TOShKENT, 5-may — Sputnik. O‘zbek rassom ayollaridan biri, hayotini san’atga bag‘ishlab, noyob asarlarni yaratgan ijodkor ayol Shamsro‘y Hasanova O‘zbekiston tasviriy san’ati tarixida munosib o‘rnini egallagan. U o‘zining ajoyib san’at asarlari bilan halqaro ko‘rgazmalarida ishtirok etgan. Bu haqda O‘zbekistonning Birinchi prezidentining kenja qizi Lola Karimova-Tillayeva o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.
1938 yilda Shamsro‘y Hasanova O‘zbekiston Davlat san’at muzeyiga ishga kirdi va bu madaniy maskanda ekskursovod vazifasidan rahbar lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.
Aynan muzeydagi faoliyati Sh. Hasanovaga tasviriy san’at durdonalari bilan yaqindan tanishish imkonini yaratib berdi. U sharq miniaturasi san’atini o‘rgana boshladi. Tarixiy portretlarni yaratishga alohida e’tibor qaratib, o‘rta asrlar madaniyati va adabiyoti sohasida faoliyat yuritgan bir qator sharq ayollarining suratini aks ettirdi. Zebuniso, Nodirabegim, Uvaysiy, Mutriba singari shoiralarning obrazi orqali Sharq ayolining ruhiy erkinligini ifoda etishga harakat qildi. Bu mavzu rassomlik bilim yurtida o‘z yaqinlaridan pinhona ta’lim olgan Shamsro‘y uchun juda yaqin edi.
Shamsro‘y Hasanova 39-yil umr ko‘rdi. Shu qisqa umr davomida u tasviriy san’atning tarixiy portret yo‘nalishi rivojiga katta hissa qo‘shdi, zamonaviy o‘zbek san’atida birinchilardan bo‘lib naturmort janriga qo‘l urdi. Uning asarlari xalqaro maydonda namoyish etilgan.
Jumladan, 1947-yilda Moskva va Pragada, 1948-yilda Parijdagi ko‘rgazmalarda namoyish etilgan.
Shamsiro‘y Hasanova tomonidan yaratilgan san’at asarlari O‘zbekiston tasviriy san’ati tarixida o‘zining munosib o‘rnini egalladi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.