05:49 26 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB133.19
  • EUR12153.63
  • USD10371.76
Analitika
Havola olish
59921

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari Begimqulov Sputnik nashriga bergan intervyusida raqamli universitetga oʻtish, Oʻzbekistonda nega xorijiy OTMlar filiallari koʻpayayotgani va nega yaxshi mutaxassislar chet elga ketishidan choʻchimasligi haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimi shu kechayu-kunduzda oʻz tarixidagi eng yirik transformatsiyani boshdan kechirmoqda. Bu "oʻtish" jarayonida koronavirus pandemiyasi bergan zarba, albatta, Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatmay qolmadi. Ammo qisqa muddatda yagona birlashgan onlayn-platformaning ishga tushirilishi va respublika boʻyicha eng yaxshi professor-oʻqituvchilarning onlayn-lektsiyalari talabalar eʼtiboriga havola qilinishi tizimni aks taʼsirlardan himoya qildi. Sputnik Oʻzbekiston XAAga bergan intervyusida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari Uzoqboy Begimqulov raqamli universitetga oʻtish, yoshlarning ilmga boʻlgan intilishlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, Oʻzbekiston nega oʻz hududida xorijiy OTMlar filiallarini koʻpaytirayotgani va nima sababdan eng yaxshi mutaxassislar chet elga ketishidan choʻchimasligi haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

- Uzoqboy Shoimqulovich, Oʻzbekistonda oliy maʼlumotli ishsizlar yoki oʻz egallagan kasbi boʻyicha emas, boshqa sohada ishlaydigan mutaxassislar juda koʻp. Lekin biror marotaba qaysi sohaga qanday mutaxassis kerak, necha kishiga talab bor, eshitmadik. Mehnat bozoridagi talab va taklifni kim oʻrganadi? Raqobatbardosh, turli hayotiy va madaniy sharoitlarga moslashuvchan professional kadrlarni tarbiyalash uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda respublikada?

- Xabaringiz bor, uch yil oldin - 2017 yilda, Muhtaram Prezidentimizni "Oliy taʼlim tizimini 2017-2021 yillarda rivojlantirish dasturi" qabul qilingan edi. Mana shu dasturda oliy taʼlim tizimini rivojlantirishning 9 ta ustuvor yoʻnalishi belgilab berildi. Shular orasida eng ustuvor yoʻnalish - bu yoshlarimizni oliy taʼlim bilan qamrovini oshirish edi. Taqqoslash uchun, 2016 yilda 9% bitiruvchilarda oliy taʼlimda oʻqishni davom ettirish imkoniyati bor edi. Bugunga kelib, 25%dan oshdik.

Oxirgi 4 yilda 47 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil qilindi.

Odatda oliy taʼlim muassasalariga qabul kvotalari qanday shakllantiriladi?

Avvalgi Iqtisodiyot, hozirgi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bevosita hududlardan qancha oʻqituvchi, qancha shifokor, qancha injener va hokazo sohalar mutaxassislariga boʻlgan talab haqidagi maʼlumotlarni umumlashtirib toʻplagach, qabul kvotalarini birgalikda taʼlim yoʻnalishlari va oliy taʼlim muassasalari kesimida taqsimlaymiz. Demak, koʻrib turibsizki, har bir hudud va sohaning istiqbolli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yoʻnalishlari, ustuvor vazifalaridan kelib chiqib qabul kvotalari shakllantiriladi.

Davlat buyurtmasi, davlat granti asosida tahsil oladigan talabalar  yoʻllanma asosida ishga yuboriladi. Toʻlov-kontrakt asosidagi bitiruvchilarga tavsiyanomalar beriladi, ular shu asosda ishga joylashishlari mumkin.

