10:54 24 Fevral 2020
Efir
  • RUB150.07
  • EUR10319.35
  • USD9528.49
Iqtisod
Havola olish
56310

Rahbarlarning xatosi tufayli yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish, bandligini taʼminlash, oilalarning moddiy farovonligini yaxshilash kechikmoqda, deb taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev

TOSHKENT, 3 may - Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilda tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash uchun ajratilgan 700 million dollardan ziyod mablagʻlarni oʻzlashtirish mutasaddilar tomonidan qoniqarsiz tashkil etilganini keskin tanqid qildi, deb xabar bermoqda prezident matbuot-xizmati.

Jumladan, mart-aprel oylarida tikuvchilik, hunarmandchilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikni rivojlantirish, yengil konstruktsiyali issiqxonalar qurish, maishiy xizmatlarni yoʻlga qoʻyish maqsadlariga yillik mablagʻlarning 19 foizi ajratilgan xolos.

"Bu raqamlar tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, pul ajratish uchun masʼul boʻlgan rahbarlar yil yakunini kutib oʻtirganidan dalolat beradi. Oqibatda aholi, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish, bandligini taʼminlash, oilalarning moddiy farovonligini yaxshilash kechikmoqda", - dedi Mirziyoyev.

Prezident kreditlar ajratish va oʻzlashtirishni jadallashtirish, sektorlar rahbarlari, tijorat banklari va jamoat tashkilotlarining bu boradagi masʼuliyatini oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi.  

Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash markazlari faoliyati tahlil etilib, ularga yuklatilgan vazifalar – boʻsh turgan maydonlarni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, binolarni ishlab chiqarish va xizmatlarni yoʻlga qoʻyish uchun tadbirkorlarga ajratish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagani koʻrsatib oʻtildi. 

"Har bir oila – tadbirkor" dasturi ijrosi joylarda mutlaqo qoniqarsiz tashkil etilgan uchun Respublika komissiyasi rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Markaziy bank hududiy boshqarmalari rahbarlari ogohlantirildi.

Videoselektorda mazkur dastur ijrosini sifatli taʼminlash uchun zarur chora-tadbirlar belgilab berildi. 

Dastur ijrosini joylarda bevosita tashkil etish uchun har bir hududga respublikadan masʼullar biriktiriladi. Ular viloyat va tumanlarga shaxsan borib, ishlar holatini joyida oʻrganadi. Toʻrtta sektor rahbarlari bilan dasturni sifatli amalga oshirish choralarini koʻradi.

Imtiyozli kreditlarga ehtiyojni aniqlash boʻyicha uyma-uy yurish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bunga iqtisodiy kompleks xodimlari bilan birga Xalq qabulxonalarining joylardagi vakillari, mahalla raislari, xotin-qizlar, Yoshlar ittifoqi va kasaba uyushmalari vakillari jalb etiladi.

Prezident sarflangan mablagʻ yaxshi samara berishi, oilalarga farovonlik olib kirishi uchun uni maqsadli ajratish zururligini taʼkidladi. Shu bois joylardagi sektorlar rahbarlari murojaat qilgan har bir tadbirkorning roʻyxati asosida ularga kredit ajratilishi va maqsadli foydalanilishi uchun masʼul boʻladi. Viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari hamda soliq idoralari rahbarlari dastur doirasidagi tovarlarning muddatida va sifatli yetkazib berilishiga koʻmaklashadi.

Asosiy mavzular