TOSHKENT, 21 dek - Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Islom tsivilizatsiyasi markazi quriladigan hududga tashrif buyurib, qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbari markazni pardozlash va jihozlashni takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Koʻrgazmalar zalida Oʻzbekiston tarixi davrlar boʻyicha, har bir asr, har bir allomaga oid manbalar va ashyolar asosida namoyish etilishi zarurligini taʼkidladi.
Prezident qurilish jarayoni bilan tanishdi. Koʻrgazmalar zalida Oʻzbekiston tarixi davrlar boʻyicha, har bir asr, har bir allomaga oid manbalar va ashyolar asosida namoyish etilishi zarurligini taʼkidladi.

“Hamma oʻz tarixini ulugʻlaydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yoʻq. Bu merosni chuqur oʻrganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam tariximiz haqida toʻla tasavvurga ega boʻlishi, katta maʼnaviyat olib ketishi zarur”, - dedi Mirziyoyev.
Prezident joriy yil 15 iyun kuni Oʻzbekiston Islom tsivilizatsiyasi markazi quriladigan hududga tashrif buyurib, uning poydevoriga tamal toshi qoʻygan edi. Bugungi kunda bino konstruktsiyalari qad koʻtarib, qurilish ishlari jadal davom etmoqda.

Uch qavatli markaz qadimiy madrasalar uslubida quriladi. Binoning simmetrik markaziga Usmon Qurʼoni qoʻyiladi. Ikkinchi qavatda kutubxona, anjumanlar va koʻrgazma zallari boʻladi. Uchinchi qavat axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar va boshqa xonalarni oʻz ichiga oladi.