13:23 30 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Analitika
Havola olish
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (1237)
623531

2019 yilning dekabrida Xitoydan boshlangan koronavirus "vasvasasi" bugunga kelib butun dunyoni qamrab oldi. Ushbu epidemiya bugun dunyoda katta oʻzgarishlarni sodir etayotgan boʻlsada, vahimaga tushishga hojat yoʻq.

Koronavirus butun dunyo OAVlari bosh qahramoniga aylanganiga, epidemiya Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan xalqaro miqyosdagi favqulodda vaziyat sifatida tan olinishiga qaramay, Oʻzbekistonda ushbu virusni yuqtirganlik holati qayd etilgani yoʻq. Biroq bu xotirjamlikka asos boʻla olmaydi, chunki mazkur vaziyatda virusning mamlakatga chetdan kirib kelishi xavfi oshmoqda.

Shu munosabat bilan bugun, 10 mart kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi(AOKA)da Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan respublikada koronavirus infektsiyasi profilaktikasi va virus kirib kelishining oldini olish masalalariga bagʻishlangan matbuot-anjumani oʻtkazildi.

Vahima tezligi koronavirusdan oʻzib ketmoqda

Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning qayd etishicha, mamlakatda soʻnggi paytlarda koronavirus bilan bogʻliq, aholi oʻrtasida vahima koʻtarilishiga sabab boʻlayotgan mish-mishlar koʻp tarqalmoqda. Bu holat esa hatto virusdan koʻra xavfli, deydi u.

"Mana har kuni bir vahimali xabar chiqyapti, goh u viloyatda koronavirus "aniqlandi", deyilsa, goh bu viloyatda "aniqlangan" boʻlyapti. Xalqimizda "Kasallikni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi", degan gap bor. Bu koronavirus toʻgʻrisidagi oʻzbekni matali. Bu kasallikni bekitib boʻlmaydi, hech qaysi mamlakat buni bekita olmaydi. Shu oʻrinda xalqimizdan mish-mishlarga ishonib, vahimaga berilmaslikni soʻrardim. Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ham shunday holatga qarshi keskin kurash olib bormoqda. Sizlardan (OAV vakillariga murojaat qilmoqda, muallif.) ham bunda yordam soʻrab qolamiz", - dedi vazir.

Shodmonovga koʻra, koronavirus epidemiyasi Oʻzbekistonda boshlanishi ehtimolidan kelib chiqqan holda, davolash uchun moʻljalangan dori vositalari zaxiralari tayyorlangan. Ushbu virus pnevmoniyaga olib kelishi, pnevmoniyada esa nafas olish ogʻirlashishi yuz berishi tufayli, sunʼiy nafas olish apparatlari ham yetarlicha gʻamlangan.

Qolaversa, Oʻzbekiston Hukumati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus kasalligi boʻyicha doimiy tahlil va monitoring olib borilmoqda. Har kungi statistik maʼlumotlar maxsus tashkil etilgan shtabda tahlil etilib, shundan kelib chiqqan holda zarur profilaktik va cheklov choralari boʻyicha tavsiyalar ishlanmoqda va tatbiq etilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, koronavirus statistikasi soat sayin oʻsish tomoniga oʻzgarmoqda.

Bugun, 10-mart sanasiga koʻra COVID-19 onlayn-statistikasi va dinamikasi quyidagicha: 

bemorlanish soni: 113 739 (+3 705‬‬ yangi holat sutkasiga) ;
oʻlimlar soni:  4 016  (+360 yangi holat sutkasiga) ;
sogʻayishlar soni:  63 663  (+3 003‬ sutkasiga).

Bunda tinchlantiradigan tomoni - epidemiya paytida qanday dori bilan davolash savol ostida boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunda koʻrsatilgan muolajalar natijasida dunyo boʻyicha 64 mingdan ziyod bemorlar davolangan. Olimlar tez orada unga qarshi vaktsina ishlab chiqishni rejalashtirganlar.

Koronavirus qachon odamni oʻldirishdan toʻxtaydi?

Tadbirga ishtirok etgan spikerlardan biri - sogʻliqni saqlash va epidemiologiya sohasida xalqaro ekspert, Amerika Mikrobiologiya jamiyati aʼzosi, tibbiyot fanlari doktori, professor Mixail Favorov dunyodagi epidemik vaziyatga toʻxtalar ekan, internetda mavjud turfa maʼlumotlarga qaramay, gap zoonoz turiga mansub infektsiya haqida borayotganini tushunish naqadar muhimligiga eʼtibor qaratdi.

"Zoonoz turiga mansub infektsiya nima degani? Bu bizga emas, koʻrshapalaklarga xos kasallikdir. Virus organizmga kelib tushgach, odamga qarab: "O, bu beoʻxshov hujayra-ku. Beoʻxshov fermentlar, beoʻxshov substratlar, beoʻxshov adaptatsiya mexanizmlari", - deydi va qoʻliga lom olib hujayrani buza boshlaydi. Virusning vazifasi oʻziga oʻxshashni yaratish. Ammo navbatdagi inson organizmiga tushgach, unda moslashuvchanlik oshadi, adaptatsiya yaxshilanadi. Shu tarzda, balki yuzinchi, balki millionchi passajda -  virus "oʻzimiznikiga" aylanadi va u oʻz xoʻjayinini oʻldirishdan toʻxtaydi", - deya tushuntiradi u.

