14:56 27 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Analitika
Havola olish
537 0 0

Samarqand viloyati hokimining investitsiyalar, kichik sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Oybek Xodjayev viloyat pandemiya davrida ham xorijlik ishbilarmonlarni qanchalik jalb qilayotgani va ular qaysi sohalarga sarmoya kiritishga tayyorliklari haqida

- Investorlarning Samarqand viloyatiga boʻlgan qiziqishi qanchalik yuqori? Moskvada Samarqandni juda yaxshi koʻrishadi va uni poytaxtdan keyingi ikkinchi shahar deb atashadi.

- Oʻzimiz ham uni Toshkentdan keyin birinchi shahar deb ataymiz – har qalay qadimiy poytaxt. Tabiiyki, shahrimiz va mintaqamizni boy tarix bois umuman butun dunyoda juda yaxshi bilishadi. Albatta, Samarqand – bu brend, va u haqida alohida maʼlumot berish talab etilmaydi. Ilgari biz chet ellik investorlar bilan uchrashuvda ularning biz haqimizda xabardorliklari va bilimlariga hayron qolardik, endi esa bu oddiy holatga aylangan.

- Tushunishim boʻyicha mintaqaning investorlarni jalb qilishda katta muammosi yoʻq?

- Darhaqiqat buyuk sarkarda Amir Temur Samarqandni oʻzining poytaxti sifatida bekorga tanlamagan, chunki u joʻgʻrofik jihatdan juda qulay joylashgan – chorraha desa ham boʻladi. Bu yerdan nafaqat Oʻzbekistonning barcha yoʻnalishlari, balki unga chegaradosh davlatlarga yoʻllar bor. Iqlimi ham hatto Toshkent bilan taqqoslaganda juda yumshoq. Mos joylashuvi uning katta muvaffaqiyatini avvaldan belgilab beradi. Boy tariximiz bunga qoʻshimcha. Samarqand viloyatida 1 100 tadan ziyod tarixiy diqqatga sazovor meʼmoriy yodgorlik mavjud. Tarixiy shahrimizga YUNESKO butundunyo merosining oʻndan bir qismi toʻgʻri keladi: “Registon” meʼmoriy majmuasi, Shohi Zinda yodgorlik majmuasi, Goʻri Amir maqbarasi, Ulugʻbek rasadxonasi,  Xoʻja Doniyor maqbarasi va koʻplab boshqalar.

Ha, Oʻzbekistonning har bir mintaqasida oʻzining diqqatga sazovor joylari bor, ayniqsa, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Fargʻona vodiysida. Lekin ularning eng koʻpi, albatta, Samarqandda. Bu eng muhim investitsiya yoʻnalishlaridan biri turizmni belgilaydi. Xorijlik sheriklarning ushbu sohasi qiziqishi katta, ular birinchi navbatda mehmonxona qurib, boshqarishni xohlashmoqda. Shu bois ular bu sohaga bajonu dil sarmoya kiritishmoqda.

Afsuski, koronavirus pandemiyasi butun dunyoda turizm biznesiga jiddiy zarar yetkazdi, lekin umid qilamizki, tez orada kasallik ortga chekinib, odamlar uzoq karantindan soʻng yangi sayohatni xohlab qolishadi. Sayyohlar ortidan investitsiya oqimi oʻsadi.

- Karantin investorlar takliflariga taʼsir koʻrsatdimi?

- Men ular qisqardi deb aytmagan boʻlardim. Gap shundaki, bu loyihalar 1 yanvarda boshlanmaydi va 31 dekabrda yakunlanmaydi. Ular hamisha harakatda, ayrimlari oʻtgan yili boshlangan edi, boshqalari 2020 yil boshida boshlangan.

- Kelishish bosqichida boʻlib turgan loyihalardan investorlarning voz kechish holati kuzatildimi?

