12:37 28 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Kolumnistlar
Havola olish
213350

Ruslan Sharipov, albatta, mashhur inson edi, lekin talatoʻpdan uzoqroq yuradigan, oʻzini oʻrtaga uravermaydigan, qisqasi, haqiqiy ijodkor boʻlgan ekan. Bu endi bilinmoqda, vafotidan keyin.

Taniqli xonandaning oʻlimi bilan yana bir davr oʻz nihoyasiga yetdi.  

Musiqa qisqa muddatli tarixning, yaqin oʻtmishning, davrning ruhini berishda eng yaxshi vosita emasmi, qayta qurishning yakuni, mustaqillikning dastlabki yillari Ruslan Sharipovning qoʻshiqlari ruhi bilan uygʻunlashib ketgan.

Uning qoʻshiqlari milliy ruh, milliy zamindan biroz uzilgan edi. Lekin bilamizki, bolalar, yoshlar ruhi va ongiga singgan tuygʻu va gʻoyalar abadiy qoladi.

Xonanda-bastakorning biz bilgan qoʻshiqlari aynan yoshlar uchun moʻljallangan. Shu sababli ham bugun oʻsha ohanglar davrning ruhi, xotirasiday jaranglaydi.

Mana, xonandaning vafoti bilan davrlar oʻrtasidagi yana bir rishta  batamom uzildi. Aslida ushbu uzilish bundan oʻn yillar burun roʻy bergan edi. Lekin unda hali xonandaning hayot ekani uning qoʻshiqlari va ohanglarini xotiraga aylanishiga qoʻymagan edi. Bir zumda bu ovoz va ohang oʻtmishga aylandi.

Shu oʻrinda Ruslan Sharipov davri va undan keyingi zamon estradasidagi oʻxshashlik va farqlar haqida.

Oʻxshashlik: har ikkalasi ham yoshi ulugʻlarga yoqmagan

"Bolalar", "Setora", "Shahzod" va "Xoʻja" guruhlarining Ruslan Sharipov bastalagan qoʻshiqlari davrning ovozi boʻlib jaranglaganiga, bugun zamonning xotirasiga aylanganiga qaramay, baribir ularni yoshi ulugʻlar eshitmagan. Biroq, bilamizki, zamonaning rusumi va qoidalarini yoshlar belgilaydi. Ayniqsa sanʼatda. Ular koʻngil toʻlqinlarida gʻarq boʻlayotganda kattalar koʻproq tijorat va siyosat bilan band boʻladi-da.

Nima boʻlishidan qatʼiy nazar, Ruslan Sharipov oʻz davri estradasini yaratishda – biror yangilik olib kelishga,  original,  oʻziga xos boʻlishni istagan. Shuning uchun ham u yaratgan ohanglar va qoʻshiqlar – oʻz davrini yaqqol ifodalab beradi. Yillar oʻtgan sari ushbu ohanglar 80-90 yillarning yanada yorqinroq timsoliga aylanadi. Bunda, albatta, biz tilga olayotgan bastakorning oʻrni beqiyos.

Yana bir oʻxshashlik bu – har ikki davr estradasidayam adabiyotdan uzoqlik, sheʼriyatni chuqur tushunmaslik, soʻzga eʼtiborsizlik va bunga harakat ham qilmaslik (Balki bu estradaning umumiy xususiyatidir).

Farq: na maʼno, na oʻziga xoslik…  

Bugungi estradaga esa, nafaqat oʻziga xoslik, balki oʻz fikriga ega boʻlish ham yetishmayapti. Retro, deb eski qoʻshiqlarni qayta kuylash odat tusiga kirgan. Toʻgʻri, ilgari ham eski qoʻshiqlarni yangi kuyga solib aytishgan, lekin yangi qoʻshiqlar albatta oʻzida yangi bir xususiyat, yangi ohang yoki oʻzgacha uslub kasb etgan. Aksincha, buning nimasini ijod deyish mumkin?

