06:33 04 Iyun 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Analitika
Havola olish
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (885)
466710

COVID-19 qayerdan paydo boʻlgan, u shunchalik dahshatlimi, kunlar isishi bilan virus yoʻqolish ehtimoli haqidagi fikrlarda qanchalik jon bor va inson immunitetini oshirish borasida qanday tavsiyalar bor degan savollar bilan Sputnik muxbiri biolog Shohida Sultonovaga murojaat qildi.

Bugun 600 mingdan ziyod insonlar dunyo boʻyicha yangi turdagi koronavirus bilan kasallangan. COVID-19 qayerdan paydo boʻlgan va u shunchalik dahshatlimi, issiq kunlar kelishi bilan virus yoʻqolish ehtimoli haqidagi fikrlarda qanchalik jon bor, umuman, inson immunitetini oshirish borasida qanday tavsiyalar bor degan savollar bilan Sputnik muxbiri biolog Shohida Sultonovaga murojaat qildi.

Hech kimga sir emaski, bugungi kunda koronavirus pandemiyasi butun dunyoni xavotirga solmoqda. Afsuski, infektsiya Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmadi. Mamlakatda uning tarqalishining oldini olishga qaratilgan qator choralar koʻrilmoqda.

- Shohida Rahimberdiyevna, aytingchi, pnevmaniya kelib chiqish sabablari nima bilan bogʻliq oʻzi?

- Hammamizga maʼlum, bugungi kunda dunyoni tahlikaga solgan koronavirus pnevmaniyasi ilk bor Xitoyning Uxan shahridagi aholining pala-partish ovqatlanishi, asosan, hayvonlar bilan bogʻliq boʻlib, bilganimizdek ular hatto hayvonlarni tiriklayin isteʼmol qilishlari, shuningdek, dengiz hayvonlari, ilon, kalamush hattoki koʻrshapalaklarni ham tiriklayin isteʼmol qilish oqibati deyilmoqda. Aslida u yerdagi antisanitariya holatlarining ayanchli koʻrinishlari oqibatida turli infektsiyalar birlashuvi natijasida yuzaga kelgan mutant darajasidagi pnevmaniya deb hisoblash ham mumkin.                                                                                                                   

- Koronavirusni toʻliq oʻrganish uchun ilm-fanga qancha vaqt kerak boʻladi? Bugungi kunda goh u, goh bu davlatlarda yaratilgani haqida xabarlar uchrab turibdi. Nega bu vaktsinalar bozorlarga chiqmayapti? 

- Avvalom bor “Har kasalni bergan Olloh davosini ham berguvchidir” deb muqaddas kitoblarimizda bekorga yozilmagan. Shunday ekan inson hayotiga bir sinov tariqasida kirib kelgan bu dardning davosini ham oʻzi berguvchi ekanligiga ishonishimiz kerak, albatta. Bu bilan kutib turish kerak emas, olim va mutaxassislarni izlanishlariga ham bogʻliq. Biz ana shu davosini aql bilan izlash uchun mehnat va tinimsiz aql idrokni ishlatib, uni topishga harakat qilishimiz kerak.  Oʻzingizga maʼlum, hozirda butun dunyo olimlari uning davosini topish uchun tinimsiz harakatlar qilishmoqda. Hozirda davosini topilganligi ommaviy axborotlarda berilayotgan boʻlsada uning sinov muddatlari, yaʼni klinik natijasini kutish uchun vaqt talab qilinayotgani ham aytilmoqda. Shuning uchun ham bu haqida aniq maʼlumotlar berilmagan. Qolaversa, bu bilan izlanishlar toʻxtadi degani emas. Aksincha hozir ham buning oldini olish borasida vaktsinalar yaratish ishlari shiddatli darajada olib borilmoqda.       

- Insonda bu virusga qarshi immunitet hosil boʻlishi mumkinmi? Qancha vaqt talab etiladi?

