06:31 31 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Analitika
Havola olish
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (1238)
198901

Millatga favqulodda murojaatlar, qamoqxonalardan ozod etilgan mahbuslar va karantinga yopib tashlangan shaharlar - jahon yangiliklari kishini hayratga solishda davom etmoqda.

TOSHKENT, 21 mar - Sputnik, Sofiya Melnichuk. Millatga favqulodda murojaatlar, qamoqxonalardan ozod etilgan mahbuslar va karantinga yopib tashlangan shaharlar - jahon yangiliklari kishini hayratga solishda davom etmoqda. Ammo umumiy tahdid oldida birlashish oʻrniga, davlatlar kim va kimning maqsadlariga toʻgʻanoq boʻlishni aniqlash bilan ovora. Bunda nafaqat strategik raqiblar, balki uzoq muddatli sheriklar, yaqin qoʻshnilar ham bir-birlariga oʻz eʼtirozlarini bildirmoqdalar.

Feyklar jangi

Xitoy koronavirus epidemiyasidan asta-sekin tiklanmoqda - dala kasalxonalari yigʻishtirilmoqda, yirik shaharlarda kafe va restoranlar qayta ochilmoqda, hukumat esa axborot maydonida faol harakatga oʻtdi. Tashqi ishlar vazirligi vakili Chjan Litszyan 12 mart kuni virusni mamlakatga AQSH harbiylari olib kirgan boʻlishi mumkinligini aytdi.

Bunday "surbetlarcha dezinformatsiya kampaniyasi" sababli elchi Tsuy Tyankay AQSH Davlat departamentiga chaqirildi. Xitoylik diplomatlar pandemiya vaziyatida hamkorlik qilish kerakligini eslatib, vaziyatni yumshatishga harakat qilishdi. Biroq, xushmuomalaliklar almashinuvi shu bilan toʻxtamadi. Donald Tramp oʻz tvitterida SARS-CoV-2-ni bir necha bor "xitoy virusi", deb atadi. Uning siyosiy raqiblari bunda irqchilik boʻy choʻzganini koʻrishdi.

Kelib chiqishi xitoylik boʻlgan CNBC muxbiri - Tszyan Veytszya ham olovga yogʻ purkadi. U oʻz mikroblogida Oq uy xodimlaridan biri koronavirusni Kung-flu deb atadi, deb yozdi ("kung-fu" va ingliz tilidagi gripp nomi - "flu" soʻzlaridan olingan - tahr.).

Oval kabinet egasining oʻzi bu bilan faqat virusning kelib chiqishiga ishora qilganini tushuntirdi. "Biz nima haqida bahslashyapmiz? Men uni qayerdan kelib chiqqanini aytdim xolos: Xitoydan", - dedi prezident jurnalistlarga. Pekinni bu talqin baribir gʻazablantirdi. Bunday bayonotlardan maqsad - XXRga sharmandalik tamgʻasini bosish, deya taʼkidladi xitoylik diplomat Gen Shuan.

Xitoyda Amerikaning yirik ommaviy axborot vositalari: New York Times, Wall Street Journal, Washington Post gazetalari, faoliyatini cheklashga qaror qilindi, shuningdek, Time jurnali va " Voice of America " radiosi ham sanktsiyaga duchor boʻldi. Nashrlarga XXRdagi xodimlar, moliyalashtirish, faoliyat turlari va koʻchmas mulk toʻgʻrisida hukumatga maʼlumot berish majburiyati yuklandi. Bundan tashqari, baʼzi muxbirlarga oʻz press- kartalarini topshirishga va mamlakatda jurnalistik faoliyatni toʻxtatishlariga toʻgʻri keladi.

Vashington yana bir "revizionist davlat" – Eronni ham dezinformatsiyada aybladi. U yerda ham SARS-CoV-2 AQSH biologik quroli ekanligini taxmin qilishdi. Davlat kotibi Mayk Pompeo esa Tehronni epidemiya koʻlami haqidagi maʼlumotlarni yashirganlikda aybladi. "Eron rahbarlari oʻz xalqi ehtiyojlariga eʼtibor qaratish va samimiy yordamni qabul qilish oʻrniga, bir necha hafta davomida Uxan virusi haqida yolgʻon tarqatmoqda", - dedi u.

Pompeo Eron hukumati koronavirusga qarshi kurashda muvaffaqiyatsizlik uchun javobgarlikdan qochayotganiga ishonadi. Tehron amerikaliklar tomonidan taklif qilingan yordamni haqiqatan mensimadi va rad etdi.

