22:20 29 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB132.07
  • EUR12003.57
  • USD10321.21
Analitika
Havola olish
117621

Oʻzbekiston xalq artisti Dilbar Ikromova 73 yoshida koronavirus-pnevmoniyasi tufayli olamdan oʻtdi. Oʻzbek sanʼatkorlari marhum aktrisa bilan bogʻliq eng yorqin xotiralarni yodga oldilar

TOSHKENT, 25 avg – Sputnik. Bir oy davomida dard bilan olishgan Oʻzbekiston xalqining sevimli aktrisasi 25 avgust kuni olamdan oʻtdi. Dilbar Ikromova "Kelinlar qoʻzgʻoloni" filmidagi Sotti obrazidan soʻng milliy qahramonga aylangan edi.

Oʻzbekiston xalq artisti Erkin Komilov Dilbar Ikromova haqida xotirlar ekan, "Ustoz Shukur Burxonov singari juda katta yurak sohibasi edi. Yurakni ishlatmasdan, kinoda ham, teatrda ham oʻynamas edi. Ammo hayotda koʻp holatda gʻamgin yurardi", deydi.

Aktrisa xalq artisti unvonini olgani bilan doim gʻamgin yurgan. "Hol soʻrasam, "Qoʻyavering Erkin aka, tashvishim koʻp", deb qoʻya qolardi. Dilbar Ikromova teatrimizda, umuman sanʼat dargohida beqiyos betakror sanʼatkor edi, buni hech kim inkor etolmaydi. Undagi yurak boshqa aktrisalarda yoʻq. Dilbar  Ikromovani oʻziga yarasha juda katta mahobatli sanʼati bor edi.  U bilan ellik yildan beri bir sahnadamiz. Afsus, hech kim kutmagan oʻlim Dilbarni rixlatga olib ketdi. Uni mana shu qisqa vaqt ichida teatr va kinoda betakror obrazlar yaratib, xalq tili va dilidan joy ola bilgan aktrisalardan biri boʻldi. Hayotni qarang...  aylanib ketay Dilbarim..." (ogʻir xoʻrsinadilar).

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Shodiya Toʻxtayeva Dilbar Ikromova bilan oxirgi marobata qish faslida, "Sizsiz oʻtmas kunlarim" nomli serial sʼyomkasida  uchrashganini xotirladi.

"Oxirgi paytlarda juda ham ruhan choʻkkan edilar. Dilbar opa juda katta yurak va isteʼdod sohibi edi. Sahnada oʻz ishiga professional yondashar, har bir  vazifani sidqidildan bajarar edi. Yoshlarga hamisha yuragini ochib muloqotda boʻlib keldi. Yuragi tubida esa dardlari, armonlari koʻp edi.  Dilbar Ikromovaning vafoti nafaqat yelkama- yelka ishlab kelgan artistlar, balki teatr va xalq uchun katta yoʻqotish boʻldi, deb oʻylayman.  Hali oldinda qiladigan koʻp ishlari bor edi, 85 yoshlarda ham koʻplab "momo"larni oʻynashi mumkin edi...  afsus, ruhan choʻkishlar u kishini toliqtirdi", - deydi aktrisa.

Oʻzbekiston xalq artisti Tesha Moʻminov Dilbar Ikromova bilan Toshkent teatr va rassomlik sanʼati instituti (hozirgi Oʻzbekiston Davlat madaniyat va sanʼat instituti) da birga oʻqigan ekan.

"Bunday fidoyi aktrisalar kamdan-kam tugʻiladi. Qanday rol boʻlishidan qatʼiy nazar borligʻi bilan uni ochib berishga harakat qilar edi. Oʻylaymanki, yoshlarimiz mana shunday sanʼatkorlardan oʻrnak olsa arziydi. Teatrga sadoqatli, oilasiga mehribon ona edi. Mayli, shaxsiy hayoti koʻngildagidek boʻlmagandir, ammo faqat mehnat, sabr bilan kechayu-kunduz ishladi. Bugun esa ana shu mehnatlari zoye ketmadi. Uning xotirasi va yaratgan obrazlari bir umrga qalbimizda yashaydi", - dedi Moʻminov.     

