17:00 10 Aprel 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Madaniyat
Havola olish
213010

Sputnik Oʻzbekiston muxbiri taniqli rassom Dilorom Mamedovaning ijodiy ustaxonasida boʻlib, u bilan suhbatlashdi.

Mukammal yaratilgan sanʼat asari bevosita tomoshabinni uzoq oʻyga toldirishi, hayolot olamiga olib kirishi, maʼnaviy ozuqa, estetik zavq bagʻishlashi muqarrardir. Suratlardagi tiriklik, yashashga boʻlgan intilish, goʻzallik tasviriy sanʼat asari ixlosmandlarini oʻziga jalb etib, maftun etmay qolmaydi, albatta. Jumladan, oʻzbekistonlik rassom Dilorom Mamedovaning asarlarida ham ana shu kayfiyatni ilgʻab olish qiyin emas.

Sputnik Oʻzbekiston muxbiri taniqli rassomning turli janrdagi asarlari jamlangan ijodiy ustaxonasida boʻldi va eksklyuziv suhbatni eʼtiboringizga havola etmoqdamiz.

— Dilorom opa, keling suhbatimizni anʼanaviy savol bilan boshlasak, sizda tasviriy sanʼatga boʻlgan ilk qiziqish qachon paydo boʻlgan va ilk chizgan suratingiz nima boʻlgan?

Bilasizmi, bizning avlodimizda umuman rassom yoʻq. Hammaga bu savolga bir xil javob beraman, shunday tugʻilgaman-u rasm chizishni boshlaganman. Lekin onamning aytishi boʻyicha, bolaligimda endi yurishni boshlagan paytlarimda qoʻlimga qalam olib devorga chizishni boshlagan ekanman. Esimda bor, onam menga bogʻchaga borayotgan paytlarimda “Razukrashka klonov” degan albomni sovgʻa qilgan. Shundan boshlab klonlarni koʻchirib chizganman. Avvaliga hech kim ishonmagan, 3-4 yashar bogʻcha yoshidagi qizchaning shu rasmlarni chizganligiga va men bundan juda ham xafa boʻlganman. Ularning koʻz oʻngida chizib berganimdan soʻng ishonishgan. Bogʻchada hamma tushlik qilsa, men yostigʻimni tagidan qalamlarni olib chiqib, rasm chizib oʻtirarkanman. Onam avvaliga oʻzbek qizlaridan rassom chiqmagan, ulgʻaygani sari keyinchalik boshqa sohaga qiziqib ketadi, deb oʻylagan. Lekin vaqt oʻtib ham mendagi qiziqish va tasviriy sanʼatga boʻlgan mehr soʻnmadi. Aksincha shakllandi. 

Kartinы xudojnitsы Dilorom Mamedovoy
Sputnik
Kartinы xudojnitsы Dilorom Mamedovoy

— Hamkasblaringizdan biri, “Biz oʻqishga kirgan vaqtimizda oʻqituvchimiz kambagʻallikka tayyormisan?” deya savol bergan, rassom  kasbi — kambagʻal kasb” deya fikr bildirdi. Siz bu fikrga qanday qaraysiz?

Bilasizmi, bu haqiqat, rassomning noni juda qattiq boʻladi, mehnati ogʻir boʻladi. Bunga chidash kerak. Rassom bir yoʻla pul topib oilasini boqa olmaydi. Haqiqiy rassom, ijodkor mana shu hayot bilan yashash kerak. Butun hayotini shu sohaga bagʻishlash kerak. Shundan soʻnggina uning mevasini olishi mumkin. Agar rassom faqat oʻqituvchi boʻlib qolaman, maktabda ishlayman desa boʻlaveradi. Lekin u quruq maosh uchun yashaydi.  Mablagʻi kamroq boʻladi, boʻyoq, xolst ololmaydi. Lekin ijodkor rassom koʻrgazmalar qilsa, juda koʻp mehnat qilsa, albatta mevasini koʻradi. Koʻpchiliking ongida rassomchilik ham kasbmi, degan fikr oʻtirib qolgan. Lekin rassomchilik juda katta kasb, u dunyo koʻradi buning orqasidan, nonini topadi. Oʻzimdan misol, men dunyo koʻryapman, koʻrgazmalar qilyapman, maza qilib sevgan kasbimda ishlayapman. Bunga mehnat, harakat va oʻz ustimda ishlash orqali erishdim. Oʻzbekistonda ham juda kuchli taniqli rassomlar bor. Ularning chet el rassomlaridan kam joyi yoʻq. Ular ham kun kelib dunyo boʻyicha mashhur boʻlib ketishadi. Umuman, rassomning taniqli boʻlishi uchun yaxshi reklama va homiy boʻlishi kerak.

