23:12 01 Dekabr 2020
Efir
  • RUB137.48
  • EUR12473.23
  • USD10427.38
Analitika
Havola olish
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (1291)
192570

Albatta, odamlar unchalar sodda emas, bir kunmas bir kun uning kelishini sezishardi, lekin mana shunday, toʻsatdan, har bir xonadonning eshigi tagiga kelib qolishini hech kim xayoliga ham keltirmagan.

Yaqinginada oʻzbekistonliklar koronavirus haqida qaylardadir, olis yurtlardagi, begona, uzoq narsaday gapirayotgandi. Birdan virus hammaning deyarli uyiga boʻylaganday boʻldi – ostonada paydo boʻlib qoldi. Albatta, odamlar unchalar sodda emas, bir kunmas bir kun uning kelishini sezishardi, lekin mana shunday, toʻsatdan, har bir xonadonning eshigi tagiga kelib qolishini hech kim xayoliga ham keltirmagan.

Oʻzbekiston, butun dunyodagi kabi, koronavirus sababli misli koʻrilmagan choralarni koʻllashga majbur boʻlmoqda: toʻylar toʻxtatildi  (bu yerda toʻylar toʻxtatilganini hech kim eslolmaydi); restoran, choyxonalar, oshxonalar ishlamayapti (uyga eltib berish xizmatidan tashqari); barcha turdagi taʼlim muassasalarining faoliyati vaqtincha taʼtilda; diniy muassasalar dindorlarni qabul qilmayapti.

Jamoa boʻlib yashashni yoqtiradigan millat uchun bu choralar qanchalar ogʻir boʻlmasin, hozirgi sharoitda shunchalar zarur.

Koronavirus odamlarning sabrini, intizomini, sadoqatini sinamoqda.

Tan olish kerak, insonlar anchayin erkinlikka, haq-huquqlarining ustunligiga, ularni hech kim buzishga haqli emasligiga oʻrganib qolgan ekan. Inson huquqlarining ustuvor qadriyat sanalishi, kishilarni bir qadar egoistga aylantirib qoʻyarkan.

Gʻarb falsafasi va psixologiyasi orqali kirib kelgan yangicha dunyoqarash – individualizm hali fuqaro ongiga toʻliq oʻrnashib olishga, hayot tarziga aylanishga ulgurmagan boʻlsa-da, cheklovlarni amalga oshirish jarayonida bu holat jamiyatda muqim oʻrnasha boshlaganini koʻrsatdi.

Fuqaro "mening huquqim muqaddas ekan, oʻzim ham muqaddasman, istaklarim ham muqaddas", degan tushunchaga koʻnikib, oʻrganib borayotgan edi. Birdan uni, chet eldan kelishi bilan, olib, sanatoriyaga eltib qoʻyishdi, uylaridan chiqmaslikni tayinlashdi. Ayrimlar oʻz huquqini bunchalar cheklanishini esdan ham chiqarib ulgurgan ekan, chamasi, ijtimoiy tarmoqlarda bir-ikki noroziliklar haqida gap-soʻzlar boʻldi.

Xavf butun millat, balki insoniyatga tahdid qilayotganda egoistik qarashlar, yakka shaxsning shu paytgacha qadrlangan huquqlari cheklanishi odatiy holligini ayrimlar tushunmayapti, chamasi.

Albatta, Yevropadagichalik emas. Bu yerda jamoat kayfiyati hali ham yuqori, inson nafaqat oʻzi, balki atrofidagilari uchun ham masʼul va javobgarligini toʻliq unutib ulgurishmagan. Shundan cheklovlarni, hatto, xayrixohlik  bilan qabul qilishmoqda.

Bozorlarda dastlabki kunlarda yuzaga kelgan vahima ham sekin-asta oʻz holiga tushdi, hatto, oshxonalar, choyxonalar restoranlarning yopilishi, toʻylar cheklanishi munosabati bilan ayrim oziq-ovqatlarning arzonlashishi ham koʻzga tashlanmoqda.

Bu "hammasi zoʻr, virus hayotimizni izga solishda qoʻl kelyapti", degani emas. Kulfat odamlarni birlashtirmoqda, xolos. Jismonan emas, albatta. Ruhan!

Hozir har qachongidan ham dolzarb boʻlga masala: imkon qadar hamma bir biridan jismonan uzoqlashish va imkon qadar ruhan birlashish!

Koronavirus koʻrsatdiki, kurrai zamin biz oʻylaganchalik ulkan emas; oʻzimiz oʻylaganchalik, hech kim chekkada va yolgʻiz qolib ketmagan ham ekan. Hammamiz, kim qayda boʻlishidan qatʼiy nazar, koʻrinmaydigan, sezilmaydigan zanjirning halqalari ekanmiz.

Yaxshi kunlarda bu rishtani ilgʻamay qoʻyganmiz, chamasi.

Bundan keyin odamlarning dunyoga, yer kurrasiga va oʻziga munosabati oʻzgarsa kerak – hammamiz, hech kim portiga qabul qilishni istamayotgan bitta kemada ketayotgan ekanmiz, oʻzimiz bexabar.

Mavzu:
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (1291)

Asosiy mavzular