21:52 28 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Analitika
Havola olish
620 0 0

“Mashtakovo” va “Sagarchin” nazorat-oʻtkazish punkti yaqinida yana 1,8 mingdan ziyod Oʻzbekiston fuqarolari toʻplandi.

TOSHKENT, 7 iyul — Sputnik. Mariya Naumenko. “Mashtakovo” va “Sagarchin” nazorat-oʻtkazish punkti yaqinida 1,8 mingdan ziyod Oʻzbekiston fuqarolari toʻplandi. Nega migrantlar chegara oldiga keldi va hozir u yerda nimalar sodir boʻlmoqda – Sputnik materialida.

Hozir Samara viloyatidagi Bolshaya Chernigovka tumanida 1 139 nafar, Orenburg viloyatidagi Buzuluk tumanida esa 747 nafar fuqarolar boʻlib turibdi. Bu haqda Sputnik muxbiriga Samara viloyatidagi Butunrossiya oʻzbeklar, oʻzbekistonliklar kongressining mintaqa boʻlimi rahbari Dilfuza Sobirova maʼlum qildi.

“Bular goʻyoki Qozogʻiston Respublikasi chegarasi ochilgani va Orenburjye orqali uyga qaytish imkoniyati mavjudligi haqidagi yolgʻon xabarga ishonganlar. Taʼkidlayman, bu ijtimoiy tarmoqlar, messenjer va shaxsiy axborot kanallari orqali tarqatilayotgan yolgʻon maʼlumotdir”, - deya tushuntiradi Orenburg viloyati hukumati raisining oʻrinbosari, vitse-gubernator Dmitriy Kulagin.

Firibgarlik ishlariga, jumladan, vijdonsiz taksi haydovchilari ham qoʻshilgan. Migrantlar ularga Qozogʻiston orqali Oʻzbekistonga oʻtish umidida chegaragacha kelish uchun haq toʻlashgan. Biroq natijada esa haydovchilar ularni chegara punkti yoniga tashlab ketishgan. Kuni kecha oʻzbekistonliklar vaqtincha joylashtirilgan punktlarda boʻlgan Butunrossiya oʻzbeklar konressi raisi Ibragim Xudoyberdiyev vaziyatni shunday tavsirladi.

“Yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanadigan ayrim shaxslar Rossiya-Qozogʻiston chegarasiga odamlarni yetkazib qoʻyish va chegarani kesib oʻtishda “yordam berish”ni vaʼda qilib turli eʼlonlar tarqatmoqdalar.  Rossiya, Oʻzbekiston va Qozogʻistonda joriy qilingan karantin choralari, shu jumladan, mamlakatlarga kirishga oid cheklovlar oʻz kuchida qolmoqda”, - deya ogohlantirdi Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi.

Chodirlarda bolalar ham, homilador ayollar ham yashamoqda

Rossiya va Qozogʻiston chegarasiga kelib qolgan migrantlarning asosiy qismini erkaklar tashkil etadi. Lekin ular orasida bolalar va ayollar ham bor. Ular birgalikda vaqtinchalik punktlarda yashashmoqda.

Jenщina s rebenkom na rossiysko-kazaxstanskoy granitse v ojidanii vыezda v Uzbekistan
Jenщina s rebenkom na rossiysko-kazaxstanskoy granitse v ojidanii vыezda v Uzbekistan

“Bolshaya Chernigovka tumanida ikki nafar bola va olti nafar homilador ayollar bor. Ulardan birining homilasi sakkiz oylik. Buzuluk tumanida esa bir nafar ikkiqat ayol bor. Biz ularni Samaraga olib borib uy-joy va tibbiyot xizmati bilan taʼminlashni taklif qildik, lekin ularning erlari rad etishdi”, - deydi Sobirova.

Mintaqa hukumati mahalliy oʻzbek diasporasi bilan birgalikda vaqtinchalik lagerda yashash uchun qulay maishiy sharoitlarni muhayyo qilishga harakat qilishdi. Xudoyberdiyevning soʻzlariga koʻra, odamlar joylashtirilgan joylarda elektr energiyasi, ichimlik suvi, biohojatxona mavjud. Zarurat tugʻilganda, migrantlarga tibbiyot yordam koʻrsatiladi. Bundan tashqari, fuqarolar uchun oziq-ovqat tashkillashtiriladi.

