19:41 22 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Analitika
Havola olish
1027 0 0

Vashington va Varshava oʻrtasidagi yangi kelishuv mohiyati nimadan iborat - RIA Novosti materialida oʻqing.

TOSHKENT, 26 iyun - Sputnik, Galiya Ibragimova. Donald Tramp karantin bekor qilinganidan keyin birinchi xorijiy mehmon - Polsha prezidenti Anjey Dudani qabul qildi. Berlinda ushbu sammitni diqqat bilan kuzatishdi: Amerika harbiylari GFRdan Polsha hududiga qachon koʻchirilishini tushunishga harakat qilishdi. Ammo, Tramp va Duda aniq raqam va rejalarni tilga olmadilar. Vashington va Varshava oʻrtasidagi yangi kelishuv mohiyati nimadan iborat - RIA Novosti materialida oʻqing.

Shubhali favorit

Polsha rahbari AQShga har yili tashrif buyuradi. Kun tartibi deyarli oʻzgarmas: Tramp va Duda harbiy, energetika va iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni qanday mustahkamlash kerakligini muhokama qilishadi. Amerikaliklar anʼanaga koʻra, polyaklarni NATOga qoʻshgan hissasi uchun olqishlashadi, ularning Rossiya energiya manbalariga qaramligini kamaytirishga vaʼda berishadi hamda Varshavani "Yevropadagi bebaxo hamkor", deya atashadi.

Ushbu uchrashuvning Polsha prezidenti sayloviga sanoqli kunlar qolganida oʻtgani vaziyatga qutqu solgan edi. Ijtimoiy soʻrovlarga koʻra, Duda hozircha favorit, ammo karantin paytida uning reytingi tushib ketdi. Aslida ovoz berish 10 mayga rejalashtirilgan va bahorda davlat rahbarining reytingi 60 foizdan oshiq edi. Ammo hozirda uni saylovchilarning yarmidan ozrogʻi qoʻllab-quvvatlamoqda, saylovlarning ikkinchi bosqichi muqarrardir.

Dudaning asosiy raqibi - Varshava meri Rafal Tshaskovskiydir. Uning reytingi - 20%. Muholifatchi oʻz saylovoldi kampaniyasini "Qonun va adolat" hukmron partisiyaning iqtisodiy va ijtimoiy siyosatini tanqid qilish ustiga qurgan. Tshaskovskiyning taʼkidlashicha, hukumatning karantin davridagi notoʻgʻri oʻylangan strategiyasi tufayli bir millionga yaqin polyaklar ishsiz qoldi.

Muholifatni, shuningdek, Polsha amerikaliklar bilan yaqinlashish uchun Bryussel bilan munosabatlarni buzganidan ham norozi. Endi Yevropa jamgʻarmalaridan mablagʻlar olishda muammolar boʻlishi tayin. Tshaskovskiy Dudani mustaqil fikrga ega boʻlmagan siyosatchi deya ataydi: goʻyoki uning oʻrniga barcha qarorlarni parlamentdagi konservatorlar yetakchisi Yaroslav Kachinskiy qabul qilarmish. Prezident tanqidlarga sust munosabat bildirdi, ammo ovoz berishdan oldin oʻzini qatʼiyatliroq tutdi. Reytingni oshirish uchun AQShga tashrif uyushtirdi. Ustiga-ustak yil davomida Polsha-Amerika munosabatlarida koʻplab masalalar toʻplanib qolgan.

Rossiya uchun signal

Nafaqat Varshavani, balki aksariyat Yevropa mamlakatlarini ham tashvishga soladigan asosiy mavzu - bu AQSH harbiylarining haqiqatan ham Germaniyadan Polshaga koʻchirilishi masalasidir. Duda tashrifidan bir oz oldin AQSH prezidenti Germaniyadagi Amerika kontingenti 9,5 ming kishiga qisqarishini tasdiqladi. Tramp baʼzi boʻlinmalar qoʻshni Polshaga koʻchirilishini istisno qilmadi, ammo Duda bilan toʻgʻridan-toʻgʻri kelishuvlar haqida gap borgan emas. Shaxsiy uchrashuv ushbu masalaga toʻliq oydinlik kiritdi.