- Samarqand viloyatida hech bir investor boshlab qoʻygan ishini amalga oshirish haqidagi fikridan qaytmadi. Ular shunchaki vaqtincha ishni toʻxtatib qoʻyishga majburliklari haqida xabardor qilishdi, chunki ularning bevosita bu yerga kelishlarining imkoni yoʻq. Qurilish-montaj ishlari ketayotgan joylar - ular tashkilot pudrat tashkilotlarimizning ichki resurslari hisobiga davom etmoqda. Biz elchixonalar va ular orqali turli kompaniya va vakillar bilan muloqot qilamiz, ular hayron: Oʻzbekistonda ham pandemiya, karantin shekilli, yangi kasallanish holatlari aniqlanmoqda, biroq biz ishlamoqdamiz. Eng boshida kichik bir tanaffus boʻlgan edi, xolos, lekin hurmatli prezidentimiz aniq koʻrsatma berdi, va biz birinchi navbatda qishloq xoʻjaligida faoliyatni qayta tikladik. Qurilishda ham sanoatdagi kabi ishlar davom ettirilmoqda.

Karantin choralariga, shubhasiz, rioya qilinmoqda: odam gavjum joylar, masalan, bozor, umumiy ovqatlanish shoxobchalarini hudud toifasiga koʻra (yashil, sariq, qizil) vaqtincha toʻxtatib qoʻydik. Qoidalarga qatʼiy amal qilgan holda ishlayapmiz, axir odamlar birinchi navbatda oʻzlari kasallikni yuqtirib olishlari mumkinliklarini tushinishlari zarur, shuning uchun hayotlarini xavf ostiga qoʻymasliklari kerak. Barcha sanoat va qurilish obʼyektlari dezinfektsiya uchun kerakli vositalar bilan jihozlangan, shu sabab ish joyida kasallanish holati juda kam.

Hozir koʻpincha kasallanish holatlari xorijdan vatanga qaytayotganlar tufayli koʻpaymoqda. Barcha sanitariya meʼyorlariga rioya qilgan Oʻzbekistonga chet ellik mutaxassislar ham kelmoqda. Xususan, bir nechta reys bilan Xitoy, Turkiya va boshqa mamlakat mutaxassislari kelishdi. Ular orasida investorlar, texnologlar, muhandislar, yaʼni respublikada u yoki bu loyihani amalga oshirish uchun ishtiroki zarur boʻlganlar.

Ishonch bilan sizga aytishim mumkinki, bu yoʻnalishda biror bir toʻxtab qolish boʻlmadi, vaqtinchalik tanaffus bor, qaysidir ishlar davom ettirilmoqda. Jadvalni qayta koʻrib chiqib, oʻzgartirish kiritdik. Pandemiya sharoitida sheriklar bilan birgalikda nima qilish mumkin – loyiha, ofis ishlari, biznes reja, texnik-iqtisodga oid hisob-kitoblar va hokazo – ular bilan doimiy aloqadamiz. Buning uchun diplomatik vakolatxonalarimiz koʻmagida Investitsiya va tashqi savdo vazirligi orqali onlayn rejimda samarali aloqa yoʻlga qoʻyilgan. Chet ellik sheriklarimiz Oʻzbekistonning hatto shunday ogʻir va misli koʻrilmagan cheklovlar sharoitida moslashuvchanlik va tayyorlik bilan ishlashini yuqori baholashdi. Biz pandemiya qachon tugashini kutmayapmiz, bu uzoq muddatga choʻzilishi mumkin. Biz ishlashdan toʻxtamasdan, investorlarni chorlab taklif qilmoqdamiz.

- Siz mehmonxona biznesini esga olib oʻtdingiz. Samarqandda mehmonxona va hostellar bisyor, lekin talabni qondirish uchun yanada koʻproq kerak. Ushbu defitsit naqadar sezilarli?

- Koronavirus boʻlmaganida, siz bugun Samarqand mehmonxonalarida boʻsh joy topa olmagan boʻlardingiz. Buning ustiga shahrimizda taxminan 160 ta mehmonxona bor, mehmon uylari va hostellarni aytmasa boʻladi. Mavjud deyarli 7 ming ta joy umuman yetmaydi. Mavsumda hammasi toʻlib toshadi. Toʻgʻri, endi mavsum tushunchasi noaniq – hozir odamlar qishda ham, qirq darajali jaziramada ham kelishadi. Har bir kishi mehnat taʼtilini inobatga olib keladi, shuning uchun oqim deyarli yil boʻyi davom etadigan boʻldi. Ravshanki, nima sababdan investorlar birinchi navbatda odamlarni joylashtirish sektoridan manfaatdor.

- Qaysi mamlakatlar koʻproq qiziqish bildirmoqda?

