18:18 05 Avgust 2020
Efir
  • RUB137.46
  • EUR12021.09
  • USD10209.86
Analitika
Havola olish
121210

Vashington va Berlin Moskvani “Katta yettilik” sammitiga taklif qilish-qilmaslik borasida bahslashmoqda.

TOSHKENT, 29 iyul - Sputnik, Galiya Ibragimova. Vashington va Berlin Moskvani “Katta yettilik” sammitiga taklif qilish-qilmaslik borasida bahslashmoqda. Donald Tramp muzokaralarda Vladimir Putinni koʻrishni istaydi, Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas esa Ukraina muammosi tufayli Rossiya yetakchisi bilan aloqa qilishning iloji yoʻqligini taʼkidlaydi. Kreml umuman G7ga intilmayotganini va BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy besh aʼzosi boʻlgan “yadroviy beshlik” uchrashuvini afzal koʻrishini maʼlum qildi. Voqealarning rivojlanishining eng ehtimoliy stsenariysi - RIA Novosti materialida.

“Xavfsizlik - bu tovar emas”

Germaniya Federativ Respublikasi va AQSH bu yil diplomatik munosabatlarning 65 yilligini nishonlamoqda. Vashington va Berlin ittifoqi yevroatlantika xavfsizligining kafolati hisoblanadi. Biroq yubiley buzilishi mumkin.

Yozning boshida, AQSH prezidenti hiyla qilmayotgani va haqiqatan ham 9500 amerikalik harbiylarini Germaniyadan olib chiqishga tayyorlanayotgani aniq boʻldi. Asosiy sabab - Germaniya hukumatining Shimoliy Atlantika ittifoqiga xarajatlarni koʻpaytirishdan bosh tortayotgani. Berlin Amerika tovarlariga bojlarni kamaytirishdan bosh tortayotgani ham Oq uyga nomaqbul.

“Tramp NATOni savdo tashkiloti bilan adashtirmoqda. Xavfsizlik tovar emas va u faqat oʻzaro boʻlishi mumkin”, - deb Amerika yetakchisiga eʼtiroz bildirmoqchi boʻldi Germaniya Mudofaa vaziri Annegret Kramp-Karrenbauyer. Lekin behuda.

“Agar nemislar bizning himoyamiz ostida boʻlishni istasalar, qarzlarini toʻlashsin va NATO byudjetiga toʻlovlarini oshirishsin”, - deya Amerikaning Berlindagi sobiq elchisi Richard Grenell davom ettirdi. Tramp uning soʻzlariga qoʻshildi.

Yevroittifoqining energiya xavfsizligi masalasida ham birlik yoʻq. Amerikaliklar “Shimoliy oqim-2” va “Turk oqimi” yevropaliklarning Rossiya gaziga qaramligini oshiradi va siyosiy xavflarni tugʻdiradi deb taʼkidlashni davom ettirmoqdalar.

Nemislar bunga rozi emas, ularga Vashingtonning aralashuvi yoqmayapti. Amerikaliklar Rossiyaning energetik loyihalarida ishtirok etayotgan yevropalik ishtirokchilarga qarshi yangi sanktsiyalarni joriy etish orqali oʻzlarining  aytganida turibdilar.

“Xitoyga qarshi ittifoq”

Koʻrinishidan Berlin va Vashington Moskva borasida konsensusga ega: Qrimni Rossiya bilan birlashishini tan olmaslik, Ukrainaning janubiy-sharqidagi mojaroda Kiyevni qoʻllab-quvvatlash. Ammo boshqa masalalar boʻyicha yaqinda ziddiyatlar paydo boʻldi.

Davlat departamenti oʻtgan hafta Xitoyga qarshi ittifoq tuzish rejalarini eʼlon qildi. Bunda Mayk Pompeo bu masalada Moskvani ham jalb qilishni taklif qildi. Prezident Tramp esa Vladimir Putinni sentyabr oyida boʻlajak G7 sammitiga taklif qilish gʻoyasini esladi. Garchi “Katta sakkizlik”ni qayta tiklash haqida gap bormasa-da, ammo bu Xitoyga qarshi ittifoqni muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyatdir - ehtimol, Vashingtonda shunday deb oʻylashdi.

