19:59 04 Iyun 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Madaniyat
Havola olish
89740

Oʻzbekistonning Koreya Respublikasidagi turistik brend elchisi, mashhur “Saroy javohiri” teleserialidagi Tangem roli ijrochisi Li Yon E oʻzi ishtirokidagi yangi serialni Oʻzbekistonga hadya qildi.

TOSHKENT, 21 apr — Sputnik. Oʻzbekistonning Koreya Respublikasidagi turistik brend elchisi, mashhur “Saroy javohiri” teleserialidagi Tangem roli ijrochisi Li Yon E oʻzi ishtirokidagi yangi serialni Oʻzbekistonga hadya qildi. Bu haqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiriga Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi maʼlum qildi.

“Bosh vazir oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimovning maʼlum qilishicha, mamlakatimizning Janubiy Koreyadagi elchixonasida Oʻzbekistonning Koreya Respublikasidagi turistik brend elchisi, taniqli aktrisa Li Yon E hamda “GroupEight” kompaniyasi raisi Byëng Jun Song bilan uchrashuv boʻlib oʻtgan.  Uchrashuvda aktrisa butun dunyodagi koronavirus bilan bogʻliq pandemiya sabab aprel oyida Oʻzbekistonga kela olmasligini afsus bilan qayd etib, COVID-19 bilan bogʻliq vaziyat normallashganidan soʻng prodyuser Byëng Jun Song bilan albatta mamlakatimizga tashrif buyurishini maʼlum qilgan. Aktrisa Oʻzbekistonning boy madaniy merosi va diqqatga sazovor maskanlari bilan yaqindan tanishishni maqsad qilgani, shuningdek mamlakatimiz turistik brendini targʻib qilishda davom etishini alohida taʼkidlagan,” – deyilgan xabarda.

Uchrashuv davomida Li Yon E Oʻzbekiston xalqiga oʻzi bosh rolni ijro etgan “Saimdan, rang-barang xotiralar” nomli teleserialini beminnat asosda hadya qilgan. Aktrisa ushbu serial ayni damda aksariyat vaqtini uyda oʻtkazayotgan Oʻzbekiston aholisiga vaqtni mazmunli oʻtkazishiga yordam beradi deya umid bildirgan.  

“Davlat rahbari tashabbusi bilan xorijiy mamlakatlarda Oʻzbekistonning turizm elchisi lavozimiga chet ellik mashhur siyosiy, madaniy, sport va ishbilarmon doiralari vakillari tayinlanib kelinmoqda. Bunday shaxslarning turizm targʻibotiga jalb qilinishi yurtimizga keladigan xorijiy sayyohlar oqimini oshirish yoʻlida xizmat qiladi. Xorijiy mamlakatlardagi turistik brend elchilarining hozirgi pandemiya sharoitida Oʻzbekiston va uning xalqiga bunday eʼtiborni namoyon etishi, albatta, tahsinga sazovordir”, - deydi Aziz Abduhakimov.

Hozirda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgarlikda filmni tarjima va dublyaj qilishga doir ishlar olib borilmoqda, ushbu jarayonlar oʻz yakuniga yetganidan soʻng serial tomoshabinlar eʼtiboriga havola etiladi.  

“Saimdan, rang-barang xotiralar”  Janubiy Koreyaning 30 seriyali dramasi boʻlib, koreyalik mashhur musavvir, xattot va shoira Shin Saimdan (1504-1551) hayoti va faoliyati haqida hikoya qiladi. Koreya Respublikasining 50 000 von nominalli eng yirik banknotasida uning tasviri aks ettirilgan.

Serial 2017 yilda Janubiy Koreyaning “SBS” telekanalida efirga uzatilgan. Shundan soʻng Xitoy, Yaponiya, Singapur, Malayziya, Tailand va boshqa mamlakatlar telekompaniyalari uni (oʻrtacha 3 mln dollar evaziga) translyatsiya qilish huquqini qoʻlga kiritgan. 

Asosiy mavzular