05:39 01 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB132.07
  • EUR12003.57
  • USD10321.21
Analitika
Havola olish
1314 0 0

Polsha Belarusda yuz berayotgan hodisalar tufayli Rossiyaga qarshi sanktsiyalar kiritilishini talab qildi. Sputnik radiosi efirida MDH mamlakatlari instituti Belarus boʻlimi katta ilmiy xodimi Yuriy Baranchik ushbu taklif bilan polshalik siyosatchilar oʻzlarini fosh qilganini aytdi

Polshada Belarusda prezident saylovlaridan keyin tinmayotgan norozilik namoyishlari tufayli Rossiyaga qarshi sanktsiyalar kiritish taklif qilindi. Ushbu tashabbus mamlakatning Yevropa parlamenti deputati Yatsek Sariush-Volskiy tomonidan ilgari surildi.

Sal oldin YEI tomonidan Belarusda sodir boʻlayotgan voqealar munosabati bilan Minskka qarshi sanktsiyalar qoʻllash imkonini koʻrib chiqish haqida fikrlar bildirilgan edi.

"Yevropa Ittifoqi amalga oshirishi mumkin boʻlgan ishni Polsha taklif qilishi mumkin edi, – bu sanktsiyalarni Belarusga emas, Rossiyaga yoʻnaltirish taklifi. Chunki bu qoʻlni emas, qilichni jazolashga oʻxshayapti. Agar Rossiya aralashuvi va hatto anneksiyasi rolini neytrallashtirsak, fikrimcha, belaruslar demokratiya qurish masalasini oʻzlari eplaydilar", deb bayonot qilgan Sariush-Volskiy Polsha radiosi efirida.

U shuningdek, Belarusdagi hodisalarga Yevropa Ittifoqi unchalik keskin munosabat bildirmaganidan taassufdaligini aytgan.

"Agar Yevropa Ittifoqida hokimiyatga ega boʻlganlar qaysidir maʼnoda bu Rossiya taʼsiridagi hudud, deya Belarusdagi demokratik harakatlarni, qoʻllab-quvvatlashdan ustun qoʻymaganida edi, Belarusda yuz berayotgan hodisalarga munosabat mutlaqo boshqacha boʻlardi", - degan deputat.

Uning fikricha, Yevropa Ittifoqining Belarusdagi voqealarga munosabati "yetarli emas, maʼlum maʼnoda sharmandali va kutilgan darajada dadil emas".

Sariush-Volskiy bildirgan fikrlarni Polsha milliy mudofaa vaziri Mariush Blashchak qoʻllab-quvvatlagan. Blashchak Belarusdagi voqealar Germaniyani "Shimoliy oqim-2" gaz quvuri qurilishiga boʻlgan munosabatni qayta koʻrib chiqishga undashini istamoqda.

"Umid qilamanki, Rossiya bilan biznes ozod dunyo manfaatlariga mos kelmasligini ular yana bir marta oʻylab koʻradi, ayniqsa, Germaniya", – deb bayonot qilgan Blashchak.

Sputnik radiosi efirida MDH mamlakatlari instituti Belarus boʻlimi katta ilmiy xodimi Yuriy Baranchik polshalik siyosatchilar ushbu taklif bilan Belarusdagi ommaviy tartibsizliklar ortida aslida kim turganini fosh qilishganini aytdi.

"Ushbu taklif - jinoyatchi oʻz harakatlari oʻzini tutib berishi turkumidan boʻladi. Axir, Belarusdagi protestlar Gʻarb, xususan Polsha tomonidan uyushtirilgani allaqachon ayon. Agar Belarus prezidentligiga nomzod boʻlolgan va boʻlolmagan shaxslarning qayerga qochayotganiga eʼtibor beradigan boʻlsak, ular Gʻarbga ketayotganini koʻrish mumkin. (Svetlana) Tixanovskaya, misol uchun, Litvaga ketdi. Bularning hammasini Polsha muvofiqlashtirmoqda. Varshavada joylashgan Nexta kanali juda katta axborot faoliyatini amalga oshirmoqda. Buning uchun maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan, kontentni yaxshi tushunadigan va uni tarqatish uslublarini biladigan katta jamoa zarur. Shunday qilib, kimning telpagi yonayotgani ayon", - dedi Yuriy Baranchik.

Belarusda 9 avgustda boʻlib oʻtgan prezident saylovida amaldagi rahbar Aleksandr Lukashenko gʻolib boʻlgach, butun mamlakat boʻylab koʻp sonli norozilik namoyishlari boshlandi. MSK maʼlumotlariga koʻra, Lukashenko 80,08 foiz ovoz olgan. Yakshanba kunidan beri norozilik aktsiyalari davom etmoqda, ammo kuchishlatar idoralar tomonidan ular qatʼiyan bostirilmoqda.    

Asosiy mavzular