- Xitoy, Turkiya, Rossiya, Qozogʻiston, Janubiy Koreya bu yoʻnalishda yetakchilardan. Xitoyliklar bu yerda juda koʻp narsalarni barpo qilishni rejalashtirishgan: mehmonxona, biznes markazlari, savdo-koʻngilochar majmualari.

- Men talabalik davrimdan “Afrosiyob” mehmonxonasini eslayman, u bir vaqtlar afsonaviy edi, endi-chi, albatta, zamonaviy mehmonxonalardan gʻoyat qolishadi.

- Haqsiz, bunaqa obʼyektlar bugun rekonstruktsiya talab etadi. Xususan, ushbu obʼyekt Xususiylashtirish  dasturiga kiritilgan. Biz esa xorijiy kompaniyalar oʻrtasida muayyan investitsiya majburiyatlari boʻlgan ochiq tender eʼlon qilamiz. Bino “nol” qiymatida taklif qilinadi, lekin uni toʻrt yulduzli mehmonxonaga aylantirish uchun 12-15 million dollar sarmoya kiritish sharti bilan. Mehmonxonada 280 taga yaqin xona bor, jumladan, prezidentlarning lyuks xonasi hamda turli toifadagi xonalar. Mehmonxona noyob va juda ajoyib yerda joylashgan: bir tarafdan Registon, boshqa tarafdan Goʻri Amir. Hatto pandemiya davrida ham bu loyiha qiziqish oʻta yuqori. Jumladan, Hyatt, Marriot, Hilton va boshqa dunyoning ushbu sohadagi gigantlari uni qoʻlga kiritishga jon deb turibdi. Oʻylaymanki, mehmonxona investorsiz qolmaydi, tender komissiyasi esa eng yaxshi va samarali pudratchini aniqlaydi.

- Mintaqaga kapital oqimi uchun yana qaysi yoʻnalishlar ustuvor?

- Avvalo Samarqand va viloyat chegaralarini belgilab olish zarur, chunki investitsiyaviy afzal bilishlar turlicha. Shaharda aynan mehmonxona biznesiga talab yuqori. Bundan tashqari, umuman mehmondorlichilik (HoReCa) xizmat sohasi jozibador. Bosh reja doirasida maʼmuriy markazlarni shahar atrofiga olib chiqib, Samarqandning oʻzini piyodalar yuradigan koʻchalar, gastronomik mavzelar va dam olish hududi boʻlgan turistik joyga aylantirish maqsad bor. Shaharda odamlarni oʻzini qulay his etishlari lozim, bu yerda tirbandlik va muammoli trafik boʻlmasligi kerak.

Universitet xiyoboni, uni yana Abramov xiyoboni atashadi – faxrimiz. U yerda Samarqand davlat universiteti – respublikadagi yirik OTM joylashgan. U talabalar soni boʻyicha hatto Milliy universitetni ortda qoldiradi. Ushbu majmua, shubhasiz, oʻzining tarixiy joyida qoladi. Lekin viloyat maʼmuriyati tuzilmalarining katta koʻpqavatli binolari kelajakda shahar tashqarisiga koʻchiriladi. Boʻshatilgan joylarni biz investorlarga oʻz loyihalarini amalga oshirishlari uchun berish niyatidamiz.

Samarqand – noyob madaniy markaz. Biz uni turistik shahar sifatida yanada rivojlantirishda davom etish niyatidamiz va oʻn va yuz baravar turistlar oqimini koʻpaytira olamiz. Ishonamanki, bunga erishish mumkin. Bu bilan bir qatorda ichki turizmni ham rivojlantiramiz. 3-5 kunlik uzoq boʻlmagan turlarni tashkil etish. Shu vaqt mobaynida Samarqandning barcha diqqatga sazovor joylarini aylanib chiqsa boʻladi.

Viloyat uchun birinchi darajadagi muhim investitsiyalarga toʻxtalsak, ustuvor yoʻnalishlardan biri bu toʻqimachilik sanoati. Mintaqada ichki investorlar hisobiga paxta klasterlari tashkil etilgan. Ular barcha ishlarni oʻz ichiga oladi: chigit ekishdan tortib tayyor ip gazlamagacha. Ilgari xomashyoga eʼtibor qaratilgan boʻlsa, endi yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar birinchi darajada. Bugungi kunda Samarqand viloyati toʻqimachilik kompleksi rivojlanishi boʻyicha ilgʻorlar qatorida. Bu nafaqat yigirilgan ip yoki mato, balki kiyim-kechak tikishni oʻz ichiga olgan oʻnlab korxonalar. 2019 yilda Oqdaryo tumanida qiymati 30 million dollardan ziyod “Afrosiyob Djins” yirik loyiha amalga oshirilgan edi. matolarimizdan dunyoning yetakchi brendlari foydalanishadi. Qolaversa, bozorlarda tayyor mahsulot ham bor.