Har qanday epidemiya - bu istalgan davlatning sogʻliqni saqlash tizimi uchun oʻziga xos chaqiriqdir, ammo bundan vahimaga tushish kerak emas, qoʻshimcha qiladi ekspert.

"Xoh Germaniya, xoh Frantsiya, yoki mana, guvohi boʻlib turganingizdek, ushbu epidemiyani jilovlay olmagan Italiya sogʻliqni saqlash tizimi boʻlsin - bu hatto eng qudratli davlatlar uchun jiddiy chaqiriq. <...> Lekin bugun vaziyat oʻzgarmoqda. Ushbu virusni yuqtirgan oltmish toʻrt mingdan ziyod kishi davo topdi. Mana kuni kecha xitoylik epidemiolog doʻstim menga yuz yoshdan oshgan bemorga statsionardan uyiga javob berilgani, yaʼni keksa inson ham ushbu darddan davo topgani haqida yozibdi. Shu bois, vahimaga tushishdan hojat yoʻq, vaziyat normallashsa hammasi yaxshi boʻladi", - deb ishonch bildiradi Favorov. 

Koronavirusning tishi nega Oʻzbekistonga oʻtmayapti?

Professor shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarida bironta ham koronavirusga chalinganlik holati nega oʻz tasdigʻini topmaganligi yuzasidan izoh berib oʻtdi.

"Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Qayumovich bilan turli versiyalarni muhokama qildik. Bunda havoning quruqligidan tortib boshqa turli sabablar sanab oʻtildi... Aytgancha, Avitsenna (Abu Ali ibn Sino) isiriq haqida - ushbu oʻsimlik xonadonda tutatilsa, yuqumli kasalliklarning oldini olishi mumkinligi haqida yozib qoldirgan. Albatta, bu gapim yuzlaringizda tabassum zohir qilyapti, lekin biz sizlar bilan shu bugun faktning guvohi boʻlib turibmiz. Oʻzbekiston ushbu virus qayd etilmagan yagona davlat emas. Shu bilan birga mamlakatda bu infektsiyaning oldini olishga qaratilgan ulkan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlar boʻyicha hatto katta anjuman oʻtkazish mumkin", - dedi u.

Virusdan himoya choralari

Koronavirusni yuqtirib olmaslik shartlari eng koʻp beriladigan savollardan biri bugun. Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov fuqarolarga oddiy tavsiyalarga amal qilishni maslahat beradi.

Birinchidan – xorijga chiqishga ehtiyoj yoʻq boʻlsa, safarni keyinga qoldirish yoki vaqtincha chiqmaslik kerak.

Ikkinchidan - odamlar koʻp toʻplanadigan jamoat joylarga bormagan maʼqul.

Uchinchidan - qoʻlni tez-tez yuvish talab etiladi.

Shodmonov shuningdek, Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan xalqaro tadbirlar JSST tavsiyasiga binoan bekor qilinayotgani, ammo mamlakat ichidagi tadbirlar toki virusga chalinish holati qayd etilmagan ekan, cheklanmasligini aytib oʻtdi.

Niqob virusdan saqlaydimi?

Professor Mixail Favorov niqobning virusdan himoyalash xususiyati haqida toʻxtalar ekan, u faqat bemorlangan inson tomonidan taqilganidagina foydali boʻlishini taʼkidladi.

"Kasal odam niqob taqsa, bu samara beradi. Yaʼni, u shu yoʻl bilan boshqalarni virus yuqishidan asragan boʻladi. Agar uyingizda kimdir bemor boʻlsa, unga niqob taqing. Misol uchun, menga niqob taqish befoyda, chunki (soqoliga ishora qiladi) soqolim bor. Tavsiyalar shunday, soqol mavjud boʻlgan taqdirda, niqob hech qanday ahamiyatga ega emas. Niqoblar ayrim maʼlumotlarga koʻra 20 daqiqagacha, ayrim maʼlumotlarga koʻra esa 3 soatgacha ish beradi. Bu borada bahslashmoqchimasman, lekin men sil kasalligida niqoblar 20 daqiqagacha ish berganligini koʻrganman. Undan keyin niqob xoʻl boʻladi va infektsiyalarni oʻtkaza boshlaydi. Bir xillar niqobni dushanba kuni taqib, juma kunigacha unda yuradi va oʻzicha meni niqob virusdan himoya qilayapti, deb oʻylaydi. Bu juda dahshatli", - dedi professor.

Koronavirus – dunyodagi eng dahshatli kasallik emas

Yer yuzida bundan ham dahshatliroq epidemiyalar yuz berib turadi.

Deylik, OITS va OIV yiliga 2 millionga yaqin inson umriga zomin boʻladi. Koronavirus avj olgach ikki oy davomida yuz bergan oʻlim holati 1000ga yaqin boʻlgan boʻlsa, butun dunyoda avj olgan, matbuotda berilayotgan kundalik xabarlar vahimasi chindan kasallikdan oʻzib ketdi.

Yoki ocharchilik balosini olaylik. Bir kunda dunyo boʻyicha 24000 nafar atrofida inson olamdan bevaqt koʻz yumadi, shulardan 18 ming nafari 5 yoshgacha boʻlgan norasidalardir.

Ochlik oqibatida boylar oʻlmaydi va shu sababli bu hech kimni qiziqtirmaydi.

Mavzu:
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (1237)

Asosiy mavzular