Kartinы xudojnitsы Dilorom Mamedovoy
Sputnik
Kartinы xudojnitsы Dilorom Mamedovoy

— Sizning ijodingiz homiysi kim?

Ijodim homiysi men oʻzim. Avvaliga shu sohaga kirib kelayotganimda menga ota-onam yordam bergan. Boʻyoqlar, xolstlar, yoʻlkira va hamma chiqimlar uchun...  18 yoshga toʻlganimdan soʻng ota-onamdan pul soʻramasdan, umuman oʻzim mustaqil ravishda “brodvey”ga chiqib, pul topa boshlaganman. Oʻsha yerda sekin asta portretlar chizib, keyinchalik oʻzimning chiizgan asarlarimni sotuvga qoʻya boshladim. Ikkinchi oʻgʻlimga homilador boʻlgan paytlarimda, pul toʻplab boʻyoqlar sotib olib, soʻng “brodvey”ni bir kunda tark etishni maqsad qilganman va shunday qildim ham. Sababi, “brodvey” shunaqa joy ediki, u sizni pul topish bilan andarmon qilib qoʻyadi. Oʻz ustingizda ishlolmaysiz, koʻrgazmalar qilolmaysiz, ijod qilolmaysiz. Lekin oldimga qoʻygan maqsadim toʻgʻri boʻlgan ekan, men adashmadim. Xudoga shukr, barchasiga erishdim. Bugun mehnatlarim orqali oʻzimni uyim bor, mashinam bor, oʻz ustaxonam, alohida uchastkam bor. Inson harakat qilsa, hammasiga erisha oladi.

Kartinы xudojnitsы Dilorom Mamedovoy
Sputnik
Kartinы xudojnitsы Dilorom Mamedovoy

— Demak sizni bekorga “brodvey malikasi” deyishmas ekan-da?

Toʻgʻri, shunday sarlavha bilan hatto maqola ham chiqarilgan.  Brodveyda men 4-5 yil davomida ishladim.  Oʻsha paytlar uyda rasm chizib yuradim, lekin hech kimga  koʻrsatmas edim. Bir kuni shu “brodvey”da oʻtirib, vaqtim bekorga oʻtayotgani haqida oʻylanib qoldim. Shu paytda oldimga bir rossiyalik mehmon kelib qoldi va chizgan suratlarimni koʻrib chiqib, hammasini sotib oldi. Ismi Inga edi. Shu ayol menga, “brodvey”da xaltura suratlar sotiladi. Sen nega ijodiy ishlarni bu yerda sotyapsan? Oʻz chizgan asarlaringni hurmat qilmaysanmi? Men hozir bu asarlaringni arzonga sotib oldim, lekin juda qimmatga sotiladi” deganidan soʻng sal oʻylaydigan boʻlganman. Chizgan asarlarimni qadrlaydigan boʻldim. Lekin men  bu bilan buyuk rassom boʻlib ketdim, deb aytmayman, oldinda hali juda koʻp mehnat qilishim kerak.

Kartinы xudojnitsы Dilorom Mamedovoy
Sputnik
Kartinы xudojnitsы Dilorom Mamedovoy

—  Faqat moddiy manfaatni koʻzlab tasviriy sanʼat olamiga kirgan rassom sizningcha, qay darajada muvaffaqiyatga erisha oladi? 

Afsuski hozir shunday fikrda rassomchilik kasbini tanlayotgan yoshlar koʻp va ular xato qilishadi. Aksariyat yoshlar mehnat qilgisi kelmaydida, abstraktsiya yoʻnalishiga oʻtib ketadi. Tezroq ishlab, pul topsam deydi. Bunaqa rassomning hayoti yoʻli juda qisqa boʻladi. Har xil koʻchalarga kirib qolib, oʻzini topa olmaydi. Bilasizmi, tomoshabinni aldab boʻlmaydi. Baʼzi yoshlar tez-tez shoshib, xaltura ijod qilishadi. Surat chiza olmaydi, boʻyoqlarni matoning uyogʻiga otib, buyogʻiga otib, bir narsalar qiladi-da, nima chizding deb savol bersangiz “Men borliqni shunday koʻrdim” deydi (jilmayib). Aslida u suratda hech narsa boʻlmaydi. Lekin rassomni xafa qilgingiz kelmaydi, sinib qolmasin deysiz. Ammo bu kabi rassomlar uzoqqa bora olmaydi, master klass koʻrsata olmaydi. Chetga chiqsa ham uning asarlari ajralib qoladi.