Shuningdek, mintaqada gilam toʻqish rivojlangan, bizning SamAntepGilam Markaziy Osiyodagi eng yirik korxona hisoblanishi bejiz emas. U yerda mingdan ziyod odam mehnat qiladi va ularning mahsulotlari dunyoning 20 dan ziyod, jumladan, AQShda mashhur.

Yengil sanoatdagi yana bir kelajagi bor segment – ipakchilik. Ilgari biz faqat pilla xomashyosini ishlab chiqargan boʻlsak, endi tayyor mahsulotlarni ham ishlab chiqyapmiz. Kattaqoʻrgʻon tumanidagi “Kumush tola” korxonasi oʻz mahsulotlarini Koreya, Xitoy, Eron va Markaziy Osiyodagi qoʻshni davlatlarga eksport qiladi.

Koʻp kompaniyalar buyurtmalarini joylashtirishni xohlashmoqda, lekin choʻzilgan pandemiya ushbu jarayonni ortga surtmoqda. Biroq tez orada respublikaga joyida ishlab chiqarish sharoitlarini oʻrganish uchun mutaxassislar kelishi kerak.

Investorlarni qishloq xoʻjaligi sohasi ham oʻziga jalb qilmoqda: tabiat mintaqada sarxil meva-sabzavotlarni yetishtirishga imkon beradi. Afsuski, bu yil tabiiy ofat sabab hosilning bir qismi nobud boʻldi. Bunday sharoitlarda investorlarga issiqxona xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi klasterlari, agrologistik markazlar tashkil etishga oid loyihalarni taklif qilish mumkin. Axir barcha katta hajmdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sifatli saqlash, qadoqlash va transportda tashish kerak-ku.

Yil boshidan buyon biz 150 million dollarlik mahsulot eksport qildik, birinchi navbatda MDH mamlakatlariga hamda Yevropaga. Koʻproq yerlarni oʻzlashtirib, ularni yer balansiga kirityapmiz. Bu borada ham ishlarni rivojlantirish istagidamiz.

Investitsiya siyosatining keying yoʻnalishi – qurilish materiallari bozori.  Samarqand viloyati boʻylab togʻ tizmalari oʻtgan, u yerda katta ruda va ruda boʻlmagan konlar mavjud. Bu sohada ham potentsial ishtirokchilar koʻp, jumladan, XXR bilan birgalikda 150 million dollarga tsement ishlab chiqarish loyihasi bor. Umid qilamizki, pandemiyaga qaramasdan kelasi yiliyoq bu loyiha topshiriladi. Bizda granit, marmar, travertin va bino taʼmiri uchun ishlatiladigan turli toshlar bor. Bu yoʻnalishda ham investorlarning qiziqishi katta, nafaqat xomashyo tariqasida qazib olish, balki shu yerda ishlab chiqarib, tayyor mahsulotni eksport qilish. Jomboy tumani Farhod posyolkasida bir nechta keramika plitkasi, kafel va boshqa pardozlash materiallarini ishlab chiqaruvchi zavod ishlaydi.

Ushbu soha mintaqada qurilish oʻsishini ham qoʻllab-quvvatlaydi. Soʻnggi yillarda koʻpqavatli uyli shaharchalar qad rostladi. Xorijliklar bu biznesga ham sarmoya kiritishmoqchi, chunki Samarqand viloyati aholi soni boʻyicha respublikadagi eng yirigi – 4 millionga yaqin aholi, tez orada Samarqand millionli, yaʼni aholisi bir millionga yetgan shaharga aylanadi.

Oltin qazib olishni yodga olmaslikning iloji yoʻq. Mintaqada muayyan miqdorda qimmatbaho metall qazib olish mumkin boʻlgan joylar bor. Oʻzimizda joylarda zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi klasterlar tashkil etish mumkin. Noyob metallarni qazib olish boʻyicha ham loyiharlar bor, masalan, Kattaqoʻrgʻon tumani Ingichka posyolkasidagi Xitoy kompaniyasi bilan birgalikda volfram qazib olish. 150 million dollarlik loyiha mingtaga yaqin ish oʻrinlarini yaratishga imkon berdi.

