21:38 31 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Iqtisod
Havola olish
59801

Dunyoga dongʻi doston, "Sharq marvaridi" deya eʼzozlanmish - qadim Samarqand shahrida kelayotgan haftada tramvay harakatlanishi ishga tushirilishi rejalashtirilgan

TOSHKENT, 16 mar — Sputnik. Ushbu loyiha mualliflari va tashabbuskorlari rejasiga koʻra, bu shaharga qoʻshimcha sayyohlar oqimini jalb etishga imkon beradi, elektr quvvati evaziga shahardagi ekologik muhitni yaxshilashga xizmat qiladi, bir soʻz bilan aytganda, tramvay — samarqandliklar va mehmonlarga shahar boʻylab harakatlanishni yanada qulaylashtiradi, deb xabar qilmoqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.

Ammo bu hozircha quruq gap, xolos. Haqiqat esa ayni vaqtda sal boshqacharoq koʻrinish kasb etib turibdi. Samarqandliklarning oʻzlari roʻy berayotgan oʻzgarishlar haqida qanday fikrda? Nashr muxbirlari ana shu masalaga oydinlik kiritishga harakat qildilar.

Tramvai v Samarkande
Foto stringera
Tramvai v Samarkande

Shahar aholisi bilan savol-javob qilar ekanmiz, ularning aksariyatining yuzlarida "Shu tramvay yetmay turuvdi oʻzi" degan ifoda aks etib turar edi, deydi muxbir.

Bu ishdan koʻpam daromad kutmaslik kerakligi shundoqqina ayon. Sababi, birinchidan, tramvaylar shahar boʻylab qatnovi yoʻlga qoʻyilgan Isuzu avtobuslaridan koʻra, harakatlanish marshrutida chegaralangan, qolaversa ularning harakat tezligi ham avtobus transportiga nisbatan ancha past.

Soʻrov

Samarqandga tramvay kerakmi?
  • Ha, buning natijasida shahar ekolgiyasi yaxshilanadi
    41.5% (54)
  • Yoʻq, tramvay transport tizimini faqat mushkullashtiriadi
    26.9% (35)
  • Ha, tramvay kerak, lekin boshqa yoʻnalishlarda
    6.2% (8)
  • Yoʻq, tramvay eskirgan, shaharga boshqa transport vositasi kerak
    25.4% (33)
Ovoz berishdi: 3

Tramvay bilan birga kelgan yana bir muammo bu — tirbandliklar masalasi. Misol uchun, Rudakiy koʻchasini oladigan boʻlsak, u tramvayni ishga tushirish rejasiga qadar ham yoʻl trafigidan "aziyat chekar" edi, mana endi uning kattagina qismi tramvay uchun ajratilgach, avtomobillar oqimidan "zoʻrgʻa nafas oladigan" darajaga yetdi.

Samarqand koʻchalarida avtomobillar soni yiliga faqatgina oshayotganini inobatga olsak, oradan ikki-uch yil oʻtgach, ahvol ne kecharkin?

Koʻrinib turibdiki, ayni vaqtda bu masala shahar maʼmuriyatini unchalik bezovta qilmayotgan koʻrinadi.

Eski shahar, aynan Siyob bozori atrofida vaziyat yanada murakkabroq. Bu yerdagi tor koʻchalar avtotransportlarning ulkan oqimiga moslashtirilmagani aniq, tramvay paydo boʻlgach esa faqatgina ikki polosa avtotransport uchun ajratiladi, xolos.

Bu voqeani shahardagi taksi haydovchilaridan biri quyidagicha ifodaladi:

"Tramvaylar avvaliga Toshkentda harakatlandi va keyin kerak boʻlmay qoldi. Ularni arzon-garovga sotishni xohlashmadi, shuning uchun kimdir "kelinglar tramvayni Samarqandga yuboramiz, oʻshayoqda harakatlansin", degan taklifni bildirdi. Qiziq qaror, poytaxtda tirbandliklar tufayli tramvaylar faoliyatiga nuqta qoʻyildi, Samarqandda esa xuddi shu muammo yanada chuqurlashdi. Oradan 5-10 yil oʻtib "oʻyindan toʻygach", tramvaylarni Buxoromi, Xivami yoki yana bir joyga yuborarmiz", — deb taʼkidladi suhbatdosh.

Ayrimlar esa, elektr quvvatidagi muntazam uzilishlar tufayli tramvay kuniga toʻrt soat harakatlanadi, deya hazilnamo fikr bildirishmoqda.

"Tramvay harakatini yoʻlga qoʻyish uchun katta mablagʻni sarf qilish kerakmidi? Undan koʻra avtobuslarni xarid qilgan yaxshimasmidi — ham arzon, ham samarali. Yoʻllarni buzish, tramvay liniyalarini qurishga hojat qolmasdi. Endi esa bu xoʻjalikka xizmat koʻrsatish uchun yana qancha mablagʻ kerak boʻladi? Bu transport oʻzini oqlamasligi ham aniq", — deydi Sarvar ismli suhbatdosh.

Eslatib oʻtamiz, ilgariroq Samarqanddagi birinchi tramvay tarmogʻi ikki bosqichda quriladi va 21 mart kuni ilk tramvay yoʻlga chiqadi, deb xabar bergan edik.

Shaharni rivojlantirish bosh rejasiga koʻra, umumiy uzunligi 34,8 kilometrli toʻrtta tramvay tarmogʻi qurilishi rejalashtirilgan. "Oʻzbekiston temir yoʻllari" kompaniyasining maʼlumot berishicha, birinchi bosqichda uzunligi 11,4 kilometrli tramvay yoʻli yotqiziladi. Yoʻl ikkita uchastkada — temir yoʻl vokzalidan Sattepo massivgacha 6,4 kilometr va temir yoʻl vokzalidan Siyob bozorigacha 5 kilometr uzunlikda quriladi.

Tramvai v Samarkande
Foto stringera
Tramvai v Samarkande

"Qurilishning ikkinchi bosqichida 23,4 kilometr uzunlikdagi tramvay yoʻli yotqiziladi. Uzunligi 12,4 kilometrli yoʻl temir yoʻl vokzalidan Spitamen koʻchasi orqali Superfosfat zavodiga qadar boʻladi. Ikkinchi yoʻnalish esa temir yoʻl vokzalidan Narpay koʻchasi orqali Superfosfat koʻchasiga olib boradi. Bu yoʻlning uzunligi 11 kilometrni tashkil etadi", — deb xabar bergan edi kompaniya matbuo-xizmati.

Eslatib oʻtamiz, ilgariroq Toshkent shahar hokimiyati tirbandliklar sababli barcha tramvay yoʻnalishlarini yopish va tramaylarni Samarqand shahriga taqdim etish haqida qaror qabul qilgandi.

Teglar:
tramvay, Samarqand

Asosiy mavzular