Shu bilan bir paytda, NBC manbasi bergan maʼlumotlarga koʻra, Tramp Iroqdagi gʻarb koalitsiyasi bazasiga uyushtirilgan raketa hujumi uchun Eron obʼyektlariga javob zarbasini qaytarishdan voz kechgan. Vashington fikricha, bularning orqasida Tehron tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan "Kataib Hizbulloh" uyushmasi turadi. Ammo javob harakatlari shunga olib kelishi mumkin-ki, AQSH dunyo jamoatchiligi koʻz oʻngida "yomon koʻrinib qolishi mumkin", axir Eronda yangi virus tarqalishi tufayli murakkab vaziyat yuzaga kelgan.

Ayni paytda, mamlakat sogʻliqni saqlash tizimi katta bosimda qolgan. Koronavirus tufayli u yerda hatto 85 ming maxbus qamoqhonalardan ozod qilingan. Prezident Hasan Ruhoniy dunyo yetakchilarini infektsiyaning tarqalishiga qarshi samaraliroq kurashish uchun sanktsiyalar olib tashlanishiga yordam berishga chaqirdi. Bunda Tehronni Moskva va Pekin qoʻllab-quvvatlamoqda.

Vaktsina uchun kurash

Mutatsiyaga uchragan virusga qarshi vaktsinaning ishlab chiqilishi - transatlantik sheriklar - AQSH va Germaniya oʻrtasida ziddiyatni keltirib chiqardi.

Mart oyi boshida nemis CureVac biotexnologik kompaniya rahbari Daniyel Manikella Oq uyda Donald Tramp va vitse-prezident Mayk Pens bilan uchrashdi. "Biz bir necha oydan keyin dori tayyor boʻlishiga qatʼiy ishonamiz", - dedi Manikella muzokaralardan soʻng. Ammo, ikki hafta oʻtgach, u oʻz lavozimidan ketayotgani maʼlum boʻldi.

Germaniya hukumatidagi manbalar jurnalistlarga AQSH prezidenti tadqiqotchilarni okean ortiga ogʻdirib olishga harakat qilgani haqida xabar berdi. Welt am Sonntag nashri maʼlumotiga koʻra, Tramp olimlarga agar ular Amerika laboratoriyalarida ishlashga rozi boʻlsa, 1 milliard dollar mablagʻ vaʼda qilgan.

Berlin Oq uyni gʻarazli manfaatlarda gumon qildi, Germaniya Ichki ishlar vaziri Xorst Zeyexofer esa kantsler Angela Merkel Vazirlar mahkamasining favqulodda yigʻilishini oʻtkazishini, yigʻinda, shu jumladan, CureVac hatti-harakatlari tufayli yetkazilgan zarar muhokama qilinishini maʼlum qildi.

Zeyehoferning soʻzlariga koʻra, gap "nafaqat sogʻliqni saqlash sohasidagi inqiroz, balki milliy xavfsizlik haqida" ketmoqda. 18 mart kuni Merkel nemis millatiga qilgan murojaatida Germaniya xalqi bunday jiddiy chaqiriqlarga Ikkinchi Jahon Urushidan beri duch kelmaganini tan oldi. "Germaniya sogʻliqni saqlash tizimi jahondagi eng yaxshilardan biridir ehtimol, ammo yangi kasallikka qarshi vaktsina hali yoʻq", - deya taʼkidladi kantsler.

Yevropa Ittifoqi ancha vaqtdan beri Vashington yevropa texnologik ishlanmalarini oʻzlashtirishni istayotganidan havotirda. Fevral oyida AQSH bosh prokurori Uilyam Barr amerikaliklarni Yevropaning ikkita yirik telekommunikatsiya kompaniyalari - Ericsson va Nokia ustidan qay tarzda nazorat oʻrnatish mumkinligi ustida bosh qotirishga chaqirganidan keyin yana bir janjal koʻtarildi.

Vaktsinaga oid hozirgi fitnalar AQSH va Germaniya oʻrtasida 2004 yilda Merkelning telefonini tinglash bilan boshlangan ziddiyatlar ketma-ketligiga ustma-ust qoʻshilmoqda. Trampning Yevropadagi ittifoqchilardan NATO va boshqa ogʻriqli nuqtalarga oʻz YAIMining ikki foizdan kam boʻlmagan mablagʻini ajratishi talabi, xuddi shu qatordan oʻrin olgan, deydi RIA Novostiga Rossiya Fanlar akademiyasining Yevropa Instituti Germaniya tadqiqotlari markazi yetakchi tadqiqotchisi Aleksandr Kamkin. "Maxsus xizmatlar kantsler suhbatlarini eshitishi - bu boshqa gap - albatta, bu hafa qiladi, ranjitadi, lekin buni tushunsa boʻladi, - deydi u. -  Ammo global vahima fonida butun boshli davlatning xavfsizligi savol ostiga qoʻyilsa, bu mutlaqo boshqa masala, bunda stavkalar ham boshqa, munosabat ham ayricha".