- Men oʻzim oʻzining vino ishlab chiqarishi bilan shuhrat qozongan Bulungʻurdanman. Ammo zavod bir paytlar buzib tashlandi, tokzorlar oʻrniga esa endilikda meva bogʻlari. Ushbu sohani qayta tiklash va tumanga uning avvalgi shuhratini qaytarish rejalari bormi?

- Darhaqiqat, 25-30 yil ilgari vino ishlab chiqarish toʻxtatilgan edi, yoshi kattalar bu mahsulotni haligacha eslashadi. Hozir investitsiya loyihasini ishlab chiqmoqdamiz va aynan oʻsha yerda uzumchilik klasteri tashkil etmoqchimiz. Biz Vinosanoati bilan mamlakatimizning xorijdagi, xususan, Frantsiyadagi elchixonalari bilan birgalikda bu masalada muzokaralar oʻtkazmoqdamiz. U yerda rivojlantirishi rejalantirilayotgan kichik vino punkti bor. Hozir u xususiy qoʻllarda, lekin biz loyihaga xorijiy kompaniyalarni jalb qilishga va bu brendni qaytadan tiklashga tayyormiz.

Bulungʻurning yerlari juda yaxshi – shirin kartoshka ham yetishtiriladi, kuchli urugʻchilik klasteri bor. Tumanda umumiy qiymati 20 million dollar atrofidagi Samarkand Garden logistik markazi muvaffaqiyat bilan faoliyat yuritmoqda. Ularning ming gektarga yaqin gilos va boshqa mevalar ekiladigan yeri bor. Bularning barchasi katta eksport imkoniyatini beradi. Chet elda oʻzining vino, konyak va konyakli spirti bilan mashhur yirik vino zavodlaridan biri “Bagizagon” haqida ham unutmaslik kerak. Ularning ham mahsulotni faol eksport qilish bilan shugʻullanuvchi klasteri bor. Xovrenko nomidagi zavod – uni ham investorlarga bermoqchimiz. Ularning tumanlarda vino punklari, yerlari, vaqt sinovidan oʻtgan noyob ishlanmalari va texnologiyalari bor. Zavod binosi oʻzining nodir yertoʻlasi bilan shahar markazida joylashgan. U ham sayyohlarning diqqatini jalb qilishga xizmat qilishi mumkin.

- Joriy yilda pandemiyaga qaramasdan qanday ahamiyatli obʼyektlar koʻrib chiqilishi mumkin?

- Hozirda eshkak kanali hududida Samarkand Touristic Center turistik markazi qad rostlamoqda. U yerda 3, 4, va 5-yulduzli sakkizta mehmonxona paydo boʻladi. 2022 yilda SHHT davlat rahbarlarining sammititini oʻtkazishni rejalashtirmoqdamiz. Ungacha Forumlar saroyi, park zonasini qurib bitiramiz. Shuningdek, eshkak kanali qiyofasini oʻzgartiramiz. Bu koʻlamdagi majmualar SSSRda atigi ikkita edi: Krыlatskiyda, va bizda, Samarqandda. Biz uni haqiqiy turistik vohaga aylantirmoqchimiz. Allaqachon 200 million dollar investitsiya jalb qilingan, bu esa uning yakuniy narxi emas.

- Ortingizda oʻnlab planshetlar turli investitsiya loyihalari bilan turibdi, yaʼni bu doimiy faol jarayon?

- Xorijlik investorlarni bu yerga ishlashga taklif qilamiz, lekin shu bilan birga ularni qulay yashash sharoitlari bilan taʼminlashimiz kerak. Koʻplari oila aʼzolari bilan kelib, uzoq vaqt shu yerda qolishadi. Buning uchun xususiy bolalar bogʻchasi tashkil qilish kerak, mahalliy ishbilarmonlar mablagʻi hisobiga. Xorijiy mutaxassislar xususiy maktablarga mahalliy tadbirkorlar tomonidan boshqa mamlakatlardan kelgan mutaxassislarni jalb qilish uchun taklif etiladi. Bundan tashqari, chet elliklar uchun kottejlar — sotish yoki ijara uchun qurilish rejalashtirilgan.

- Bunday shaharchalar aynan qayerda paydo boʻladi?

