14:18 27 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Kolumnistlar
Havola olish
196540

Karantin tufayli Toshkent va boshqa shaharlar yopildi, taksida yurish, niqob taqmay koʻchaga chiqish taqiqlandi. Bunday vaziyatda, asosiysi - niqobni koʻzga ham taqib olmaslik, aks holda yon-atrofda yordamga muhtoj kishilarni ham koʻrmay qolish mumkin.

...Karantin oʻz yoʻligaku-ya, lekin qarzlarni baribir toʻlash kerak. Hamkasabamdan menga kerakli bank ishlayotganini bilganimdan soʻng u yerga borib toʻlovni amalga oshirishga qaror qildim. Obedgacha bir soat vaqt qolgan edi, piyoda borish kerak boʻlgan masofa esa - 8 bekat.

Shahar koʻchalarida kam sonli boʻlsada avtomobillar bor edi, lekin manzilingni yaqin qila olmasa ularning boʻlganidan ne foyda?  Velosiped minishni bilmaganimga va elektrosamokatim yoʻqligiga, birinchi marta pushaymon boʻldim. Yonimdan skeytini gʻizillatib oʻtib ketgan bolaga havasim keldi.

Pustыe ulitsы Tashkenta
Sputnik / Dilshoda Raxmatova
Toshkentning boʻsh koʻchalari

Shu xayollar bilan qadamimni tezlashtirib salkam yugurib ketayotganimda oldimdan bir necha sumka va paketlar koʻtarib olgan ayolni koʻrib qoldim. Yosh ayol yuk ogʻirligidan egilib zoʻrgʻa qadam bosayotgan edi.

“Yordam beraymi?” degan savolimdan oʻz xayollari bilan band boʻlgan ayol dastlab eshitmadimi yoki kutilmagan boʻlgani uchunmi - bir zum shoshib qoldi.

Men eng katta sumkani koʻtarmoqchi boʻlib qoʻl choʻzdim. Sumka ichiga goʻyoki 5-6ta choʻyan dazmol solingandek ogʻir edi. Ayol meni toʻxtatib biroz uyalib, qoʻlimga yengilroq paketlarni uzatdi.

“Eh, charchab ketdim, Toshkentdan ketmoqchiman. Ish yoʻq, kvartiraga toʻlashga pul yoʻq, oziq-ovqatlar ham tugagan, biror qarindosh urugʻ ham yoʻq. Ertalab yoʻlga chiqqandim, haligacha shahardan chiqib keta olmayapman. Sobir Rahimovgacha piyoda yetib olmoqchiman!”, - deb arz qildi tasodifiy tanishim.

Sevaraning (keyroq ismini bilib oldim) soʻzlari meni hayratga soldi. Shuncha yuk bilan u Yunusoboddan Sobir Rahimovgacha piyoda yoʻlga chiqibdi. 17 km! - uch yarim soat toʻxtovsiz.

Shu payt toʻxtab atrofga nazar soldim, Sevara qarama-qarshi tomonga ketayotgan edi.

“Sobir Rahimovga borish yoʻlini bilasizmi?”, - deb soʻradim.

U yoʻq degan maʼnoda bosh chayqab qoʻydi.

Men hech narsa demadim. Boshimda koʻplab savollar paydo boʻlayotgan edi. Bor bisotini yigʻib, yoʻl bilmasdan piyoda bosh oqqan tarafga qarab ketish uchun naqadar tushkun ahvolda boʻlish kerak kishi...

Biz Akvapark oldida toʻxtadik. Bankkacha biroz qolgan edi.

“Siz boshqa tomonga ketayapsiz, - dedim men Sevaraga. – Men bankdan chiqquncha, uzogʻi bilan bir soat kutib tursangiz, ortga qaytishda sizni kuzatib qoʻyaman. Faqat iltimos hech qayerga ketmay shu yerda turing”.

Ayol kishi “xoʻp” deb bosh silkidi, men bankka kirib ketdim.  

Ortga qaytishda, men Sevarani ancha uzoqda ketayotganini koʻrdim. Mendan umidini uzgan shekilli, bir oʻzi yana yoʻlga chiqqan edi. Men unga yetib olib yana yuklarini koʻtarishda yordam berdim. Meni koʻrib u ham biroz dadillashdi.

