16:50 10 Aprel 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Madaniyat
Havola olish
59120

“Doʻstlik” ordeni sohibasi Nodira Oripovaning shaxsiy koʻrgazmasidan oʻrin olgan serqirra 50 ta sara asarlar zalning asosiy qismini toʻliq egalladi.

TOSHKENT, 7 mar — Sputnik. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida “Doʻstlik” ordeni sohibasi, taniqli rassom — Nodira Oripovaning ijodiy namunalari  jamlangan “Afrosiyob malikalari” nomli koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.

Unda tasviriy sanʼat ixlosmandlari qatorida rassomning yaqinlari, turmush oʻrtogʻi va farzandlari, ustozi, Oʻzbekiston badiiy akademiyasi aʼzosi akademik rassom — Yanis Salpenkidi, rassomlardan Ibrohim Valixodjayev,  Mirtoza Ergashev, Oʻzbekiston badiiy akademiyasi, badiiy kengashi aʼzosi sanʼatshunos Lyudmila Kodzayeva, sanʼatshunos Asqarali Sulaymonov hamda OAV xodimlari tashrif buyurishdi.

Taniqli rassom Nodira Oripovaning “Afrosiyob malikalari” nomli koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
© Sputnik /
Taniqli rassom Nodira Oripovaning “Afrosiyob malikalari” nomli koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.

Nodira Oripovaning shaxsiy koʻrgazmasidan oʻrin olgan serqirra moyboʻyoq texnikasida ishlangan rangtasvir 50 ta sara asarlar zalning asosiy qismini toʻliq egalladi. Rassom ijodining avvalroq yaratgan bir necha suratlarini aytmaganda, koʻrgazmadan uning asosan oxirgi uch yil davomida yaratgan yangi asarlari oʻrin oldi.

Ular orasida rangtasvirning natyumort janrida ishlangan anorlar va gullar, peyzaj janrida ishlangan manzaralar, portret janrlarida ishlangan ayollar timsoli va ular xarakteri bir necha kartinalarda turli ruhda aks ettirilgan boʻlib,  bir-birini mutlaqo takrorlamaydi.

Toshkentda afsonaviy Samarqandning “Afrosiyob malikalari” namoyish etildi
Toshkentda afsonaviy Samarqandning “Afrosiyob malikalari” namoyish etildi

Musavvir koʻrgazmaning nega aynan “Arosiyob malikalari” deya nomlanganligi yuzasidan toʻxtalarkan, shunday deydi:

- Koʻrgazmaning “Afrosiyob malikalari” deya nomlanishining  sababi oddiy, oʻzim asosan Afrosiyob devoriy suratlari, qolaversa, sharq miniatyuralaridan ilhomlanishimdadir. Ularga agar diqqat bilan nazar tashlasangiz, ayollar timsoli hurmat bilan, chiroyli liboslar va taqinchoqlar bilan tasvirlanadi. Bundan sharqda qadimdanoq ayollarga yuksak hurmat bilan qaralganligini sezaman. Aynan shu anʼanani  esa oʻz ijodimda aks ettirishga urindim, - deydi rassom.

Uning fikricha, “Afrosiyob goʻzallari” aks etgan qadimiy suratlarning ruhi juda baland boʻlib, u tomoshabin ruhiyatiga kuchli taʼsir qiladi.

- Mendan oldin ham Afrosiyob goʻzallarini chizgan bir ikki rassomlar boʻlgan. Masalan, rassom Aleksandr Tyurinning qaysidir asarida qisman bu ifodalanganligi yoki boshqa bir rassomlarning oq-qora grafika chizgilari ishida ham koʻrgan boʻlishim mumkin, ammo oʻzimga kelsak, Afrosiyob goʻzallari xarakteri, ular ichki dunyosini toʻliqroq, turli ranglar orqali ochib berishga harakat qildim, – deydi yana u. 

Uning yana aytishicha, rassom oʻziga ilhom bagʻishlaydigan qadimiy “Afrosiyob goʻzallari” ifodalangan devoriy chizgilarini oʻtmishda ayol kishi chizgan deb oʻylaydi. Shu bois ushbu oʻylarini Afrosiyobning bitta goʻzali timsolida aks ettirishga uringan.

Taniqli rassom Nodira Oripovaning “Afrosiyob malikalari” nomli koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
© Sputnik /
Taniqli rassom Nodira Oripovaning “Afrosiyob malikalari” nomli koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.

Rassomning asarlari koʻrgazmasi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasida ikkinchi bor oʻtkazilib, bu galgisi 8-mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan oʻzbek ayollariga tuhfa sifatida tashkil etildi.

Bugungacha uning kartinalari Xitoy, Koreya Turkiya, Frantsiya, Germaniya, Belgiya davlatlarida tashkil etilgan koʻrgazmalarda ishtirok etgan.