Raqobatbardosh kadrlarga keladigan boʻlsak, bilasizmi, bizni quvontiradigani - hozirgi kunda ish beruvchilar sekin-asta oʻz talabini qoʻyishni oʻrgandi. "Menga birgina bolgʻa urdiradigan emas, butun boshli avtomatlashtirilgan tizimlarni ishlatadigan injener kerak", deyishadi. Oʻzi taraqqiyotni maʼlum bir darajasida ish beruvchilar kirib kelishi va oliy taʼlim mazmunini shakllantirishda ishtirok etishlari shart. Ish beruvchi bizga buyurtmachi boʻlishi, u qoʻyayotgan malaka va bilimga ega boʻlish uchun mutaxassis qaysi fanlarni oʻqishi kerakligini esa biz belgilashimiz kerak. Shu bois bugungi kundagi asosiy talabimiz - talabalarda mustaqil bilim olish koʻnikmasini rivojlantirishdan iborat. Texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotgan bir davrda yashayapmiz. Domlaning oʻtgan darsi bilan kifoyalanmasdan, oʻzi ham mustaqil ilm izlaydigan talaba ertangi kunda yana qayta oʻqishi kerak boʻlmaydi. Asosiy vazifamiz yoshlarimizni yangi bilim-koʻnikmalarni mustaqil egallashlari uchun tayyorlashdan iborat. Hozirgi oliy taʼlim mazmunini mana shunga yoʻnaltirishimiz kerak.

- Maktabni bitirgan oʻzbek yoshlari shu kechayu-kunduzda qaysi sohalarga koʻproq qiziqish bildirishyapti?

- Yoshlarimiz asosan, texnika, IT- yoʻnalishlarini koʻproq tanlashayapti. Joriy yil OTMlarga 1 million 484 ming nafar abituriyent hujjat topshirdi. Deyarli hamma muassasalarimizda abituriyentlar soni keskin oshdi. Bir oʻringa 30 ta abituriyent daʼvogarlik qilgan yoʻnalishlar ham boʻldi. Eng koʻp abituriyentlar hujjat topshirgan OTMlar bu SamDU, TerDU, Urganch Davlat universiteti, FarDU, OʻzMU, Toshkent Davlat texnika universitetlari boʻldi.

Bu yoshlarimizning oliy taʼlimga boʻlgan ishonchi oshayotganidan dalolat beradi. Bilimi borlari kiraman deb harakat qilyapti va kiryapti ham. Oliy taʼlim muassasalariga bogʻliq boʻlmagan shaffof, ochiq qabul tizimi yaratilgan.

Qabulni biz oʻtkazmaymiz, qolaversa, abituriyentlarga beshta universitetni tanlash imkoniyati berilgan, demak, potentsial talabamni bilmayman, ming xohlaganimdayam.

- Bitiruvchilarning aksariyat qismi oʻz egallagan sohasi emas, boshqa sohada ishlashadi. Bu haqda qanday fikrdasiz?

- Bitiruvchining ishga joylashishi juda koʻp faktorlarga bogʻliq - ishxonasining uyidan uzoqligi, yoki oilaviy sharoiti, buni ham inobatga olish kerak.

Fikrim, oliy maʼlumot oldimi, shu sohani mutaxassisimi, demak olgan fundamenti bitiruvchiga boshqa sohalarda ham oʻzini koʻrsatishiga imkoniyat beradi.  Bu, albatta, yaxshi.

Ammo yana bir masala bor. Oliy taʼlimga yoshlarni tayyorlashda oila muhim rol oʻynaydi. Oliy taʼlim muassasasiga hujjat topshirayotgan abituriyent juda kam holatlarda aniq maqsad bilan "oldindan oʻsha yoʻnalishga kiraman, shu sohani egallayman", deydi. Bola oʻqituvchi boʻlishga qiziqadi, lekin ota-onasi oʻz farzandining yo prokuror yo iqtisodchi boʻlishini xohlaydi. Natijada bola iqtisod boʻyicha oʻqiydi, lekin undan iqtisodchi chiqmaydi. Vaqt oʻtib u oʻqishini oʻzgartirishga majbur boʻladi. Yoki boʻlmasa oliy taʼlimga kirsam boʻldi, degan mazmunda hujjat topshirishadi. Joriy yilning oʻzida 30 mingga yaqin yoshlar oʻqishini koʻchirish uchun ariza topshirgan. Ular ichida 15 mingdan ortigʻi oʻz taʼlim yoʻnalishlarini oʻzgartirishni xohlashgan. Buni oldindan maqsadli kirish emas, deb hisoblash mumkin.

