21:19 12 Noyabr 2019
Efir
  • RUB148.82
  • EUR10455.03
  • USD9490.77
Uzcard

Soliq qarzini plastik kartadan soʻzsiz undirish tartibi tayyorlandi

© Xalq soʻzi
Iqtisod
Havola olish
56130

Qarzdor jismoniy shaxslarning soliq qarzi bank plastik kartalaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda soʻzsiz undirib olinadi.

TOSHKENT, 17 dek – Sputnik. Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tayyorlangan “Soliq qarzini jismoniy shaxslarning bank plastik kartalaridan soʻzsiz undirish tartibi toʻgʻrisida” idoralararo qaror loyihasi umumiy muhokamaga qoʻyildi.

Qaror loyihasida qayd etilishicha, qarzdor jismoniy shaxslarning soliq qarzi bank plastik kartalaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda soʻzsiz undirib olinadi.

"Eng kam ish haqi miqdori qonun hujjatlariga muvofiq inkasso topshiriqnomasi yuborilgan sanada shu oy uchun belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi. Agar eng kam ish haqi miqdori oʻzgargan taqdirda, oʻzgargan miqdordan kelib chiqib qayta hisob-kitob qilinadi", - deyilgan qaror loyihasida.

Bank plastik kartalardan jismoniy shaxslarning mol-mulk, yer soliqlari va daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiya asosida hisoblangan soliq hamda tadbirkorlik maqomini yoʻqotgan va bankda hisobvaraq ochmagan yoki bank hisobvaraqlari yopilgan yakka tartibdagi tadbirkor-jismoniy shaxslarning tadbirkorlik faoliyati boʻyicha soliq qarzi soʻzsiz undiriladi.

Jismoniy shaxslarning plastik kartalaridagi ayrim holatlarda pul mablagʻlariga nisbatan undiruv qaratilmaydi. Masalan, bola tugʻilganligi munosabati bilan toʻlangan summalar; aliment majburiyatlari boʻyicha toʻlangan summalar; homiladorlik va tugʻish boʻyicha toʻlangan nafaqa summalari. Bunday holatlarning toʻliq roʻyxati qaror loyihasida berilgan.

Jismoniy shaxsning davlat soliq xizmati organiga plastik karta raqamini koʻrsatgan holda arizasi asosida oʻzining yoki arizasida koʻrsatilgan jismoniy shaxsning soliq qarzi yoki joriy toʻlovlari hisobiga undirib olinishi mumkin.

Davlat soliq qoʻmitasi soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash muddati tugaganidan keyin uch ish kunidan kechiktirmay soliq qarzi mavjud boʻlgan jismoniy shaxslar, ularning shaxsiy identifikatsion raqamlari, pasport maʼlumotlari, hududiy davlat soliq xizmati organi nomi, soliq va boshqa majburiy toʻlovlar nomi, soliq qarzi miqdori toʻgʻrisidagi axborotlarni himoyalangan aloqa kanali orqali Markaziy bankiga elektron shaklda taqdim etadi.

Qaror Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishiladi.

Asosiy mavzular