11:01 19 Yanvar 2021
Efir
  • RUB142.66
  • EUR12682.88
  • USD10500.81
Analitika
Havola olish
546 0 0

Yevropa yana Rossiyani nihoyatda keskin va shafqatsiz sanktsiyalar bilan qoʻrqitmoqda. Bu safar - koronavirus haqida dezinformatsiya tarqatgani uchun. Bu haqda Yevrokomissiyaning "Demokratiya sohasidagi harakatlar rejasi" nomli balandparvoz dokladida aytilgan.

Vladimir Kornilov

Ushbu hujjat oʻtgan hafta Bryusselda Adliya masalalari boʻyicha Yevrokomissar Vera Yurova tomonidan taqdim etilgan boʻlib, Yurova xonim unda Rossiya va Xitoyning Yevropa demokratiyasiga qarshi hujumlari bundan buyon "jazosiz qolmasligini", chunki ushbu doklad negizida kelgusi yilda yuqorida tilga olingan "qoidabuzarlarni" jazolashni nazarda tutuvchi qonunchilik tashabbuslari tayyorlanayotganini aytdi.

Gʻarb rasmiylari bizlarni ulardagi demokratiya va COVID-19 epidemiyasiga qarshi umum Yevropa kurashi asoslariga putur yetkazuvchi dezinformatsiyani tarqatishda birinchi bor ayblayotgan emas. Oʻtgan bahorda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bu borada shunday fikr bildirgandi: "Yevropa tashqi siyosat xizmati tomonidan yangrayotgan goʻyoki bizning mamlakatlarimiz tomonidan koronavirus atrofidagi barcha holatlar boʻyicha tarqatilayotgan dezinformatsiya haqidagi taʼkidlarga keladigan boʻlsak, bu haqda fikr bildirishim unchalik toʻgʻri boʻlmaydi, nega deganda, bunday taʼkidlarni tasdiqlovchi bironta ham fakt bizga taqdim etilmagan. Aslida biz ushbu faktlar taqdim etilishini soʻraganimiz ham yoʻq. Sababi, biz, gʻarblik hamkasblarimiz rus tahdidi yoki boshqa allaqanday tahdidlar borasida oʻz uydirmalarini umumlashtiruvchi qandaydir motivlarni topishga bot-bot urinishlariga allaqachon koʻnikkanmiz".

Ammo - turli arboblar tomonidan yangraydigan bayonotlar bu boshqa masala, ayni vaqtda esa gap Yevropa Komissiyasi tayyorlagan hisobot negizida tayyorlanayotgan qonunchilik tashabbusi haqida bormoqda. Shu bois, Yevropa oldida qanday gunoh qilib qoʻyganimiz toʻgʻrisida toʻplangan dalillar bazasi bilan tanishish juda qiziq edi.

Ammo shu maʼlum boʻldiki, Yevropaning koronavirusga qarshi kurashdagi sayi-harakatlariga qarshi "Rossiya va Xitoyning buzgʻunchilik ishi" boʻyicha yagona dalil - Yevropa tashqi siyosat xizmatining rasmiy boʻlimi boʻlgan va bizning davlatimizga qarshi axborot urushini yuritish uchun atay tashkil etilgan - oʻsha siyqasi chiqqan East Stratcom Task Forc, yaʼni Yevropa Ittifoqining "axborot spetsnazi" ekan.

Oʻzining EUvsDisinfo resursida "kremlparast dezinformatsiya maʼlumotlar bazasi"ni toʻplovchi ushbu tuzilmaning oʻzi bir necha marotaba ochiqdan ochiq feyklarda qoʻlga tushgan. Bu resursning "ekspertlari" quyushqondan chiqib, "kremlparast yorligʻini" xuddi, Rossiya OAVlarini qoralagan kabi, hech bir asossiz Yevropa Ittifoqi mass-mediasining oʻziga ham yopishtirish mumkin, degan qarorga kelgach, Niderlandlar parlamenti deputatlari hatto uni yopish talabini ilgari surishdi.

Oʻsha vaqtdan buyon "axborot spetsnazi" bu saboqdan tegishli xulosa chiqardi va Gʻarbiy Yevropa OAVsini tegmaslikka harakat qiladi. Ammo shu bilan birga uning metodlari oʻsha-oʻshaligicha qolgan: biz haqimizda hamon yozishni davom ettirmoqda. Ushbu oʻta shubhali darajadagi Rossiyaga qarshi tuzilmaning hisoboti - bizning "aybdorligimizning" yagona dalili boʻlib, shu asosda hatto yangi sanktsiyalarni hozirlashmoqda.