Sotrudniki GUVD osuщestvlyayut proverku dokumentov
Upravleniye bezopasnosti dorojnogo dvijeniya GUVD g. Tashkenta

Yoʻl-yoʻlakay Sevara Toshkentda tibbiy hamshira boʻlib ishlaganini, bir necha kun oldin ularning poliklinikasi vaqtincha yopilganini va u ishsiz qolganini xabar qildi. Ayol asli buxorolik boʻlib 4 yildan beri Toshkentda joylashib olishga harakat qilayotgan ekan. Endi esa poytaxtdan butunlay ketishga qaror qilibdi. Ayol aytishiga qaraganda u bunday hayotdan charchagan. Tibbiyot xodimlari hozir hamma joyda kerak boʻlsa-da, lekin boshqa shaharliklar uchun  shunday murakkab vaqtda ham ishga joylashish qiyinligini aytdi. Ustiga-ustak uyda onasi ham kasal boʻlib qolgan, u kishiga ham qarash kerak.  

Uning bu iqroriga javoban, men hozir dunyoning koʻplab joylarida vaziyat bundan ham yomonligini, u boʻlsa harchand oʻz vatanida ekanini, bu yerda unga birov boʻlmasa boshqasi yordam berishi mumkinligini aytdim. Axir yuz minglab kishilar begona yurtlarda qolib ketib ushbu murakkab vaqtni yanada qiyinroq sharoitlarda oʻtkazmoqda.

Bunga javoban Sevara istehzoli kulib qoʻydi.

“Erta tongdan mana shu sumkalar bilan bir postdan ikkinchi postga kelayapman. Hech kim menga yordam bera olmadi. Hamma uyingga bor deydi. Uyim Buxoroda boʻlsa men qayerga boray?”

Suhbat bilan Universam bozorigacha yetib keldik, u yerdan Sobir Rahimov bekatiga qadar toʻgʻri yoʻl edi. U yerda, shahar chegarasidan tashqarida Sevarani buxorolik yurtdoshi kutib turgan edi. U Sevarani mashinada Buxoroga olib borishni vaʼda bergan.

Bekatda bir necha taksilar turar edi. Ularning old oynalarida “yetkazib berish” degan yozuvlar ilingan edi.

“Mana shu qizni Sobir Rahimovgacha olib borib qoʻyinglar, iltimos”, - deb ularga murojaat qildim. Taksichilar rozi boʻlmadi. Yoʻlovchi tashish uchun jarimalar ulkan, manzilgacha esa kamida 20ta post bor. Shunda men hech boʻlmasa ushbu ayolning yuklarini shahar chegarasigacha olib borib qoʻyishni soʻradim.

“Qirq ming soʻm”, - dedi haydovchilardan biri.

“Esinglar joyidami!?”, - dedi hayrat bilan mening charchagan yoʻldoshim.

Men taksichining koʻziga tikilib qaradim: zamon qiyin vaqtida sizlar xalqqa shunday yordam berayapsizlarmi, degan maʼnoda. U boʻlsa aybiga iqror boʻlgandek, boshini egib, narxlar oshishi bekorga emasligini, hozir odam va joʻnatmalar yoʻqligini, orqaga boʻsh kelishga toʻgʻri kelishini tushuntirib berdi. Ha, hammaning oʻz haqiqati bor.

Savdolashishga vaqt ham toqat ham yoʻq edi. Buyumlarini mashinaga joylab oʻzi piyoda Sevara oʻz uyi tomon toʻgʻri yoʻldan ketdi.

Mening oʻzim ham uyga yetib olganimda yaxshigina charchaganimni his qildim. Kechqurun Sevara qoʻngʻiroq qilib qoldi. U yordam uchun minnatdorlik bildirdi va tanishining mashinasiga yetib olganini xabar qildi. Ovozidan ham charchagani ham xursandligi bilinib turar edi.

Ana shunday jim va baxtsiz yolgʻiz yurganlar yoki oʻz-oʻzini yakkalash vaqtida bir oʻzi uyida oʻtirganlar qancha ekan? Hammasidan aylanib hol-ahvol soʻrab chiqa olmaysan, lekin shunday kishini koʻrib bilib qolsangiz – jim oʻtib ketmang. Axir yaxshilik dunyoni asrab qoladi, jumladan koronavirusdan ham.

Asosiy mavzular