“Kecha Buzuluk tumaniga oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan KamAZ olib kelindi. Mahalliy hukumatdan tashqari turli diaspora tuzilmalari ham yordam bermoqda. Ular orasida dogʻiston va tojik diasporalari bor. Koʻplab saxovatpesha insonlar yordam berdi”, - deydi Xudoyberdiyev.

Shuningdek, xohlovchilarga ishga joylashish uchun yordam berilmoqda. Sobirovaning soʻzlariga koʻra, may va iyun oyida chegaraga kelib qolgan migrantlarning bir qismi allaqachon issiqxona majmualarida, qurilishda hamda qorovul boʻlib ishlashmoqda.  Ish beruvchilar ularni turar-joy va oziq-ovqat bilan taʼminlamoqda.

“Ular ishga kirganliklaridan xursand va hatto vatanga hozircha qaytishmoqchi emaslar. Kecha vatandoshlardan biri menga uyiga 500 dollar joʻnatganini aytdi. Biror yerda ishsiz oʻtirib, kutgandan koʻra oila shunday yordam bergan yaxshiroq”, - deya taʼkidlaydi Sobirova.

Ishlayotganlar Oʻzbekistonga tashkil etiladigan reyslar roʻyxatida bor. Chegarani kesib oʻtishga oid masala hal qilinishi bilanoq, ular xabardor qilinadi, deya ishontiradi Xudoyberdiyev.

Tranzit yoʻlagi qachon ochiladi

Sobirovaning soʻzlariga koʻra, hozirda Oʻzbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish masalasi hal qilinmoqda.

Orenburg viloyati hukumati raisining oʻrinbosari Dmitriy Kulagin ham koronavirus infektsiyasi bilan bogʻliq oddiy boʻlmagan vaziyatga qaramasdan Oʻzbekiston fuqarolarini Qozogʻiston hududi orqali olib oʻtish masalasi hozirda ikki davlat diplomatik xizmatlari darajasida muhokama qilinayotganini tasdiqladi.

Palatochnыy gorodok na granitse RF i Kazaxstana, gde skopilis boleye tыsyachi uzbekistantsev
Palatochnыy gorodok na granitse RF i Kazaxstana, gde skopilis boleye tыsyachi uzbekistantsev

“Rossiya vatandoshlarimizni chiqarib yuborishga tayyor, lekin kelishuv Oʻzbekiston va Qozogʻiston tomonidan boʻlishi kerak. Bugun Bolshaya Chernigovka tumaniga Oʻzbekistonning Volgaboʻyi federal okrugidagi bosh konsuli keladi, ertaga esa elchining oʻzi kelishi kutilmoqda. Yoʻlakni ochish boʻyicha qaror borga oʻxshaydi. Hoynaxoy, avtobus qatnovi tashkil etiladi”,  - deya taxmin qiladi Xudoyberdiyev.

“Biz imkoni boricha odamlarga (migrantlarga – tahr.) yordam beryapmiz. Ular ham Oʻzbekison Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi ularning uylariga qaytish masalasini tezroq hal qilishidan manfaatdorlar”, - dedi Kulagin.

Elchi va bosh konsul 7 iyul kuni chodirlarda yashayotgan mehnat migratlari hamda Orenburg va Samara viloyati maʼmuriyati vakillari bilan uchrashadi, deya aniqlik kiritdi Sobirova.

Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Sputnik muxbiriga Botirjon Asadov Rossiya mintaqasining birida xizmat safarida ekanini maʼlum qildi. Lekin elchi Samara viloyatida emas. Uning keyin qayerga yoʻl olishi maʼlum emas.

Oʻzbekiston fuqarolarining Rossiya va Qozogʻiston chegarasida toʻplanishi uch oydan buyon kuzatilmoqda. May oyida Bolshaya Chernigovka tuman 800 nafarga yaqin oʻzbekistonliklar qolib ketgan edi. Ular tranzit yoʻlagini ochishni talab qilishdi. Oʻshanda ular observatsiya lageriga joylashtirilib, keyin esa maxsus avtobuslarda Qozogʻiston orqali vatanga joʻnatildi. Shunga oʻxshash hodisa iyun oyida ham kuzatildi.

Teglar:
koronavirus, migrantlar, chegara, Qozogʻiston, Rossiya

Asosiy mavzular