21:09 12 Iyul 2020
Efir
  • RUB142.48
  • EUR11455.78
  • USD10184.73
Analitika
Havola olish
44920

Respublika hukumati korruptsiyani yoʻq qilish boʻyicha izchil choralarni koʻrmoqda. Biroq, uning ustidan gʻalaba juda yaqin deb ayta olmaymiz. Bosh prokuratura akademiyasi markazi rahbari Bahodir Ismoilov amalga oshirilgan va kelgusidagi rejalar haqida gapirib berdi.

TOSHKENT, 3 iyun - Sputnik, Dilshoda Rahmatov. Korruptsiya tufayli global iqtisodiyot yiliga oʻrtacha 2,6 trillion dollar yoʻqotadi. Oʻzbekistonda ushbu salbiy holat tibbiyot, taʼlim, bank, bojxona, sud tizimlarida, huquqni muhofaza qilish organlarida, davlat xizmatlarida, shuningdek fuqarolarni ishga yollashda keng tarqalgan.

Oʻtgan yilning may oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan Korruptsiyaga qarshi kurash boʻyicha 2019-2020 yillarga moʻljallangan davlat Dasturi tasdiqlandi. Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi Akademiyasi Korruptsiyaga qarshi kurashish ilmiy-taʼlim markazi rahbari Bahodir Ismoilov Sputnik muxbiriga uning asosiy jihatlari, bugungi kunda mamlakatda keng tarqalgan korruptsiya shakllari, shuningdek, davlat xizmatchilarining poraxoʻrligi va sotqinligiga qarshi qanday usullar bilan kurashish mumkinligi haqida gapirib berdi.

- Korruptsiyaga qarshi kurash dasturining asosiy jihatlari nimada?

- Ushbu salbiy holatga qarshi kurashda har bir davlat oʻz spetsifikasidan kelib chiqadi. Strategiya korruptsiya sharoitlari, sabablari va xavflariga qarab belgilanadi. Oʻzbekistonda mustaqillikka erishilgandan buyon unga qarshi kurashish masalasi koʻtarilib kelingan, normativ hujjatlar qabul qilingan, ammo maxsus dasturiy hujjatlar boʻlmagan. 2008 yilda Oʻzbekistonning BMTning Korruptsiyaga qarshi konventsiyasiga qoʻshilishi bilan, davlat bir qator majburiyatlarni, shu jumladan tizimli qarshi kurashish, qonunchilikni takomillashtirish va hokazolarni oʻz zimmasiga oldi.

2017 yilda korruptsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisidagi qonun imzolandi, unda ushbu yoʻnalishdagi davlat siyosati davlat dasturlari orqali belgilanishi belgilab qoʻyildi. Ulardan birinchisi, 2017–2018 yillarda beshta yoʻnalish va konkret chora-tadbirlarning 51 punktini oʻz ichiga olgan.

Bizda korruptsiyaga qarshi dasturlarni ishlab chiqishda tajribamiz boʻlmaganligi sababli, 2019 yilda prezident oʻz farmoni bilan ikki yoʻnalish – oliy taʼlim va kapital qurilish yoʻnalishlarini pilot yoʻnalish sifatida ishlab chiqilishini belgilab berdi. Metodika shular yordamida ishlab chiqildi.

Hammasi xavflar tahlilidan boshlanadi. Tegishli vazirliklar ularni baholab, keyin yoʻl xaritasini ishlab chiqadilar. Keyin qanday normativ hujjatni qabul qilish kerakligi va idoraning oʻzida kim korruptsiyaga qarshi kurash bilan shugʻullanishi toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Idoralarning har biriga huquq-tartibot xodimlarini biriktirish imkoni yoʻq.

Shu bilan birga, xalqaro tajriba shuni koʻrsatadiki, qonunbuzarliklarni aniqlashda va kelajakda bunday huquqbuzarliklar sodir etilmasligi uchun choralar koʻrishga ichki xavfsizlik xizmatlari samaraliroqdir. Shunga oʻxshash, idora darajasida hal qilinishi kerak boʻlgan masalalar koʻp.

