17:53 18 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB137.65
  • EUR12194.82
  • USD10295.33
Analitika
Havola olish
3599 0 0

Xitoy bilan Sovuq Urush muqarrarligi sir emasligi ayon boʻlgan bir vaqtda Gʻarb ekspertlari Pekin ustidan  gʻalaba qozonishning allaqanday sehrli usulini izlashga tushdilar

Sanktsiyalar, iqtisodiy aloqalarning cheklanishi, oʻzaro josuslik va, ehtimol, toʻqnashuvlarning zoʻravonlik shakllarini oʻz ichiga olishi taxmin qilinayotgan Xitoy bilan sovuq urush muqarrarligini anglash fonida, Gʻarb ekspertlar hamjamiyati Pekin ustidan gʻalaba qozonishning allaqanday sehrli usulini izlay boshladi. Vashington, London va Bryusselda muhokama qilinayotgan "Xitoy ajdarini boʻgʻish" boʻyicha variantlarning deyarli barchasi kolektiv urinish bilan Xitoyni yakkalash, zararsizlantirish va parchalash uchun Xitoyga qarshi keng koʻlamli aksil-koalitsiya tuzishni koʻzda tutadi. Bir vaqtlar SSSRga qarshi muvaffaqiyatli kurashda ham xuddi shu sxemadan foydalanilgan.

Ammo, agar baʼzi bir yoʻnaltiruvchi printsiplar darajasida xilma-xillik kuzatilmayotgan boʻlsa, bu printsiplarni aniq amalga oshirish darajasida jiddiy muammo yuzaga kelmoqda, uning yechimi atrofida prezidentlar, bosh vazirlar, diplomatlar va tahlilchilar nayzalari sinmoqda.

Gap shundaki, Yevropaning baʼzi poytaxtlari ham, AQSH "tahliliy markazlari"da ham Yevropa Ittifoqining aksariyat mamlakatlari (bu masalada ayniqsa Germaniya, Frantsiya va Italiya ajralib turmoqda), shuningdek, ayrim Osiyo mamlakatlari XXRga qarshi yangi sovuq urushida negadir AQShning oddiy askari sifatida qatnashish istagida yonmayotgandek taassurot shakllanmoqda. Ustiga-ustak, ular ushbu urushda AQSH gʻalabasi uchun pul toʻlashni xohlamayapti (bu Germaniya va Frantsiyaning Amerika "harbiy himoyasi" uchun YAIMning ikki foizi miqdorida toʻlov toʻlashni istamasligi bilan bogʻliq doimiy mojarolarda oʻz aksini topadi), ular hatto toʻliq taʼqiqqa ham darhol rozi boʻlishga tayyor emas, masalan, Yevropa Ittifoqi xitoyning Huawei kompaniyasiga 5G tarmoqlari uskunalarini yetkazib berishdan voz kechmoqchi emas, bu ayniqsa Vashington va Londondagi "aksil-Xitoy qirgʻiylar"ni gʻazablantirmoqda. Yevropaning deyarli oʻz armiyasini tashkil etganligi hamda Makronning mustaqil (yaʼni "xitoyparast" yoki "amerikaparast" boʻlmagan) tashqi siyosatni olib borish istagi haqidagi bayonotlari fonida keng aksil-Xitoy alyansini tashkil qilish juda murakkab va juda qimmat boʻladi degan shubhalar tobora kuchaymoqda, shu bilan birga ushbu muammoning yechimini izlash ham tobora kuchaymoqda.

Nufuzli Council on Foreign Relations (Xalqaro munosabatlar boʻyicha kengash - tahr.) tahliliy markazi rahbarligida nashr etiladigan nufuzli Foreign Affairs jurnali ushbu muammoga ikkita yondashuvni tahlil qilmoqda, ulardan birini shartli ravishda "Donald Tramp yondashuvi", ikkinchisi esa "Boris Jonson yondashuvi" deb atash mumkin. Council on Foreign Relationsning Amerika elitasi va Yevropadagi amerikaparast elitaning ongiga ulkan taʼsirini hisobga olgan holda (ushbu "miya markazi"ning oʻzi bir nechta mashhur fitna nazariyalari qahramoni boʻlib, ularda u deyarli "AQShning soyadagi hukumati" hisoblanadi), markazida Amerika boʻlgan dunyo tartiboti inqirozini hal qilishga va "Xitoy muammosi"ga qarshi muvaffaqiyatli kurashish uchun taklif qilinayotgan usullarga eʼtibor qaratish lozim, chunonchi, ular Rossiya bilan bevosita bogʻliq boʻlganligi sababli ham.

Foreign Affairsdagi soʻnggi maqola "Demokratiyalar kengashi koʻpqirralikni (Xalqaro munosabatlarda - tahr.) qutqarishi mumkin" sarlavhasi ostida nashr etilganiga qaramay, taklif qilinayotgan metodlar Vashingtonning (hech boʻlmaganda Gʻarbiy) dunyodagi ustunligini amalda saqlab qolishga qaratilgan, farqi esa Amerika gegemonligini saqlab qolishning muayyan usullaridadir.

Amerikaning nufuzli nashri mualliflari muhokamalarni mavjud dunyo tartib-qoidasi abgor bir holatga kelib qolganini dalil sifatida keltirib, ayni vaqtda asosiy xavf koronavirus emas, balki Xitoy va Rossiya ekanligini taʼkidlaganlar.