Kartinы xudojnitsы Dilorom Mamedovoy
Sputnik
Kartinы xudojnitsы Dilorom Mamedovoy

— Siz chizgan suratlarni qimmat deyishadi...

Ha. Chunki men oʻzimning mehnatimni, qancha ishlaganligim, ijodiy bahosini oʻzim bilaman. Sababi, asarni yaratish uchun kerakli boʻlgan boʻyoqlar juda qimmat turadi. Bundan tashqari qancha mehnat qilish kerak. Baʼzida esa shunday paytlar boʻladiki, asarlarimdan birontasini birovga sovgʻa qilib ham yuboraman. Sababi, menga oʻsha odamning ichki dunyosi yoqib qolishi mumkin.

— Rassom kayfiyatning odami hisoblanadi. Siz kayfiyatingiz yoʻq paytlarda ilhom parisi bilan qanday murosa qila olasiz?

Birinchidan, man hech qachon ilhom kutib oʻtirmayman. Kayfiyatim bormi, yoʻqmi, men ishlashim kerak. Chunki men ijod qilayotganimda kayfiyat ham bunga taʼsir qiladi. Rassom ilhom kelishini kutib oʻtirsa, umri bekorga oʻtib ketadi. Ijod qilaversangiz, kayfiyat bevosita oʻzidan oʻzi oʻzgaradi. Baʼzida menga savol berishadi, nega bitta suratning ustida uzoq oʻtirib ishlaysiz, deb. Ammo sifat orqali son-sanoqa erishasiz, talab koʻpayadi. Koʻz, qoʻl qancha koʻp ishlasa, shuncha “masterstvo” paydo boʻladi.

Kartinы xudojnitsы Dilorom Mamedovoy
Sputnik
Kartinы xudojnitsы Dilorom Mamedovoy

— Kayfiyatsiz yoki aksincha kayfiyatingiz aʼlo boʻlgan paytlar sizning chizgan kartinalaringizga qay darajada taʼsir qiladi.

(Uzoq oʻylanib)chamasi oʻn yillar avval ustaxonam ota-onamning uyida boʻlgan. Toshkentdagi Zarqaynar gallereyasida boʻlib oʻtadigan shaxsiy koʻrgazmamga ikki hafta ustaxonam yonib ketgan. Telefon apparatining simi orqali oʻt chaqnab, yongʻin sodir boʻlgan va yangi chizilgan asarlarimga tegib, bari yonib ketgan. Oʻshanda menga juda ogʻir boʻlgan edi va bu kayfiyatimga qattiq taʼsir qildi. Lekin men oʻzimni qoʻlga oldim  va hamma narsani toʻgʻrilash mumkinligiga oʻzimni ishontirdim. Oʻrnimdan turib, ijod qilishni boshladim. Har gal ishlaganimda oʻsha eski yonib ketgan asarlarimni eslab, chizdim.  Shunchalik alam qilganki, chizyapman, yigʻlayapman... Xudo shunaqa kuch quvvat berdiki, yangi chizgan suratlarim avvalgisidan ham chiroyli va muvaffaqiyatli chiqdi. Bilasizmi, oʻshanda amin boʻldimki, hayotda nima sodir boʻlmasin hammasini yaxshilikka yoʻyish kerak ekan. Yongʻin haqida hech kimga aytmadim va uch oydan soʻng oʻz koʻrgazmamni ochdim. Hammasi muvaffaqiyatli oʻtdi. Bilasizmi, yana qaytarib aytaman, inson oldiga maqsad qoʻyib shunga qatʼiy amal qilsa, albatta unga Xudo yordam beradi. 

— Bugungacha bosib oʻtgan umr yoʻllaringizni qanday ranglarda ifodalagan boʻlardingiz?

Men eng yaxshi koʻrgan rang bu sariq rang. Quyoshni juda yaxshi koʻraman. Chunki bilasizmi qishda, kuzda quyosh chiqib kelsa, insonning kayfiyati koʻtarilib ketadi. Qishda qor yogʻgach, ketidan quyosh chiqib kelsa, qorlar oʻzgacha yaltiraydi. Mana shu manzarani koʻrib, odamning yashagisi keladi.

— Oilangiz ijodingizga yoki aksincha ijodingiz oilangizga taʼsir qilgan paytlar boʻlganmi?  Bular oʻrtasidagi mutanosiblikni qay darajada taʼminlay olasiz?

