TOSHKENT, 6 dek — Sputnik. Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, adabiyot, madaniyat, sanʼat, maʼnaviyat va maʼrifat, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy sohalar xodimlariga mukofot topshirish marosimi oʻtkazildi, deb xabar qilmoqda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi matbuot-xizmati.
"Tadbirda Oʻzbekiston mustaqilligini mustahkamlash, milliy gʻoyani rivojlantirish, maʼnaviyatimizni tiklash, oʻzligimizni anglash yoʻlida katta hissa qoʻshgan, yorqin isteʼdodi va ijodi, ilmiy faoliyati, halol xizmati, yoshlarni ona yurtga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida sogʻlom va barkamol etib tarbiyalash hamda jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun 82 nafar fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, adabiyot, madaniyat, sanʼat, maʼnaviyat va maʼrifat, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy sohalar xodimlariga faxriy unvonlar va orden va medallar topshirildi", — deyiladi xabarda.Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchi Xayriddin Sultonov ishtirok etib, nutq soʻzlagan.
Eslatib oʻtamiz, aktrisa Zuhra Ashurova Oʻzbekiston xalq artisti, xonandalar Ulugʻbek Rahmatullayev va Milena Madmusayeva Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist unvonlari bilan, xonandalar Mashhurbek Raimjonov, Manzura Yoʻldosheva, Nargiza Abdullayeva, Akbar Otumahammedov, shoir Botir Ergashev "Shuhrat" medali bilan taqdirlangan edilar.