05:54 19 Fevral 2020
Efir
  • RUB150.07
  • EUR10319.35
  • USD9528.49
Iqtisod
Havola olish
132820

Tahlilchilarning taʼkidlashicha, bugungi kunda oʻzbek gilosining asosiy ustun jihati uning narxi arzonligi boʻlib turibdi.

TOSHKENT, 15 iyun – Sputnik. Oʻtgan toʻrt yil davomida gilos yetishtiriladigan maydonlar faol kengayitirilishi hisobiga Oʻzbekiston ushbu meva eksporti boʻyicha Ispaniyani ortda qoldirdi va dunyoda toʻrtinchi oʻringa koʻtarildi. Bu haqda EastFruit xabar bermoqda.

EastFruit tahlilchilarining maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekiston 2017 yilda 32 ming tonnaga yaqin gilos eksport qilgan boʻlib, bu Ispaniyaga nisbatan 5 ming tonnaga koʻpdir. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, Oʻzbekistonda bu yil gilos eksporti hajmi 36-38 ming tonnaga yetishi mumkin.

Nashrning yozishicha, atigi besh yil oldin Oʻzbekistonning gilos eksporti hajmi yiliga 5 ming tonnadan ham oshmagan, ammo 2016-2017 yillarda eksport hajmi keskin oshgan.

Tahlilchilarning fikricha, mahsulotning 99,5%i Rossiya va Qozogʻistonga eksport qilinadi va bu mazkur yoʻnalishdagi biznesni rivojlantirishdagi eng katta muammodir.

“Taʼmi juda shirinligiga qaramasdan, boshqa mamlakatlarda Oʻzbekiston mahsulotlariga talab deyarli yoʻq. Meva yetishtirish texnologiyasining eskirganligi, gilos saralashning mavjud emasligi, sovutish va qadoqlash texnologiyalaridagi muammolar boshqa mamlakatlarga eksport qilishdagi asosiy toʻsiqlardir”, - deyiladi tahlilchilar tomonidan.

Ularning fikricha, eng jiddiy muammo bu mahsulotning samarasiz marketingidir.

“Xalqaro koʻrgazmalarda qatnashgan va oʻz mahsulotlarini reklama qilgan aksariyat oʻzbek kompaniyalari xaridorlarning telefon yoki elektron pochta orqali murojaatlariga javob qaytarishmaydi, ularning internet saytlari esa koʻpincha  ishlamaydi. Bu esa tabiiyki, Oʻzbekistondagi barcha yetkazib beruvchilarning imijiga salbiy taʼsir koʻrsatadi”, - deyiladi tahlilda.

Tahlilchilarning taʼkidlashicha, bugungi kunda oʻzbek gilosining asosiy ustun jihati uning narxi arzonligi boʻlib turibdi.

Asosiy mavzular