18:02 19 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB137.65
  • EUR12194.82
  • USD10295.33
Analitika
Havola olish
92311

1995 yil 1 yanvardan oldin Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan va shu vaqtdan beri mamlakatda yashayotgan shaxslar tez orada soddalashtirilgan tartibda Oʻzbekiston pasportini olishlari mumkin.

Rasmiylashtirish uchun nima qilish zarurligi va qayerga murojaat qilish kerakligi haqida Sputnik muxbiriga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati Alisher Hamrayev soʻzlab berdi.

- Parlamentga yoʻllagan Murojaatnomada Oʻzbekiston prezidenti mamlakatda yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning taxminiy sonini aytgan edi. Haqiqiy raqamlar qanchaligi qiziq? Monitoring oʻtkazilganmi?

- Statistik maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi aholisi 33 milliondan ziyodni tashkil etadi. Shulardan 14 365 nafari Oʻzbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va 95 857 nafari mamlakatda doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslardir. Ularning aksariyat qismi - 74 705 nafari (77,9%) oʻzbek, 6 232 nafari tojik, 4616 nafari rus va boshqa millatlarga mansub.

- Prezident tomonidan 1995 yilning 1 yanvarigacha Oʻzbekiston hududiga kelgan shaxslarga soddalashtirilgan tartibda fuqarolik berish masalasi oʻrtaga tashlangach, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi "Fuqarolik toʻgʻrisida"gi qonunlarni koʻrib chiqishga kirishdi va yangi qonunchilik loyihasini tayyor holatga keltirdi. Aytingchi, eski hujjatning kamchiligi nimada edi?

- Umuman olganda, eski qonunimizda qiziq holatlar bor edi – unga koʻra Oʻzbekistonda fuqarolikni olish qiyinlashib qolgandi. Ayniqsa, 2007 yildan keyin jarayon juda sekinlashgan va qiyinlashgandi. Nega? Sababi, yaqin qoʻshnilarimiz – avval Tojikiston, keyin Qirgʻiziston va Afgʻoniston mamlakatlarida notinchlik yuzaga kelib, bu holat bizga taʼsir qilmasligini taʼminlashimiz kerak edi. Notinchlik oʻz-oʻzidan yuzaga kelmaydi. Masalan, Afgʻonistonga ham, Qirgʻizistonga ham chekkadan kelgan shaxslar oʻz taʼsirini oʻtkazgani va shu taʼsir doirasida oʻsha mamlakat fuqarolarining oʻzlari yurt inqirozi, davlatchilik boshqaruvi inqiroziga sababchi boʻlishgan. Amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisidagi qonunning asosiy kamchiligi - u 1992 yilda qabul qilingan boʻlib, ayni vaqtda fuqarolikni rasmiylashtirish bilan bogʻliq munosabatlarni toʻliq qamrab ololmagan. Bu yerda davlat va fuqarolikni oladigan shaxs oʻrtasidagi munosabatlar haqida gap ketyapti. Oʻsha munosabatlar qonun normasida aks etmagan va uni toʻliq tartibga olish normalari mavjud emas edi.

Deputat Zakonodatelnoy palatы Oliy Majlisa Respubliki Uzbekistan Alisher Xamrayev.
Sputnik / Dilshoda Raxmatova
Deputat Zakonodatelnoy palatы Oliy Majlisa Respubliki Uzbekistan Alisher Xamrayev.

Ikkinchidan, fuqarolikni olish va fuqarolikdan chiqish tartib-tamoyillari murakkab boʻlib, toʻliq tartibga solinmagan. Yangi qonunda buni soddalashtirdik. Deylik, umumiy tartib boʻyicha eski qonunda, fuqarolikka oʻtish maqsadida ariza berayotgan shaxs fuqarolik masalalarini hal etadigan idoralarga 12ta hujjat taqdim etishi belgilangan boʻlsa, yangi qonun loyihasida ushbu hujjatlar sonini 6taga qisqartirdik. Ayni vaqtda esa fuqarolik masalalarini hal etadigan vazirlik va davlat tashkilotlari oʻrtasida axborot-almashinuv elektron bazasini yaratish ustida ish olib borayapmiz. Bazaning afzalligi - ariza beruvchi oʻzida boʻlishi mumkin boʻlgan hujjatlarnigina taqdim etadi, davlat tashkilotlaridan olinishi kerak boʻlgan hujjatlar – maʼlumotnoma va tavsifnomalar uchun yugurmaydi.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Huzuridagi fuqarolik masalalari boʻyicha komissiya faoliyatining huquqiy asoslari va vazifalari belgilanmagandi. Bu albatta, oʻsha fuqarolikni olish maqsadida ariza bergan shaxslarning fuqarolikni olish jarayonining choʻzilib ketishiga sabab boʻlardi. Biz komissiya vakolatlariga aniqlik kiritdik.