Yevrokomissiya dokladida EUvsDisinfo bazasida "COVID-19 toʻgʻrisida kremlparast dezinformatsiyaning 500dan ortiq misollari"ni sanash mumkin. "Axborot spetsnazlarining" oʻzlari esa gerdaygancha bunday misollardan ularda 640dan ortiq ekanligi haqida bong urishadi. Ularning qatʼiy taʼkidiga koʻra, ushbu buzgʻunchilik kampaniyasi oʻz mevalarini bera boshlagan va bu bilan ishonuvchan yevropaliklar uchun xavf tugʻdirmoqda. Bularning dalili sifatida esa quyidagilar keltirilgan: "Britaniya fuqarolarining uchdan bir qismi aroqdan qoʻllar uchun sanitayzer sifatida foydalanish mumkinligiga ishonishadi". Aroq (!) — ruslar aybdorligini isbotlash uchun yana qanday dalil kerak? Britaniyaliklarga bunday fikrni boshqa hech kim singdirolmasa kerakda. Bu "Rossiya boʻyicha mutaxassislar" aroqni kim bizda ichki emas, tashqi foydalanish uchun taklif etgani borasida havolalarni keltirishmagani chindan afsuslanarli lekin.

Yevropa Komissiyasi Rossiyaga qarshi rasmiy ayblovlar uchun asos sifatida foydalangan maʼlumotlar bazasining shunchaki yuzaki tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, bu "dalillar"ning koʻpi allakimlarning shaxsiy fikri yoki bizning davlatga umuman aloqasi boʻlmagan manbalarga boʻlgan havolalardan iborat. EUvsDisinfo shaxsiy xulosalari ham aksariyat holatlarda reallikka mutlaqo aloqasi boʻlmagan subʼyektiv fikrlardan tashkil topgan.

Ularni hattoki, EUvsDisinfo "kremlparast" sifatida baholagan fikrlar Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari tomonidan tanqid qilib kelinishi haqidagi fakt ham qiziqtirmaganiga guvoh boʻlish mumkin.

Masalan, dezinformatsiyaga qarshi yevropalik kurashchilar "epidemiyaga 5G-texnologiyalar rivojlanishi sabab boʻlgan", degan fikrni faol ilgari surayotgan allaqanday xususiy YouTube-kanalga havola qilishmoqda. Ammo gap shundaki, bu kanal ushbu maxfiy nazariyani mudom kulgi ostiga olib kelayotgani uchun Rossiya davlat televideniyasiga muntazam tanqid bilan yopiriladi. Yevropalik fosh qiluvchilar mantigʻiga tayanadigan boʻlsak, Rossiya davlat telekanallari "kremlparast nuqtai-nazar" bilan ayovsiz kurashib kelmoqda ekan-da. Ammo negadirki EUvsDisinfo bunday xulosa bermagan.

Ushbu "soxta kurashchilar" ning asosiy ish texnikasi tasavvur qilib boʻlmas darajada oddiy: ular Rossiya tok-shousidagi biror bir ekspert fikriga yopishib olib, bu fikrni Kremlning oʻta ziyonkor rejasi sifatida taqdim etishadi. Xuddi shu koʻrsatuvda qarama-qarshi fikrlar ham yangrashi va bunday fikrlar hatto koʻproqligi haqida fakt esa shunchaki eʼtiborsiz qoldiriladi. Qarama-qarshi fikr aytgan ekspertdan iqtibos keltirib, u "Kreml fikri" sifatida taqdim etilsa - siz butkul boshqacha kartinaga ega boʻlishingiz turgan gap.

Doklad mualliflarini ular tomonidan taqdim etilayotgan "dalillarning" bir-biriga zidligi hech qachon bezovta qilmagan. Xususan, "Rossiyaning koronavirusga doir dezinformatsiyasi" boʻyicha dokladlarning birida mualliflar Rossiya davlat OAVlari "Xitoyni xalqaro tanqiddan ochiqchasiga himoya qilishayotganini" maʼlum qilishgan. Bu taʼkidga dalil sifatida esa RIA Novostida keltirilgan Dmitriy Peskov soʻzlari tirkab qoʻyilgan. Peskov oʻz gapida COVID-19ning sunʼiy kelib chiqishi haqidagi maxfiy nazariyani rad etgan boʻlgan.

