Soliqchilar tadbirkorlarni ommaviy tekshirishni boshladi

Obuna bo‘lish
Tadbirning asosiy maqsadi – soliq qonunchiligiga rioya etishlari uchun ko‘mak va maslahat berishdan iborat, ma’muriy va moliyaviy jarimalar qo‘llanilmaydi.

TOShKENT, 19 fev – Sputnik. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan yalpi pasportlashtirish jarayoni boshlandi, deb xabar qilmoqda Davlat soliq qo‘mitasi.

“Soliq islohotlarini amalga oshirish jarayonida tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq qonunchiligiga rioya etilishini profilaktika qilish maqsadida yalpi pasportlashtirish (ko‘zdan kechirish hamda so‘rov o‘tkazish) tadbirlari boshlangan”, - deyilgan rasmiy xabarda.

Davlat soliq qo‘mitasi xabariga ko‘ra, ushbu tadbirning asosiy maqsadi – soliq qonunchiligiga rioya etishlari uchun ko‘mak va maslahat berishdan iborat. Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan hech qanday ma’muriy va moliyaviy jarimalar qo‘llanilmaydi hamda mavjud tushunmovchiliklar va kamchiliklar hamkorlikda bartaraf etiladi.

Yalpi pasportlashtirish tadbirining dastlabki ikki kuni davomida 19 032 ta obyektlar ko‘zdan kechirilgan va quyidagilar aniqlangan:

– 5 651 nafar mehnat shartnomasi tuzmasdan ishlayotgan fuqarolarga ijtimoiy himoyalanishlari uchun ish beruvchilar bilan munosabatlarini qonuniy rasmiylashtirishlari;

– 2 254 nafar jismoniy shaxslarga davlat ro‘yxatidan o‘tib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari;

– 3 968 ta obyekt egalariga ijara shartnomalarini davlat soliq inspeksiyalarida ro‘yxatga qo‘yishlari va 875 ta mol-mulk obyekti hamda yer maydoni egalariga mulkini kadastr idoralarida ro‘yxatdan o‘tkazishlari to‘g‘risida profilaktik suhbat va  ogohlantirishlar berilgan.

Pasportlashtirish tadbirida 2 558 nafar davlat soliq xizmati organi xodimlari jalb etilgan.

Yangiliklar lentasi
0