09:41 22 Avgust 2019
Efir
  • RUB138.47
  • EUR10092.14
  • USD9061.00
Stroitelstvo Tashkent City

Mirziyoyev qurilish materiallari narxini arzonlashtirish boʻyicha vazifalarni belgilab berdi

Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Iqtisod
Havola olish
28410

Shavkat Mirziyoyev qurilish materiallari sohasida ishlab chiqarishni kelgusi besh yilda kamida ikki barobar oshirish boʻyicha dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

TOSHKENT, 14 may – Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Keyingi yillarda Oʻzbekistonda bunyodkorlik koʻlami yanada kengayib, yuzlab uy-joylar, yirik sanoat korxonalari, madaniyat va sport maskanlari, yoʻlu koʻpriklar barpo etildi. 

“Mamlakatimizda bunyodkorlik ishlari tobora ortib borayotgan bugungi kunda qurilish materiallari iqtisodiyotning yetakchi tarmogʻiga, oʻsish nuqtalaridan biriga aylanishi kerak. Korxonalarda energiya samarador texnologiyalarni joriy etish orqali tabiiy boyliklarimizni tejash, materiallar narxini tushirish mumkin”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.  

Davlat rahbari qurilish materiallari sohasida ishlab chiqarishni kelgusi besh yilda kamida ikki barobar oshirish boʻyicha dolzarb vazifalarni belgilab berdi. 

Noruda konlar zaxiralarini oshirish, sanoat usulida qayta ishlashni kengaytirib, qurilish materiallari sohasini diversifikatsiya qilish zarurligi taʼkidlandi. 

Prezident soha korxonalarini barqaror va kamxarj energiya bilan taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Koʻmir ishlatiladigan birgina gʻisht zavodi misolida mahsulot narxini 50 foizgacha tushirish mumkinligini koʻrsatib oʻtdi. Shu kabi zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash katta miqdorda tabiiy gazni tejash, mahsulotlarni arzonlashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Bu ham tadbirkorga, ham xalqqa, ham davlatga foyda keltiradi. 

Shu bois qurilish materiallari tarmogʻida energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish orqali tannarxni kamaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Mamlakat qurilish materiallari sanoatining eksport salohiyati ham yuqori. Lekin avtotransport xarajatlarining koʻpligi ularning narxiga taʼsir koʻrsatmoqda. Shu bois eksport tovarlarini tashish xarajatlarini subsidiyalash taklifi bildirildi. 

Joriy yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo, Andijon va Navoiy viloyatlarida har biri 2 million tonna quvvatga ega 4 ta tsement korxonasi ishga tushirildi.

Yil yakunigacha 3,5 million tonna quvvatli yangi zavodlar foydalanishga topshirilib, yillik salohiyat 15 million tonnaga yetkaziladi. Bu tsementga boʻlgan ichki talabni taʼminlab, narxini arzonlashtirish imkonini berishi qayd etildi. 

2019-2020 yillarda sohada 17 trillion soʻmlik mingdan ziyod loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar uchun tijorat banklari kreditini ajratish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Shuningdek, past rentabelli korxonalarni salohiyatli investorlarga sotish masalasi ham koʻrib chiqildi. 

Qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish uchun tajribali mutaxassislar kerak. Lekin oliy oʻquv yurtlaridagi mavjud oʻrinlar ishlab chiqarishda oʻsib borayotgan talabga mos emas. Taʼlim jarayoni amaliyot bilan bogʻlanmagan.

Shu bois yigʻilishda soha ixtisosliklariga byudjet kvotasini oshirish, korxonalarda oʻquv amaliyotini tashkil etishni takomillashtirish, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda yangi texnologiyalar boʻyicha malaka oshirish markazlarini tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. 

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha mutasaddilar hisobot berdi.

Asosiy mavzular