© AFP 2018 / POOL

Shu bilan birga, EUvsDisinfoning jamiki hisobotlarida Rossiyaga qarshi tinimsiz yangrab kelayotgan asosiy "ayblovlardan biri" - virusning sunʼiy kelib chiqishi haqidagi nazariya — bu "takrorlanuvchi kremlparast dezionformatsion narrativ"dir. Yaʼni, bundan kelib chiqyaptiki, Peskov ham "kremlparast narrativga" qarshi chiqmoqda. Aftidan, "axborot spetsnazi" - Kreml nima haqda oʻylashini belgilovchi yagona organga oʻxshaydi.

Rossiya dezinformatsiyasiga qarshi kurashuvchi Yevropalik kurashchilardan yana bir misol.

Oktyabr oyida ular Rossiya OAVlariga tayangan holda, oxir-oqibat Ukraina hukumati Rossiya vaktsinasidan voz kechib, "Rotterdam+" ga oʻxshash sxemada vaktsinani Yevropada qayta sotish sxemasi orqali boyishlari haqida taxminlarni eʼlon qilishgan edi ("Rotterdam+" sxemasida Rossiyagya gazi Ukrainaga Yevropa gazi koʻrinishida olib kirilgan).

EUvsDisinfo ushbu taxminlarni keskin rad etib, oʻz oʻquvchilaridan (Yevrokomissiyadan ham shu jumladan) Rossiya OAVlari faqatgina ukrainalik bloger Anatoliy Shariy dan va uning Ukraina telekanaliga bergan intervyusidan iqtibos keltirganini aytadi.

Aftidan "Rossiya feyklariga qarshi kurashchilar" bunday "mayda-chuydani" eʼtiborga moli hisoblashmagan.

Agar bu haqda xabar berilganida - yevrokomissar Yurova mantigʻiga asosan, Ukrainaga sanktsiya qoʻllashga toʻgʻri kelardi.

Yevrokomissar dokladida Rossiyaga qarshi qatʼiy ayblovlar yangrashiga asos boʻlgan "rossiya dezinformatsiyasi maʼlumotlar bazasi" xuddi mana shu kabi gap yashirishlar, montaj, havolalarning berilmasligi, birinchi manbaga havolalarning yoʻqligi, ochiq manipulyatsiyalardan iborat.

Bundan tashqari, East Stratcom Task Force xabarlarining aksariyati Rossiyaning koronavirus vaktsinasiga qarshi asossiz (soxta, deb oʻqing) ayblovlarni oʻz ichiga oladi.

Yevropa Komissari Yurova "Rossiya dezinformatsiyasi"ga qarshi kurashda qatʼiy choralarni koʻrish bilan qoʻrqitar ekan, Gʻarb jurnalistlarini: "Biz "haqiqat vazirligi"ga aylanishni rejalashtirmayapmiz, deya "tinchlantirdi". Bir paytning oʻzida: "Yangi texnologiyalar dezinformatsiya emas, balki emansipatsiya vositasi boʻlishi kerak. Men saylovlarning nopok usullar raqobatiga aylanishini istamayman. Biz Cambridge Analytica va Breksit boʻyicha referendumni yetarlicha tomosha qildik", deb qoʻshib qoʻydi.

Shu gapni bekor aytdi. Chunki bu bilan yevropalik amaldorning oʻzi ochiqchasiga soxtakorlikka yoʻl qoʻydi, sababi Rossiyaning Breksitga aralashishiga oid barcha ayblovlar asossiz boʻlib chiqqan. Masalan, yaqinda Buyuk Britaniya sudi The Observer jurnalisti Karol Kadvalardni Yevropa Ittifoqidan chiqish uchun kampaniya homiysi boʻlgan Arron Banksdan uzr soʻrashga majbur qildi, jurnalist bir necha yil davomida Arronni "Kremlga ishlaganlikda" asossiz ayblab kelgan edi. Ammo, koʻrib turganingizdek, Yevropa komissarlari Britaniyaning referendumiga kimdir aralashgan, degan yolgʻon naqlni tarqatishda davom etishmoqda.

Va shu yerda Yurova tomonidan aytilgan soʻzlar maʼnosi oydinlashmoqda: Yevrokomissiya chindan ham "haqiqat vazirligini" yaratishni rejalashtirmayapti. Yevropa Ittifoqining rasmiy boʻlinmasidan Rossiyaga qarshi boʻlayotgan axborot kampaniyasining jirkanch usullariga qaraganda, Bryussel allaqachon oʻz "yolgʻonlar vazirligi" ni yaratgan, deya taxmin qilish mumkin. Hatto Oruellning ham bu aqli yetmasligi aniq edi.

Asosiy mavzular