"Ammo koronavirus pandemiyasidan oldin ham, Ikkinchi Jahon urushidan keyin AQSH shakllantirishga yordam bergan koʻpqirrali tizim dunyodagi eng muhim muammolarni hal qila olmayapti. COVID-19 qirol - yalangʻoch ekanligini koʻrsatdi, ammo aslida qirol bir muncha vaqtdan beri nochor kiyimda edi.

Jahon iqtisodiyoti ogʻirlik markazi Hind-Tinch okeani mintaqasi tomonga qarab siljigani sababli, global ambitsiyalarga ega tuzilmalarga ushbu regionda muhim vakillikka ega boʻlmay turib ishonchli yetakchilikka ega boʻlish imkoni qolmadi. Ammo 1973 yildagi neft inqirozidan keyin paydo boʻlgan G7ning hali ham Yevro-Atlantika mintaqasidan uzoqda boʻlgan bir aʼzosi bor – bu Yaponiya. 1997 yilgi Osiyo moliyaviy inqirozidan keyin shakllangan va 2008 yildagi global moliyaviy inqiroz davrida oʻz ahamiyatini koʻrsatgan G20 esa siyosiy nuqtai nazardan va xalqaro muammolarni ishonchli hal qilish qobiliyati nuqtai nazaridan bir-biriga mos kelmasligi maʼlum boʻldi. Shu vaqtning oʻzida, BMT Xavfsizlik Kengashi Xitoy va Rossiyada agressiv avtoritarizm qayta boʻy koʻrsatishidan mayib boʻldi".

Bu juda jasoratli tashxis boʻlib, uni: "Hammasi boy berildi va hech narsa ish bermayapti!" mazmunidagi tezisga keltirish mumkin.

Tabiiyki, ikkita yechim taklif etilmoqda, biri Trampdan, ikkinchisi Djonsondan.

"Jonson yangi tuzilma gʻoyasini ilgari surgan birinchi inson boʻldi. May oyida u G7 mamlakatlari plyus Avstraliya, Hindiston va Janubiy Koreyadan tashkil topgan oʻnta yetakchi demokratiyalar alyansini tuzishni hamda unga D10 deb nom berishni taklif qildi. Bundan maqsad telekommunikatsiyalar sohasidagi siyosatni muvofiqlashtirish va xitoyning hamma joyda xavfsizlik muammolarini yuzaga keltirayotgan 5G texnologiyasiga ega boʻlgan yetakchi Huawei bozoriga muqobil bozorni ishlab chiqish edi.  Bundan koʻp oʻtmay, iyun oyida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Tramp G7 yigʻilishini bekor qilib, uning oʻrniga kuzda G11 formatidagi sammitni taklif etdi. Jonson taklifini ortda qoldirgan Trampning yangi guruhi D10 dagi davlatlar bilan birga Rossiyani ham oʻz ichiga oladi.

Foreign Affairs ekspertlari Rossiyani ushbu klubga qoʻshishni tavsiya etmaydilar va "D10 variantini", yaʼni Djonson sxemasini afzal koʻrishmoqda, lekin bu eng muhimi emas. Ushbu tavsiya motivatsiyasi katta qiziqish uygʻotadi va uning mazmuni shundaki, Rossiyani qandaydir yoʻl bilan Xitoyga qarshi kurashda ishtirok etishga koʻndirishga muvaffaq boʻlingan taqdirda ham, Tramp rejasi baribir juda yomon koʻrinishga ega va Xitoyga qarshi kun tartibiga ega boʻlgani uzoq muddatli istiqbolda istiqbolsizdir, shu bilan birga Jonsonning rejasidan esa, maʼlum bir ijobiy kun tartibini, yaʼni "Xitoyga qarshi ittifoq" emas, balki "barcha yaxshi narsalar uchun ittifoq"ni yaratishga imkon beradigan maʼlum birlashtiruvchi gʻoyani olish mumkin.

Ijobiy kun tartibi deyilganda, albatta, - "Demokratiya", "Ozodlik" va "Inson huquqlari" singari quruq shiorlar nazarda tutiladi. Bu yerda juda kulgili tomoni bunday ijobiy kun tartibining Vashingtondagi amaldagi tashqi siyosatga qarshi qoʻyilganidir: "Qoʻshma Shtatlarning Xitoy boshchiligidagi Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, "Bitta kamar – bitta yoʻl" tashabbusi va Rossiya tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan "Shimoliy oqim-2" gaz quvuriga qarshi chiqishi mumkin, ammo u muqobil variant taklif etmasa, boshqa davlatlarni shunday qilishga ishontirishi qiyin boʻladi. Vashington hech narsani ishlatmay turib nimadir ustidan gʻalaba qozona olmaydi".

Bunday yondashuvning muammosi shundaki, "AQShda ishlab chiqarilgan" yorligʻi yopishtirilgan "Demokratiya" va "Ozodlik", Germaniya uchun Rossiya gazining yoki Italiya uchun - Xitoy sarmoyalari oʻrnini bosolmaydi. Bunda Amerika pullari ish berishi mumkin edi, ammo Vashingtonga bu singari munosabatlar kerak emas va shu bilan birga kelajakdagi prezidentning familiyasi qanday boʻlishidan qatʼiy nazar: Baydenga ham, Trampga ham mustamlakalar kerak, ammo Yevropa Ittifoqini  - D10 yoki G11 formatida boʻlishidan qatʼiy nazar - bunday maqomga qaytarishning endi iloji yoʻq. Rossiya haqida esa asti gapirmasa ham boʻladi.

Asosiy mavzular