09:33 01 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB132.07
  • EUR12003.57
  • USD10321.21
Madaniyat
Havola olish
144930

Moskvadagi Qoʻli gul oʻzbek ustalari hamda serquyosh oʻlka - Oʻzbekistonga safaridan ilhomlanib oʻz ijod namunalarini yaratgan mohir rus hunarmandlarining eng sara ekspozitsiyalari Moskvadagi Umumrossiya amaliy sanʼat muzeyida oʻtkazilgan "Oʻzbekiston madaniy merosi xazinalari" koʻrgazmasida namoyish etildi.

TOSHKENT, 26 avg — Sputnik, Dilshoda Raxmatova. Shu kunlarda Moskvadagi Umumrossiya bezak va amaliy sanʼat muzeyida, Tretyakovka galereyasi ishtirokida tayyorlangan “Oʻzbekiston madaniy merosi xazinalari” koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda.

Tashkilotchilarning taʼkidiga qaraganda, bunday keng koʻlamli koʻrgazma birinchi marotaba oʻtkazilmoqda.

Koʻrgazmaningi oʻzbek milliy matolariga bagʻishlangan boʻlimida Buxoro zardoʻzlarining mohir qoʻllari bilan yaratilgan nafis buyumlar bilan tanishish mumkin. Shuningdek, oʻzbek kulolchilik namunalari ham kishini mahliyo qilmay qoʻymaydi. Umumrossiya muzeyining beshta zalida bundan tashqari, 1930-yillarda yaratilgan zargarlik buyumlari, metall buyumlar, yogʻoch oʻymakorligi va yogʻoch naqsh sanʼati, bezatilgan patnislar, musiqa asboblari, kashtadoʻzlik buyumlari, oʻzbek milliy kiyimlari-yu, boshqa koʻplab qiziq eksponatlarni tomosha qilish mumkin.

Oʻzbekiston madaniy merosi hazinasi koʻrgazmasi. Arxiv surat
© Sputnik / Vadim Shekun
Moskvada Oʻzbekiston madaniy meʼrosi koʻrgazmasi
Ushbu kollektsiyalar rossiyalik mohir ustalar tomonidan Oʻzbekiston mavzusida yaratilgan sanʼat asarlari namunalari bilan toʻldirilgan. Jumladan, Fedoskino, Mster va Xoluyalik ustalarning oʻzbeklar maishiy va kundalik hayotiga bagʻishlangan miniatyuralari bilan bezatilgan.

“Siz hozir oldida turgan eshik, Umumrossiya amaliy sanʼat muzeyining 1939 yilda Oʻzbekistonga uyushtirilgan ekspeditsiyasida olib kelingan, — deydi Tatyana Rыkova, muzey saqlovchisi.  - Oʻzbek uylari xususiyatlardan biri, bu – ichki xonalarning kamtarona boʻlishiga qaramasdan, kirish eshigining hashamatli bezatilishidir. Koʻrgazmamizda namoyish etilayotgan shiyponcha, xontaxta va yogʻoch parda 1937 yilgi Parij koʻrgazmasi uchun atay mohir oʻzbek ustalari tomonidan tayyorlangan. Oʻshanda oʻzbek yogʻoch oʻymakorlik va zardoʻzlik sanʼati asarlari Parijda bir nechta oltin va kumush mukofotlarga sazovor boʻlgan. Oʻzbekistonlik oʻymakorlar ishlagan buyumlarning dongʻi butun dunyoga mashhur.” 

Oʻzbekiston madaniy merosi hazinasi koʻrgazmasi. Arxiv surat
© Sputnik / Vadim Shekun
Oʻzbekiston madaniy meʼrosi koʻrgazmasi
Muzey saqlovchisi Rыkovaning soʻzlariga qaraganda, koʻrgazma tashkilotchilari oʻzbek amaliy sanʼatini keng koʻlamda, uning bor husni-tarovatini koʻrsatib berishga harakat qilishgan. “Eksponatlarning bari yorqin boʻyoqlar va rang-barang naqshlar bilan bezatilgan. Oʻzbeklar shubhasiz, bezashga usta”, — deya eʼtirof u.