Muhammadali Abduqunduzov ( Oʻzbekiston xalq artisti ): Sevimli aktrisamiz — Oʻzbekiston xalq artisti Dilbar Ikromovaning vafoti oʻzbek kino va teatr sanʼati uchun juda katta yoʻqotish boʻldi.  Bu kabi fidoiy aktrisalar hayotga kamdan-kam dunyoga keladi. Aktrisa teatrda zarhal xarflar bilan yozsa arziydigan  obrazlar yarata oldi. Uning aktyorlik mahorati, sahnada oʻzini tutishi, oʻziga xos ovozi hech kimni befarq qoldirmagan.  Qolaversa, teatrda sahnalashtirilgan har bir asar qahramoni goʻyo Dilbar opa uchun yozilgandek boʻlar va uning bu kabi esda qolarli rollari koʻp edi. 

Koʻproq yoshlar bilan ishlab, ulardan oʻzini kerakli maslahatlarini ayamadi. Qayerda boʻlmasin ijodiy uchrashuvlarda birga boʻlsak, Dilbar Ikromovani butun zal oʻrnidan turib, qarsak bilan kutib olar edi.  sababi u shunga munosib ijod qila olgan, hayotda ham samimiy inson edi. Oʻylaymanki, Dilbar Ikromovaning umri u yaratib qoldirgan obrazlarida mangu yashaydi.

Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida oʻttiz uch yildan beri ijod qilib kelayotgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Raʼno Yarasheva oʻttiz yil davomida Dilbar Ikromova bilan bir xonada pardoz qilgan.

"Birga kiyindik, birga yigʻlab, birgalikda kuldik. Koʻplab spektakllarda birga ijod qildik. Rolni yurakdan berilib oʻynar edi.  Hayotda oʻzini chetga tortadigan, haddan ortiq kamtarin va hokisor ayol edi. Sahna bilan hayotdagi Dilbar butunlay boshqa-boshqa insonlar boʻlar edi. Hamma bilan samimiy doʻstona muomalada boʻlgani uchun, uni erkalab "Dilichka", deya chaqirar edik. Baʼzan sahna ortida "Men chiroylimasman", deya yengilgina xoʻrsinib qoʻyardi. "Sizni istarangizdek istara hech kimda yoʻq, desam samimiy jilmayib qoʻyar edi. Bir soʻz bilan aytganda Dilbar Ikromova "Kelinlar qoʻzgʻoloni" filmida Sotti teatrda esa "Chimildiq" spektaklidagi momo roli bilan oʻziga haykal qoʻya olgan aktrisa boʻlib qoldi.

Botir Muhammadjonov (Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist): deyarli hamma spektakllarda rollarini yordamchi aktyorlarsiz oʻynar edi. Toʻgʻri,  Dilbar Ikromova oʻynagan rollarni oʻynaydigan boshqa aktyorlar ham bor edi, lekin hech kim uning rolini oʻzi kabi ijro eta olmas edi. Teatr va oʻz ishini sevadigan olijanob aktrisa edi. Yosh aktyorlar uchun koʻp qaygʻurar edi.

Laziz Orziyev nazdida sanʼatkor Dilbar Ikromova hayotda rahmdil va mehribon, yosh ijodkorlarning gʻamini yeydigan, ulardan maslahatlarini ayamaydigan bagʻrikeng ayol edi. "Birgalikda rol oʻynasak, koʻngliga qattiq tegib qolmasin deya tanqidni ham chiroyli tarzda yetkazishga harakat qilar edi. Sahnada ham hech qachon yolgʻon aralashtirmas, yolgʻon ishlaydigan odamni ham oʻziga toʻgʻridan-toʻgʻri gapirmas edi", - deydi Orziyev.  

Asosiy mavzular