Oilam, qarindoshlarim, yaqinlarim meni hamma yaxshi tushunadi. Toʻgʻri, oʻzbek ayoliga rassom boʻlish juda ham qiyin. Barmoq bilan sanasa boʻladigan ayol rassomlar bor. Negadir Oʻzbekistonda ayol rassomlar juda kam, oʻqishni bitirib qizlar yoʻq boʻlib ketishadi. Lekin mana men shunday sharoitda ijod qilyapman-ku? Men ham ovqat qilaman, uy tozalayman, kir yuvaman, yugurib bolani maktabidan olib kelaman. Hammasiga erishsa boʻladi, buning uchun xohish va istak boʻlsa bas. 

— Sizni qanaqa muhit ilhomlantira oladi?

Juda koʻp narsa ilhomlantira oladi. Tabiatga chiqqanimda, men etyud izlab baʼzida qayerga ketayotganimni ham aniq bilolmayman. Parkent, Zarkent, Soʻqoq, Burchmulla,  Chimyon, juda koʻp joylarga boraman. Chunki tabiat meni oʻz goʻzalligi bilan har doim ilhomlantirib kelgan. Mavzu topdim degancha, oʻsha joyning oʻzida toʻxtab ish qurollarimni mashinadan tushirib, ijodni shu joyning oʻzidayoq boshlayman. Odamlar keladi, qiziqib savollarga  tutishadi. Imkon qadar gaplashaman, savollariga javob beraman. Chalgʻisam, iltimos, bir oz ishlab olay deb uzr soʻrab ijodda davom etaman. Kayfiyatim koʻtariladi.

— Asarlaringizning aksariyati peyzaj janrida ekan...

Toʻgʻri, bu tabiatni sevganligim bois. Ammo men bir yoʻnalishda toʻxtab qolishni istamayman. Chizgan asarlarim orasida realizm ham bor, abstrakt, peyzaj, natyumort ham bor. Umuman janr tanlamayman, har xil yoʻnalishda ijod qilaman. Falsafiy yoʻnalishda juda koʻp asarlar chizganman, tez fursatda sotilib ketadi. Rassom hamma janrda oʻzini sinab koʻrishi kerak.

— Ijodkorlarning oʻziga xos xarakteri boʻladi. Ayniqsa, rassomlarni sal hayolparastroq tasavvur qilamiz. Sizning xarakteringizda ham oʻziga xoslik jihatlar bormi?

Men hech kimga, faqat oʻzimga oʻxshagim keladi. Gʻayratliman, shoʻxman, shaddodman. Xudo meni shunaqa yaratgan. Balki chetdan qaraganda kulguliroqdirman. Umuman boshqa dunyo egasi ekanligim haqida odamlar gapirishadi.. Lekin men shunaqaman. Odamlar meni borimcha qabul qilishlarini istayman.

—  Aslida sizni boringizcha qabul qiladigan birorta inson bormi?

Meni hamkasblarim qanaqa boʻlsam shunday qabul qilishadi. Baʼzida “Diloromxon, yosh boladek begʻuborsiz, ichingizda kiringiz yoʻq. Borini gapirasiz” deyishadi. Menimcha  shunaqa boʻlish yomon emas. Tabiiylikni yaxshi koʻraman, avvaldan tayyorgarlik koʻrishni yoqtirmayman. Aslim qanday boʻlsa, borimni koʻrsataman. 

— Uzoq vaqt davomida yangi qiyofa yangi mavzu kutib qolgan paytlaringizda nimalarni his qilasiz? Bugungacha juda koʻp asarlar chizgansiz, deylik hozir vaqtinchalik mavzu topolmay, izlanishdasiz...

Bilasizmi, hozir ayni shunaqa paytdaman. Yaqinda “Oʻqchi” mahallasini eslab, qish mavsumida bahor faslini chizib tugatdim. Ayni damda oʻylab oʻtiribman, nimani chizsam ekan deb.  Lekin shunday narsa chizmoqchimanki, u avvalgilarini takrorlamasin. Hozirgi paytda nimadir yetishmayotgandek, izlanishdaman. Koʻchaga chiqyapman, odamlar bilan gaplashyapman, atrofni kuzataman. Xullas izlanishdaman.

— Ijodingizga xalaqit qiladigan muhit? 

Ijod qilishimga hech narsa xalaqit qila olmaydi. Har qanday holatda ham bemalol ijod qilaveraman. Lekin agarda mendan boʻyoq va ish qurollarimni olib qoʻysa, oʻzimga oʻxshamay qolaman. Asabiylashib, oʻzimni yomon his qila boshlayman. To oʻsha suratni chizib, ichimdagi energiyani chiqarib yubormaguncha, ichimda qaynab turaveradi.

— Odamning rasmini chizib boʻlmaydi, bu gunoh deyishadi. Siz bu fikrni qanday izohlaysiz?