- Hozircha aniq javob bera olmayman, lekin har holda bu shaharning ekologiya jihatdan qulay tumanlari yoki shahar atrofiga yaqin boʻladi. Koʻrib chiqib, qaror qabul qilingandan soʻng bu haqda albatta eʼlon qilamiz.

Aytgancha, ushbu loyihani amalga oshirishda xorijlik investorlar ishtiroki koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, xususiy xorijiy universitetlar ochiladi. Samarqand bosh rejasi yakuniy tasdiqlanganidan soʻng biz chet el oliy oʻquv yurtlarini qayerda qurishimiz mumkinligini aniqlaymiz. Oʻz filialini Samarqandda ochmoqchi boʻlganlar juda koʻp.

Biz bu yerda har bir universitetda sport infratuzilmasi bilan birga talabalar shaharchasiga ega boʻlishi uchun kampuslar qurmoqchimiz. Bu xalqimiz uchun ham amalga oshirilmoqda, shu bilan birga investitsiya muhiti yaxshilanmoqda. Bunga koʻplab maʼmuriy toʻsiqlarni bekor qilish va byurokratiyaning umumiy qisqartirishga yordam beradi. Bugungi kunda biror bir kompaniya yoki korxona ochish uchun kelgan investorlar juda qisqa vaqt ichida davlat xizmatlari markaziga kelib, ishlarini roʻyxatdan oʻtkazishadi, barcha zarur statistik va soliq kodlarini olishadi, har qanday bankda hisob ochishadi. Biz davlat xizmatlarini koʻrsatish reytingida sakkizinchi oʻringa koʻtarildik.

- Mintaqaning Rossiya Federatsiyasi subʼyektlari bilan aloqalari qay darajada yoʻlga qoʻyilgan? Yirik koʻlamdagi qoʻshma loyihalar haqida soʻzlab bera olasizmi?

- Samarqand viloyatida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi joylashgan boʻlib, viloyatning toʻrt tumanida va Samarqandda hududlarni egallaydi. Nurobod tumani Suzagan posyolkasida Rossiyaning “Щyolkovo Agroxim” kompaniyasi bilan qiymati 32 million dollarlik qoʻshma korxona tashkil qilinmoqda. U yerda kimyoviy himoya vositalari, mineral oʻgʻitlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarish yuzdan ortiq yuqori malakali xodimlarni ish bilan taʼminlaydi. Texnologik uskunalarning bir qismi allaqachon joylashtirilgan, qurilish ishlari olib borilmoqda. Mahsulotlar butunlay import oʻrnini egallaydi va baʼzilari eksport qilinadi.

Shuningdek, Rossiya kompaniyalarining polipropilen ipi ishlab chiqarish, tsement zavodi loyihalari ham mavjud. Yana bitta kompaniya – “InterSamStar” – qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chiqaradi va qayta ishlaydi. Sanoat obʼyektlaridan marmar va granitni qayta ishlash boʻyicha QK va biz birgalikda Jomboy hududida yoqilgʻi quyish uchun agregat- kompressor, akkumulyator bloklari va boshqa mahsulotlar uchun chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan “Shelf-Vostak” QKni tilga olish joiz. Umid qilamanki, kelasi yil oʻrtasida ular ishga tushiriladi.

Umuman olganda, Rossiya tomoni ishtiroki bilan 20 ga yaqin loyihalar faol bosqichda. Ayrimlari allaqachon amalga oshirilgan, ayrimlari davom ettirilmoqda. Masalan, issiqxona majmualari, tibbiyot markazlari va hokazolar.

- Mintaqaga investitsiya kiritish hajmi boʻyicha yetakchi mamlakatlar qaysilar?

- Birinchi oʻnlik quyidagicha: Xitoy, Shveytsariya, Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Chexiya, BAA, Yaponiya, Buyuk Britaniya va Misr. Keyingi oʻrinlarda Eron, Afgʻoniston va boshqa mamlakatlar. Bu yilgi investorlar roʻyxatiga Qatar, Latviya, Singapur, Tojikiston, AQSH, Qozogʻiston, Gonkong, Shotlandiya, Hindiston, Frantsiya, Italiya kirdi. Lekin loyihalar soni boʻyicha Xitoy kompaniyalari mutlaq yetakchilikni qoʻldan boy bermasdan kelmoqda.

Asosiy mavzular