Qisqacha aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish tamoyillarini erkinlashtirdik. Qonunda liberal moddalar koʻpaydi, byurokratik normalar kamaydi. Bularning barchasidan koʻzlagan yagona maqsadimiz fuqaroligi boʻlmagan shaxslar sonini respublikada qisqartirish.

- Fuqaroligi boʻlmagan shaxs – soddalashtirilgan tartibda fuqarolik berilishi mumkin boʻlgan kriteriylarga mos keldi, deylik. U qayerga va qanday hujjatlar bilan murojaat qilishi kerak boʻladi va bu jarayon qancha davom etadi?

- Bunday shaxslar prezident nomiga yozilgan iltimosnoma bilan oʻzlari istiqomat qiladigan hududdagi ichki ishlar idorasiga murojaat etadilar. U yerda arizachiga iltimosnomaga ilova qilinadigan hujjatlar roʻyxati taqdim etiladi. Ularning soni, yuqorida aytganimdek, oltita. Hujjatlarda kamchilik boʻladigan boʻlsa, yoki ular notoʻgʻri toʻldirilgan taqdirda, bu kamchiliklar 3 kunni ichida tuzatiladi va bazaga kiritiladi. Shundan soʻng 1 oy ichida boshqa manfaatdor tashkilotlardan hujjatlar yigʻilib, shundan keyin prezident qoshidagi fuqarolik masalalarini hal etuvchi komissiyaga topshiriladi. Komissiya bu hujjatni bir yil ichida koʻrib chiqadi.

- Bir yil koʻp muddat-ku, nega qisqartirilmadi? Chet el tajribasida uch oyda koʻrib chiqish amaliyoti ham bor?

- Muddatni qisqartirish mumkin. Lekin bitta narsani inobatga oling, biz mehmon qabul qilmayapmiz, fuqarolik beryapmiz. Bir yil muddat soʻralgani bilan, koʻpincha amaliyotda 365 kunga bormayapti. Misol uchun, 2019 yildan to shu kunga qadar 6 ming kishi fuqarolikka qabul qilindi, jarayon tezlashgan demoqchiman.

Qolaversa, meni nazarimda, bu borada ehtiyotkor boʻlmogʻimiz kerak. Chunki shaxs fuqarolikka qabul qilinganidan keyin u Oʻzbekiston fuqarosi uchun belgilangan barcha huquqlarga ega boʻladi - saylash va saylanish, referendumda ishtirok etish, davlat xavfsizligi, ichki ishlar, prokuratura, harbiy xizmat, davlat boshqaruv organlarida ishlash. Biz Konstitutsiyaga amal qiladigan, Oʻzbekiston davlatchiligi qonunlarini hurmat qiladigan va tan oladigan shaxslarni fuqarolikka olishimiz kerak.

- 1995 yildan keyin Oʻzbekistonga kirib kelgan va muntazam yashab kelayotgan, ammo hozirgacha fuqarolikka ega boʻlolmayotgan insonlar taqdiri qanday kechadi?

- Bunday shaxslar umumiy tartibda fuqarolikka qabul qilinadi. Umumiy tartib ham soddalashtirilgan tartibdan deyarli farq qilmaydi.

Maʼlumot uchun: fuqarolikni toʻrt xil tartibi bor: tabiiy tartib (ota-ona Oʻzbekiston fuqarosi boʻlsa, ularning farzandlari ham Oʻzbekiston fuqaroligiga ega boʻladi), soddalashtirilgan tartib (bunda fuqarolikka ega boʻlishni istagan shaxs 1995 yilning 1 yanvarigacha Oʻzbekistonga kirib kelgan boʻlishi, muntazam shu yerda yashashi, chet el fuqaroligiga ega boʻlmasligi shart), alohida tartib (bunda fuqarolikka qabul qilish Oʻzbekiston prezidenti vakolati bilan amalga oshiriladi. Yaʼni, prezident, jamiyatga, davlatga, mamlakat ilm-fani, maʼrifati, jamiki sohalariga foydasi tegadigan shaxsni, agar u shunga xohish bildirgan taqdirda, alohida tartibda Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilish vakolatiga ega) va umumiy tartib.

