20:47 19 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB137.65
  • EUR12194.82
  • USD10295.33
Kolumnistlar
Havola olish
171031

Jamiyat qadriyatlari va davlat qonunlarini tan olmaydigan "Iyegova shohidlari"* koʻplab mamlakatlarga katta zarar yetkazmoqda.

Asli buxorolik boʻlgan, ancha yillardan buyon Toshkentda istqomat qiluvchi Farrux, diniy kelishmovchiliklar tufayli oilasidan mahrum boʻlganini soʻzlab berdi.

"Toʻgʻrisini aytsam, bir kun kelib diniy ziddiyat tufayli ayolim va ikki nafar gulday farzandimdan ayrilaman deb oʻylamagan edim", deya gap boshladi suhbatdoshim.

Farrux oliy maʼlumotli yurist, biroq diplomi boʻyicha bir kun ham ishlamagan, biznes sohasini tanlagan. Turmush oʻrtogʻi – Marina bilan 2010 yillarda tanishgan va nikoh oʻqitishgan. Bugungi kunda oila ajragan.

U boʻlajak turmush oʻrtogʻi bilan endi tanishgan vaqtlarida Marina otasi oʻzbek, onasi rus, oʻzining nasroniyligini aytgan. Lekin yigitga turmushga chiqayotganida musulmoncha nikoh oʻqitishni xohlab, oʻz xohishiga koʻra, musulmon dinini qabul qilgan.

Juftlik 10 yil el qatori hayot kechiradi, yaxshi-yomon kunlarni birgalikda yengib oʻtadi va, hatto, orada Rossiyada yashab, ishlab qaytishadi. 2018 yilda chetdan qaytib, rasmiy nikohdan oʻtishadi va Toshkentning Yunusobod tumanidan uch xonali kvartira olib, yashay boshlashadi.

Yunusobod – Marina tugʻilib, oʻsgan joy boʻlgani uchun, koʻp oʻtmay oila hayotida «yangi» eski tanishlar paydo boʻladi. Oilada sekin-asta tushunmovchiliklar, mayda janjallar boshlanadi.

"Rafiqam kunlarning birida dasturxon ustida "omin" qilmay qoʻydi. Har doim ovqatdan keyin onasiga qarab omin qilishga oʻrganib qolgan bolalarim ham bundan, gʻalati holatga tushishdi. Keyin arzimagan janjal bilan meni uydan chiqarib yuborishni odat qildi. Keyin bildimki, bu vaqtga kelib "shohidlar" ayolimni toʻliq oʻziga ogʻdirib olishga ulgurgan ekan. Vaziyat shu darajaga yetdiki, "sen bilan bitta uyda yashay olmaymiz, alohida yasha", deyishgacha bordi", deya hikoya qiladi Farrux.

Marina Farruxning koʻz oʻngida oʻzgarib borardi. Gaplashib olishga rozi boʻlmas, savollariga javob bermas, hatto uch xonali uyni sotib, homilador holiga Yashnobod tumaniga koʻchib ketadi.

Ikki yil oilamni qaytarishga urindim

Farrux oilasini qutqarib qolish maqsadida, Marinaga nima boʻlayotgani sababini chuqurroq anglash uchun ayolini oʻz xoliga qoʻyishga va hatto u aytgan talablarni bajarishga harakat qiladi.

Ammo bu befoyda edi. Marina "sekta" hayotiga shoʻngʻigan, tunu kun ularning yumushlari bilan band, oilada hatto oddiy tugʻilgan kun ham nishonlanmaydigan boʻldi.

– Boshida sabr bilan qaytarishga harakat qilgan boʻlsamda, kunlarning birida oʻta gʻazablandim. Iyegova shohidlari oilamni parokanda qilyapti, oʻzlarining uyushmasiga toʻngʻich qizimni toʻliq tiqib boʻlganini, men esa qoʻlimdan hech narsa kelmayotganini, tang ahvoldaligimni tan olib, bularning Chirchiq shahridagi "Zal tsarstva" degan cherkoviga kirib bordim. Bilasizmi, tashqi koʻrinishi saxiy, mehribon, beozor koʻringan bu odamlar aslida siz oʻylaganday emas. Hamma aytganlarimga qisqa qilib, "bu uning xohishi", deya javob qaytarishdi. Oila parokanda boʻlayotgani masalasi ularni mutlaqo bezovta qilmadi. Hamma qilayotgan ishlari oʻqiyotgan adabiyotlariga qarshiligini dalillar bilan isbotlagan vaqtlarim ayolim "bizlarga tortishish mumkin emas", deya muloqotga nuqta qoʻyar edi. Shu tariqa bizlar bir-birimizga begonalashib ketdik.

