16:25 05 Dekabr 2020
Efir
  • RUB137.48
  • EUR12473.23
  • USD10427.38
Analitika
Havola olish
1459 0 0

Amerikaliklar aynan Moskva hamda Eronning aralashuvi Suriya armiyasiga mamlakatning katta qismini noqonuniy qurolli guruhlardan qaytarib olishga imkon berganini tan olishdi.

TOSHKENT, 9 avg - Sputnik, Andrey Kots. Agar ruslar yordam bermaganida, Bashar Asad urushda yutqazgan boʻlar edi – amerikaliklar aynan Moskva hamda Eron va “Hizbulloh”ning aralashuvi Suriya armiyasiga mamlakatning katta qismini noqonuniy qurolli guruhlardan qaytarib olishga imkon berganini tan olishdi. Bunday xulosaga Kongress tadqiqot xizmati 49 sahifadan iborat "Suriyadagi qurolli nizoning sharhi va AQShning bunga munosabati" hisobotida kelgan. Harbiy tahlilchilar yana nimalarga eʼtibor berishdi va ular qanday taxminlar bildirildi - RIA Novosti materialida.

Kuchlarning taqsimlanishi

Hujjatda Suriya xaritasi tahlil qilingan. AQShning At-Tanf harbiy bazasi joylashgan, Iordaniya bilan chegaradosh kichik anklavdan tashqari, mamlakatning markaziy, gʻarbiy va janubiy qismlari Bashar Asad hukumati nazorati ostida. Shimoliy-gʻarbdagi Idlib Muhafazasi ekstremistik guruhlar va Turkiya boshqaruvi ostida. Yevfraatning shimoliy va sharqiy hududlari - Suriyaning deyarli uchdan bir qismi - kurdlarda.

Bu yerda tahlilchilar ayyorlik qilmoqdalar, chunki aslida bu yerlarni aynan Vashington boshqarmoqda. Bu yerda amerikaliklar koʻp emas - hisobotga koʻra, 600ga yaqin askar. Biroq, ular uglevodorodlarga boy ushbu mintaqadagi asosiy neft konlarining atrofidagi pozitsiyalarni egallamoqda. Bundan tashqari, Suriya sharqida xususiy harbiy kompaniyalarning bir necha yuz jangchilari faoliyat yuritmoqda. Hujjatda qayd etilishicha, rasmiy hukumat AQSH harbiylarining mintaqada joylashganini noqonuniy deb hisoblaydi. Biroq Vashington neft konlarini terrorchilardan himoyalash kerakligini taʼkidlamoqda.

Hisobot mualliflari baʼzan Asad armiyasi bilan toʻqnashuvlar roʻy berishini yashirmaydilar. Ularning taʼkidlashlaricha, shu yilning fevral oyida Qamishli qishlogʻidagi nazorat punktida suriyalik harbiylar AQSH qurolli kuchlarining patruliga qarata oʻq uzgan. Hech kim shikastlanmagan. Bundan tashqari, ular mamlakatning shimoliy-sharqida Rossiya va Amerika harbiy xizmatchilari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri toʻqnashuv holatlari tez-tez roʻy berishi qayd etiladi.

Internetda AQSH armiyasining zirhli mashinalari Rossiya harbiy politsiyasi avtomashinalari yoʻlini toʻsib qoʻyishga urinayotganining oʻnga yaqin videolavhalari mavjud. Yaxshiyamki, mojarolar otishmagacha bormadi.

Rossiya tark etmaydi

Umuman olganda, amerikaliklar mamlakatdagi Eronning inshooatlariga Isroilning zarbalari va Rossiyaga qarshi sanktsiyalar Moskva va Tehronni Bashar Asadni qoʻllab-quvvatlashdan voz kechishga yoki hech boʻlmaganda unga yordamni qaysidir maʼnoda cheklashga majburlamaganini tan oldi.

"AQSH Moskvaning Suriyadan Yaqin Sharqdagi nufuzini kengaytirish uchun platsdarm sifatida foydalanish istagini va imkoniyatlarini toʻliq baholay olmadi, - deb yozadi tahlilchilar. - Rossiya, Eron yoki ularning "ishonchli vakillari" bilan toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy toʻqnashuvni istisno qilib boʻlmaydi. Bundan tashqari, Moskva oʻz ittifoqchisi boʻlmish Suriyani qoʻllab-quvvatlashda qanchalik chuqurlashishi mumkinligini tushunish kerak".