Germaniyada esa boshqacha mantiq. Angela Merkelning fikriga koʻra, Xitoy nafaqat AQSH, balki Yevropa uchun ham “tashqi siyosatdagi eng katta muammoga” aylanib bormoqda. Biroq, GFR kantslerining soʻzlariga koʻra, hozircha hech bir davlat Xitoyga bardosh bera olmaydi.

“G7ning Xitoyga qarshi ittifoqqa aylanishi Berlinning manfaatlariga toʻgʻri kelmaydi”, - dedi Merkel. U hali ham pandemiya avjiga chiqqan AQShga, sammitiga borishga arziydimi, degan savolga hali ham ikkilanmoqda.

Germaniya TIV rahbari Xayko Maas Trampning Putinni sammitga taklif qilish niyatiga mutlaqo qarshi.

“Qrim va Ukrainaning janubiy-sharqidagi harbiy qarama-qarshilik Rossiyaning G8dan chiqarilishiga taʼsir koʻrsatdi. Bu muammolar hal etilmaguncha, Moskvaning ushbu formatdagi aʼzoligini tiklanishiga hech qanday sababni koʻrmayapman”, - dedi u.

Va qoʻshimcha qildi: bu muloqotga oʻrin yoʻqligini anglatmaydi. Maasning taʼkidlashicha, Rossiyasiz Ukraina, Suriya va Liviyadagi mojarolarni hal qilishda hech qanday rivojlanishga erishib boʻlmaydi.

“Beshlik sammiti” boʻyicha konsensus

Moskva ham muhokamaga oʻz munosabatini bildirdi. Tashqi ishlar vazirligi va Federatsiya kengashi har qanday Xitoyga qarshi uyushmalarda ishtirok etilishini rad etib, Xitoy bilan hamkorlik Rossiya uchun ustuvor yoʻnalish ekanligini taʼkidladi.

“Yettilik guruhi” Gʻarb dunyosining birligini namoyish qilish vositasiga aylandi, ammo yangi yechimlarni ishlab chiqishni toʻxtatdi. Rossiya doim har qanday formatdagi muloqotga tayyor, lekin barcha ishtirokchilarning teng huquqliligi shartidagina”, - dedi Federatsiya Kengashining Xalqaro ishlar boʻyicha qoʻmitasi rahbari Konstantin Kosachev.

Prezidentning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva G7-ga qaytishga intilmayotganini tasdiqladi.

“Rossiya zamonaviy iqtisodiy voqelikka jiddiyroq javob berayotgan “Katta yigirmalik”ning samaradorligidan mamnun”, - deya tushuntirdi Peskov.

Buni G7-da ham tan olishgan. Vladimir Putinning BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzolari boʻlgan besh davlatning sammitini tashkil etish tashabbusi ham katta qiziqish uygʻotdi.

“Xalqaro ishlarda koʻplab noaniqliklar toʻplanib qolgan, ular dunyoning yetakchi davlatlari, yadroviy derjavalari eʼtiborini talab qiladi. Shuning uchun bu kabi uchrashuv, mening fikrimcha, oʻz vaqtida, talabgir va foydali boʻlardi”, - deya izoh berdi Rossiya prezidenti oʻz gʻoyasiga.

“Beshlik sammiti”ning formati va kun tartibi haqida uzoq munozaralarni chetlab oʻtishga muvaffaq boʻlindi. AQSH, Frantsiya, Xitoy va Buyuk Britaniya Rossiyaning taklifini qoʻllab-quvvatladilar va ular muhokama qilinishi kerak boʻlgan holatlar borligiga qoʻshilishdi.

Dastlab “beshlik sammiti” sentyabr oyida rejalashtirilgan edi. Pandemiya tufayli videokonferentsiya shaklida boʻlishi istisno etilmayapti. Hozirda muhokama qilinadigan mavzular doirasi aniqlanmoqda. Maʼlum boʻlishicha, eʼtibor markazida mojaroli mintaqalardagi vaziyat, strategik qurollar nazorati va terrorizmga qarshi birgalikda kurash masalalari.

