TOShKENT, 19-may — Sputnik. Toshkent shahrida ulug‘ turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli nomidagi ko‘cha va unga bag‘ishlangan me’moriy yodgorlik ochildi, deb xabar qildi Toshkent shahar hokimligi matbuot-xizmati.
O‘zbekiston madaniyat vaziri M.Murodov, Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, Turkmaniston Respublikasining mamlakatimizdagi Muvaqqat ishlari vakili O.Xummiyev va boshqalar o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik, ahillik, qalb va madaniyat yaqinligi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik rivojiga asos bo‘layotganini, Maxtumqulining ikki xalq do‘stligini mustahkamlashdagi xizmatlari beqiyos ekanini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyevning shu yil 6-7 mart kunlari Turkmanistonga davlat tashrifi O‘zbekiston tashqi siyosatda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga alohida ahamiyat qaratayotganining yaqqol isboti bo‘ldi.
Mazkur tashrif davomida Amudaryoda qurilgan Turkmanobod-Farab avtomobil va temir yo‘l ko‘priklari, ushbu shaharda O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov nomidagi markaziy ko‘cha va yodgorlik majmuasi ochilgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan shu yilning 19-20 may kunlari amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘lishi mazkur oliy darajadagi muloqotning mantiqiy davomidir. Ushbu tashrif oldidan Toshkent shahrida atoqli turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli nomidagi ko‘cha va unga bag‘ishlangan me’moriy yodgorlik ochilishi O‘zbekistonning qardosh va birodar turkman xalqiga yuksak hurmat va e’tiborining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. Monumental yodgorlik muallifi — xorazmlik yosh haykaltarosh Jasvand Annazarov.
O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid o‘zbek va turkman xalqlarining do‘stligi tarannum etilgan "O‘zbek-turkman manzumasi" she’rini o‘qib berdi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari Maxtumquli she’rlaridan namunalar o‘qidi, shoir she’rlari bilan aytilgan qo‘shiqlar ijro etildi.
Maxtumquli yodgorligi poyi gullarga burkandi.