"Polsha alyansning mudofaa xarajatlariga oʻz YAIMining ikki foizini yoʻnaltirish vaʼdasini bajardi. Germaniyadagi kuchlarimiz bir qismi uyga qaytadi, bir qismi esa Yevropaning boshqa mamlakatlariga koʻchiriladi. Ulardan biri – Polsha”, - deya xabar qildi Tramp Duda bilan uchrashuvdan keyin.

Oʻz navbatida Polsha rahbari bir necha yillardan beri Amerikadan mamlakatda oʻz harbiy kontingentini kengaytirishni soʻrab kelayotganini eslatdi. Hozirda Polshaning gʻarbiy hududlarida besh mingdan ortiq amerikalik askarlar xizmat qilmoqda. Ammo Vashington va Varshava buni toʻgʻridan-toʻgʻri emas, balki NATO bloki orqali reglamentga soladi.

Duda AQShning doimiy bazasi yaratilishini qoʻllab-quvvatlab, uni Fort Tramp deya atashga vaʼda qilib keladi. Amerikaliklar hali aniq javob bergani yoʻq. Ularni Polsha siyosatchilarining Rossiya Kaliningrad viloyatida "Iskander" raketalarini joylashtiradi degan havotiri ham ishontirmayapti. Vashingtonning fikricha, shunday stsenariy amalga oshgan taqdirda ham, alyansning Yevropadagi kuchlari yetarli boʻladi.

Oʻtgan yili Duda va Tramp murosaga kelishdi: Vashington Yevropadagi kontingentni ming kishiga koʻpaytirish vaʼdasini berdi. Endi prezidentlar Varshava yana ming nafar amerikalik harbiyni qabul qilishiga kelishdilar.

Tramp ushbu umumiy qarorga: "Polshaga koʻchib oʻtish qarori Yevropa siyosatiga taʼsir oʻtkazishga harakat qilayotgan Rossiya uchun signaldir", - deya izoh berdi.

Nemislar aybdor

Rossiya - Tramp va Duda muhokama qilgan yagona "xavfsizlik tahdidi" emas. Nemis hukumati yuritayotgan siyosat ham Vashingtonda jiddiy havotirni keltirib chiqarmoqda. Gap bu yerda Berlin NATOning mudofaa harajatlarini YAIMning ikki foizigacha oshirish talabini eʼtiborsiz qoldirayotganidagina emas.

Oq uy, sanktsiyalar tahdidiga qaramay, nemis hukumati Rossiyaning "Shimoliy oqim-2" gaz quvuri qurilishida ishtirok etayotganidan gʻazabda. "Germaniya Moskvaga energiya uchun milliardlab toʻlovlarni amalga oshirsa-yu, biz nemislarni Rossiyadan himoya qilishimiz kerakmi? Betartiblik", -  dedi Tramp Duda bilan uchrashuvdan bir necha kun oldin. Va yana Polshani misol keltirdi.

Varshava, Berlindan farqli oʻlaroq, Rossiyaning energiya manbalariga qaramlikni minimallashtirishga harakat qilmoqda. Polsha hukumati alternativa sifatida Amerikaning suyultirilgan tabiiy gazi (STG)ni koʻrib chiqmoqda. Zangori olovning sinov postavkalari ikki yil oldin boshlangan. Shu bilan birga, STG, Polsha rasmiylariga koʻra, Rossiya xom-ashyosidan arzonroq.

Tramp va Duda, 2022 yilga kelib, Polshaga STGni yetkazib berish toʻliq hajmga chiqishiga kelishib oldilar. Buning uchun Luiziana shtatida terminallar qurilmoqda. Varshava, agar logistika bilan bogʻliq muammolar boʻlmasa, Amerika gazini Ukrainaga qayta sotishga vaʼda berdi.