© AFP 2018 / Herbert Pfarrhofer / APA

"Aftidan, Zeyexofer shunchaki portladi. Qoʻshma Shtatlarning imperialistik messianizmidan norozilik Yevropaning aksariyat mamlakatlarida qaynash darajasiga yetdi", - deydi oʻz fikri yakunida suhbatdosh.

Boltiq tirbandligi

Sharqiy Yevropada ham nizolar avjiga chiqmoqda. Litvaliklar, misol uchun, oʻz uyiga Germaniya-Polsha chegarasi orqali qayta olmayapti. Polsha tranzitni yopgan va nazorat punktlarida yuzlab mashinalardan iborat navbatlar paydo boʻlgan. Latviya, Estoniya va Ukraina fuqarolari chegarada qolib ketishgan. Ular norozilik belgisi sifatida yoʻlni toʻsib qoʻyishdi.

Muzokaralar hech qanday natija bermadi. Endi yuzlab insonlar uyga qaytishning muqobil yoʻllarini izlashga majbur boʻladi.

Biroq, aylanma yoʻllarda ham qiyinchiliklar paydo boʻlmoqda. 16-mart, dushanba kuni, litvaliklar bilan kulgili voqea yuz berdi: ular Latviyaga samolyotda yetib olib, taksiga oʻtirishdi. Chegarada ularning mashinasini haydovchi latviyalik boʻlgani uchungina oʻtkazishmadi. Natijada, yoʻlovchilar Litvaga jomadonlarini koʻtarib piyoda ketishga majbur boʻlishdi.

Xitoylik ogʻa

Koronavirusga qarshi kurashda YEI yordamidan - "umum-yevropa uy"iga ancha vaqtdan buyon intilganlar, masalan, Serbiya ham umid uzdi. "Men hozircha istiqbol uchun xulosalar qilmayman, ammo biz xalqaro yoki Yevropa hamjihatligi yoʻqligini tushundik. Bularning barchasi qogʻozdagi ertak ekan", - dedi alam bilan Serbiya rahbari Aleksandr Vuchich.

U Yevropalik sheriklarning harakatlarini tanqid qildi va: Yevropa Ittifoqi Serbiya pullariga muhtoj boʻlganida, Bryussel Yevropa kompaniyalari shartnomalar olishi uchun tenderlar shartlarini oʻzgartirishni talab qilganini eslatib qoʻydi. "Falokat yuz berdi va Serbiya pullari yordam bermay qoldi. Buning uchun katta rahmat, - ishoning, oʻz minnatdorchiligimni bildirish yoʻlini topaman", - dedi Vuchich.

Shu bilan birga, Serbiya rahbari, XXR raisi Si Tszinpinni "ogʻa", deb atadi va koʻmak uchun unga murojaat qilganini aytdi.

Pekinga boshqa davlatlar ham umid bildirishmoqda. Si Tszinpin Ispaniyaga yordam berishga vaʼda berdi, Italiya esa xitoylik shifokorlarning ikkinchi guruhini kutib oldi. Oltmish ming dona koronavirus testi, intensiv terapiya jihozlari, 9 tonna tibbiy ashyolar va dorilardan tashqari, anʼanaviy sharq tabobati preparatlari ham yetkazib berildi.

Xitoyning Yevropa mamlakatlariga yordami turlicha qabul qilinishi mumkin, deb hisoblaydi Moskva Karnegi markazi maslahatchisi Temur Umarov. "Italiya "Kamar va yoʻl" tashabbusini qabul qilgan bir paytda, Frantsiya va Germaniya Pekin bilan oʻzaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni faol targʻib qilar ekan, Xitoy bozorining aksariyat sektorlari Yevropa kompaniyalari uchun hamon berk",- dedi u RIA Novosti agentligiga.

"Koronavirus pandemiyasi, ehtimol, Yevropaning Xitoyga nisbatan shubhalarini yoʻqqa chiqaradi. Garchi Pekinda Yevropa yetakchilari ishtirokida oʻtkazilajak keng koʻlamli sammit bekor qilingan boʻlsa ham, Xitoyning yuqumli kasalliklarga qarshi kurashda koʻrsatgan yordami mamlakatning ijobiy imijini kuchaytiradi. Bryussel Pekindan allaqachon ikki million tibbiy niqob va virusni aniqlash uchun 500 ming test tizimlarini qabul qilib oldi", - deya eslatadi siyosatshunos.

Biroq, Umarovning fikricha, ishonchsizlik oxirigacha yoʻqolmaydi. Bunga misol qilib oʻsha - Aleksandr Vuchichning otashin nutqini keltirish mumkin. "Ehtimol, oʻzi xohlamagan holda, Pekin Yevropa mamlakatlarini urishtirmoqda", - deya xulosa qiladi ekspert.

Mavzu:
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (1238)

Asosiy mavzular