19:30 28 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Analitika
Havola olish
94230

Dorixonalar Covid-19 ortidan boyishga urinishmoqda. Ularning erkinlashib qolgan "biznesi"ni kim nazoratga oladi?

TOSHKENT, 29 okt — Sputnik. Respublika boʻylab faoliyat yuritayotgan  dorixonalarda koronavirus pandemiyasi fonida dori vositalari narxi oshib ketdi. Hatto, hayotiy muhim sanalgan dori preparatlari narxi ham. Dorixonalar hatto belgilangan ustamalarni (20 foiz oʻrniga) 93  foizgacha qoʻllashgani fosh boʻlmoqda. Jamoatchilikning bu masala yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda qoldirayotgan  eʼtirozlari asosida Sputnik Oʻzbekiston muxbiri surishtiruv oʻtkazdi.

Hukumat koʻrgan choralar

Bugungi pandemiya vaqtida koronavirusga qarshi kurashish, aholining ushbu kasallikka chalinishini oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarni qoʻllash Oʻzbekiston respublikasi oldida turgan muhim vazifalardan biridir.    

Shundan kelib chiqib, davlat rahbarining topshirigʻi asosida  Oʻzbekiston aholisini oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar bilan uzluksiz taʼminlash, narx-navo barqarorligini saqlash, kundalik ehtiyoj mahsulotlari taqchilligining yuzaga kelishi va narxlar koʻtarilib ketishini bartaraf etish boʻyicha saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

Jumladan, karantin sharoitida ijtimoiy koʻmakka muhtoj fuqarolarga 1197 qisqa raqami yoki Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining 71 203 01 21 telefon raqamiga murojaat qilishlari mumkinligi maʼlum qilindi (Ammo negadir hozirda ushbu raqamlar ish faoliyatida emas).

Dori defitsiti

Coviddan davolanayotgan bemorlar shifoxonalarda bepul dori vositalari bilan taʼminlanayotgan ekan, nega aholining ayrim qismi shaxsan dorixonalardan dori sotib olishga majbur boʻlmoqda, degan oʻrinli savol tugʻiladi. Bu yuzasidan bir qancha dorixonalarda boʻlib,  kelayotgan xaridorlarning oʻzlariga murojaat qilinganda, ular ayni kunda Covidni tuzatadigan dorilarning tanqisligi vujudga kelayotgani, tuman poliklinikalari toʻliq yetkazib bera olmayotgani bois, oʻzlari sotib olishga majbur boʻlayotganliklarini aytishadi.

Masalan, oʻzini M.Usmonova deya tanishtirgan xaridorning aytishicha, uning oilasida  oʻn kishi istiqomat qilib, avval oilaning faqat bir aʼzosi  Covidga chalinadi. Soʻng u orqali  oilaning boshqa aʼzolariga ham virus yuqib, test-tahlil natijalaridan soʻng, ushbu oila tuman poliklinikasi xodimlari nazorati ostida uy sharoitida yotib davolanishga majbur boʻladi.

Ammo poliklinika xodimlari Covidni tuzatuvchi dorilarning "tugab qolganini" va mazkur oilaning har bir aʼzosini maxsus qutidagi bepul dori vositalari bilan taʼminlay olmasligini maʼlum qiladi.

"Bizga atigi uch quti Covid ga qarshi dorilar toʻplami topshirildi xolos. Aslida bitta bemor toʻliq tuzalib oyoqqa turishi uchun, uning oʻziga bir quti dori vositasi kerak.  Biz esa uch quti dorini butun boshli oila boʻlib qabul qildik, shuning uchun, na tuzaldik va na qayta dori bilan taʼminlandik", – dedi ayol.

Oʻzini F.Ismoilov deya tanishtirgan xaridor ham aynan shu mazmunda soʻzlaydi: u qizi va rafiqasining Covidga chalinib, uyda yotib davolanayotgani, ayrim dori vositalari yetmay qolgani bois qimmat narxda dorixonadan sotib olishga majbur boʻlayotgani, baʼzi dorilarni esa dorixonalarning oʻzidan ham topib boʻlmayotganini aytadi.  

Kimga aza, kimga toʻy

Nega bugun dorixonalarning "qingʻir biznesi" erkin boʻlib qoldi? Umuman, dorixonalarga chetdan keltirilayotgan hamda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilib sotuvga qoʻyilayotgan dori vositalarini narxlash tartiblari qanday?

Shu yuzasidan Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi bosh mutaxassisi Lochinbek Xudoyorovga murojaat qildik.

Uning aytishicha, "Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashni yanada yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qaror 1-bandiga muvofiq, chetdan olib kelinadigan, hamda mamlakat ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori vositalarini sotishda (ularni yetkazib berishdagi ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼi nazar) ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun esa ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qoʻyish mumkin ekan.  

Agar dorixonalar tomonidan bir yil davomida ikki va undan ortiq marta litsenziya talablari yoki shartlari buzilsa,  shu jumladan, dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibi qoʻpol ravishda buzilgan boʻlsa, litsenziyalovchi organ tomonidan dorixona litsenziyasining bekor qilinishiga sabab boʻladi.

Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining boʻlim bosh inspektori Bahodir Salimov ham dorixona va ularning filiallari tomonidan belgilangan savdo ustamasidan ortiq miqdorda narx quyib sotilishi savdo qoidalarini buzish hisoblanishi va bu oʻz navbatida maʼmuriy va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkinligini aytadi.

Xususan, "Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks"ning 164-moddasi 1-qismiga muvofiq, Savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish — fuqarolarga 223 ming soʻmdan 1 mln 115 ming soʻmgacha, mansabdor shaxslarga esa — 1 mln 115 ming soʻmdan 1 mln 561 ming soʻmgacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini ancha miqdordagi (yaʼni 22 mln 300 ming soʻmdan 66 mln 900 ming soʻmgacha) qiymatda buzish — fuqarolarga 1 mln 115 ming soʻmdan 2 mln 230 ming soʻmgacha miqdorda, mansabdor shaxslarga esa — 1 mln 561 ming soʻmdan 3 mln 345 ming soʻmgacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini koʻp miqdordagi (yaʼni 66 mln 900 ming soʻmdan 111 mln 500 ming soʻmgacha) qiymatda buzish, — fuqarolarga 2 mln 230 ming soʻmdan 11 mln 150 ming soʻmgacha, mansabdor shaxslarga esa — 8 mln 920 ming soʻmdan 17 mln 840 ming soʻmgacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 189-moddasida, tovarlar savdosi yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini juda koʻp miqdordagi (yaʼni 111 mln 500 ming soʻmdan yuqori boʻlgani) qiymatda buzish — 66 mln 900 ming soʻmdan 133 mln 800 ming soʻmgacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

"Ancha miqdor deganda bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha boʻlgan doiradagi, koʻp miqdor deganda esa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha boʻlgan doiradagi miqdor tushuniladi. Jumladan, JKning 189-moddasiga koʻra, tovarlar savdosi yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini juda koʻp miqdordagi qiymatda buzish — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi" - deydi inspektor.

Departament xodimiga koʻra, dori vositalari narxining sunʼiy oshirilishi va noqonuniy savdosiga yoʻl qoʻymaslik borasida joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida jami 149 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, shundan 36 holatda jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan, 113 holatda esa maʼmuriy huquqbuzarlikka doir ishlari yuritilgan. Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida esa jami 2 mlrd 674 mln soʻmdan ortiq dori vositalari va tibbiyot buyumlari ashyoviy dalil sifatida olinib, kelgusida bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida, Toshkentdagi 2455 nafar dorixona mansabdor shaxslari rasman ogohlantirilgan.

Shu bilan bir qatorda, narxlar dinamikasi va narx shakllanishi mexanizmlarini oʻrganish, ustamalarga rioya etilishini tahlil va nazorat qilishda ishtirok etish hamda narxlarni barqarorlashtirish yuzasidan asoslantirilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish bevosita Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga yuklatilgan.

Agar fuqarolar tomonidan dorixonalarning dori vositalari va tibbiy buyumlari narxlarining asossiz ravishda oshirilganligi aniqlansa,  Oʻzbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Agentligining 1159 ishonch telefoni yoki Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 71-233-10-07 ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qilishlari mumkin.

Nafsi hakalak otgan dorifurushlar

Bugungi kunda dori-darmon vositalarini xarid qilayotgan isteʼmolchilar huquqlari bilan bevosita Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi  shugʻullanadi.

Agentlikning matbuot-xizmati rahbari Mohruxsor Togʻayevaning maʼlumot berishicha, joriy yilning 23 iyul sanasidan 9 oktyabrigacha 3 mingta dorixonalarda monitoring kuzatuvlari oʻtkazilganda, 30 ta dorixonada  belgilangan ustamalarning (20 foiz oʻrniga) 93  foizgacha qoʻllanilganligi fosh boʻlgan.

Natijada 17 ta holatda yaroqlilik muddati oʻtgan, roʻyxatdan oʻtmagan va kirim hujjati mavjud boʻlmagan dori vositalarini realizatsiya qilish, 18  holatda litsenziyasiz faoliyat va boshqa kamchiliklar aniqlanib, qonunbuzarlik holatlari aniqlangan jami 28 ta dorixonaga ish qoʻzgʻatilgan va ortiqcha olingan 2 million 800 ming soʻm pul mablagʻi isteʼmolchilarning oʻzlariga qaytarilgan.

"Oʻtgan davr mobaynida Agentlik va uning xududiy tuzilmalari tomonidan dori vositalari narxlari va dorixonalarda mavjud emasligi yuzasidan isteʼmolchilarning 224 ta arizalari oʻrganib chiqildi. Yana aholi xabardorligini oshirish maqsadida @dorinarx_bot telegramm boti ishga tushirildi. Endilikda har bir isteʼmolchi ushbu bot orqali dori-darmonlarning haqiqiy narxlari toʻgʻrisida tezkor maʼlumot olish imkoniyatiga ega boʻladi", - deydi Togʻayeva.

Asosiy mavzular