01:04 25 Avgust 2019
Efir
  • RUB138.47
  • EUR10092.14
  • USD9061.00

Oʻzbekistonda sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi tashkil etiladi

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana.
Iqtisod
Havola olish
111 0 0

Yigʻilishda Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta nazorati davlat inspektsiyasini bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda tubdan isloh qilish masalasi muhokama etildi.

TOSHKENT, 10 iyul – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni sugʻurta xizmatlari bozorini rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Yigʻilishda Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta nazorati davlat inspektsiyasini bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda tubdan isloh qilish masalasi muhokama etildi. 

“Sohaga nazoratchi emas, ilgʻor va zamonaviy standartlarni joriy etadigan, barcha ishtirokchilar oʻrtasida chinakam raqobat muhitini yaratib, sugʻurta bozorini rivojlantiradigan tuzilma kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois ushbu inspektsiyani tugatib, Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi tashkil etish taklif qilindi. Mutasaddilarga sugʻurta sohasini oʻrta va uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, 2022 yilgacha aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan sugʻurta mukofoti hajmini 3 baravar, sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini esa 2 baravar oshirish vazifasi qoʻyildi.

Avvalo, aholi va tadbirkorlarning sugʻurtaga ishonchini oshirish zarurligi taʼkidlandi. Moliya vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga sugʻurta daʼvolarini koʻrib chiqish muddatlari va hujjatlarini qisqartirish, sugʻurta hodisasini adolatli baholash va toʻlovlarni tezkor toʻlash tizimini joriy qilish vazifasi topshirildi. 

Sugʻurta tashkilotlarining investitsiya faoliyatini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Jumladan, sugʻurta kompaniyalarining lizing faoliyati bilan shugʻullanishini ragʻbatlantirish va lizing xizmatlari boʻyicha soliqqa tortish tizimini takomillashtirish vazifalari belgilandi.

Iqtisodiyot tarmoqlarini sugʻurta xizmatlari bilan qamrab olish muhimligi qayd etildi. Moliya vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini sugʻurtalash xarajatlarining bir qismini davlat tomonidan subsidiyalash mexanizmlarini joriy etish boʻyicha koʻrsatma berildi. 

Milliy sugʻurta kompaniyalarining xalqaro moliya bozorlariga chiqishini taʼminlash, ilgʻor korporativ boshqaruv tizimini joriy qilish orqali xalqaro reytinglar olish boʻyicha ham aniq vazifalar belgilandi. 

Sugʻurta sohasida zamonaviy kadrlar tayyorlash, mutaxassislarni nufuzli xorijiy bilim yurtlarida oʻqitish va yetakchi kompaniyalarda malakasini oshirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

“Mamlakatimizda majburiy tibbiy sugʻurta tizimini joriy qilish haqida soʻz borar ekan, davlatimiz rahbari bunga puxta tayyorgarlik koʻrish, tibbiy xizmatlarning minimal ijtimoiy paketini shakllantirish kerakligini taʼkidladi”, - deyilgan xabarda.

Asosiy mavzular