11:16 27 Yanvar 2020
Efir
  • RUB155.06
  • EUR10585.77
  • USD9547.05
Analitika
Havola olish
236430

Kelib chiqishi oʻzbek boʻlgan general, Afgʻon Islom Respublikasi vitse-prezidenti Abdul Rashid Doʻstum Afgʻoniston shimolida islomiylarga qarshi keng koʻlamli operatsiya boshlagani haqida eʼlon qildi.

Qishki vaqtda Afgʻonistonga xos boʻlmagan tarzda shimoliy provintsiyalarda jangovar harakatlarning boshlanib ketgani - toliblar salohiyati va faolligi oshganidan, shuningdek, hukumat qoʻshinlari va xavfsizlik kuchlari terroristik uyushmaga qarshi qurollangan mojaroni oʻz foydasiga hal qilishga qatʼiy bel bogʻlaganligidan darak beradi.

Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti general Abdul Rashid Doʻstum mamlakat shimolida toliblar va boshqa islomiy-jangarilarga qarshi yirik harbiy operatsiya boshlangani haqida eʼlon qildi. Bu nostabil holat Amu-daryo va Panj chizigʻi ortidagi chegaradosh mamlakatlarga ham xavf soladi. Afgʻon qoʻshinlari 5 dekabr kuni Tojikiston bilan chegaradosh Qunduz provintsiyasi shimoli-sharqida joylashgan Dasht-Archa uyezdiga RFda taʼqiqlangan "Tolibon" harakati tomonidan uyushtirilgan keng koʻlamli hujumni qaytardilar. "Tolibon" afgʻon-tojik chegarasidagi hududni navbatdagi bor oʻz nazoratiga olishga urindi. Jangarilar taktikasi mukammallashmoqda, ular harakati yanada muvofiqlashmoqda.

Shu tariqa, toliblar chegaraga yaqin joylashgan Dasht-Archa uyezdiga Xon-Obod, Qunduz va qoʻshni Tohar provintsiyasi tomonlaridan hujum qildilar. Afgʻon xavfsizlik kuchlari qarshiligiga uchragan jangarilar ortga chekinib, qayta guruhlandi va yana qaytadan hujum qildi. 28 tolib va toʻrtta pikap pulemyotlari bilan yoʻq qilindi.

Bundan tashqari, 5 dekabrga oʻtar kechasi Afgʻoniston Islom Respublikasi kuch tuzilmalari Qunduz shahri yaqinidagi bir nechta aholi punktlarida tozalash ishlarini amalga oshirdilar, bunda 28 ekstremist va 4ta avtotexnika yoʻq qilindi. Afgʻon harbiy-havo kuchlari operatsiyasi davomida Uruzgʻon provintsiyasida 11 jangari yoʻq qilindi.

Afgʻon hukumati va toliblarning 2018-2019 yillarda siyosiy muzokaraga kelishga urinishlari besamar kechdi. Agar Qobul tinchlik bitimi imzolagunga qadar (yoki bitim oʻrniga) toliblarga "joyini koʻrsatib qoʻymasa", mamlakatda hokimiyat uchun yangi qurolli, qonli mojaro boshlanib ketishini bashorat qilish qiyin ish emas.

Kompromissiz qarshilik

AQSH tinchlik bitimini imzolashga va Afgʻonistondan amerika qoʻshinlarini olib chiqib ketish haqida muzokalalar olib borayotgan bir vaqtda jangarilar faolligi oshmoqda. Bu esa muzokaralarni kuch pozitsiyasidan olib borishga intilishni yaqqol aks ettirmoqda. Qurollangan guruhlar shimoliy chegaraga yaqin Faryob, Sari-Pul, Jauzjon, Balx va Samangan provintsiyalarda harakat qilmoqda. Faryab – Jauzjon va Jauzjon – Balx provintsiyalarida jangarilar muntazam ravishda tinch aholini asir olib, evaziga tovon talab qiladi. Xavfsizlik bilan bogʻliq bu kabi holatlar qatʼiy harakatlarni talab etadi.

Afgʻoniston Islom Respublikasi vitse-prezidenti Abdul Rashid Doʻstum va milliy mudofaa departamenti rahbari Asadulla Xalid 2 dekabr kuni harbiy operatsiyalar va Afgʻonistondagi AQSH va NATO qoʻshinlari qoʻmondoni amerikalik general Skott Miller bilan koordinatsiyani muhokama qildilar. Ilgariroq Doʻstum AIR hukumati, Qoʻshma Shtatlar va NATOga Afgʻoniston shimolida toliblarni tor-mor qilish rejasini taqdim etgan edi. Bu reja (amerika qoʻshinlari ishtirokini nazarda tutmaydi) olti oyga moʻljallangan. Agar Doʻstum "olov va qilich bilan" qachonlardir toliblar va boshqa terrorchilik guruhlari tomonidan boʻlib tashlangan mamlakatni birlashtira olsa, u milliy qahramon Ahmad Shoh Maʼsud bilan bir qatorda turadi. Ammo «Tolibon» ulkan mablagʻlar, arsenallar va "daʼvat resurslariga" ega. Afgʻoniston shimoliy provintsiyalarida turli taxminlarga koʻra, 5000 dan 10000gacha jangarilar toʻplangan. Shuningdek, mamlakatda RFda taʼqiqlangan ID terroristik guruhi oʻz pozitsiyalarini mustahkamlamoqda, bu terrorchilik guruhi saflarida Markaziy Osiyo (Tojikiston, Oʻzbekiston, Qozogʻiston) respublikalari fuqarolari ham bor.