- Men bir narsani taʼkidlab oʻtmoqchiman. Bugungi kunda insoniyat oʻz hayoti mobaynida ozuqlanish, yaʼni oziq-ovqatdan mahsulotlaridan foydalanish ovqatlanish ratsionini nihoyatda qaltis ravishda buzganligini tan olishimiz kerak. Zamon taraqqiyot sari intilgani sayin turmush sharoitimizda ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi tub oʻzgarishlar natijasida ovqatlanish jarayonimizga ham sunʼiy ravishda kimyoviy ozuqalar shaxsiy hayotimizni koʻndirishga oʻz-oʻzidan tarbiyalay boshladi.  Atrofga eʼtibor berib insonlar yashash muhitidagi koʻnikmalari asosida tahliliy xulosalar olishimiz mumkin.  Misol uchun qishloq sharoitida ulgʻaygan oʻn nafar 25 yoshli yigitlar, shaharlik shu yoshdagi yigitlar bilan solishtiruvga etibor qaratadigan boʻlsak. Ikkala vakillar oʻrtasida 70 % qishloqda oʻsgan yigitlar tarozini bosa oladilar. Bunga sabab: 1. Tabiiy ozuqlanishi 95% ni sunʼiy ozuqlanish 5% ni tashkil qilishi. Shaharliklarda esa aksincha 50%-35% gacha tabiiy qolgan 50-65% sunʼiy ozuqlanish natijasida inson organizmidagi fiziologik va biologik quvvatlarni tashkil qilishi maʼlumligi aniqlanadi.  Bu nafaqat bunday yoshdagilar balki aholining barcha qatlamida bu koʻrsatkichlar mujassam. Bu degani manashu sunʼiy ozuqlanish oqibatida organizmdagi immunitet quvvati qanchalar kuchga ega ekanligini koʻrish mumkin. Bunday immunitet pastligi ayrim hollarda qishloq sharoitlarida ham vaqtida ovqatlanmaslik, yoki pala-partish oshqozonni aldash oqibatida ham vujudga keladi.  Bunday hollar bugungi kundagi insonlar organizmidagi immunitet tanqisligi kuzatilishi jarayonida talab darajasida emasligini koʻrsatmoqda. Agar inson organizmida immunitet tanqisligi boʻldimi u organizm turli kasalliklar balki, yuqumli viruslarga moyilligi yuqori hisoblanadi. Sunʼiy ozuqlanish deganda nimalar koʻzda tutiladi degan savol ham boʻlishi mumkin. 1. Turli reklama qilinayotgan bejirim idishdagi ichimliklar yoki bolalar uchun turli yengil ozuqabop mahsulotlardir. Bularning saqlanish muddati uzayishi va turli taʼm va xushboʻy xid beruvchi kimyoviy kontsentratlardan qoʻshilishi.

