02:16 23 Sentyabr 2019
Efir
  • RUB146.51
  • EUR10421.13
  • USD9411.30
Elektrostantsiya arxiv surat

Oʻzbekistonda energiyani tejashga yanada eʼtibor qaratiladi

© Sputnik / Aleksey Danichev
Iqtisod
Havola olish
1111 0 0

Loyihalar koʻmagida 547 million kilovatt soatdan ortiq elektr energiyasi hamda 214 million kub metr tabiiy gaz tejaladi

TOSHKENT, 10 okt — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi tomonidan yoqilgʻi-energetika va sanoat sohasi tarmoqlarida energiya samaradorligi va tejamkorligi boʻyicha qonunchilikni takomillashtirishga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi.

Ushbu tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi  Prezidenti Islom Karimovning Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi maʼruzasida tilga olingan sanoatni jadal rivojlantirish va yalpi ichki mahsulotda uning ulushini 40 foizga yetkazish, energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish evaziga yalpi ichki mahsulot uchun sarflanadigan energiya hajmini taxminan 2 barobar qisqartirishga erishish kerakligi vazifasi muhokama qilindi.

Erishilayotgan bunday yutuqlarda sohaga oid qonunchilik, xususan, «Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida»gi va «Elektr energetikasi toʻgʻrisida»gi qonunlar hamda sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Seminarda Oliy Majlis deputatlari, tegishli vazirlik, muassasa, banklar, sanoat korxonalari mutaxassislari, tadbirkorlar, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

Seminar qatnashchilari energiyani tejash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmining oshishiga, balki butun iqtisodiyotga taʼsir etishini eʼtirof etdilar. Bu esa tejalgan mablagʻlarni istiqbolli loyihalarga yoʻnaltirishga imkon beradi.

Shu bois sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish yoʻnalishida «Oʻzsanoatqurilishbank», «Hamkorbank» va «Asaka» banki hamkorlikda  «Oʻzbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi, «Oʻzbekenergo», «Oʻzkimyosanoat» aktsiyadorlik jamiyatlari va yana bir qator tashkilotlarda oʻttizdan ziyod loyihani amalga oshirdi. Natijada mazkur subʼyektlarda 152,4 million kilovatt soat elektr energiyasi va 42,6 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilindi.

Ishtirokchilar 2018 yilga borib loyihalar toʻliq quvvatlarda ishga tushishi va ushbu loyihalar koʻmagida 547 million kilovatt soatdan ortiq elektr energiyasi hamda 214 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga eʼtibor qaratdilar.

Seminarda energiya resurslarini qazib olish, yoqilgʻi va elektr energiyasini hosil qilish, undan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ehtiyojlari uchun foydalanishda qoʻllaniladigan mavjud standartlar, shaharsozlik normalari hamda tegishli meʼyoriy hujjatlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazib, energiya tejamkorligi nuqtai nazaridan ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Seminar yakunida energiya sarfini kamaytirish samaradorligini oshirishda huquqiy asoslarni zamon talablariga muvofiqlashtirish boʻyicha tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.

Asosiy mavzular