Men bu fikrni notoʻgʻri deb hisoblayman. Chunki rassom odamni chiza oladi, lekin unga ruhni faqat Xudo bera oladi. Insonning hayotini, uning goʻzalligini chizadi rassom, lekin unga jon ato eta olmasligini yaxshi biladi. Chizilgan surat tarixga aylanadi. Masalan, insonning hayoti, uning obrazi, kiyinishlari, xarakterini boʻyoqlar orqali aks ettiramiz xolos. Unga ruh ato etolmaymiz. Men buni gunoh deb bilmayman.

— Qaysidir shogirdlaringiz qobiliyatida, yoki ularning yaratgan asarida sizning ijodingiz takrorlanib qolgan paytlar boʻlganmi? 

Bunaqa holatlar juda koʻp yuz bergan. Koʻplab shogirdlarimning asarlari mening asarlarimni takrorlab qolgan paytlar boʻlgan. Lekin ularga tanbeh berib, oʻz qiziqishiga qarab yoʻnaltirib, ular oʻz yoʻlini topib ketgan. Sen Dilorom emas, Malika boʻlgin, Baxtiyor boʻlgin, oʻz yoʻlingni top deb toʻgʻri yoʻnalish berishga harakat qilaman. Koʻp hollarda yoshlar shunchaki suratlarimni koʻchirib chizib qoʻya qolishadi. Men bundan xafa boʻlmayman, chunki oʻzim ham yoshligimda shunday qilganman. Ammo shu nuqtada toʻxtab qolmaganman. Asta-sekin mehnat qilaverib, oʻz yoʻnalishimni topganman. 

— Bugungacha ijodingiz davomida qaysi ustozingizning oʻgitlari sizga xamroh? 

Ustozim Qoʻzibayev Nigʻmat aka ijod davomida vaqtida toʻxtay olish kerakligini oʻrgatganlar. Sababi shunday paytlar boʻladiki, rassom surat chizayotib, ayni kerakli qismini bilmay oʻchirib yuborishi mumkin. Nigʻmat aka surat chizayotganda qayerda toʻxtash kerakligini bilgin va toʻxta. Bir oz toza havoda sayr qilib kelib, oʻsha suratga qarasang qayerdan davom etish kerakligini, yoki kamchiligingni yoki goʻzallikni vaqtida anglab yetasan deb oʻrgatganlar. Har gal surat chizayotib, shu oʻgitlari esimga keladi. Ustozim Alisher Mirzayevdan ham minnatdorman, koʻplab kompozitsiyalarni oʻrgatganlar. Akmal Nuriddinovdan talabalik paytlarimda koʻp narsani oʻrganganman. Ularning odamiyligi hurmatga loyiq. Ijodkorligi, vaqti ziqligiga qaramay, har doim ochiq chehra bilan kutib olib, chizgan suratlarimni koʻrardilar. Xatolarimni aytardilar yoʻnalish berardilar. Men “brodvey”da ijod qilayotgan oddiy talaba edim xolos. Baʼzi odamlar koʻrolmay gʻiybat qilishar edi. Akmal aka, odamlar men haqimda bunday deyishyapti desam, “It huradi, karvon oʻtadi. Sen betakror ijoding, asarlaring bilan ularning ogʻzini yop. Koʻrgazmalar qil, ijod qil, ishla” deya taskin berardilar.  Shu oʻgitlariga quloq solib Xudoga shukr, kam boʻlmadim. Bir paytlar meni gʻiybat qilib, hasad qilganlar, bugun kelib Diloromxon, yaxshimisiz, deb qoʻl siqib koʻrishadi.  Chunki haqoratlarga gap qaytarmaganman, janjal qilmagaman, ularga yomonlik qilmaganman. Faqat ijod bilan band boʻlganman. Ustozimning hayotda bergan mana shu oʻgiti menga ijobiy taʼsir qilgan.

— Demak sizning ijodingiz davomida ham sogʻlom va nosogʻlom raqobat oʻrtasida kurash boʻlgan ekan-da? Bu kurash hozir ham bormi?

— Albatta. Lekin men hech kim bilan kurashmayman. Bugungi kunda faqat oʻzimdagi dangasalik bilan kurashaman, ijod bilan kurashaman. Dangasalikni juda yomon koʻraman. Qusurlar menda ham bor, baʼzida dangasalik qilib qoʻyaman, yoki tasodifan birovga qattiq gapirib qoʻyishim mumkin. Lekin xato mendan oʻtgan boʻlsa, jahlimdan tushgach, albatta oʻzim borib kechirim soʻrayman. Chunki bilamanki, oʻz vaqtida kechirim soʻramasam, Xudo meni kechirmaydi.

Asosiy mavzular