Polsha hukumati STGni maʼlum miqdorini Kiyevga yuborishga ulgurdi. U yerda qoʻshnilarining yordami minnatdorlik bilan qabul qilindi va istiqbolda Amerika yoqilgʻisi Yevropani Rossiya gazidan butunlay xalos qilishiga umid bildirishdi. Shunga qaramay, Polsha va Ukraina Moskvadan energiya resurslarini sotib olishda davom etishmoqda.

Sammitning yana bir yakuni - Polshada atom energetikasini rivojlantirish toʻgʻrisidagi qarordir. Varshava yigirma yil ichida oltita yadroviy energoblokni qurishni rejalashtirgan va bunda amerikaliklar yordam beradi.

Polsha - toʻqmoq emas

Varshava universiteti oʻqituvchisi Mixal Patrik Sadlovskiyning taʼkidlashicha: hamma ushbu uchrashuvdan koʻprogʻini kutgan.

"Polsha amerikaliklar Germaniyadan sezilarli kontingentini koʻchirishiga va oxir-oqibat AQSH harbiy shtab-kvartirasini yaratishda aniqlik paydo boʻladi, deb umid qilgan. Varshava, shuningdek, polyaklarga harbiy texnikani topshirish boʻyicha kelishuvga ham umid qilgan. Hozircha hammasi deklaratsiyalar darajasida qolmoqda", - deya tushuntiradi ekspert.

Polshada AQSH va Germaniya oʻrtasidagi qiyinchiliklarni tushunishadi, ammo toʻqmoq rolida boʻlishni xohlamaydilar. "Hozir Varshava - Tramp va Merkel oʻrtasidagi pasangi boʻlib turipti, biz uchun ham AQSH, ham Germaniya bilan oʻzaro foydali aloqalarini oʻrnatish juda muhim", - deb hisoblaydi Sadlovskiy.

Muzokaralar Polshada saylovoldi kampaniyasi fonida boʻlib oʻtdi va bu, ekspert fikriga koʻra, munozara yoʻnalishiga oʻz taʼsirini oʻtkazdi: "Duda polyaklar uning Tramp bilan doʻstligini yuqori baholaydi, deb oʻylaydi. Ammo davlat rahbari lavozimiga nomzodlarning barchasi Vashington bilan hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashadi. Shu tariqa, AQShga tashrif vaziyatni koʻp ham oʻzgartirmaydi".

Agar Duda birinchi turda gʻalaba qozona olmasa, ikkinchi turda yutqazishi turgan gap. Va bu yerda, Sadlovskiyning soʻzlariga koʻra, Amerika prezidenti yordamchi boʻla olmaydi.

Bahsli tashabbuslar

IMI MGIMO Yevropa tadqiqotlari markazi ilmiy hodimi Artyom Sokolovning fikricha, AQSH harbiylarining Germaniyadan qayta dislokatsiya qilinishi Polsha ambitsiyalariga oʻz taʼsirini koʻrsatadi.

"AQShning Yevropadagi eng sodiq va qimmatli ittifoqchisi maqomiga erishishga daʼvolar davom etadi. Kontingentning koʻchirilishi "Vыshegrad toʻrtligi" (Polsha, Chexiya, Slovakiya, Vengriya) va "Uchta dengiz" tashabbusi doirasida Varshavaning mavqeini yanada mustahkamlaydi", - deya taʼkidlaydi ekspert.

Siyosatshunos fikriga koʻra, AQShning Polshadagi bir necha ming askari Moskvani havotirga solmaydi: "Rossiya chegaralari boʻylab NATO harbiy kuchlari sonining oʻsib borishi, faqatgina aks choralarni keltirib chiqarishi mumkin, birinchi navbatda, polyaklar bilan chegaradosh Kaliningrad viloyatida".

Trampning Polshaga qoʻshinlarni koʻchirish toʻgʻrisidagi qarori - Yevropada xavfsizlik sohasidagi kelishuvlar tizimini zaiflashtiradigan yana bir qadamdir, deya xulosa qiladi Sokolov.

Asosiy mavzular