19:26 19 Oktyabr 2019
Efir
  • RUB147.25
  • EUR10438.58
  • USD9455.24
Uzbekskaya valyuta - sum

Oʻzbekistonda ayrim soliq va bojxona imtiyozlari bekor qilinadi

REUTERS / Mukhammadsharif Mamatkulov
Iqtisod
Havola olish
69340

Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida prezident qarori loyihasi tayyorlandi.

TOSHKENT, 18 iyun – Sputnik. Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida prezident qarori loyihasi umumiy muhokamaga qoʻyildi.

Qaror loyihasi Moliya vazirligi tomonidan tayyorlandi.

Qaror loyihasida aytilishicha, 2019 yil 1 iyuldan boshlab quyidagi tartib oʻrnatish koʻzda tutilgan:

- benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni yoqilgʻi quyish stantsiyalari orqali oxirgi isteʼmolchilariga sotadigan yuridik shaxslar, ushbu tovarlarni sotishdan tushumning miqdoridan qatʼi nazar qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari hisoblanadi;

- tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik subʼyektlari, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan tushum miqdoridan qatʼi nazar qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari hisoblanadilar. Bunda, tovarlarni birinchi marta import qiluvchi tadbirkorlik subʼyektlari import shartnomasi tuzilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi sifatida hisobda turishi shart;

- yagona yer soligʻi toʻlovchisi hisoblangan qishloq xoʻjaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtishi mumkin;

- kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi yuz million soʻmdan oshgan, biroq bir milliard soʻmdan koʻp boʻlmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xizmat haqi summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq toʻlovini toʻlashga oʻtadi.

Loyihada aytilishicha, 2019 yil 1 oktyabrdan quyidagilarni bekor qilish rejalashtirilgan:

a) quyidagilarga nisbatan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyozlar, shu jumladan import qilinganda:

asbest, koʻmir, yogʻoch materiallari, yogʻoch va undan tayyorlangan buyumlar, uglevodorod xom ashyosi;

soya danagi, kungaboqar va kunjut urugʻlari, moyli xom ashyo va shakar xom ashyosi;

qishloq xoʻjaligi texnikasi, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar;

b) yuridik shaxslarning tijorat banklariga joylashtirgan mablagʻlaridan foiz koʻrinishida olingan toʻlov manbaini foyda soligʻidan ozod qilish boʻyicha imtiyozlar.

“2019 yil 1 oktyabrdan boshlab oʻzi ishlab chiqargan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga va Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan belgilangan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyozlar bekor qilinadi”, - deyilgan loyihada.

Qaror loyihasida qayd etilishicha, 2019 yil yanvar oyidan avgust oyigacha 1 milliard soʻmdan ortiq pul aylanmasi (tushumi)ga ega boʻlgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xoʻjaligi moʻljallangan yer maydonlariga ega boʻlgan yagona yer soligʻi toʻlovchilar qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari hisoblanadilar va belgilangan tartibda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchi sifatida roʻyxatdan oʻtishlari shart.

Bunda, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab belgilangan pul aylanmasi (tushumi) chegara darajasiga yetgan yagona yer soligʻi toʻlovchilar ushbu darajaga erishilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtadi.

paxta xom ashyosini ishlab chiqaruvchilar 2019 yil hosilidan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtadilar. Bunda, ularga 2019 yildagi paxta xom ashyosini yetishtirish uchun ishlatilgan va 2018 yilning 1 oktyabridan keyin haqiqatda olingan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hisobga olish huquqi beriladi.

“Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari qismi boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻidan imtiyozga ega boʻlgan yuridik shaxslarga imtiyozdan voz kechish toʻgʻrisida xabarnoma berish asosida, ushbu xabarnoma berilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlash huquqi berilsin”, - deyilgan prezident qarori loyihasida.

Asosiy mavzular