Oʻzbek meʼmorchiligida muhim rol oʻynagan yogʻoch oʻymakorlik sanʼati kundalik roʻzgʻor buyumlari tayyorlashda ham oʻz ifodasini topgan. Turli sandiqchalar, javonlar, qutichalar, xontaxtalar, milliy musiqa asboblari, koʻp qirrali bezakli stolchalar, shiyponchalar shular jumlasidan.  XIX asr oxiri XX asr boshlarida sharqona uslubda yasalgan ushbu buyumlar Yevropada juda  talabgir boʻlgan.

Oʻzbekiston madaniy merosi hazinasi koʻrgazmasi: quticha. Oʻzbekiston, Toshkent 1936 yil
© Sputnik / Vadim Shekun
Oʻzbekiston madaniy meʼrosi koʻrgazmasi.
Yogʻoch oʻymakorligi sanʼatida Oʻzbekistonda mahalliy yogʻoch turlarining eng yaxshilaridan foydalaniladi: yongʻoq, chinor, qayrogʻoch, archa, tut, terak va oʻrik. Koʻrgazmada bezatilgan guldonlar, koʻzachalar, turli oʻlcham va koʻrinishdagi laganlar va ayollar buyumlari namoyish qilingan.

Ekspozitsiya markazida Rossiya naqsh va bezak sanʼati markazlari hisoblangan Fedoskino, Mster va Xoluyalik ustalarning Oʻzbekistonga sayohatlari taasurotlari asosida Oʻzbekiston mavzusida yaratilgan ishlari oʻrin olgan. 

Ushbu ustalar yaratgan miniatyuralarning asosiy qahramonlari oddiy mehnatkash xalq vakillaridir.

Nomaʼlum mualliflar tomonidan 1930 yillarda yaratilgan “Oʻzbeklar choy ichmoqda”, “Oʻzbek gilamdoʻz ayollari” asarlarida, fedoskinolik usta Kruglikov Alekseyning “Oʻzbeklar. Gazeta oʻqish” va usta Semenov Ivanning  “Oʻzbeklar choyxonada” asarlarida rus rassomlari tomonidan oʻzbek mahalliy turmushining oʻziga xos fazilatlari, betakror oʻziga xosligini va milliy xususiyatlari aks ettirilgan. Miniatyuralar janubiy oʻlka quyoshi nurlarini oʻziga singdirib olgan yorqin ranglari hamda loʻnda va ishonarli obrazlari bilan ajralib turadi.

Oʻzbekiston madaniy merosi hazinasi koʻrgazmasi. Arxiv surat
© Sputnik / Vadim Shekun
Moskvada Oʻzbekiston madaniy meʼrosi koʻrgazmasi
Sanʼat asari darajasida yaratilgan milliy kiyimlar ham alohida diqqatga sazovor. Oltin va kumush kashtalar bilan bezatilgan duxobalardan tikilgan chopon, nimcha va doʻppilar shular jumlasidan. XX asr boshida Buxoroda tikilgan, chetlari ipak tasma bilan bezatilgan duxoba chopon oʻzbek zardoʻzi ustalari mohirligining oliy darajasini namoyish qiladi.  

Oʻzbekistonda odat boʻlgan, matolarga bezak berish sanʼati – bu xalq ustalarining oliy darjadagi mohirlik belgisi boʻlib, u oʻtgan zamon urf-odatlari bilan bir qatorda zamonaviylikni oʻzida mujassamlashtirgan. Maʼnodor naqshlar, chiziq va ranglar uygʻunligini oʻzida jam qilgan milliy matolar yaratish hunari — sanʼat darajasiga koʻtarilgan.

Oʻzbekiston madaniy merosi hazinasi koʻrgazmasi. Arxiv surat
© Sputnik / Vadim shekun
Moskvada Oʻzbekiston madaniy meʼrosi koʻrgazmasi.
Oʻzbekistonda yaratilgan eng mashhur mato, bu – “Xon atlas”, albatta. “Xon-atlas” vatani boʻlgan Fargʻona vodiysida uni, bulutga oʻxshash boʻlgani uchun — “abrova” deb atashadi. Yevropada esa atlas matolar “ikat” deb nom olgan.