- Prezident qoshidagi fuqarolik masalalarini hal etuvchi komissiya tomonidan fuqarolikka qabul qilishni soʻrab ariza yuborgan shaxsga fuqarolik berilmagani sababi koʻrsatilishi mumkinmi?

- Yoʻq, mumkin emas. Bu norma ham yangi qonunchilikda qatʼiy qayd etildi. Rad etilishi asosi albatta, koʻrsatiladi. Mabodo rad javobi olinsa, nima uchun rad qilinayotgani va qaysi asosda rad etilayotgani haqida ariza beruvchiga pochta manziliga xat yuboriladi. Agar norozi boʻlgan taqdirda, ushbu xat asosda u sudga ham berishi mumkin.

- Bugungi kunda mehnat migrantlari orasida Oʻzbekiston fuqaroligidan kechmagan holda boshqa davlat fuqaroligini olganlar soni ortib bormoqda? Bu holat yangi qonunchilikda oʻz aksini topganmi?

- Bizda ikki fuqarolik holati tan olinmaydi. Agar bizning fuqaromiz chet el fuqaroligini olgan boʻlsa va bu aniqlansa, biz u shaxsni Oʻzbekiston fuqaroligidan chiqaramiz. Bizdan hisobdan chiqib, Rossiya yoki boshqa davlatga ketib, 7 yil davomida konsullik uchetiga turmagan boʻlsa, u ham avtomatik ravishda fuqarolikdan chiqariladi. Bularning barchasi fuqarolikni yoʻqotish instituti, deb ataladi.

Shuningdek, Rossiya yoki boshqa davlatda farzand tugʻilsa, ota-onalardan bittasi Oʻzbekiston fuqarosi boʻlib, ikkinchi ota-ona bunga rozilik bersa, yoki oʻsha farzand yoshiga yetganda istak bildirsa, otasi Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgani uchun uni biz Oʻzbekiston fuqarosi deb tan olamiz, yangi qonunda shuni nazarda tutadigan norma qoʻshildi.

- Oʻzbekiston fuqaroligi toʻrtta tartibda beriladi, dedingiz yuqorida. Shular orasida eng ogʻiri, murakkabi qaysi?

- Talab jihatdan - eng ogʻiri umumiy tartib hisoblanadi. Lekin aslini olganda bu shartlar biz aytayotgandek juda ogʻir emas. Bunda, shaxs chet davlat fuqaroligidan chiqqan boʻlishi, fuqaroligi boʻlmagan shaxs uchun yashash guvohnomasi olgan kundan yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan murojaat qilgan kunga qadar Oʻzbekiston hududida uzluksiz besh yil davomida yashagan boʻlishi, tirikchilikning qonuniy manbaiga ega boʻlishi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga rioya etishni oʻz zimmasiga olishi, davlat tilini muloqot qilish uchun zarur boʻlgan darajada bilishi (davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi tomonidan belgilanadi) kerak.

-  Fuqarolikni olishda davlat tilini bilishga qoʻyilayotgan talab juda katta baxs-munozaralarga sabab boʻldi. Tilni bilishni tasdiqlash zarurati nima bilan izohlanadi?

- AQSH, RF, Frantsiya, Italiya, Qozogʻiston, Tojikiston singari davlatlarda bu borada qabul qilingan qonun hujjatlarini oʻrganib chiqqanimizda – ularning barchasida davlat tiliga talab borligini koʻrdik. Davlat tili – oʻzbek tili ekanligi bu ikkinchi masala. Biz "Davlat tili toʻgʻrisida" qonun qabul qilganmiz va davlat bu borada siyosat yuritishi shart. Yana bir marta takrorlayman, biz mehmon qabul qilmayapmiz, biz fuqaro qabul qilayapmiz. Oʻzbekistonda doimiy yashaydigan, shu yerda uyli-joyli boʻladigan. U muloqot darajasini bilmasa, u qanday yashaydi? Takrorlab oʻtaman, u davlat tilida maʼruza qilishi yoki davlat tilida yozishi shart emas, faqat davlat tilida gaplashishi ham shart emas, shunchaki, Oʻzbekiston fuqarosi boʻlishi uchun muloqot darajasida bilsa, biz yetarli hisoblayapmiz.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga asosan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda tayyorlangan qonun loyihasi 28 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisida koʻrib chiqiladi.

Asosiy mavzular