O‘zbekistonda “Hisob palatasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi

© Sputnik / Stas EtveshPodpis dokumentov, arxivnoe foto
Podpis dokumentov, arxivnoe foto - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Hisob palatasi davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratining oliy organi hisoblanadi.

TOShKENT, 2-iyul – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasining “Hisob palatasi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.

Mazkur hujjat Hisob palatasining faoliyatini tartibga soladi. Qonunga ko‘ra Hisob palatasi davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratining oliy organi hisoblanadi.

Qonun bilan Hisob palatasining asosiy vazifalari sifatida budjet loyihasining shakllantirilishi va uning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ustuvorliklariga muvofiqligini tahlil qilish, davlat dasturlari va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan ta’minlanganligini audit qilish, davlat budjeti hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining maqsadga muvofiqligi va asosliligini baholash kabilar belgilandi.

Jahon banki O‘zbekistonga $50 million ajratadi

Hisob palatasi o‘z faoliyatida bevosita Prezidentga bo‘ysunadi, Prezidentga, shuningdek Oliy Majlis palatalariga hisobdordir.

Hisob palatasining tuzilmasi va shtatlarining cheklangan soni Prezident tomonidan tasdiqlanadi.

Hisob palatasiga Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan hamda Senat tomonidan tasdiqlanadigan rais rahbarlik qiladi.

Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod qilinadi.

Hisob palatasi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalar va vakolatlar doirasida dastlabki hamda yakuniy nazorat tarzida taftish, tekshirish va o‘rganish shaklida nazoratni amalga oshiradi.

Hisob palatasi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida ko‘rsatmalar va taqdimnomalar qabul qiladi, shuningdek tahliliy ma’lumotlar hamda xulosalar tayyorlaydi.

Mazkur Qonun 2020-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.

Yangiliklar lentasi
0