V studii zvukozapisi
© Flickr / Dave Kleinschmidt

Soʻzga eʼtiborsizlik yanada kuchaydi. Oʻzbek klassik shoirlari asarlari umuman sahnani tark etdi desa ham boʻladi.  Har zamonda dolzarb boʻlgan, klassiklar orasida eng sodda va tushunarli shoir Mashrab gʻazallariga umuman murojaat qilmay qoʻyishdi.

Savol: Nega? uni tushunish ogʻirlashmoqdami? Millat oʻzgarib, oʻz-oʻziga begonalashib bormoqdami?!

Balki bunga adabiyot aybdor? Balkim qoʻshiqbop sheʼrlar yozilmayotgandir?  

Lekin gap adabiyotda emas. Adabiyot rivojlanmoqda. Faqat estrada borgan sari undan uzoqlashmoqda. Estrada – ommabop-tomosha janri boʻlgani uchun koʻproq tomoshabin fikriga bogʻlangan. Yaʼni mijoz qanday "taom" buyursa oʻshani sahnaga olib chiqadi. Adabiyot esa, qanchalar gʻalati tuyulmasin, oʻquvchisiz ham rivojlanaveradi.

Bu holat esa – davrda, avlodda fikr va tuygʻular taqchilligidan darak beradi. Ha-ha, bugungi estrada jamiyatdagi – fikrsizlik, goʻllik va didsizlikdan darak beradi. Ishonmasangiz eshitib koʻring.

Demak fikrlaydigan, oʻziga xoslikka intiladigan avlod yoʻqolib bormoqda, ijodkorlik yetishmayapti. Ana shu narsa butun jamiyatni tashvishga solishi lozim.

Hozirgi zamon "shedevrlari" 

Hozir "Voy, mani akaxonlarim!" degan yoki "Vapshe, malades!" degan xonishlaring oʻziyoq odamlarning qulogʻiga yelimday yopishmoqda. Bunda endi kimni ayblash ham mushkul: sanʼatkornimi, tinglovchinimi? Tuzukroq qoʻshiq bastalab, xalqning saviyasini oʻz ortidan olib ketishga qodir boʻlmagan bastakorlarnimi?

Oʻzi, aslida tinglovchi anchayin yengiltak boʻladi. Ayniqsa estrada tinglovchilari. Bastakor, ijodkor oʻzini biroz balandroq qoʻya bilishi, tinglovchini oʻzi tomonga ogʻdira olishi lozim ekan, oʻzi tinglovchi ortidan ergashmay.

Qadri bilinmay oʻtib ketdi

Ruslan Sharipov shunday bastakorlardan edi: tinglovchining xohishini tushunib yetadi, unga yon bosadi, lekin oʻzining talablarini ham qoʻya biladi.

Afsusli tomoni – bastakor endi milliy ruhga oʻtib, falsafiy qarashlar bilan, mulohazali qoʻshiqlar yaratadigan davri kelganida turli muammolarga duchor boʻldi, muammolarni bartaraf etganida esa, hayot yakun topdi!

Shunday, Ruslan Sharipov shoʻx, quvnoq, mayin ohangli qoʻshiqlari bilan oʻz davrining timsoli boʻlib qoladi.

Bastakor koʻp bora soyadan chiqishga uringaniga qaramay, uning tabiatidagi kamtarlik qon-qoniga singib ketgan ekanmi, oʻzi amalga oshirgan ishlarchalik, shuhratga ega boʻlolmadi.

Mana, hatto oxirida ham, davrning ruhi va ovozi boʻlishiga qaramay, koʻproq "Nargizning sobiq turmush oʻrtogʻi" sifatida eslanmoqda. Holbuki u bu dunyoda Nargizga uylanishdan ham kattaroq va muhimroq ishlarni qilgan. Zamondoshi boʻlgan har bir koʻngilda oʻz davri va oʻziga kichikkina boʻlsa-da, haykal oʻrnatgan. Faqat biz koʻnglimizga eʼtibor bermay qoʻyganmiz.

Asosiy mavzular