Boshqa tomondan, koʻpmilliardli investitsiyalar va AQSH va uning ittifoqdoshlari 2001 yildan buyon amalga oshirayotgan harbiy operatsiyalar Afgʻonistonni tinchlik va barqarorlikka olib kelmadi. Bugungi kunda paradoks holat kuzatilmoqda: general Doʻstum shimoliy provintsiyalarda "Tolibon"ga urush eʼlon qilgan, AQShning maxsus vakili Zalmay Xalilzod esa toliblar bilan Doxa (Qatar)da rasmiy muzokaralar oʻtkazmoqda. Bu muzokaralarni NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg qizgʻin qoʻllab-quvvatlamoqda. Ehtimol, buni, Gʻarb Afgʻonistondagi koʻp yillik davlat va harbiy qurilish ish bermaganini tan olmoqda, deb qabul qilish mumkin. Chegaradosh boʻlgan Markaziy Osiyo mamlakatlari esa oʻzi tomondan mudofaa va xavfsizlik tizimini kuchaytirishga majbur.

Preventiv choralar

2019 yildagi terrorizm global indeksida Tojikiston Afgʻoniston bilan qoʻshnichiligi (1344 km umumiy chegaraga ega) tufayli oʻz pozitsiyasini ancha yoʻqotdi. Lekin shunday boʻlsa-da, tan olish joizki, murakkab geosiyosiy sharoitlarda Dushanbe soʻnggi yillarda tojik-afgʻon chegarasini ancha mustahkamlab olishga erishdi (ayniqsa Shoʻraobod va Badaxshon yoʻnalishlarida), milliy armiyani ham mustaqil ham ODKB resurslaridan foydalangan holda mustahkamladi.

Global Firepower harbiy kuch boʻyicha jahon reytingida Tojikiston dadil olgʻa ildamlamoqda, va bugun 94-pogʻonaga yetdi. Mudofaa qobiliyatiga baho berishda ittifoqdoshlar yordami va respublikadagi Rossiyaning (7500 harbiy xizmatchiga ega) 201-bazasini ham inobatga olish kerak. Ushbu baza jadal ravishda qayta qurollanib, oʻz harbiy imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Yaqinda respublikaga Rossiya Markaziy harbiy okrugidan S-300PS havo hujumiga qarshi zenit raketa-majmualari divizioni yetkazildi. 201-Rossiya harbiy bazasining shaxsiy tarkibi 2020 yilda 100ta turli mavzuga oid mashgʻulotlarda ishtirok etadi.

Bir necha yil oldin Moskva Dushanbega bir milliard dollarlik qurol-yarogʻ yetkazib berish vaʼdasini bergan edi, 2025 yilgacha esa Rossiya - tojik armiyasi modernizatsiyasiga 200 million dollar investitsiya qilishi kerak. Tojikistonga jami 122 million dollarlik - Mi-8 va Mi-24 vertoletlari, 300dan ortiq bronetank texnikasi, artilleriya uskunalari, havodan hujumga qarshi mudofaa va aloqa vositalari yetkazib berildi.

Tojik-afgʻon chegarasi yaqinida ODKBning koʻpmingsonli qoʻshinlari ishtirokida "Jangovar qardoshlik" mashgʻulotlari muntazam oʻtkaziladi. Bu jangovar mashgʻulotlarga barcha turdagi jangovar aviatsiya va "Iskander-M" raketa majmualari jalb etiladi.

Qoʻshni Oʻzbekiston - MO mintaqasida mudofaa qurilishida tan olingan yetakchi sanaladi (Global Firepower harbiy kuch reytingida dunyo boʻyicha 48-oʻrinni egallagan). Toshkent oʻz qoʻshinlarini 2020 yilgacha eng zamonaviy qurol-aslaha bilan taʼminlash dasturini mustaqil ravishda va muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Respublika ODKB aʼzosi emas, harbiy-siyosiy ittifoq va koalitsiyalardan oʻzini yiroq tutadi, shunday boʻlsa-da, oʻzbek armiyasi aksilterror yoʻnalishida oʻtkaziladigan hamkorlikdagi manyovrlarda faol ishtirok etadi. Xususan, sharqiy harbiy okrugning "Gurumsaroy" poligonida 4 dekabr kuni oʻzbek va rossiya harbiy xizmatchilari ishtirokidagi "Sharq-2019" taktik-oʻquvlari yakunlandi. Oʻzbekiston shu bois ODKB masʼuliyat hududida va uning himoyasida, deb aytish mumkin.

Rossiya Markaziy harbiy okrugi qoʻshinlari Markaziy Osiyo strategik yoʻnalishida 2020 yilda 40dan ortiq oʻquv va manyovrlarda ishtirok etadi. ODKB mamlakatlari qurolli kuchlarining hamkorlikdagi jangovar tayyorgarligi uchun Sibir, Ural, Volga boʻyi hududlarida joylashgan 20dan ortiq poligon, shuningdek, Tojikiston va Qirgʻizistondagi Rossiya harbiy bazalari jalb etiladi.

Afgʻoniston hukumat kuchlarining toliblar va boshqa terrorchilar bilan olib borayotgan qurolli va diplomatik kurashi qanday yakun topishidan qatʼiy nazar, chegaradosh Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya hamisha shay holatda turibdi va janubdan keladigan har qanday tajovuzkorga munosib zarba berishga tayyor.

Asosiy mavzular