Kundalik hayotimizdan oʻrin olayotgan chet eldan kirib kelayotgan sunʼiy yetishtirilgan va sunʼiy ozuq ovqat mahsulotlari boʻlib, eng havfliligi palma (zaytun) moyi qoʻshilgan mahsulotlar hamdir. Eslatib oʻtmoqchiman, palma bizning iqlimimizga moslashmagan oʻsimlik moyi boʻlib, uning hazm qilish jarayoni bizning  organizmimizga singib borishi mutlaqo zararli boʻlib, undan rak toʻqimalari hujayralarining yorilishi va immunitet yemirilishi oqibatlarini yuzaga keltiradi. Shuning uchun ham ayrim Yevropa davlatlari, shuningdek, Rossiya hukumati palma moyini oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidan 2011 yil qonunan savdodan chiqarib tashlaganligining sababi ham shunda. Bunday misollarni koʻplab keltirishimiz mumkin. Asosiy maslahatim bugungi kunda oʻzimizning tabiiy muhitimizda yetishtirilayotgan mahsulotlardan keng foydalanishimiz shuningdek tabiiy sharoitimizda mahalliy va yovvoyi muhitda oʻsayotgan dorivor oʻsimliklarimizdan koʻproq foydalanishni tavsiya qilaman. Uy sharoitida immunitet faoliyatini yaxshilash maqsadida oʻrik qoqi (oʻrik turshagi), chilonjiyda qoqisi, olma va turli mevalar aralashmasidan  tayorlangan kompotlar tayorlab isteʼmol qilish,  qora kishmish mayizini 6 soat mobaynida qaynagan suvga solib qoʻyib keyin isteʼmol qilish ham immunitetni quvvatini oshiradi. Shuningdek, hozirda bozorlarimizda sotilayotgan imbir (zanjabil) dan keng foydalanish ham maqsadga muvofiqdir. Ayniqsa, imbirning hususiyati nafaqat immunitet oshishi balki turli kasalliklarni oldini olishda ayniqsa yuqumli kasalliklardan saqlanish hususiyatiga ega. Imbirda oshlovchi moddalar mavjud boʻlib, organizmdagi turli yot xillarni va qon tarkibini tozalashi natijasida miya faoliyatini yaxshilaydi. Koʻzni ravshanlashtiradi, jismoniy va biologik quvvatni oshiradi.  Oʻzbekiston tuprogʻi oltindan-da, qimmat xususiyatga boyligi undagi tabiiy oʻsimliklarimizdagi dorivor hususiyatlaridan koʻrishimiz mumkin. Xalqimizga hozirda uy sharoitida bunday dorivor giyohlardan foydalanishning yana bir oson yoʻli tabobat ilmiga oid kitoblarni koʻproq oʻqishlari yoki internet tarmoqlaridan olib bilib olishlari imkoniyatlaridan foydalanishlarini tavsiya qilardim. Shu bilan birga xom piyozdan imkon qadar koʻproq isteʼmol qilishlari kerak.

Immunitet quvvatini oshirishda katta muddat talab qilinmaydi. Toʻgʻri va vaqtida ovqatlanish bilan birga qoʻshimcha tabiiy ozuqalardan keng foydalanish va damlamalardan barbaris (zirk), naʼmatak, qalampirmunchoq qaynatmalaridan va oʻrik qoqi qaynatmasini koʻproq isteʼmol qilishlari muhim.                   

- Koronavirus mavsumiy, quyoshli kunlar kelishi bilan u yoʻqoladi, degan gaplar qanchalik toʻgʻri?  

- Yuqorida aytib oʻtganimdek, inson organizmi turli sunʼiy ozuqalanish oqibatida immunitet tanqisligi keng ommalashgan. Ayniqsa, hozirda doʻkonlarda sotilayotgan ichimliklar tarkibidagi kontservantlar inson organizmidagi kerakli meʼyorida saqlanishi kerak boʻlgan moddalarni yuvib tashlashi, oshqozon ichak devorlaridagi kerakli mikrobiologik organlarni yemirilishi oqibatida organizmdagi quvvatsizlik kuchayishi yoki sunʼiy suyuqliklar tanada saqlanishi oqibatida har qanday virus tanaga oson kirib borib u yerda rivojlanish ehtimoli yuqori. Ayniqsa, koronavirus asosan namlik koʻp saqlovchi organlarda tez rivojlanishi kuzatilganligi sababli bunday fikrlar ommalashmoqda. Oddiy xalqimizga oddiy tushuntirish ishlari koʻproq ularga ijobiy natijani koʻrsatadi. Misol qilib koʻrsatsak, eʼtibor beramiz, biror koʻchat suvsizlanib qolsa, oʻz-oʻzidan yashovchilik hususiyati pasayib nobud boʻlish ehtimoli yuqori boʻladi.  Agar unga suv quysak, tanasidagi suv miqdori koʻpayib hayot manbaii oshadi. Yana shuni aytishim zarur, hozirda suv isteʼmol qilish talabimiz kuchayib bormoqda. Kun isigan sari chanqoqni bosish uchun koʻcha-koʻydan, albatta, mineral suvlarni sotib olamiz. Eʼtibor bering, suv ichganimizda qanchalar tanamiz yayrab, tana haroratimiz meʼyorlashib tetiklashamiz. Kornovirus ham shunday yashovchanlik hususiyatiga ega. Biz mana shu joyda bir narsadan hushyor boʻlishimiz shart. Mineral suvlar tana hujayralarini yashnatgani yaxshi, albatta, lekin tanadagi namlik yuqoriligi har qanday virusni ham tanamizda keng tarqalishi imkoni katta.