Hisobot mualliflari afsus bilan Damashqqa bosim oʻtkazish tobora qiyinlashayotganini tan olmoqdalar. Front chizigʻini Suriya poytaxtidan nariroqqa siljitish, birinchi navbatda Rossiya aviatsiyasi va maxsus kuchlarning yordami tufayli amalga oshirildi, hozirda mamlakatning katta qismi "rejim" nazorati ostida. Bashar Asadning siyosiy muxoliflarining qoʻllarida deyarli hech qanday dastak qolmagan. Shu bilan birga, Damashq va kurdlar asta-sekin yaqinlashishmoqda. Bu markaziy hukumat sharq va shimol ustidan nazoratni qaytarib olishi mumkinligini anglatadi.

ID* hamon xavflidir

2018 yil dekabr oyida Donald Tramp ID* ustidan gʻalabani eʼlon qildi. Ammo tahlilchilar fikricha, guruh hali yakson qilinmagan. AQSH ittifoqchilari 2019 yil mart oyida Suriyada ID*ning ohirgi istehkomlarini egallab olishdi. Ammo islomiychilar ham Suriyada, ham Iroqda isyonkorlarning qumondonlik va boshqaruv tuzilmasini saqlab qolishgan. Bu shuni anglatadiki, ular hali ham taʼsirli zarbalarni berishga qodir.

"Uzoq istiqbolda Suriyadagi ID* taqdiri mamlakatda guruhni yana kuchayishiga toʻsqinlik qila oladigan xavfsizlik idoralarini yarata olishimiz qobiliyatiga bogʻliq, - deb taʼkidlashadi hisobot mualliflari. – Ammo "Islom davlati"*ning tahdidi uzoq vaqt davom etadi. Terrorchilarga qarshi kurashishlari uchun, biz kurdlarni qoʻllab-quvvatlashda davom etishimiz kerak".

Yana bir xavf - bu 10 mingga yaqin ID* jangchilari saqlanayotgan harbiy mahbuslar lagerlari. Ular asosan mamlakatning shimolida joylashgan boʻlib, kurd boʻlinmalari tomonidan qoʻriqlanmoqda. Bundan tashqari, ekstremistlarning oila aʼzolari saqlanayotgan lagerlar ham mavjud. Ulardan eng kattasi - Al-Xolda 66 mingga yaqin terrorchilarning ayollari va farzandlari joylashtirilgan. Tahlilchilar fikriga koʻra, bu yerlarda jangarilar mahbuslarning jangovar ruhini qoʻllab-quvvatlab turgan holda oʻz targʻibotini davom ettirmoqdalar, ID* esa oʻz tarafdorlarini ozod qilish maqsadida, hujumlar uyushtirishni rejalashtirmoqda.

Kurd rahbariyati mahbuslarni qoʻriqlash uchun kuchlari yetishmayotganini bir necha bor maʼlum qilgan. Amerikaliklar yordam berishga shoshilmayaptilar - Vashington jangarilarning vatanlari ularni jazosini oʻtashi uchun uylariga qaytarib olib ketishlarini talab qilmoqda. Ammo hech kim "oʻz" terrorchilarini qaytarishni xohlamayapti va bundan qochish uchun har xil bahonalarni topishmoqda.

Muammoli provintsiya

Eng qaynoq joy - bu Idlib provintsiyasi. Bu yerda hozirda Suriya, Rossiya, Eron va Turkiya harakat qilmoqda. Bu yerda AQSH qoʻshinlari yoʻq, ammo amerikaliklar bir necha bor "Al-Qoida"* bilan bogʻliq boʻlinmalarga zarbalar bergan. “Hayyat Tahrir ash-Sham”*, “Xuras ad-Din”*, Suriya milliy armiyasi, "Xizbulloh" va boshqa guruhlarining bu yerda nodavlat boʻlinmalari mavjud. Shuningdek, ID* jangchilari ham bor.

"Idlibning shimoliy tumanlari muxolifat kuchlari tomonidan nazorat qilinadigan yagona mintaqadir, - deb taʼkidlaydi tahlilchilar. – Mahalliy guruhlar bu 2011 yilda Damashqqa qarshi chiqqanlarning qoldiqlaridir. Idlibda Turkiya va Rossiya prezidentlari kelishib olgan vaqtincha tinchlik bitimi 5-chi martdan boshlab amal qilmoqda. Ularning qoʻshinlari M4 strategik trassasida qoʻshma patrullar oʻtkazmoqdalar".

Hisobot mualliflari, jangarilarning oʻqqa tutishiga qaramay, tinchlik hozircha saqlanib turilganini taʼkidlamoqdalar. Biroq, Turkiya Idlibga qoʻshinlarni koʻchirishni toʻxtatmadi va yaqinda zaruriyat tugʻilsa, jangovar harakatlarini tiklashga tayyorligini bildirdi. Demak, Suriyadagi urush hali beri tugamaydi.

* Rossiyada taqiqlangan terrorchilik tashkilotlari.

Asosiy mavzular