Ikki yillik janjalli turmushdan soʻng, ming qaytarishga urinmay, Marina tanlagan yoʻlidan qaytmasligini aytgach, turmushimiz ajrim bilan tugadi.

Din Vatan himoyasidan ulugʻ

Iyegova shohidlarining taʼlimotida harbiy xizmat taqiqlanadi. Harbiy harakatlardan ishtirok etish esa inchunin. Hatto vatanni himoya qilish uchun ham qoʻlga qurol olish mumkin emas.

© Sputnik / Dilshoda Raxmatova.
Voyennыe otmechayut, chto sluchayev otkaza ot slujbы v armii po religioznыm ubejdeniyam stanovitsya vse bolshe

Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani Mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻining soʻzlariga koʻra, xizmatdan qochadigan iyegovchilar uncha koʻp emas, lekin ular bor.

U yaqinda yuz bergan bir holatni eslaydi. Yigit ancha vaqtgacha oʻzining sogʻligi jihatdan yaroqsizligini aytib, xizmatdan qochishga uringan. Tibbiy xulosa esa buning aksini koʻrsatgan. Oxir-oqibatda yigit Iyegov shohodlaridan ekanini tan olib, armiyada xizmat oʻtashi mumkin emasligini aytadi.

Bu kabi fuqarolar alternativ xizmatni oʻtaydi. Buning uchun xizmatni rad etishning asoslantirilgan sabablari koʻrsatilgan ariza bilan mudofaaga koʻmaklashish boʻlimiga murojaat qilishi lozim boʻladi.

Davlat va jamiyatdan xoli 

“Iyegova shohidlari" faoliyati MDHning koʻplab mamlakatlarda taʼqiqlangan. Jumladan Rossiya, Gruziya va Tojikistonda ham. 

Sekta AQShda tashkil etilgan emasmi, ish uslubi xuddi yaxshigina tijorat tashkilotining reklamasiga oʻxshaydi - chiroyli rasmli bukletlar va oʻta xiralik bilan odamga "yopishib" olishadi.

1990 yllarda Oʻzbekiston shaharlarida bundayin xira suhbatdosh – Iyegova shohidlari (Yahve guvohlari) sektasining missionerlariga duch kelmagan insoning oʻzi boʻlmasa kerak.

Oʻn yillik oxiriga kelib, islomiy ekstremizm  va radikalizm kuchayish fonida Oʻzbekistonda prozeltizm  (birovni oʻz diniga ogʻdirib olish) va missionerlik faoliyati taʼqiqlandi, "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar" toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartirishlar kiritildi va uning ijrosi talab etila boshlandi. Shundan soʻng koʻchalarda buklet koʻtarib yuradigan targʻibotchilar yoʻqoldi. 

Oʻzbekistonda “diniy ekstremizm” deyilganda koʻproq islom dinini niqob qilib olgan tashkilotlar tushunilsa-da, “shohidlar”ning faoliyati ham ushbu Qonun taʼsiri doirasiga tushdi. Chunki ularning qilmishlari jamiyat uchun, uning maʼnaviy-axloqiy asoslari, ustunlari uchun boshqa ekstremistik tashkilotlarnikidan kamroq zarar keltirmasdi.

Na ilm na din

Koʻrinishidan beozor “beozor” boʻlgan ushbu sekta, aslida - oʻta xavfli. Chunki, ular na insoniy xulq-atvor qoidalarini, jamiyat qadriyatlarni va na davlat tomonidan belgilangan qonun-qoidalarini tan oladi.