Yoki boʻlmasa bu yil ikkinchi mutaxassislikka hujjat topshirganlar soni oldingi yillarga nisbatan 4 marta koʻp. Bu degani birinchi diplomga ega, lekin oʻzini sohasida ishlamayapti. Mana shunday holatlardan bilishimiz mumkinki, bolada u oliy taʼlimga kelishidan oldin oʻsha soha boʻyicha qiziqishni oilada va maktabda uygʻotish kerak. Bola mana shu sohani aniq egallayman, degan maqsad bilan OTMga kelishi kerak. Bunday toifadagi talabalar hech qachon oʻqishini koʻchirmaydi yoki ikkinchi oliyni oʻqimaydi. Bakalavr diplomi bilan ham oʻzini sohasida yuqori natijalarga erishadi.

- Maktablar bilan bu borada qandaydir hamkorlik yoʻlga qoʻyilganmi?

- Hozirda shunday hamkorlik boshlangan. Oliy taʼlim muassasalari kimyo, biologiya va matematika yoʻnalishidagi maktablarga biriktirilyapti. Demak OTM boʻlajak talabasini oʻsha biriktirilgan maktabdan qidiradi - fan olimpiadalarini tumanlar, maktablar kesimida oʻzi oʻtkazib, kadrlarni saralab oladi. Bundan tashqari, OTMdagi yetuk olim-professorlarning maktablarga borib seminar, master-klasslar oʻtkazib, maʼruzalar oʻqiydigan selektsiyaga oʻxshash bir tizimni joriy qilyapmiz. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, bu yil texnikumlar tashkil etildi. Masalan, Transport texnikumini bitirgan yoshlar Transport universitetiga kirishda ikkinchi kursdan suhbat asosida qabul qilinib, oʻqishni davom ettirish huquqiga ega boʻlyapti. Buyam kadrlar selektsiyasining bir shakli.

- Koronavirus pandemiyasi  va taʼlim mavzusiga oʻtsak. Mart oyining yarmidan Oʻzbekistonda mamlakat miqyosida karantin joriy etildi. Bir vaqtning oʻzida OTMlar masofaviy taʼlimga oʻtganini kuzatdik. Onlayn-oʻqish taʼlim sifatini tushirib yubormadimi? Va umuman, masovafiy taʼlim kelajagini qanday koʻrasiz?

- Bilasizmi, bugungi kunda eng avvalo taʼlimdagi muhit transformatsiyaga uchramoqda. Hozir oʻqituvchining vazifasi oʻzgaryapti. U endi bir tomonlama bilim uzatuvchi emas, balki talabani bilim olish faoliyatiga yoʻnaltiruvchi sifatida yangi maqomda ish yuritishi kerak. Shu nuqtai-nazardan auditoriyadagi darsning oʻrni beqiyos. Toʻgʻri taʼkidladingiz, biz 1 apreldan masofaviy taʼlimga oʻtdik, lekin bu jarayonda juda koʻp qiyinchiliklarga duch keldik. Birinchidan: oʻqituvchilarimizning tayyorgarlik darajasi. Yangi formatda ish yuritish uslubi aksariyat oʻqituvchilarni dovdiratib qoʻydi. Ikkinchidan, talabalarimiz bunday formatda bilim olishga tayyor emasliklari maʼlum boʻldi. Qars ikki qoʻldan chiqishi kerak – OTM tegishli sharoit yaratib berishi kerak. Talabalarda esa shunday formatda bilim olishga motivatsiya kuchli boʻlishi lozim. Yana bir tomoni – texnik muammolar boʻldi. Hamma uzoq hududlarimizda ham yaratilgan resurslardan foydalanish imkoniyati mavjud emas edi, taxminan 402 ming nafar talabadan 30 mingida( 8%i) turli sabablarga koʻra, internetga ulanish imkoni yoʻq edi.

Vazirligimiz pandemiya sharoitida qisqa vaqtda har bir oliy taʼlim muassasasi masofaviy taʼlim platformalarini yagona platformaga birlashtirdi. Yaʼni, deylik, fizika fanini Milliy universitet ham oʻqitadi, Qashqadaryo OTMsi ham. Talabaga oʻquv materialini tanlash imkoniyatini yaratdik: unga qaysi resurs maʼqul boʻlgan boʻlsa, kirib oʻshani oʻqish imkoniyatini berdik. Shu tarzda, OTMlarning taʼlim resurslarini birlashtirish orqali biz bu jarayondan oʻtdik.