Rassomning koʻrgazmaga tashrif buyurgan turmush oʻrtogʻi oddiy tomoshabin sifatida oʻz tassurotlarin shunday ifodaladi:  

- Ijodkor Nodira Oripovaning suratlarida milliylik va zamonaviylik ruhining uygʻunligini koʻrish mumkin.  Uning har bir chizilgan asarlarining yaratilish tarixi haqida xabardor boʻlganligim bois, aytishim mumkinki, bu juda murakkab ijodiy jarayon boʻldi va shu jarayonni Nodiraxon sabr bilan bosib oʻta oldi. Boshqa rassomlarning ijodiga ahamiyat bersak, ular ijodida koʻp ham ayollar tarixi haqida gapiruchi suratlar uchramaydi. Nodiraxon ishlagan kartinalarning qiziq jihati shundaki, u ilk marotaba koʻrib turgan tomshabin uchun ham tushunarli va sodda tarzda ifoda etilgan.

Qolaversa, oʻzi ayol boʻlganligi uchun, suratlarida ham ayollar obraziga koʻproq toʻxtalib, ular xarakteri va sirlarini ochib berishga harakat  qilgan, – deydi Toshkent arxitektura va qurilish institutining tasviriy sanʼat kafedrasi mudiri, dotsent Ziyodulla Bobomurodov.

- Nodira opamni nafaqat rassom sifatida balki tipik oʻzbek ayoli sifatida anchadan beri taniyman. Albatta, rassomlar haqida gapirganda ular ifodalagan ranglar yoki mavzular haqida gapiramiz. Masalan, menga yoqqan mana bu kartinasiga kelsak, unda sharq ayolining xarakteri, ichki dunyosi va kechinmalari aks etib turibdi. Koʻrib turganingizdek, qoʻlini duoga ochib, Yaratgandan farzandining sogʻ-salomat tugʻilishini soʻrab niyat qilayotgan oʻzbek ayolining timsoli... Rassom ayolning ayni damdagi ruhiyati va qilayotgan niyatlarini sof koʻk rangda, u aks etib turgan muhit fonidagi rang bilan chambarchas ifodalashga harakat qilgan. Bilmadim, balki men  bu kartinani shunaqa koʻrayotgandirman, ammo kartinalar mazmuni va uning ifodasini har bir tomoshabin oʻzicha qabul qiladi.

Taniqli rassom Nodira Oripovaning “Afrosiyob malikalari” nomli koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
© Sputnik /
Taniqli rassom Nodira Oripovaning “Afrosiyob malikalari” nomli koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.

Yoki mana bu ayol surati fonidagi tarixiy obidalarni qarang, hammasi joy-joyida ifodalangan ammo tugallanmagan. Jumladan, suratlardagi bu uzilishlarda ham maʼno bor.

Taniqli rassom Nodira Oripovaning “Afrosiyob malikalari” nomli koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
© Sputnik /
Taniqli rassom Nodira Oripovaning “Afrosiyob malikalari” nomli koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.

Shunday boʻlgani ham maʼqul, sababi devordagi gʻishtlar koʻrinishi, ayna mana shu yetishmovchilik kompozitsion yaxlitlikni tashkil qilmoqda. Shu bilan biz zerikmaymiz, deya tahlil qiladi. Aytish mumkinki, agar bu ifodalarni rassom toʻliq ishlaganida, biz mana bu binolarni hozir koʻrib turmagan boʻlardik, – deya tahlil qildi Oʻzbekiston badiiy akademiyasi rassomlar uyushmasi aʼzosi, meʼmor va rassom Shavkat Muzaffar.

Nodira Oripova Samarqandning Kattaqoʻrgʻon tumanida tugʻilib, oʻsgan. Vataniga boʻlgan sof mehri va iliq tuygʻulari sabab ehtimol, ayrim asarlari fonida afsonaviy shahar — Samarqandning aksini koʻrish mumkin.

Toshkentda afsonaviy Samarqandning “Afrosiyob malikalari” namoyish etildi
© Sputnik /
Toshkentda afsonaviy Samarqandning “Afrosiyob malikalari” namoyish etildi

Ayrim goʻzallarning liboslarida turli taqinchoqlar, zebigardonlar, xilma-xil rangdagi shoda va marjonlarning tabiiy donalaridan foydalanilgan boʻlsa, ayrim goʻzallarning yaltiroq liboslari zarrin tovlanib, matoning jonliligini taʼminlab turibdi. Bu tabiiy goʻzallik esa tomoshabinda qiziqish uygʻotib, madaniy hordiq va estetik zavq bagʻishlaydi.

Taniqli rassom Nodira Oripovaning “Afrosiyob malikalari” nomli koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
© Sputnik /
Taniqli rassom Nodira Oripovaning “Afrosiyob malikalari” nomli koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
   

Asosiy mavzular