18:11 21 Aprel 2018
Efir
Rabota investitsionnoy kompanii  v Moskve

Moliya vaziri: kelasi yil inflyatsiya darajasi yuqori boʻladi

© Sputnik / Roman Galkin
Iqtisod
Havola olish
131235

Oʻzbekiston moliya vaziri aytishiga qaraganda, obʼyektiv sabablar tufayli, 2018 yilda inflyatsiya darajasi 12-13 % boʻlishi kutilmoqda. Aholini himoyalash maqsadida, hukumat asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxini barqaror darajada ushlab turish choralarini koʻradi.

TOSHKENT, 20 dek – Sputnik. Yangi yilda Oʻzbekistonda inflyatsiya darajasi oʻtgan yillarga nisbatan yuqori boʻladi, dedi Oʻzbekiston moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov bugun Toshkentda boʻlib oʻtgan Senat majlisida, Sputnik muxbiri xabariga asosan.

“Ilgarilari, yillik hisobotlarda ayrim raqamlarni keltirsak, miyigʻida kulganlar ham boʻlardi. Buni ochiq tan olish kerak. Shuning uchun, prezident xalqdan yashirmanglar, u bilsin, deb topshiriq berdi. Keyingi yil — ha, inflyatsiya darajasi yuqori boʻlishi kutilmoqda,  12-13% miqdorida”, — dedi Qoʻchqorov.

Vazir aytishiga qaraganda, prognoz qilinayotgan ushbu raqamlar haqiqiy inflyatsiya darajasiga yaqin. Chunki ularni Xalqaro Valyuta jamgʻarmasi ham “indamay qabul qilgan”. Holbuki, oldingi yillarda XVF doimo “sizlar notoʻgʻri hisoblayapsizlar” deb eʼiroz bildirib kelgan.

Vazir inflyatsiya oshishga bir necha obʼyektiv sabablar borligi aytib oʻtdi. Jahon bozorida neft narxining oshishi, Oʻzbekiston iqtisodini tashqi moliyalash miqdori oʻsishi, kreditlar berish mexanizmlari faollashuvi va boshqalar shular jumlasidan.

Inflyatsiya miqdori 10 va undan ortiq foizga oʻsishi, birinchi navbatda aholining eng kam taʼminlangan qatlami hayotiga taʼsir koʻrsatadi. Oziq-ovqat narxlari keskin oshishini oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi yangi prezident farmoni loyihasini ishlab chiqdi.

Unda oziq ovqat importi sohasida alohoda korxonalarga imtiyozlar berishni, ushbu sohada monopolistik tuzilmalar tashkil qilishni taʼqiqlash koʻzda tutilgan. Undan tashqari eng asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini import qiluvchi va sotuvga chiqaruvchi yagona davlat Fondi tashkil qilish ham rejalashtirilgan.

Ushbu choralar aholini oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin oshishidan himoya qilishga qaratilgan.

Shu bilan bir vaqtda, oldin davlat tomonidan belgilangan yoki cheklab turilgan ayrim tovarlar narxlari butunlay erkinlashtirilib, ularni mahsulot va xom-ashyo birjalari orqali sotish yoʻlga qoʻyiladi.

Bu esa Oʻzbekistonda erkin tadbirkorlik muhiti yaratishga, raqobatni rivojlantirishga, xorijiy sarmoyadorlar va hamkorlar oldida Oʻzbekiston obroʻyini oshirishga olib keladi. Shu bilan birga, iqstisodga turli noiqtisodiy omillar taʼsirini kamaytirib,  uning samaradorligi oshiradi.

Erkin tadbirkorlik muhiti va toʻgʻri olib borilgan moliya-iqtisodiy siyosat kelajakda, inflyatsiya darajasini 4-5%ga qadar tushishiga xizmat qiladi.

Asosiy mavzular