Masofaviy taʼlim yaxshi, ammo buni uchun talabalarda mustaqil bilim olish, kreativ salohiyat malakasini rivojlantirish kerak. Shundagina keyingi global rivojlanish, global taraqqiyotda oʻz oʻrnini yoʻqotib qoʻymaydigan, kerakli paytda zarur bilimni olib, oʻzida zarur koʻnikmani shakllantiradigan mutaxassis boʻladi. Meni oʻylashimcha, kelajakda albatta anʼanaviy taʼlim bilan masofaviy taʼlimni uygʻunligi boʻlishi kerak.

Albatta, bu dastlabki qadam edi, biz bu narsaga biz 100 foiz tayyor edik, deb aytolmayman.

Davlat dasturida shu yil uchta OTM: Toshkent davlat yuridik universiteti, TATU va Toshkent davlat pedagogika universitetida masofaviy taʼlimni tajriba sifatida joriy etish belgilangan.

Chunki hamma taʼlim yoʻnalishida ham masofaviy taʼlimni joriy etib boʻlmaydi. Deylik, injener yoki shifokorlik yoʻnalishida. Bunday sharoitda maʼlum bir qism fanlarni onlayn-formatga oʻtkazamiz, biroq amaliyotda oʻtishi lozim boʻlgan - qoʻl bilan bajariladigan ishlar ham bor, ularni  masofaviyga oʻtkaza olmaymiz.

Shuningdek, sirtqi taʼlimda aralash texnologiyalarni joriy qildik. Mana, shu yildan 35ta OTMda kredit-modul tizimiga oʻtdik. Buning maʼnosi nima? Deylik vrach bemorni qabul qilganida, u bilan muloqotda boʻladi. Buning uchun u psixologiyani bilishi, unda nutq madaniyati boʻlishi, oʻzini sohasi boʻyicha kasallik belgilarini aytib bera oladigan boʻlishi kerak. Mana shu koʻnikmalarni bitta guruh qilamiz – deylik, muloqot kompetentsiyasi. Bu kompetentsiya uchun boʻlajak shifokor uchta fanni oʻqiydi - bu fanlar guruhlanib bitta modul boʻladi va mana shunga kredit beriladi.

Kredit-modul tizimi amaliy koʻnikmani rivojlantirishga qaratilgan taʼlim jarayoni boʻladi va mustaqil taʼlim metodikalarini qoʻllashni kengaytirishni taqazo etadi. Agar talaba shu kompetentsiyaga ega boʻlmasa, unda probel boʻladi, demak u toʻliq mutaxassis boʻlolmaydi.

- Oʻzbekistonda chet el OTMlari filiallari soni keskin ortdi. Oxirgi 3 yilda 15ta xorijiy filiallar tashkil qilindi. Bu nima uchun kerak?

- Xorijiy filiallar soni shunchaki koʻpayayotgani yoʻq. Yaqin-yaqingacha Oʻzbekistonni dunyoning geografik xaritasida bilishmas edi. Mana endi Yangi Oʻzbekiston sifatida dunyoga tanilyapmiz, Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini ham jahonga tanitishimiz kerak.

Bitiruvchilarimizni sifati bizni ishimizga baho beradi. Shunday ekan, xorijiy filiallar soni oshirilishi bilan birinchi navbatda ilgʻor taʼlim texnologiyalari ham mamlakatimizga kirib kelyapti. Moskva Davlat Universiteti, Amerikaning Vebster Universiteti, MISiS – axir bular oʻz sohasi boʻyicha yetakchi taʼlim muassasalari.

Har qanday OTM darajasi - bu ilmiy darajali oʻqituvchilar ulushi yoki xorijdan jalb qilingan professor-oʻqituvchilar soni bilan oʻlchanadi. Xorijiy OTMlar filiallarining tashkil etilishi, xorijiy yetakchi universitetlar bilan qoʻshma dasturlar - Oʻzbekiston oliy taʼlimi tizimining ichida raqobatni shakllantiradi. Bu nihoyatda zarur - raqobat boʻlmasa, rivojlanish boʻlmaydi.