Rossiyaga pragmatik qarash

Dorj Marshall nomidagi Yevropa xavfsizlik tadqiqotlari markazi mutaxassisi Pal Dunay RIA Novosti-ga bergan intervyusida shoshilinch xulosalardan ogohlantirmoqda. Mutaxassis koʻplab xalqaro masalalar boʻyicha joriy AQSH-Germaniya ziddiyatlarni, shu jumladan Rossiyani G7-dagi ishtiroki boʻyicha ham, shunchaki “soʻzlar urushi” deb atadi.

“Berlin Vashington bilan oshkora janjallardan chetlanishga harakat qilmoqda. Nemis rahbariyati Trampning hozirda barcha xatti-harakatlari Amerika saylovoldi kampaniyasi bilan bogʻliqligini tushunadi. AQSH prezidenti NATO ittifoqchilariga, hatto bu yevroatlantika xavfsizligiga zarar yetkazsa ham oʻz qatʼiyatligini namoyish qilishga harakat qilmoqda. Ammo asosiy masalalar boʻlgan “Shimoliy oqim-2”, Germaniyada Amerika harbiylarining joylashtirilganligi, Rossiya bilan hamjihatliklarda - GFR hukumati oʻz pozitsiyasini aniq ifoda etmoqda”, - deya tushuntiradi Dunay.

Mutaxassis yaqinlashib kelayotgan G7 sammiti atrofidagi oʻyinlarni uydirma deb hisoblaydi. U eʼtiborni “yettilik”ning deyarli barcha aʼzosi Xitoy, Hindiston, JAR, Braziliya kabi mintaqaviy derjavalarsiz global muammolarni hal qilish befoyda ekanligini bir necha bor tan olganiga qaratadi. YEI, shuningdek, Rossiyaning Yaqin Sharqdagi qator mojarolarni hal qilishdagi muhim rolini yaxshi tushunadi, deya taʼkidlaydi Dunay.

“Yevropa Rossiyaga pragmatik nigoh bilan qaraydi, buni Amerika toʻgʻrisida gapirib boʻlmaydi. Trampning Putinni G7 sammitiga taklif qilish haqidagi gaplari populistik harakatlardan boshqasi emas. Germaniyani esa Moskva bilan  hech boʻlmasa energetika bogʻlab turipti. Va bu yerda Berlinning pozitsiyasi ravshan: Vashingtonning bosimiga qaramay, nemislar “Shimoliy oqim-2”dan voz kechmaydilar. Hatto kechikish bilan tugatilsa ham”, - deya taʼkidlaydi Dunay.

Rossiya xalqaro ishlar boʻyicha kengashi (RSMD) bosh direktori Andrey Kortunov taʼkidlashicha, G7 hozirda uncha yaxshi boʻlmagan holatda va Rossiya ziddiyatlarning yagona sababi emas.

“Yettilik guruhi” doim oʻzini “Katta yigirmalik” (G20) bilan taqqoslashga majbur. Shu bilan birga oʻz foydasiga emas. Ammo Moskvaning boʻlajak sammitdagi ishtiroki borasida munozara hamon qiziq. Bu shuni koʻrsatadiki, Gʻarbda Xitoy bilan qarama-qarshilik muqarrarligini anglashmoqda. Rossiyaning ushbu formatga qaytishi esa uning Gʻarbga tegishli ekanligini tasdiqlashi mumkin edi. Va bu, biz hamon Shimoliy Atlantika tsivilizatsiyasining qadriyatlariga intilayotganimizni anglatar edi. Ammo Rossiya bunday geosiyosiy moslashuvga rozi boʻlishi dargumon”, - deydi Kortunov.

Mutaxassislar ichki qayta qurish va maqsadlarni anglash bosqichi G8ni qayta tiklash uchun eng maqbul vaqti emas degan fikrga kelishdi. “Beshlik sammiti” undan koʻra istiqbolliroq. BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzolari har doim ham munozaralarda bir-birini tinglashmaydi. Davlat rahbarlarining shaxsiy uchrashuvi vaziyatni oʻzgartirishi mumkinligi ehtimoldan xoli emas.

Asosiy mavzular