Qaynatilgan suv esa tana namligini saqlash bilan birga undagi turli virus hujayralarini qonga sindirilishini oldini olish yaʼni himoyalovchi qobigʻini yaratadi. Qaynatilgan suv ogʻir boʻlib xom, yaʼni tirik suvga nisbatan  organizmda mikroblarni oʻldirish hususiyatiga ega. Shuning uchun albatta xozir mineral yoki vodoprovod suvlarini isteʼmol qilishdan tiyilib imkon qadar qaynatilgan suvni yoki choyni koʻproq isteʼmol qilish muhim. Hattoki yoʻlda ketayotgan sharoitingizda ham qaynatilgan suvni yoningizda olib yurishni tavsiya qilamiz. Quyosh nuri harorati kuchaygan sari virus oʻlishining taxmini ham shunda.  Shuni taʼkidlashimiz mumkinki, agar yuqtirib olgan odamda virus oʻlmasligi mumkin, lekin yuqumli darajasi pasayishi koʻzda tutilgan. Shuning uchun ham asosiy vazifamiz karantin qoidalariga rioya qilib uydan chiqmay oʻtirish muhim.

- Koronavirus alomatlari qanday namoyon boʻladi va agar inson oʻzida bu alomatlarni sezsa, birinchi galda nima qilish kerak?

- Koronavirus alomatlari deyarli bir xil kuzatilmoqda. Avval tomoq qichishi va yoʻtal tutishi, isitma koʻtarilishi bilan seziladi. Uni oddiy gripp alomati deb ham boʻlmaydi. Grippda ham ayrim hollarda shunday boshlanish alomatlari yuzaga kelishi mumkin. Lekin uning farqi burun shilliqlaridan suv oqish kabi alomatlar boʻlmaydi. U isitma koʻtarib, holsizlik paydo qiladi. Soʻng oʻpkaga havo yetishmasligi, nafas qisishi kuzatilib fiziologik va biologik quvvatni pasaytiradi. Ayniqsa, keksa yoshlardagi odamlarda koʻproq avj olishi va hatto oʻlim darajasiga olib kelishi mumkin.  Yuqorida aytib oʻtilganidek, virus yashovchanligi imkon qadar immuniteti past yoki biologik quvvati past organizmlarni yengish va u yerda rivojlanish imkoni virus uchun qulaydir.  Bunday holatlarni sezgan odam albatta birinchi tez yordam chaqirishi va tibbiyot xodimlariga murojaat qilishi shart. Koronavirusning yuqish darajasi yuqori boʻlganligi sababli atrofidagi insonlar ham albatta himoyalanish  izolyatsiyasiga nazoratiga olinishi muhim.

- Karantinni ahamiyati qay darajada muhim va umuman karantin foyda beradimi?

