22:28 16 Iyun 2019
Efir
  • RUB131.33
  • EUR9652.52
  • USD8518.68
Uzbekkino snyalo multfilm pro avtomobili

"Mashinalari tez yurarkan": oʻzbek avtomobillari 3D formatdagi multfilm qahramoniga aylandi

© QALAMPIR.UZ
Madaniyat
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
42520

Ikki yashar qizaloqning yangi oʻzbek multfilmiga bergan bahosi shunday va buni eng katta maqtov deb qabul qilish mumkin

Nihoyat oʻzbek multiplikatorlari oʻziga xos, mutlaqo oʻzga yoʻnalishdagi, 3D formatidagi yangi multfilmni kichkintoylar eʼtiboriga havola qildi. Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda boʻlib oʻtgan premyerada asar haqida ijobiy fikrlar bildirildi.

Mutaxassislar soʻnggi 10-15 yil ichida yaratilgan eng yaxshi multfilm deb baholayotgan, "Avtosarguzashtlar" deb nomlangan filmning asosiy qahramonlari – Oʻzbekistonda ishlab chiqilayotgan avtomobillar.

Ijodkorlar bu orqali birdan ikki quyonni koʻzlagan: ham film yaratish, ham bolalar ongiga shu davlatda ishlab chiqarilgan avtomobillarga muhabbat uygʻotish. Aytishadi-ki, 20-30 yil keyingi taqdirini oʻylaydigan avtokontsernlar oʻz avtomobillari koʻrinishidagi oʻyinchoqlar ishlab chiqarkan. "Avtosarguzashtlar" ham kelajakni oʻylab qilingan puxta siyosatning bir koʻrinishi boʻlsa ajabmas.

Dramaturg Ismoil Shomurodov stsenariysi asosida, rejissyor A. Haydarov rahbarligi ostida yaratilgan filmning oʻziga xosligi shundaki, ijodkorlar mamlakat multiplikatsiya sohasida mustahkam oʻrnashib olgan qoidalar, steriotiplarni parchalab, yangicha tasviriy yechim, yangicha ifoda uslubi, yangicha gʻoyani qoʻllagan.

Sir emas, oʻzbek multiplikatsiyasi sobiq sovet tuzumining ushbu sanʼati taʼsiri va nazoratida rivojlandi. Mustaqillik yillarida ham ushbu yoʻnalishda sezilarli oʻzgarishlar qilinmadi. Birgina oʻziga xoslik – beqasam chopon kiygan, qorindor, belbogʻ taqqan, oyoqlari choʻpday qahramonlar. Oʻzbek multiplikatsiyasining bor-yoʻq oʻziga xosligi shunda iborat edi.

Darvoqe, yana bir oʻziga xoslik boʻlgan – mustaqillik yillari davrida bir muddat "Oʻzbekfilm"ning multtsexi milliy ertaklarni sahnalashtirish bayrogʻi ostida faqat firibgarlar, yolgʻonchilar, aldoqchilar toʻgʻrisida filmlar yaratgan edi. Qizigʻi, ularda salbiy qahramonni aldoqchilik orqali jazolash ijobiy xislat sifatida baholangan. Balki shundandir, bugun jamiyatda tovlamachilik, firibgarlik jinoyatlari nisbatan koʻp. Buni kuni kecha oʻtkazilgan brifingda IIV vakili ham alohida taʼkidlab oʻtdi.

Bolalar va kattalarning vaqt toʻgʻrisidagi tushunchasi har xil. Shuni eʼtiborga olgan holda, bolalar diqqatini jalb etish maqsadida qayd etilgan asar ijodkorlari hozircha 6 qismdan iborat filmning har bir qismini uch yarim daqiqadan oshirmagan. Asosiysi, "Avtosarguzashtlar"da voqealar tezkor kechadi, qahramonlar keksayib qolgan, betob inson kabi ming oʻylab, oʻzini avaylab harakat qilmaydi.   

"Avtosarguzashtlar" birinchi oʻzbek 3D multfilmi deyilayotganiga qaramay, ilgari ham bu uslubda asarlar ishlangan. Xususan, 2017 yilda ishlab chiqarilgan "Kenja botir" filmi. U filmlarning yaratilish uslubi yangi boʻlishiga qaramay, ifodasi, gʻoyasi eskicha edi. Filmlar dinamikasi ham sust boʻlgan. Shu sababli yosh tomoshabin eʼtiborini qozonmadi.

Aytish lozim, zamonaviy vositalar toʻgʻrisida boʻlishiga qaramay, "Avtosarguzashtlar" milliy zamindan uzoqlashib ketmagan. Unda milliy qadriyatlar, biroz nasihat, ozroq kulgi uygʻunlashib ketgan. Bu esa ijodkorlarning aniq bir yoʻnalishda tajriba qilishdan choʻchiganini koʻrsatadi. Yaʼni toʻliq nasihatbozlik ham, boricha kulgili ham emas.

Premyeradan chiqishda muxbirlar ikki yashar qizaloqni gapga solib, film haqidagi taassurotlarini bilishga urinayotganining guvohi boʻldim. Oʻz fikrini gapga solib aytishni uddalolmayotgan qizaloq:

"Mashinalar tez yurarkan", - dedi.

Bu mazkur film haqida aytilgan eng adolatli fikr va maqtov boʻlsa kerak. Chunki qahramonlarning tezroq yurishi oʻzbek  multiplikatsiya sohasidagi eng katta yutuq.

Asosiy mavzular