“Xon-atlas”, shubhasiz Oʻzbekistonning haqiqiy boyligidir. Uning ostki qatlamida ingichka chiziqlar bilan chizilgan naqsh — eng muhim oʻrin tutadi. U kiyim egasini koʻz tegishidan saqlaydi. Undan tashqari “Xon-atlas”da  “toʻmorcha”, “taroq”, “ilon izi”, “chirogʻ”, turli gullar va oʻsimliklar, inson va hayvonlar ramzi solingan boʻlib, ushbu tasvirlar tarixi Zardoʻshtlik davrlariga borib taqaladi. Qadim zamonlarda ushbu naqsh va gullarning ramziy maʼnosi, bu — kiyim egasini turli balolardan saqlash boʻlgan.

Oʻzbekiston madaniy merosi hazinasi koʻrgazmasi. Arxiv surat
© Sputnik / Vadim Shekun
"Oʻzbekiston madaniy merosi hazinasi" koʻrgazmasi. 19 asrga oid liboslar.
“Bu yerda namoyish etilgan matolar, umuman barcha bezatilgan matolar butun ekspozitsiyaga takrorlanmas kolorit baxsh etadi. Biz Oʻzbekiston haqida eslaganda, barkamol meʼmorchilik yodgorliklaridan tashqari, yorqin va rang-barang kiyimlarni va ushbu kiyimlardagi odamlarni koʻz oldimizga keltiramiz. Biz oʻz koʻrgazmamizda,  oʻzbek mato yaratuvchi, zardoʻz va doʻppidoʻz chevarlari erishgan mukammallik va barkamollik darajasini koʻrsatishga harakat qildik. Biz oʻz koʻrgazmamizda hayratomuz naqshlar bilan bezatilgan “soʻzana”larni ham namoyish qilmoqdamiz. Oʻylaymizki, ular barcha sanʼat asarlari muxlislariga manzur boʻladi”, — deydi muzeyning matolar boʻlimi boshligʻi Svetlana Israyelova.

Soʻzana (fors. nina bilan tikilgan) – ipak,yoki paxta matoga rang –barang ipak iplar yordamida tikilgan turli gul va naqshlar bilan bezatilgan devor kashtasidir.  Qadim zamonlarda bunday devor bezagi har bir uyda mavjud boʻlgan. Eng katta soʻzanalar boʻyi va eni bir necha metrli boʻlib, odatda, ular oilada katta toʻy yoki bayram munosobati bilan tikilgan.   

Urf-odatlarga koʻra, oʻzbek oilasida qiz bola tugʻilsa, onasi unga atab soʻzana tika boshlagan. Keynchalik, ushbu soʻzana qiz bolaning nikoh toʻyiga sovgʻa boʻlgan.

Qizlar esa oʻz soʻzanalarini 10-12 yoshdan tika boshlaganlar va uni nikoh toʻyiga qadar yakunlashlari kerak boʻlgan. Odatda soʻzana ustida ish oxiriga yetkazilmagan. Bu — kelinning kelajakda qiz koʻrish niyati borliginini anglatgan. Yaʼni qizaloq onasi boshlagan ishni davom ettirishi mumkinligi maʼnosini ifoda etgan.

Oʻzbekiston madaniy merosi hazinalari koʻrgazmasi. Arxiv surat
© Sputnik / Vadim Shekun
Moskvada Oʻzbek madaniy meʼrosi koʻrgazmasi. Soʻzana.
Qadim zamonlarda, zardoʻzlik va tikuvchilik hunari juda yuqori baholangan. Agar sovchilar kelgan qizning qoʻlida zardoʻzlik hunari borligi maʼlum boʻlsa, unga beriladigan qalin narxi yuz barobar oshib ketgan…

Oʻzbekiston amaliy saʼatining benuqson namunalarini koʻrishni istagan moskvaliklar va shahar mehmonlari 25 sentyabrga qadar koʻrgazmaga tashrif buyurishlari mumkin.

Asosiy mavzular