Hozirda 22ta davlatdan 104ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha ikki tomonlama diplom berish dasturini yoʻlga qoʻyganmiz.

Eʼtibor bering, Oʻzbekistonda OTMlarning ilmiy salohiyati oxirgi 3 yilda har yili 3%dan ortyapti. Yigirma yilda ochigʻi, bu koʻrsatkich yildan yilga pasayib borib, pasayish 2017 yilda birinchi marotaba toʻxtatilgan edi.

-  Qoʻshma dasturlar tufayli yaxshi mutaxassislarning chet elga ketib qolishi, ruscha aytganda "kadrovaya utechka" degan bir holat yuzaga kelib qolmaydimi, nima deysiz?

- Bizning bugungi kundagi barcha harakatlarimiz yetuk malakali bitiruvchilarni tayyorlashga qaratilgan. Avvalo oʻzbekona mentalitetga xos - uyidan uzoqqa hech qayerga ketib qolmaydi. Xorijga borib ishlab, maʼlum vaqtdan keyin tajriba orttirib qaytib kelsa, bu ham yaxshi. Nima qilibdi, nega biz buni chegaralashimiz kerak? Vataniga xizmat qilish hissi qalbida yoʻqolmasa boʻldi.

- Oʻzbekiston yoshlarining olimlikka qiziqishi qay darajada? Yosh olimlarni qanday qoʻllab-quvvatlaysizlar?

- Bugungi kundagi asosiy ishlarimizdan biri yosh olimlarni ilmiy-tadqiqotchilik faoliyatiga keng jalb qilishga qaratilgan. Doktoranturaga qabul kvotalari 3 barobar oshdi. Kirish uchun bitta oʻringa 4-5tadan daʼvogar toʻgʻri kelyapti.

Oʻtgan yili magistraturaga 7695 ta oʻrin berilgan va 22 mingdan ziyod ariza tushgan edi. Bu yil 10 425 ta joy ajratildi, 74 mingdan ortiq ariza tushdi.

Yoshlarning ilmga qiziqishi ortmoqda.

Soʻnggi yillarda yoshlarning ilmiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga keskin eʼtibor berish boshlandi. Ularga uy-joy, mashina olish uchun kreditlar berilmoqda.

- OTMlardagi boshqaruv jamoalari koʻpincha sizlar, yaʼni vazirlikdan "buyruq" kelishini kutib oʻtirishadi.

- Savolingiz tushunarli. Biz ikki yil oldin oliy taʼlim muassasalariga akademik mustaqillik berganmiz. Yaʼni oʻquv jarayoni mazmunini, oʻquv rejalaringni ish beruvchilar talablari, xalqaro tajribadan kelib chiqib oʻzlaring hal qilinglar, deganmiz. Biz hozirda faqatgina umumiy strategiyani belgilab beryapmiz.

Mana, oʻnta OTM bu yil moliyaviy mustaqillikka oʻtdi, lekin afsuski, hali ham nima qilishni kutib oʻtirish holatlari yoʻq emas. Ularni dunyoqarashini oʻzgartirishimiz kerak.

- Shu yildagi rejalar qanday?

- Rejalar bisyor. Oliy taʼlimni boshqarishning axborot tizimlarini joriy qilyapmiz. Vazirlik raqamli formatga oʻtayapti. AKTni joriy etish orqali ochiqlik, shaffoflik, tezkorlikni taʼminlaymiz. Universitetlarni raqamli formatga oʻtkazish ishlarini bosqichma-bosqich davom ettiramiz.

Ilmiy faoliyatni rivojlantirishmiz kerak. Shu uchun zamonaviy ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini shakllantirishga harakatdamiz: bu OTMlar qoshidagi texnoparklardir. Xorijdan 112 ta zamonaviy oʻquv-laboratoriya jihozlari olib kelindi, 7 ta oliy taʼlim muassasalararo ilmiy tadqiqot laboratoriyalarini tashkil qilyapmiz.

Bugungi kunda bizga berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishimiz kerak. Hamma harakatlarimiz yoshlarga sifatli taʼlim berishga qaratilgan va bunga erishamiz.

Asosiy mavzular