16:12 10 Aprel 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Madaniyat
Havola olish
16210

Berlin kinofestivalida afsonaviy, xalqaro Toshkent kinofestivalini qayta tiklash masalasi muhokama qilindi.

TOSHKENT, 27 fev — Sputnik. Berlin kinofestivalida afsonaviy, xalqaro Toshkent kinofestivalini qayta tiklash masalasi muhokama qilindi. Bu haqda “Oʻzbekkino” matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda yozilishicha, festivalda ishtirok etayotgan agentlik bosh direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligida delegatsiya xorijning yetakchi kino arboblari bilan uchrashuvda Toshkent kinofestivalini qayta tiklash masalasini ham muhokama qilishdi.

“Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va kinematografiya sohasidagi aloqalarni kengaytirish Oʻzbekiston kinosanoatining muhim va dolzarb vazifalaridan biridir. Biz Berlin xalqaro kinofestivalida dunyoning mashhur kinoarboblari bilan Prezidentimiz tashabbusi asosida afsonaviy xalqaro Toshkent kinofestivalini oʻtkazishni yana yoʻlga qoʻyish masalasini muhokama qildik. Bu muhim vazifani xorijlik hamkorlar ishtirokisiz amalga oshirishning iloji yoʻq. Bu yerda faqat Toshkent kinofestivalini oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish emas, balki uni dunyo miqyosidagi eng nufuzli kinofestivalga aylantirish haqida gap ketmoqda" – deb taʼkidladi "Oʻzbekkino" Milliy agentligi rahbari.

FIAPF direktori Benoit Ginistu (Benoit Ginisty) dunyo ahli uchun sevimli boʻlgan Toshkent xalqaro kinofestivalini oradan shuncha yillar oʻtganiga qaramay, qayta tiklash haqidagi tashabbusni haqiqiy jasorat desa boʻlishini qayd etdi.

“Bu bir paytlar buzib tashlangan, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik koʻprigini qayta tiklash, deganidir. Mazkur koʻprik vaqt zanjirini va butun boshli avlodlarni birlashtiradi, jipslashtiradi. Bunday ezgu maqsadni amalga oshirishda qoʻlimdan kelgan barcha yordamni ayamayman”,  -  dedi u

“Hozir Oʻzbekistonda davlatni va jamiyatni oʻzgartiruvchi keng miqyosli ijobiy jarayonlar ketmoqda. Toshkent kinofestivalining qayta tiklanishi Oʻzbekistonning dunyoga oʻz eshiklarini ochish sari qoʻygan muhim qadamlaridan biri, deb oʻylayman”, - deb fikr bildirdi mashhur kinotanqidchi, kinoekspert Sergey Lavrentyev.

Mazkur masala yuzasidan Berlinalening rasmiy vakili Barbara Vurm,  MKF GoEast direktori  Xeleyen Gerritsen, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa kinematografiyachilarining UNIFRANCE departamenti rahbari, kinotanqidchi Joel Shapron (Joel Shapron), kinoshunos, Germaniyadagi Chingiz Aytmatov jamgʻarmasi filiali asoschisi Svetlana Slapke va boshqa kinoekspertlar ham soʻzga chiqib, bu tashabbusni qoʻllab-quvvatladilar.

Toshkent kinofestivali Oʻzbekiston poytaxtida 1968 yildan boshlab oʻtkazib kelingan. U Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari kinematografiyasining dunyoga mashhur, eng katta anjumani boʻlgan. Toshkent kinofestivali dunyo miqyosida katta mavqega ega boʻlib, unda ishtirok etgan dunyo kinochilari kinosanoatni rivojlantirish masalalarini muhokama etishgan.  Yosh kinematografiyachilar uchun esa tajriba almashish, oʻrganish imkonini bergan.

Asosiy mavzular