- Albatta, bunday holatda karantin holati shartli ravishda tashkil qilinishi oʻta muhim ahamiyatga ega. Sababi koronavirus pnemaniyasi oʻta tez yuqumli virus hisoblanib, uning taʼsiri yuqori darajada aholi salomatligini yoʻqotish va oʻlim sonini oshirishga olib kelishi mumkinligini eʼtiborga olib, bu qoidalarga aholining rioya qilish koʻnikmasini oshirilishi shart. Shu bilan birga koronavirus yashovchanlik taʼsiri 15 daqiqadan boshlab taʼsir etishi va 15 kungacha yashirin holati saqlanishi mumkinligini anglashimiz kerak. Olimlarni bergan maʼlumotlar koʻr, bu virus tabiatan eng kichik hujayradan 100 barobar kichik mikro elementdagi hujayra boʻlib, uni hid yoki chang sifatida tugul hujayra sifatida anglash mushkul. Shuning uchun ham inson oʻz-oʻzini himoya qilish qoidalariga albatta harakat qilishi kerak. Yana oddiy misol tariqasida tushuntirmoqchiman, bu virusni tarqalish meʼyori jonli tarzda shunday tushuntiraman. Bilamiz, oramizda ayrim hollarda ogʻzidan noxush hid kelib turadigan insonlar ham bor. Bundaylar bilan toʻqnashaganimizda imkon qadar uzoq masofada turib muloqotda boʻlishga harakat qilamiz. Sababi biz u hidni his qilamiz. Agarda dimogʻimizga kirib ketsa, darhol sezgi organlarimizda qarshi his uygʻonib, jirkanish, yaʼni tok urgandek fiziologik oʻzgarish paydo boʻlib, koʻnglimiz ayniganini sezamiz. Koronavirus ham xuddi shunday xid kabi bu kasallikka chalingan insondan 2-3 metrgacha nafas yoʻllari yoki aksirishi tufayli tarqatuvchidir. Bu virus faqat hidsiz va koʻrinmas boʻlganligi tufayli biz buni anglamaymiz. Hattoki kasallangan bemor ushlagan buyumlar yoki muloqatdagi pullar orqali ham bizga yuqish ehtimoli yuqori. Koronavirus bizning mamlakatimizda va tabiatimizda paydo boʻlgani yoʻq. U tashqaridan kirib kelayotgan oʻta xavfli pnevmaniya ekanligini anglashimiz kerak. Shuning uchun ham hozirgi kunda hali oilamizda havoimizni zaharlagani ulgurmasdan undan saqlanishimiz zarur.

Biz hozir sezmagan holda bu virusni yuqtirib kelgan hamyurtlarimizdan tarqalayotgan bu illatni koʻzimiz bilan koʻrish yoki sezish imkoniyatiga ega emas ekanimizni bilgan holda bizning vazifamiz tashqi muhitdan aloqada boʻlishdan saqlanish, zarurat bilan koʻchaga chiqish kerak boʻlsa odamlardan ikki metr uzoqlikda masofa saqlashimiz zarur.

- Koronavirus tufayli dahshatga tushmagan odamning oʻzi yoʻq. Vahimaga tushganlarga qanday maslahat berasiz?

- Karantin tufayli dahshatga tushgan odamning oʻzi yoʻq degan gapingizga qoʻshilmayman. Sababi bizning xalqimiz bunday holatlarni yaqin davrlar mobaynida kuzatmaganligklari sababli bu masalaga turlicha eʼtibor qaratishmoqda. Kimdir yashirin holatda toʻy-maʼrosimlar, turli yigʻilishlar tashkil qilishni hali ham davom ettirayotganliklari televideniya orqali IIB tamonidan berilayotgan habarlardan koʻrib, biolog mutaxassis sifatida bunday holatlarni mutlaqo qoralayman.