Ularning taʼlimi asosida - umuminsoniy Armageddon, yaʼni Qiyomat kuni. Bu kunda Iso bilan Shayton qoʻshini oʻrtasida jang boʻladi. Sektachilar, oʻz vatanini himoya qilmaganlaridek, bu jangda ham ishtirok etmaydi, kuzatishadi.

Armageddondan keyin sektaning "kichik poda" deb ataladigan (imoni mustahkam va sekta yoʻlida koʻp xizmat qilgan) alohida toifasi – 144 ming kishi osmonga chiqib ketadi, "ruhiy tanada" qayta tiriladi, "boshqa qoʻylar" (oddiy sektachilar nazarda tutilgan) yerda qoladi va ming yil Iso Masih podsholigi ostida yerdagi jannatda boʻlishadi. Shundan soʻng iblis bilan sinov boʻlib, shayton va uning ortidan ergashganlar tag-tugi bilan yoʻq qilib tashlanadi. Nihoyat mana shu jangda "shohidlar" ishtirok etadi.

Xullas, «shohid»larning keyingi ming yillik borasidagi qisqacha hayot stsenariylari mana shunday. Saxiylik bilan hammaga jannat vaʼda qilingan. Kimgadir yerda, kimgadir osmonda.

Sekta rahbarlari bir-necha bor qiyomatni «bashorat» qildi, birortasi ham roʻyobga chiqmadi. Natijada bunaqa subutsizlik tashkilotning obroʻyini tushirib yubordi va 1995 yilda rahbariyat "bundan keyin qiyomat kunining aniq sanasini belgilash maqsadga muvofiq emas", degan xulosaga keldi.

Eʼtiqodlar kelishuvi: oʻrtada begona yoʻq

Oʻzbekistonda ming yillar davomida turli eʼtiqodlar yonma-yon, bir biriga koʻnikib, oʻzaro tushunish hosil qilgan holda yashab kelmoqda. Sekta esa hech qanday davlat va jamiyat qadriyatlarini tan olmasligi - kundek ravshan.

Dunyoning eng yirik toʻrt dini zamin tarixi orqali oʻtib, unda oʻz izlarini qoldirdilar. ularning hech biri boshqa din hududiga, taʼsir doirasiga tajovuz qilmaydi. Ana shunday nozik muvozanat hukm surayotgan jamiyatda tashqi buzgʻunchi kuchning paydo boʻlishi - katta xavf va ixtiloflarga olib kelishi muqarrar. 

Oʻzbekistonda Mustaqillikning ilk yillarida Iyegova shohidlarining 2ta tashkiloti ochilgan edi. Biri - Fargʻonada ikkinchisi - Chirchiqda. Bugungi kunda faqat Chirchiqdagisi qolgan.

Islom akademiyasi dotsenti Davron Maqsudov aytishga koʻra, sektachilar jamiyatga, ayniqsa yoshlarga juda katta zarar yetkazishi mumkin. Buni oldini olish uchun, birinchidan, odamlar orasida keng tushuntirish ishlari olib borish kerak. 

"Sektachilar koʻp hollarda bepul ovqat tarqatish yoki boshqa xayr-ehson aktsiyalari bilan oʻz saflariga odamlarni chorlaydi. Shuningdek ular tibbiyot maskanlarida ham targʻibot ishlari olib borishadi. Bu amaliyotlarni qonun bilan cheklash kerak", - deydi ekspert.   

Mutaxassis fikriga koʻra, sektachilarning qirq/oʻn nomli ilmida - alohida xavf bor. ular Yer sharining 40 va 10 paralellari orasidagi yerlarda Injilni targʻib qilishni nazarda tutadi. Ushbu hududga Markaziy Osiyo ham kiradi. 

Sekta faoliyatining ijtimoiy oqibatlari ham achinarlidir - odamlar oʻzlarining barcha mulklarni sotib sektaga berishi va faqat Injil bilan qolishni talab qiladi. 

Sektachilar hech kim - na katoliklar, na pravoslavlar va na musulmonlar bilan kelisha oladi. Boshqa din vakillarini esa ular mutlaq tan olmaydi, deydi mutaxassis.  

* Rossiya va qator davlatlarda taqiqlangan tashkilot

Asosiy mavzular