Yangi dasturning printsipial farqi shundaki, u mamlakatda toʻplangan tajribani hisobga olgan holda muayyan masalalarni hal etishga qaratilgan. Ushbu hujjat toʻrtta ustuvor yoʻnalishga ega: jamiyatda huquqiy madaniyat va huquqiy bilimlarni oshirish, hayotning barcha jabhalarida korruptsiyaning oldini olish, korruptsiyaning dastlabki bosqichlarida oldini olish (yaʼni jinoyatchilikning profilaktikasi) va iqtisodiyot va siyosatning muayyan sohalariga nisbatan xavflar oldini olish. Shuningdek, unda 35 ta aniq chora-tadbirlar koʻrsatilgan.

- Davlat xizmatida korruptsiya namoyon boʻlishiga qarshi qanday usullardan foydalanish mumkin?

- Oʻzbekistonda kadrlar tanlash bilan shugʻullanadigan va keyinchalik ularning faoliyatini nazorat qiluvchi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Ammo yana bir bora taʼkidlash joiz - bu sohadagi barcha muammolarni odamga ijtimoiy kafolatlar va munosib maosh bermasdan hal qilib boʻlmaydi. Yana bir jiddiy masala - davlat xizmatchilarini oʻqitish. Ular uchun cheklovlar va taqiqlar qonun bilan belgilanishi mumkin, ammo u bu haqda bilmasligi mumkin. Ilgari barcha taqiqlar idoraviy hujjatlarda qayd etilgan boʻlgan, ammo xalqaro amaliyotda barcha davlat xizmatchilari qaysi sohada ishlashlaridan qatʼi nazar amal qilishlari kerak boʻlgan talablar taxminiy roʻyxati mavjud.

Masalan, ular asosiy ishidan tashqari boshqa biron bir faoliyat turi bilan, ayniqsa, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishlari mumkin emas va ular sovgʻa olish huquqiga ham ega emaslar. Lekin sovgʻa aynan nima ekanligi va qanday miqdordagi sovgʻa jinoiy javobgarlikka tortishga olib kelishini aniqlash kerak. Hozircha bu meʼyorlar har xil. Hamma narsa hisobga olish kerak, bundan tashqari, "davlat xizmatchisi" tushunchasiga aniqlik kiritish kerak. Misol uchun, taʼlim tizimi oʻz talablariga ega, huquqni muhofaza qilish organlarida esa oʻz talablari. Bitta qonunda barchasini mujassamlashtirib boʻlmaydi, ammo umumiy yoʻnalishlar belgilanishi shart.

Bu yil "Davlat xizmati toʻgʻrisida" qonun qabul qilinadi, Korruptsiyaga qarshi kurash agentligi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ishlab kelmoqda allaqachon. Katta ish amalga oshirilmoqda, bir kunda hammasini uddalab boʻlmaydi.

- Bugungi kunda Oʻzbekistonda korruptsiyaning qanday koʻrinishlari keng tarqalgan?

- Eng koʻp uchraydigan qoidabuzarliklardan biri bu intizomiy. Murakkabroq koʻrinishi - maʼmuriy: bu baʼzi qarorlar uchun davlat xizmatchilari tomonidan noqonuniy mukofotlar, imtiyozlar olish. Eng qiyin turi - bu jinoiy huquqbuzarlik va jinoyatlardir: pora olish, pora olishda vositachilik qilish va xizmat vakolatlarini suisteʼmol qilish. Oxirgilari juda keng tarqalgan, ammo shuni taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda buning keskin, deyarli 30-40 foizga pasayishi kuzatilmoqda. Buni tadbirkorlik subʼyektlari faoliyatini tekshirishga moratoriy joriy qilinishi bilan izohlash mumkin.

Korruptsiya bilan bogʻliq qoidabuzarliklar va jinoyatlar kamayib bormoqda. Bunda elektron hukumat tizimiga oʻtish, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining huquqiy madaniyatini oshirish, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarining nazorati muhim rol oʻynaydi. Avvallari aholi korruptsiya faktlariga doir deyarli hech qanday muayyan maʼlumotga ega boʻlmagan, ammo endi bu maʼlumot matbuot anjumanlari va brifinglar orqali yetkazilmoqda. Fuqarolarning oʻzlari ham juda faol - ular ijtimoiy tarmoqlarda korruptsiya faktlari haqida yozmoqdalar, prezidentning, bosh vazirning qabulxonalariga murojaat qilmoqdalar. Qoidabuzarlik yoki jinoyatni deyarli yashirib boʻlmayapti.

Asosiy mavzular