Yuqorida aytib oʻtganimdek, bu koronavirus tarqalish havfi yuqori ekanligini xalqimiz anglashi shart. Va bugungi karantin holatiga birdamlikda yondashib kerak boʻlsa telefonlar orqali ham bir-birini ogohlikka chaqirishlari muhimdir. Endi dahshatga tushayotganlarga kelsak. Hali bizning uyimizga kirib kelmaganini hisobga olib, asosan undan himoyalanish usullarini qoʻllashimiz shart. Avvalo oila aʼzolarimizni tashqariga chiqarmaslik, uy sharoitida immunitet quvvatini oshiruvchi tabiiy manbaalardan kengroq foydalanish, ovqatlanish ratsionini toʻgʻri tashkil qilish. Qolaversa, uydagi barcha oila aʼzolari bilan hamjihatlilikda uyning oʻzida turli jismoniy va aqliy mehnatlarni tashkil qilib xotirjam uyda karantin qoidalariga rioya qilib oʻtirishlari mumkin. Dahshatga tushish yoki qoʻrquvdan oʻz-oʻzidan kelib chiqadigan yoʻq yerdagi kasalliklarni oʻzida paydo qilib olish xavfidan saqlanishlari kerak. Inson vahimaga tushganda oʻz-oʻzidan ishtahasi va kayfiyati yoʻqolib borishi tufayli immunitet quvvati shuncha pasayib boradi.  Yana shuni taʼkidlashim joiz, zanjabil va yuqorida aytilgan mahsulotlar uyda boʻlmasa, yongʻoq chaqilganidagi ichki poʻstlogʻi, bodom poʻchogʻi, sarimsoqpiyoz qobigʻi poʻstloqlaridan isteʼmol qilayotgan choyingizga aralashma sifatida damlab isteʼmol qilish ham tinchlantiruvchi, immunitetni oshiruvchi va turli infektsiyalarni oʻldiruvchi hususiyatiga ega. Shuningdek, organizmga katta ijobiy shifobaxshliligi yuqori.  Albatta, isiriqdan foydalanishimiz zarur. Ayniqsa, hozir mevali va manzarali daraxtlar gullari atrofimizda moʻl. Mevalar gullaridan choyga qoʻshib isteʼmol qilish, qolaversa, tol gullaridan choyga qoʻshib ichish ham juda katta foydali tomonlari yuqori. Koʻproq holvatar, atala, koʻkdan tayyorlangan taʼomlardan koʻproq isteʼmol qilishimiz zarur. Yana bir narsani eslatib oʻtmoqchiman, uyingizda qattiq nonlar boʻlsa uni tuyib talqon qilib isteʼmol qilsangiz oshqozonga tushgan har qanday virusni tanaga singishini oldini oladi. Qattiq non, yaʼni suxari ham koʻproq isteʼmol qilish zarur.             

- Niqoblar haqida fikringiz. Ular foyda beradimi? Masalan, amerikalik ekspert niqoblarni kasal odam taqqandagina foydali, degan fikrni bildirgan edi. Bu borada qanday fikrdasiz?

- Niqobdan foydalanish bu oʻz oʻzimizni tashqari havodan yoki turli tomchilar orqali yuqish mumkin boʻlgan bakteriyalar va viruslardan saqlanish uchun himoya vositasidir. Shuni anglashimiz kerakki, ogʻiz va burun boʻshliqlari devorchalari yupqa va sezuvchanligi kuchli boʻlishi bilan birga taʼsir koʻrsatish juda oson yupqa qavatli devor pardalaridan iborat.  Shuning uchun ham, albatta, bugungi sharoitda bunday himoyalanish vositasidan foydalanishimiz qatʼiy talab qilinadi. Amerikalik ekspert mulohazasiga qoʻshilmayman. Sababi oddiy gripp epidemiyasi davrida bemor boshqalarga tarqatmaslik uchun shunday himoyalanishi zarur. Koronavirus infektsiyasi aytib oʻtganimdek, eng mayda hujayrali virus boʻlgani sababli u havoda ham suzib yurishi kimningdir organizmiga havo orqali oson kirib borishi yoki qaysidir jismda qoʻnib turgan zarra boshqa organizmga turli yoʻllar bilan kirib borishi oʻta xavflidir.

Shuning uchun narsalarni ushlashda, ayniqsa, pul va boshqa muloqat davrida uzluksiz muomilada turuvchi manbaalarni ushlashda ham maxsus himoyalanish vositalari zarur. Yana taʼkidlayman, koronavirus tashqi muhitda 15 minutdan 15 kungacha yashovchanlik xususiyatiga ega.

Mavzu:
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (885)

Asosiy mavzular