19:32 19 Oktyabr 2019
Efir
  • RUB147.25
  • EUR10438.58
  • USD9455.24
Bыvshaya rezidentsiya Romanovыx v Tashkente, Uzbekistan

Toshkentdagi sobiq Romanov saroyida muzey tashkil qilinishi mumkin

Depositphotos / Efesenko
Madaniyat
Havola olish
234 0 0

Madaniyat vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Nikolay Romanovning kartinalar jamlanmasini uning saroyiga qaytarishni taklif qildi.

TOSHKENT, 27 may – Sputnik. Oʻzbekiston Davlat Sanʼat muzeyi huzuridagi Jamoatchilik kengashi knyaz Nikolay Romanov jamlagan takrorlanmas kartinalar kollektsiyasini ularning asl joyiga – Toshkentdagi sobiq Romanov saroyiga qaytarishni soʻrashmoqda. Bu haqida kengash aʼzolari 26 may kuni boʻlib oʻtgan majlisda xabar qilishdi.

Sanʼat muzeyi huzuridagi Jamoatchilik kengashining fikriga koʻra, shahzoda Nikolay Romanovning kartinalar va qimmatli buyumlar kollektsiyasi uning saroyga qaytarilsa – ushbu joy Oʻzbekistonda yana bir ajoyib muzeyga aylanardi. Uning ommaviyligi Nukusdagi Savitskiy muzeyidan qolishmagan boʻladi, deyilgan xulosada.

19 asr oxirida va 20 asr boshida Toshkentda yashagan Rus shahzodasi Nikolay Konstantinovich Romanov oʻz saroyida Markaziy Osiyoda eng yirik boʻlgan Yevropa va rus rassomlarining takrorlanmas kartinalar jamlanmasini toʻplagan. Ushbu kartinalar keyinchalik Oʻzbekiston Sanʼat muzeyi fondiga oʻtkazilgan.

Nikolay Romanovning Toshkentdagi saroyi 1891 yilda arxitektorlar A.L. Benua va V.S. Geyntseltsman tomonidan qurilgan. Saroy binosi pishiq gʻishtdan, oʻsha vaqtda Rossiyada rusum boʻlgan “Modern” uslubida qurilgan. Saroy - uzun ikki qavatli bino boʻlib uning toʻrt tomonida minora uslubida balandroq koʻtarilgan. Markazida esa - baland nayzasimon shpilga ega boʻlgan qabullar zali joylashgan. Saroy ichidagi xonalar ham yevropacha uslubdagi ham oʻzbek milliy uslubidagi naqshlar bilan bezatilgan.

Saroy oldi hayvonlar haykallar bilan bezatilgan boʻlgan, uning ortida esa dunyoning turli burchaklaridan keltirilgan daraxtlar ekilgan bogʻ boʻlgan.

Kommersant yozishiga koʻra, knyaz Nikolay Romanov Toshkentni yaxshi koʻrgan. Mahalliy aholi bilan ham uning munosabatlari yaxshi boʻlgan. Romanov Toshkentda oʻzini “polkovnik Volыnskiy”, keyinchalik esa “Iskandar” deb atagan. U Toshkentda juda koʻplab daraxtlar ekishga boshchilik va homiylik qilgan. Keyinchalik Toshkentda paxta, sovun zavodi ochgan va kvas ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan.

Nikolay Romanovning oʻzi ushbu saroyda 1918 yilda vafot etguniga qadar yashagan. Oʻlimidan oldin u oʻzining Yevropa va Rossiyalik rassomlar qalamiga mansub kartinalar jamlanmasini Toshkentga sovgʻa qilgan va ushbu saroyda muzey ochishni vasiyat qilgan.

Shahzoda oʻlimidan keyin bir necha yil saroyda haqiqatdan ham sanʼat va antikvariat muzeyi boʻlgan, keyinchalik davrida bu yerda Pionerlar uyi faoliyat yuritgan. Mustaqillik yillarida Romanov saroyi Tashqi ishlar vazirligining Marosimlar saroyi boʻlgan. Soʻnggi 2 yil davomida esa ushbu bino hokimiyat tasarrufiga oʻtkazilgan edi.

2019 yil boshida Oʻzbekiston Madaniyat vaziri oʻrinbosari Kamola Akilova ushbu saroy yaqin vaqt ichida muzeyga aylanishi mumkinligini xabar qilgan edi. 

Asosiy mavzular