cherkovlardan omon qolgan ikonalar saqlanadi. Ularning bir qismini avliyo Aleksey cherkoviga topshirganmiz".

Bu cherkovdagi Galina ham Luiza-Yelizaveta singari sham doʻkonini boshqaradi va yoʻl-yoʻlakay boshqa koʻplab ishlarni bajaradi. Pokrovskiy cherkoviga asosan keluvchilar soni 200 lar atrofida, lekin katta bayramlarda – Pasxa va Rojdestvo bayramlari, yoki biror avliyo murdasi olib kelinganida koʻprok odam yigʻiladi, oddiy xizmat kunlarida odatda 50 kishidan oshmaydi.

Galinaning oʻzi ham sobiq musulmonlardan.

Altar Pokrovskoy tserkvi v Samarkande
© Sputnik /
Altar Pokrovskoy tserkvi v Samarkande

"Onam rus, otam Sharq odami, bobom mulla boʻlgan – uni 1920-yillar oʻrtalarida quloq qilishib, kaltaklashib, chalajon ahvolida farzandlari koʻz oʻngida yoqib yuborishgan. Oilani parokanda qilib, yosh bolalarni qishloq boʻylab tarqatib yuborishgan. Otam bularning barini yaxshi eslardi, u kishi moʻmin-musulmon edilar. Otam meni jajjiligimda masjidga olib kelganlar va mulla menga Musharraf, deya ism qoʻygan. Men bolaligimdan Qurʼon oʻqiganman, lekin koʻnglim boshqa duolarni soʻrardi. Shunday qilib, 51 yoshimda, ikki yoshli nabiram bilan birgalikda pravoslav dinini qabul qildim. Shundan keyin barcha duolarni darhol eslab qoladigan boʻldim".

Xudo yagona, faqat uning ismlari va tillari juda koʻp

Musharraf-Galinaning soʻzlariga koʻra, bu yerda faqatgina nasroniylar uchun duo qilishmaydi. Pokrovskaya cherkoviga muntazam qatnaydigan ibodatchilarning aksariyatining oilasida musulmonlar bor. 

"Cherkovimizda choʻqinmagan inson uchun duo qilishdan tashqari, yozuvga buyurtma berish ham mumkin.  Koʻryapsizmi - ular koʻk rangda. Haftada bir marta ruhoniy ular uchun ibodat qiladi, duo oʻqiydi. "Meni qancha amakivachchalarim borligi  bilasizmi? Ularning barchasi musulmon, lekin ular uchun ham ibodat qilishim kerak. Yakshanba kunlari, biz pravoslavlar, barcha yaqin musulmonlarimizni eslaymiz", deydi Galina.

Svyaщennoye pisaniye i pravoslavnыy krest na kafedre v xrame Samarkanda
© Sputnik /
Svyaщennoye pisaniye i pravoslavnыy krest na kafedre v xrame Samarkanda

Galinaning soʻzlariga koʻra, koʻpincha bir dindan ikkinchisiga oʻtish ayollardan boshlanadi. Gap shundaki, pravoslav cherkovlarida ular oʻzlarini masjidlardagidan koʻra erkinroq his qiladilar, hatto nasroniylik dinini qabul vilmagan taqdirda ham ular bu yerga kelishlari, ikonalar qarshisida turib, eri va farzandlari uchun ibodatda boʻlishlari mumkin.

"Men bu yerda shunday voqealarga guvoh boʻlganman-ki, avval boshda musulmon qizlar kelishadi-da, ikonalar oldida turib, ibodat qilishadi, Xudodan juft soʻrashadi. Keyin erlari bilan kelib, farzand soʻrashadi. Qarabsizki, nasroniylikni qabul qilib, cherkovda nikohdan oʻtadilar va farzandlarini choʻqintiradilar. Kimdir musulmonligicha qoladi, lekin dam olish kunlari yoki biror katta bayramlarda masjidga emas, aynan shu yerga keladilar", deydi Musharraf-Galina.

"Men Xudo bitta, deb oʻylayman, faqat uning ismlari va tillari juda koʻp, lekin u hammani tushunadi. Gap sen nimadan kuch va najot topishingda, oʻz ruhingni qay tarzda qutqarishni xohlashingda. Har kim oʻzicha taskin topadi", - deydi Musharraf-Galina oʻz hikoyasi yakunida.

Oʻzbekiston - nafaqat Sharq, balki butun dunyodagi eng bagʻrikeng va multimadaniyatga ega davlatlardan biridir. Bu yerda barcha konfessiya vakillari tinch-totuv hayot kechiradilar. Musulmonlar, pravoslavlar, yahudiy yoki budda dinidagi kishilar kundalik hayotda bir-birlarinikiga mehmonga boradilar, baʼzan bayramlarni ham birgalikda nishonlaydilar. Bu rang-baranglik va birlik ayniqsa koʻhna Samarqandda yaqqol koʻzga tashlanadi, cherkovlarning oltin rang gumbazlaridagi pravoslav xochlari masjidlarning xushbichim minoralari va osmon singari moviy gumbazlarini hamohang toʻldirib turadi.

Mavzu:
Rus Samarqandi: Sputnik Oʻzbekiston maxsus loyihasi (4)

Asosiy mavzular